12.5. To’xtab o’tish punktlari va zonaviy bekatlar
Shaharatrof harakatlari juda katta bo’lgan uchastkalarda yo’lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida to’xtab o’tish punktlari va zonaviy bekatlar quriladi. Ular aholi punktlarida, shahar va ishchilar shaharchalarining joylashuviga qarab tashkil etiladi.
Yo’lovchilarga xizmat ko’rsatish uchun to’xtab o’tish punktlarida faqat yo’lovchi platformalari yo’l yoqalab quriladi (masalan, Chuqursoy saralash bekatsining yon tomonidagi bosh yo’llarda to’xtab o’tish punkti). Yo’lovchi poezdlarining to’xtab o’tish punktlari.
To’xtab o’tish punktlarida odatda shaharatrof va ayrim yo’lovchi poezdlari grafik bo’yicha bir daqiqa to’xtab yo’lovchilarni tushirib va chiqarib oladi. To’xtab o’tish punktlari ajratish punktlari qatoriga qo’shilmaydi va shu sababli maxsus o’tkazuvchi svetaforlar bilan jihozlanmaydi.
Zonaviy bekatlar shaharatrof uchastkalarda yo’lovchilar oqimi keskin kamayadigan joylarda, odatda oraliq bekatlar hududida joylashib shaharatrof poezdlarining bir qismini orqaga qaytarish uchun xizmat qiladi. Zonaviy bekatlarning tashkil qilinishi yo’lovchilarning yo’lga sarflaydigan vaqtlarini qisqartirish, ularni yo’lda charchatmaslik va ko’proq qulaylik yaratishdir.
Zonaviy bekatlarda bosh yo’llardan tashqari harakati tugaydigan poezdlarni qabul qilish va jo’natish yo’llari, poezd tarkiblarini vaqtinchalik turish uchun olib qo’yish yo’llari, zarur hollarda motorvagon deposi va poezd ekipirovkasi uskunalari quriladi, yo’lovchi ko’priklari va tonnellar quriladi.
13 bob. Temir yo’l va transport tugunlari hakida umumiy tushunchalar
13.1. Temir yo’l va transport tugunlari
Temir yo’l tugunlari bir necha temir yo’l liniyalarining birlashuv joyida yuzaga keluvchi bekatlar, bosh yo’llar va bog’lovchi yo’llar kompleksi bo’lib tranzit yuk va yulovchi poezdlarini bir liniyadan boshqasiga o’tkazish, poezdlarni qayta tuzish, qayta ishlanuvchi vagonlarni uzatish va yo’lovchilarni boshqa poezdlarga olib o’tish ishlarini bajaradi. Ayrim hollarda temir yo’l tuguni deb bir magistral liniyada joylashgan (boshqa magistral liniyalar ulanmagan) va birgalikda yirik shahar yoki sanoat markazlariga texnologik uzluksizlikda xizmat ko’rsatuvchi (masalan, Toshkent temir yo’l tuguni) bekatlar kompleksiga ham aytiladi.
Rivojlangan tugunlarda bekatlar bajaradigan ishlarining xarakteriga qarab saralash, yo’lovchi va yuk ishlari bo’yicha ixtisoslanishi mumkin. Bunday bekatlar ayrim tugunlarda yaxlit maydonda joylashib o’zaro aniq ajralib turmay qo’shilib ketadi va yagona bekatga o’xshab qoladi. Katta bulmagan tugunlarda bunday birlashgan bekat yuk vagonlari oqimini qisman qayta ishlashga xizmat qiladi, mahalliy vagonlar bilan ishlaydi va rivojlanishi bo’yicha uchastka bekatsi vazifasini bajaradi.
Temir yo’l tuguni tarkibiga quyidagilar kiradi:
tugundagi barcha bekatlar va ularning inshootlari;
tugun chegarasidagi bosh yo’llar, bog’lovchi yo’llar va postlar, harakat yuklangan joylardagi aylanib o’tuvchi yo’llar;
korxonalarning shoxobcha yo’llari;
temir yo’llarning o’zaro, hamda avtomobil va shahar magistrallari bilan ko’prikli kesishuvlari;
tugunda joylashgan temir yo’l transportining mustaqil ishlab-chiqarish birliklari (harakat tarkibini ta’mirlash zavodlari, elektr bekatlari, tortish nimbekatlari, omborxonalar va sh. k).
Temir yo’l tugunining chegarasi unga kirib kelishdagi boshlang’ich ajratish punktlarining (bekatlar, raz’ezdlar va postlar) chegaralaridan boshlanadi.
Temir yo’l tugunlari transport tugunlarining asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Transport tuguni-bu bir necha turdagi transport yo’llari va inshootlarining birlashish joylarida yuzaga keladigan transport qurilmalarining kompleksi bo’lib, ular tranzit va mahalliy yuk tashishlarga va yo’lovchilar tashishlarga birgalikda xizmat ko’rsatadi. Transport tugunlari o’z tarkibida temir yo’llardan tashqari dengiz yoki dare portlari, avtomobil yo’llari tuguni, sanoat transporti tarmoqlari, aeroportlar, quvur transporti va ommaviy tashuvlarni bajaruvchi shahar transporti tarmoqlarini biriktiradi.
Transport tugunlarida ommaviy ravishda yo’lovchilar bir transport turidan boshqasiga o’tkaziladi, yuklar uzatiladi. Yirik transport tugunlari odatda bir necha bog’lanish punktlariga ega bo’ladi va bunday bog’lanish punktlariga yo’lovchi bekatlari, umum foydalanuvli yuk, port, neft quyuvchi va boshqa bekatlar kiradi. Yuk hovlilari va ixtisoslashtirilgan bazalarda yuklarni temir yo’llardan avtomobil transportiga yoki orqaga o’tkaziladi. O’zbekistondagi transport tugunlarida daryo va dengiz yo’llari portlari deyarli ishtirok etmaydi.
Dostları ilə paylaş: |