KO‘P MILLATLI ULKAN SHAHAR Toshkent shahri qadimda “Choch”, “Shosh” nomlari bilan atalgan. XI
asrdan Toshkent deb yuritila boshlagan. Toshkent geografik jihatdan qulay
yerda joylashgan, iqlim sharoiti ham mo‘tadil bo‘lganligi uchun
dehqonchilik va chorvachilik rivojlangan. Qadimgi Toshkentning atrofi
baland va qalin devorli qo‘rg‘on bilan o‘ralgan edi. Shaharning bo‘yi ham,
eni ham 6-7 kilometr uzunlikka teng bo‘lgan. Yozma manbalar va
arxeologik tadqiqotlar shaharning yoshi 2000 yildan ortiqligini tasdiqlaydi.
Shahar devoridan tashqarida eng sersuv yerlar o‘zlashtirilib, obod
etilgan. Toshkent o‘zaro urushlar, qo‘zg‘olonlar, ko‘chmanchi qabilalar
hujumlari natijasida bir necha marta vayron qilindi va qayta tiklandi. XIII
asrgacha Toshkent qal’a, ichki va tashqi shahardan iborat bo‘lib, atrofi bir
necha qator mudofaa devori bilan o‘rab olindi. Shaharda kulolchilik, o‘q-
yoy, gazlama, charm mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlanadi. XVIII-XIX
asrlarga kelib, shahar yanada kengaydi va hududi 15 ming gektarga yetdi.
Shahar to‘rt daha va yuzlab mahallalarga bo‘lingan. Shaharga 12 darvoza
orqali kirilgan.
Toshkent 1930-yildan O‘zbekistonning poytaxti deb e’lon qilindi. Shu
yillar ichida Toshkentning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Tor, qing‘ir-qiyshiq
ko‘chalar o‘rniga keng va elektrlashtirilgan yorug‘ xiyobonlar barpo etildi,
ko‘p qavatli binolar qurildi. 1977-yili O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan
Toshkent metrosi ishga tushdi. 1985-yili bo‘yi 375 metrli ulkan teleminora
qurildi. Yirik ilmiy va ma’rifat markazi hisoblangan poytaxtimizda
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, o‘nlab ilmiy tekshirish institutlari, 30 ga
yaqin oliy o‘quv yurtlari, 20 ga yaqin muzey, 700 ga yaqin kutubxona,
o‘ndan ortiq teatr, o‘nlab madaniyat saroylari, yuzlab kinoteatrlar mavjud.
Toshkent ko‘p millatli ulkan shahar bo‘lib, hozir unda 3 millionga
yaqin aholi yashaydi. Uning chiroyi kundan-kunga ortib boryapti (210 ta so’z).