ABU ALI IBN SINO Yevropada Avisenna nomi bilan mashhur bo’lgan Abu Ali ibn Sino qomusiy
olim sifatida o’z davridagi fanlarning deyarli barchasi bilan shug’ullangan.
Falsafa, tabobat, fizika, kimyo, matematika, geologiya, mineralogiya,
astronomiya, botanika, din tarixi, musiqa, she’riyat, filologiya va boshqa
fanlarga oid asarlari allomaning buyuk iste’dod sohibi va yirik qomusiy olim
sifatida shuhrat qozonganining yorqin timsolidir. Ilmiy adabiyotlarda Ibn Sino
qalamiga mansub 450 dan ortiq asar qayd etiladi. Ammo bizning zamonamizga
ularning yarmidan ko’prog’i yetib kelgan xolos.
Ibn Sino Buxoro yonidagi Afshona qishlog’ida tug’ildi, yoshligi ham shu
yerda o’tdi. So’ng uning ota-onasi Buxoroga ko’chib keladi va u Buxoroda
mavjud bo’lgan ilmiy muhit ta’sirida ko’p fanlar bilan qiziqib shug’ullanadi.
U yoshligidanoq noyob iste’dod va xotira egasi bo’lib, atrofdagilarni
hayratga soladi. Uning yoshligi va o’spirinlik yillari Buxoroda Somoniylarning
hukmronlik davriga to’g’ri keladi. Bo’lajak olim saroyning boy kutubxonasidagi
kitoblardan foydalanadi, shahardagi kitob bozoridan noyob qo’lyozmalarni sotib
olib bilimini oshira boradi.
999-yilda Somoniylar hukumati qulab, shaharni Qoraxoniylar bosib oladi.
Ibn Sino bu davrda barcha ilmlarni egallagan va qator risolalar yoza boshlagan
edi.
IX asr boshlarida Ibn Sino Xorazm (Urganch)ga ko’chib keladi va shoh
Ma’mun saroyidagi olimlar bilan tanishadi. Bu yerda Ibn Sino Iroqiy, Abu
Rayxon Beruniy, Abu al-Xayr Xammar, al-Masihiy kabi olimlar davrasida ijod
qilib, bir necha risolalar yaratadi. So’ng janubda Mahmud G‘aznaviy davlatining
xuruji orta borishi bilan Eronga yuz tutadi. Eroning Gurgon, Ray, Isfahon kabi
qator shaharlarida sarsonlikda kezib, 1037 yili 57 yoshida Hamadonda kasallikdan
vafot etadi.
Ibn Sino Sharq va jahon hazinasiga tayanib, o’zining falsafa, tabobat va
tabiat ilmlariga bag’ishlangan "Shifo kitobi" ("Kitob ash-Shifo"), "Tib
qonunlari" ("Al-qonun fit-tib"), "Najot kitobi" ("Kitob an-najot"), "Bilimlar
kitobi" ("Donishnoma") kabi yirik asarlarini yozdi.
Ibn Sino falsafiy asarlarining eng yirigi "Ash-Shifo"dir. U to’rt qism va 22
jilddan iborat bo’lib, unda mantiq, metafizika, fizika, matematikaga oid
masalalar talqin etiladi. Ammo unga eng katta shuhrat keltirgan asar «Tib
qonunlari» bo’ldi (226 ta so’z).