Denov davlat universiteti tarix kafedrasi


Mavzu: XVI asr XVII asr boshlarida Angliya



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə52/77
tarix10.06.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#116809
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   77
Denov davlat universiteti tarix kafedrasi

Mavzu: XVI asr XVII asr boshlarida Angliya
Reja:
1.XVI asrda Angliyaning iqtisodiy rivojlanishi.
2.Kapitalistik manifakturaning rivojlanishi.
3.Agrar о‘zgarishlarning boshlanishi. G‘ov tutishlar.
4.G‘ov tutishlarga qarshi Tyudorlar qonuni.
5.XVI asrning II yarmida Angliyaning ichki va tashqi siyosati.
6.XVI asr XVII asr boshlarida Angliya-Rossiya munosabatlari.
7.Yelizayeta I podsholigining tugashi. Styuartlar dinastiyasi hukmronligining boshlanishi.
Tayanch iboralar:
Manifaktura;mustamlakalar;‘’Ost-Indiya kompaniyasi’’; ‘’Moskva kompaniyasi’’;’’Istlandiya yoki Ostzey kompaniyasi’’;koloniya; krepostnoy; kopigolderlar;lord; ’’G’ov tutishlar’’; jentrilar; aristokrat; Tyudorlar sulolasi; lenlord; statut; ordonans; akr; konversiya; pauperizm;’’Yulduzlar palatasi sudi’’;’’Iltimoslar palatasi sudi’’;’’Kansler sudi’’;koalitsiya; pamflet; freylina; monasirlar; regent; katolitsizm; protestanlar; yeretik; indul’gentsiya; yepiskop; ’’Yelizaveta asri’’;dofin; ’’Yengilmas armada’’;galeon; titul;bulla; Robert Ket qo’zg’oloni; Styuartlar sulolasi.
XVI asrda Angliya hudud jihatidan kichik bir mamlakat edi. Shot­landiya hali Britaniya qirolligi tarkibiga qо‘shilmagan edi. Angliya va Irlandiyaning yerlari XVII asrning sо‘nggi о‘n yillariga qadar uncha kо‘p emas edi. Irlandiyadagi jamoa yо‘lboshchilarining kо‘pchiligi ingliz qirolining hokimiyatini nomigagina tan olar edi.
Angliya aholisining soni Fransiya, Germaniya yoki Ispaniya aholisining sonidan bir necha marta kam edi. Fransiyaning 15 million, Germaniyaning 20 million, Ispaniyaning esa 10 million aholisi bо‘lgani holda, Angliyaning aholisi salkam 3 million edi. XVII asrning boshlarida Angliya aholisi 1603 yilda Angliya bilan birlashgan Shotlandiyani hisobga olmaganda, 4 million kishiga yetdi.
XVI asrda Angliyani shaharlar mamlakati deb bо‘lmas edi, undagi aholining kо‘pchiligi qishloqlarda yashardi, hatto XVI asrning oxirida shaharlarda aholining kо‘pi bilan 5/1 qismi yashardi. XVII asr boshlariga kelib mamlakat aholisining 5/4 qismi qishloqlarda yashaganligi sababli, agrar sohadagi о‘zgarishlar Angliyada islohotlar rivoji uchun asos bо‘ldi.
Ammo Yevropaning bir chekkasidagi orolda joylashgan bu mamlakatda XVI asrda xо‘jalikning kapitalistik formalari jadal rivojlanib bormoqda edi. XVI asr Angliyasida kapitalizm ayni bir vaqtda xalq xо‘jaligining hamma tarmoqlarida sanoat, qishloq xо‘jaligi, savdo, dengiz kemachiligida ham katta muvaffaqiyatlar qozonmoqda edi. XVI asr Angliya uchun kapitalistik manufaktura (lot.”qо‘lda yasalgan buyum” degani) ning gullab-yashnagan, agrar о‘zgarish boshlangan, ingliz savdogarlari okeanlarni keza boshlagan, dastlabki ingliz mustamlakalariga (kuchli davlatlar tomonidan zо‘rlik bilan egallangan mamlakat yoki hududni siyosiy va iqtisodiy mustaqillikdan mahrum etib, о‘ziga boysundirish, qaram qilish, talash siyosati) asos solingan davr edi.
Movut sanoati XVI asrga kelib Angliyaning «milliy sanoatiga» aylandi. Aholining yarmidan kо‘prog‘i shu sanoatda band edi. Movut tо‘qish bilan shaharlardagina emas, qishloqlarda ham kо‘p shug‘ullanardilar. Angliya qirolligining hamma burchaklarida har xil, jumladan, a’lo sifatli mayin movut ishlab chiqaradigan mahalliy sanoat markazlari paydo bо‘ldi.
Chunonchi, Sharqiy Angliyada Norich shahri, Yorkshirda Boston shahri, g‘arbda Preston va Lankashirdagi Vigan, О‘rta Angliyada Nyu-Beri, g‘arbiy-janubda Ekzetar shahri shunday markazlar edi.
Angliya qishloqlarida tо‘qilgan movut dag‘al, oxorlanmagan va bо‘yalmagan bо‘lardi. Keyin ularning bir qismi Angliya shaharlariga olib kelinib ishlov berilar, bir qismi esa yarim tayyor mahsulot holida Niderlandiyaga jо‘natilib, Flandriya va Brabantda tayyor holga keltirilar edi. Chet ellarga chiqariladigan oliy nav va dag‘al movut XVI asrning 60- yillarida butun ingliz eksportining 80% dan kо‘prog‘ini tashkil qilardi.
XVI asrda Yevropadagi eng yirik shahar London edi. Angliyaning poytaxti bir necha qismdan iborat edi: Siti shaharning ishbilarmonlik markazi, Vestminsterda qirol, parlament va boylar istiqomat qilardi, Temza sohili bо‘ylab oddiy xalq yashardi, daryoning chap qirg‘og‘ida teatrlar ham bor edi, 1630 yilda Londonda 16 ta teatr bor edi, Parijda esa bu davrda bitta teatr bor edi. London qurilishida XV asr boshlaridan g‘isht ishlatilgan.
London yirik savdo markazi va bozorlari bilan mashhur edi, Londondagi birinchi usti yopiq bozor Blekuelxoll bozori 1397 yilda qurilgan edi. 1666 yilgi yong‘indan sо‘ng, qayta qurilgan Londonda usti yopiq bozor о‘zining kattaligi bilan mashhur edi. Bozorlar turli xil mollarga ixtisoslashgandi.
Angliya va Uelsda XVII asrda 800 ta bir yoki bir nechta bozori bо‘lgan shaharlar mavjud edi. Ulardan 300 tasi ixtisoslashgan bо‘lib: 133ta don, 6ta meva, 32 qо‘y, 13 ot, 14 chо‘chqa, 30 baliq, 21 parranda, 12ta sariyog‘ va pishloq, 27ta movut bilan savdo qiladigan bozorlar bо‘lgan.
XVI asrdagi Angliyada sanoatning boshqa tarmoqlaridan konchilik- temir, qalay, qо‘rg‘oshin, mis qazib chiqarish rivojlangan edi.
XVI asrdagi Angliyada ishlab chiqarishning о‘rta asrlarda bо‘lmagan, asosan, manufaktura tipidagi yangi turlari; shisha sanoati, sovun pishirish, porox yasash, qog‘oz ishlab chiqa­rish, bosmaxona ishi tez rivojlanib bormoqda edi.
XVI asrda Angliyada kо‘plab toshkо‘mir qazib chiqarila boshlandi, biroq bu kо‘mirdan uy-joy binolarini isitish uchun foydalanilardi. Angliya kо‘mir qazib chiqarishning markazi bо‘lib qoldi. U yerda yuz yil davomida, 1540 yildan 1640 yilgacha uni qazib chiqarish 250 ming tonnadan 1,5 mln.tonnaga oshdi.
Angliya о‘z sanoatining taraqqiyoti natijasida juda kо‘p tovarga ega bо‘lib, XVI asr davomida tashqi savdo-sotiq ishlarini keng kо‘lamda rivojlantirib yubordi. Yevropaning turli bozorlarini, shuningdek, mustamlakalarni ham movut bilan ta’minlashni ingliz savdogarlari о‘z qо‘llariga oldilar.
XVI asr Angliya uchun muvaffaqiyatli bо‘ldi. Sanoat tez rivojlana boshladi. 1540-1640 yillar mobaynida kо‘mir qazib chiqarish 8 marta, ishqor, qо‘rg‘oshin va tuz ishlab chiqarish 6-8 marta, temir rudasi qazib olish 3 marta ortdi. “Yengilmas armada” ning mag‘lubiyatidan keyin mamlakat dengizda hukmronlikni qо‘lga kiritdi. Dengiz savdosi rivojlandi: Moskva, Marokash, Ost-Indiya va boshqa bir qator savdo kompaniyalari Erondan Shimoliy Amerikagacha, Shveysariyadan Hindiston va Seylongacha bо‘lgan katta hududda faol harakat qildilar.
«Dengizning narigi yog‘ida» inglizlar olib borgan savdo-sotiq ishlarining kengayishini va asosan qaysi tomonlarda rivojlanganligini XVI asr davomida birin-ketin paydo bо‘lgan ingliz savdo kompaniyalarining tarixi yaqqol kо‘rsatib turibdi. Bular orasida Moskva kompaniyasi katta rol о‘ynadi, bu kompaniya 1553 yilda Richard Chenslerning Moskvaga qilgan sayohati natijasida tashkil etilgan edi.
Bu kompaniyaga a’zo bо‘lgan ingliz savdogarlari Rossiya bilangina emas, О‘rta Osiyo mamlakatlari, Eron hamda Kavkaz orti mamlakatlari Armaniston, Ozarbayjon bilan ham savdo-sotiq ishlari olib borardi. XVI asrning 70-80 yilla­rida Boltiq dengizida savdo sotiq ishlarini olib borish uchun Istlandiya (yoki Ostzey) kompaniyasi, О‘rta dengizda savdo-sotiq ishlari olib borish uchun Turk (yoki Levant) kompaniyasi tashkil topdi. Taxminan shu vaqtlarda Gvineya kompaniyasi tuzilib, keyinchalik uning savdo maqsadida qilgan sayohatlari natija­sida mashhur Ost-Indiya (Ost-Indiya ing.East Indeis-Sharqiy Hindiston; Hindiston hamda janubiy va janubi-sharqiy Osiyodagi ba’zi mamlakatlar hududlarining yevropaliklar о‘rtasidagi eski nomi) kompaniyasi vujudga keldi, bu kompaniya 1599-1601 yillarda tashkil topdi. Markaziy (Vest-Indiya) va Shimoliy Amerika bilan savdo-sotiq ishlari olib borish uchun bir necha savdo kompaniyasi bor edi. Dastlabki ingliz koloniyalari (lot.mustamlaka) XVI asr oxirlarida barpo qilingan edi.
Shimoliy Amerikada Virginiya koloniyasi barpo qilindi. Vest-Indiyadagi Barbados orolini va Ost-Indiyadagi Surat shahrini Angliya XVII asrning boshlarida bosib olgan edi.
XVI asrga kelib Angliyada krepostnoy (feodal davlatlarda qaramlikning tо‘liq kо‘rinishini mustahkamlagan huquqiy hujjat) huquq batamom yо‘qoldi. Oldin krepostnoy bо‘lgan dehqonlar yerga egalik qiluvchi dehqonlarga aylanlandilar.
Dehqonlar oddiy yer egalari yoki kopigolderlar (kopigold, ing.copuhold, copu-nusxa,hold-mulk; Angliyada XV-XVII asrlarda qaram dehqonlar yer egaligining asosiy shakli) deb atalardilar, chunki ularga berilgan yer uchun bitim kopiyasini (qarordan nusxa)ni о‘z qо‘llarida saqlardilar. Ularning yerga egaligi ma’lum muddatga (odatda 21 yilga), ushbu muddat tugashi bilan lordlar (lord,ing. xо‘jayin, hukmdor-о‘rta asrlarda Angliyada dastlab yer egalari, keyinchalik ingliz oliy dvoryanlarining umumlashma nomi) yer renta (nem.qaytarib berilgan-mulk egalarining yer, mol-mulkdan oladigan daromadi) haqini oshirishi mumkin edi. XVII asr о‘rtalariga kelib kopigolderlar tо‘laydigan renta haqi XVI asrdagiga nisbatan Seffolk va Essaksda- 4 marta, Uorkvirshirda- 3 marta, Nottengemda- 6 marta, Uoltshirda- 8 marta oshirildi.
Yer egalari о‘zlari bosib olgan bu yerlarni qoziqlar qoqib, xandaqlar kovlab, daraxtlar о‘tqazib va boshqa har xil g‘ovlar tutib tо‘sib olardilar. Shuning uchun lordlarning ingliz dehqonlarini yerdan mahrum etish jarayoni «g‘ov tutish» deb ataldi. G‘ov tutishlar natijasida butun butun qishloqlar tamomila yо‘q bо‘lib ketardi. Bir necha о‘n minglab dehqon oilalari tirikchilik vositalaridan mahrum bо‘lib, о‘z joylarini tashlab, daydi va gadoy bо‘lib ketishga majbur bо‘lardilar.
XVI asr Tyudorlar asri bо‘ldi. Shu davrda ingliz monarxiyasi boshqa Yevropa monarxiyalaridan 3 ta jihat bilan farq qilardi:

  1. Joylarda byurokratik apparat kuchsiz edi. Mahalliy boshqaruv, tabaqali monarxiya davridagi singari, о‘z ahamiyatini saqlab qoldi, u qirol siyosatini amalga oshirdi. Grafliklar va shaharlarda muhim lavozimlarni jentrilar (XVI-XVII asrlarda Angliyada kapitalistik munosabatlarga moslasholgan о‘rta va mayda dvoryanlar) bilan shahar burjuaziya (G‘arbiy Yevropada о‘rta asrlarda shahar aholisi) sining imtiyozli yuqori qatlami vakillari egallagandilar.

  2. О‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun Tyudorlar parlamentdan ham foydalandilar, chunki, asosan mayda va о‘rta zodagonlardan hamda shahar boshliqlaridan tashkil topgan quyi palata qirol hokimiyatini qо‘llab-quvvatlar, asosan aristokrat (iqtisodiy hukmron sinf, zodagonlarning siyosiy hokimiyati, hukmronligi) lardan tashkil topgan yuqori palata ham Tyudorlardan katta-katta yerlar olganligi uchun qirolga tobe edilar.

  3. Bu yerda muntazam armiya yо‘q edi. Davlatni geografik joylashuvi sababli Tyudorlar asosiy e’tiborni flotni mustahkamlashga qaratdi, armiya esa eski xalq lashkari xarakterini saqlab qoldi. Angliya XVI asrda 3 ta g‘oya uchun kurashdi; bular, reformatsiya, absolyutizmning kuchayishi, dengizda hukmronlik uchun kurash.

Tyudorlar hukumatiga 1485 yilda lankasterlar sulolasining sо‘nggi vakili Genrix Tyudor Bosvort jangida g‘olib chiqib, Genrix VII nomi bilan taxtga о‘tirdi va Tyudorlar sulolasiga asos soldi. Tyudorlar Qizil va Oq gullar urushidan sо‘ng hokimiyat tepasiga kelib, yorklar sulolasiga barham berdi. Bu sulola (1485—1603)yillarda boshqardi. Tyudorlar sulolasini boshqargan qirollar; Genrix VII (1485-1509), Genrix VIII (1509-1547), Eduard VI (1547-1553), Mariya I (1553-1558), Yelizaveta I (1558-1603) lar boshqarishgan.
Bu sulola vakillari g‘ov tutishlar oqibatidan qо‘rqib qoldi. Ommaviy faqirlik (pauperizm), qashshoqlik, daydilik mulkdor sinflarning xotirjamligini xavf ostida qoldirdi. Mamlakatda xususiy mulkka qarshi jinoyatlar kо‘paydi. Dehqonlar­ning lendlordlarga (ing.Angliyada imtiyozli aslzodalar ichidan chiqqan katta yer egasi) qarshi g‘azab va nafrati oshmoqda edi.
G‘ov tutuvchilarga qarshi turli grafliklarda tez-tez mahalliy qо‘zg‘olonlar bо‘ldi. Hukumat g‘ov tutishlarning keng yoyilib ketishi davlat xazinasiga va harbiy ishlarga ham katta zarar keltirishidan xavotirga tushib qoldi.
Xonavayron bо‘lgan dehqonlar soliq tо‘lay olmas edilar. Dehqonlar sonining kamayishi mamlakatning lashkar tо‘plash ishiga ham putur yetkazardi.
Hukumat yuz ellik yildan ortiqroq davr ichida (XV asr oxiridan XVII asr о‘rtalarigacha) g‘ov tutishlarga qarshi juda kо‘p statut va ordonanslar (fran.buyurmoq-о‘rta asrlarda Fransiya va Angliyada qirolning qonun kuchiga ega farmonlari) chiqardi.
Genrix VII tomonidan 1489 yilda chiqarilgan statutda 20 akrdan (3 gektarga teng yer maydoni) ortiq yeri bо‘lgan dehqon xо‘jaliklarida g‘ov tutish va xо‘jaliklarni buzish ta’qiqlangan edi.
Genrix VII oldida muhim ikkita muammo turar edi: birinchisi eski dvoryanlarning harbiy kudratini sindirish, ikkinchisi esa juda katta boylikka ega bо‘lib, qirollikni moliyaviy tomondan mustaqil, hech kimga murojaat etmaydigan qilish edi. Uning keyingi muammoni ancha ijobiy hal qilganligidan keyingi 24 yil ichida parlamentning 7 marotaba chaqirilgani ham guvoxdik beradi, ya’ni u soliq tо‘plash uchun rozilik olish maqsadida parlamentni kamroq chaqiradigan bо‘ldi.
Genrix VII ning pul tо‘plash yо‘llari turlicha bо‘lgan, shundan eng kо‘p qо‘llaniladigani quyidagilar edi: 1)Parlament qirol xayoliga ham keltirmagan urush xarajatlari uchun soliqlar undirishni tasdiqlar edilar va bu soliqlar yig‘ilib qirollik xazinasiga tushar, ammo urush bо‘lmagani uchun hech narsaga sarflanmay qirol boyligiga aylanar edi; 2)Qonunga xilof ish tutgan mulkdor kishilarga juda katta jarimalar solindi; 3)Qirol homiyligidan foydalangan savdogarlar uchun homiylik evaziga xazinaga pul tо‘lash zarurligi tо‘g‘risidagi eski qonunlar qaytadan tiklandi. Qirol savdogarlardan majburiy tarzda mablag‘ qarz berish va hadya etishini talab qila boshladi. Natijada, yuqoridagi barcha «tadbir»lardan sо‘ng Genrix VII о‘zidan 2 mln.funt sterling boylik qoldirdi, bu о‘sha davr uchun juda katta boylik edi.
Ma’lumotlarga kо‘ra, XVI asrning 60-yillariga kelib (1568 yili), Angliyaning boyligi uch marotaba kо‘paygan. Boylikning bunday tez kо‘payishining asosiy sabablari: 1)g‘ov tutishning oqibatlari; 2) dehqonlarning yersizlantirilishi; 3)dastlabki jamg‘arma jarayonining g‘ayrat bilan amalga oshirilishi; 4)Angliyaning koloniyalarni talashdagi ishtirokining boshlanishi oqibatlari bо‘ldi.
1516 yilda Genrix VIII chiqargan statutda konversiya, ya’ni ekinzorlarni yaylovga aylantirish man qilingan edi.
Genrix VIII ning1533 yilgi qonuni esa, bir mulkdorning asraydigan qо‘yi 2 ming boshdan oshmasin deb chegaralab qо‘ygan edi.
1597 yilda qirolicha Yelizaveta hukumati dehqonlarning buzib yuborilgan xо‘jaliklarini tiklash va barcha g‘ov tutishlarni tо‘xtatish haqidagi talablarni takrorlagan edi.
Hukumat g‘ov tutishlarni tekshirish uchun bir necha marta; 1517, 1548 va 1607 yillarda reviziya tayinlagan edi. Statutlarni buzgan aybdorlarga jarimalar solindi. Lekin chiqarilgan shu qonunlarning hammasi natijasiz qoldi. Tyudorlar hukumati dvoryanlarni dehqonlarni yerdan mah­rum etishlarga qarshi izchillik bilan kurasha olmas edi.
G‘ov tutishlar munosabati bilan deh­qonlar kо‘targan qо‘zg‘olonlardan eng kattasi Norfolkdagi Robert Ket qо‘zg‘oloni edi. Bu qо‘zg‘olon Eduard VI podsholik qilgan davrda, ya’ni 1549 yil yozida, Angliyaning sharqidagi sanoati taraqqiy qilgan grafliklardan biri bо‘lgan Norfolkda kо‘tarilgan edi. Bu qо‘zg‘olonda Norfolk dehqonlari bilan birga sharqiy grafliklardagi, ayniqsa qо‘shni Seffolk grafligidagi aholi ham qatnashgan edi.
Robert Ket о‘z ukasi Vilyam bilan birgalikda bu qо‘zg‘olonga boshchilik qildi. Qо‘zg‘olon iyun oyining oxirida Norfolk janubida aka-uka Ketlar yashaydigan Uindem degan joyda boshlanib, bu yerdan shimolga, to Norich shahrigacha yoyilib ketgan edi.
Ket qо‘zg‘oloni dehqonlarni Norichga qarab olib bordi, ular 10 iyulda bu yerga etib keldilar. Norich shahrining kambag‘allari dehqonlarga qо‘shildilar. Hammasi bо‘lib 20 mingta qurolli dehqonlardan iborat bо‘lgan qо‘zg‘olonchilar shahar atrofidagi о‘rmon bilan qoplangan tepaliklardan birida lager qurib oldilar. Qо‘zg‘olonchilar Londonga qirol nomiga yuborilgan talablar dasturini tayyorladilar. 29 moddadan iborat bu dasturning bir qancha moddadalarida g‘ov tutishlarni tо‘xtatish va dehqonlarga lordlar jamoalardan tor­tib olgan yaylovlardan foydalanish uchun tо‘la huquq berish talab qilingan edi.
Hukumat qо‘zg‘olonni bostirish uchun kо‘pchiligi yollangan nemis va italyanlardan iborat 15 ming kishilik butun bir armiyani yubordi. Muntazam qо‘shinlarga qarshi urush olib borishni bilmagan qо‘zg‘olonchilarni graf Uorvik qо‘mondonligi ostidagi hukumat qо‘shinlari tor-mor qildi.
Norich yonidagi Dyussendayl vodiysida jang 1549 yilning 27 avgustida bо‘lgan edi. Chet ellik yollanma askarlar qо‘zg‘olonchilarni qirib tashladilar. О‘ldirilgan dehqonlarning soni 3500 taga yetardi. Asir olingan Robert va Vilyam Ket osib о‘ldirildi. Qо‘zg‘olon qatnashchilaridan jazolab о‘ldirilganlarning soni 300 dan ortiq edi.
Tyudorlar hukumati dehqonlarning qо‘zg‘olonlarini shafqatsizlik bilan bostirib, g‘ov tutishlar natijasida juda kо‘plab xonavayron bо‘lgan dehqonlarga qarshi qatag‘on boshladi.
Angliya qishloqlari va yо‘llarini tо‘ldirib yuborgan gadoy va daydilarga qarshi XVI asrda Angliyada daydilarga qarshi shunday shafqatsiz qonunlar qabul qilindiki, xalq ularni “qonli” deb atadi; xohlagan kishi daydini majburan о‘z ishchisiga aylantirishi mumkin edi. Qochib ketgan, lekin qо‘lga tushgan daydiga tamg‘a bosishardi.
Agar mehnatga yaroqli kishi tilanchilik qilsa, qonunga binoan uni kaltaklab, boshqa bu ishni takrorlamaslikka qasam ichdirib keyin qо‘yib yuborishgan. Ikkinchi marotaba bu gunohi uchun aybdor kaltaklanib qulog‘ining yarmi kesib tashlangan va yuziga tamg‘a bosilgan. Uchinchi safar ushlansa, u о‘lim jazosiga hukm qilingan. Bu qonunga binoan XVI asrning birinchi yarmidayoq Angliyada 70 ming kishi qatl qilingan.
Qirol Eduard VI (1547-1553 yillarda boshqargan) ning 1547 yilgi qonuniga binoan ishlamasdan yurgan daydilar haqida xabar bergan kishiga daydilarni qullikka berishgan.
Faqat mehnatga yaramay qolganlarga va keksalargagina sadaqa sо‘rash ruxsat etilgan edi. Tilanchilik qilgan «sog‘lom gadoy»larni qamchi bilan savalash va qamoq jazosi kutardi.
Xonavayron bо‘lgan dehqonlar ochdan о‘lmaslik uchun yoki dorga osilishdan qо‘rqib eng kam maoshga ham rozi bо‘lib ishga yollanardilar. Bu narsadan manifaktura egalari va yangi dvoryanlar manfaatdor edilar. Angliyadagi bu qonunlar sobiq dehqonlar tabaqasi vakillarini zо‘ravonlik bilan yollanma ishchilarga aylantirilishiga yordam berdi.
XV asrning oxiridan XVII asr boshlarigacha Angliyani idora qilgan Tyudor­lar sulolasi qirol hokimiyatini ancha mustahkamlashga muvaffaq bо‘ldi. Sulolani boshlab bergan Genrix VII (1485—1509) va uning о‘g‘li Genrix VIII (1509—1547) qizil va oq gul urushlaridan keyin hali ham saqlanib qolgan feodal zodagonlarning qoldiqlariga qarshi ayovsiz kurash olib bordi.
Tyudorlar chekka о‘lkalarni: Kornuell, Uels va Angliyaning shimoliy grafliklarini ham markaz ta’siri ostiga oldilar.
Tyudorlar davrida favqulodda siyosiy va ma’muriy sudlar- Yulduz palatasi sudi (XV-XVII asrlarda Angliyada mavjud bо‘lgan, qirol saroyi shipi yulduzlar bilan bezatilgan majlislar zali nomidan olingan, 1487 yili qirol Genrix VII tomonidan ta’sis etilgan) Iltimoslar palatasi sudi, Kansler sudi va boshqa sud­lar tuzilib, ular idora qilishda ma’murchilikni kuchaytirdilar.
Yoshligida yaxshigina maxsus diniy ta’lim olgan Genrix VIII Lyuterga qarshi munozarada ham shaxsan ishtirok qilgan edi. U 1521yil noyabrida yozgan «Yetti sirning himoyanomasi» degan pamfletni Rimga papa nomiga yuborgan edi. Genrix VIII Yekaterina Aragonskayaga uylangach, Karl V bilan sulolaviy bog‘lanish tufayli, Fransiyaga qarshi uyushtirilgan koalitsiya (ittifoq) da ham qatnashgan edi.
20- yillar oxiridan Angliyaning tashqi siyosatida о‘zgarish paydo bо‘la boshlaganligi Gabsburglar, juda kuchayib ketganligi tufayli Fransiya bilan yaqinlashganligi «taqvodor qirol»ni cherkov masalasida tutgan о‘z siyosatini о‘zgartirishga majbur etdi.
Genrix VIII ning xotini bilan ajrashishi bu о‘zgarishga rasmiy bahona bо‘ldi. Genrix VIII Yekaterina Aragonskayani (yoshi о‘zidan katta bо‘lganligi va о‘g‘il tug‘maganligi uchun) qо‘yib yubormoqchi bо‘­lib, Rimga murojaat qildi, chunki katolik qonunlariga muvofiq ajralishni papa rasmiylashtirishi kerak edi.
Yekaterina Karl V ga xola bо‘lganligi uchun, asosan shu vaj bilan papa bu ajralishga ruxsat berishdan bosh tortdi. Chunki Karl V 1527 yildan keyin Rimga xо‘jayin bо‘lib qolgan, papa esa tamomila uning ixtiyorida edi. Nihoyat qirolning xotinidan ajralishi Rim papasining ruxsatisiz Angliyada 1533-yilda rasmiylashtirildi. Shundan keyin Genrix VIII qirolichaning avval freylinasi (nem.Fraulen-qiz, oyimqiz sо‘zidan olingan,- qirolicha huzurida xizmat qiluvchi aslzodalar oilasidan chiqqan qiz) bо‘lgan Anna Boleynga uylandi. Papa siyosatidan g‘azabga kelgan Genrix VIII 30-yillar о‘rtalarida Rim bilan aloqasini butunlay uzdi.
1534 yili parlament qirolni va uning vorislarini Angliya cherkovining boshlig‘i degan qaror chiqardi. Bu qaror barcha aholiga yetib borishi uchun 1535 yildan har yakshanba va bayram kunlari ibodatxonalar va maktablarda qirol Angliya cherkovining boshlig‘i ekanligi aytiladigan va shunday fotiha о‘qitiladigan alohida farmon chiqardi.
Angliyada 3 mingta monastr yopildi. Monastr yerlarining bir qismini qirol о‘z tarfdorlariga bо‘lib berdi, bir qismini sotib yubordi, qolganlari esa davlat ixtiyorida qoldi, monastr mulklarining 9/1 qismini 38 ta ruhoniylar oldi. 1547 yilga kelib cherkovdan olingan mulkning 3/2 qismi sotilgan edi. 1554 yilga kelib sotishdan tushgan umumiy daromad 1 mln. 260 ming funtni tashkil qildi. Shu tariqa Angliyada cherkov boshlig‘i qirol bо‘lib qoldi, papalik inkor qilindi, katolik cherkovidagi barcha boyliklar tortib olindi, bu narsa absolyutizmni mustahkamlanishiga kо‘maklashdi.
Genrix VIII reformatsiya masalalarida jonbozlik kо‘rsatgan bо‘lsa-da, iqtisodiy sohada muhim bir tadbirni qо‘lladi. 1536 va 1539 yillarda u monastrlar (monastr yunon.monasterion-monaxlar maskani; cherkovning muayyan yо‘l-yо‘riqlari asosida birgalikda yashovchi monaxlar jamoasi, monaxlar jamoasi foydalanadigan ibodatxona, turarjoy va xо‘jalik binolari majmui) ni bekitdi va monastrlarning mulki, binolari, ziynat buyumlari, oltin va kumush boyliklarini, eng muhim monastrlarga qarashli juda katta yerlarni musodara qildi.
Genrix VIII zamonida о‘tkazilgan reformatsiya natijasida yangi dvoryanlar sinfi tashkil topdi va keyinchalik bu sinf XVII asr о‘rtalarida bо‘lgan ingliz inqilobida burjuaziyaning ittifoqchisi bо‘ldi.
Genrix VIII vafotidan keyin uning yosh о‘g‘li Eduard VI qirol bо‘ldi (1547-1553). Uning davrida qirollikning regenti (boshqaruvchi) avval boshda yosh qirolning tog‘asi gersog Eduard Seymur Somerset, sо‘ngra 1549 yildagi qо‘zg‘olonni bostirgan va Somersetni hokimiyat tepasidan olib tashlagan graf Uorvik regent bо‘ldi.
Har ikki regent ham protestantlar partiyasiga mansub edi. Ular davrida anglikan cherkovi protestantizmning qit’adagi formalariga bir qadar yaqinlashib qoldi. Anglikanizmda, jumladan, kalvinizm ta’siri aniq kо‘rinardi.
Eduard VI vafotidan keyin uning о‘rniga Genrix VIII ning Yekaterina Aragonskayadan tug‘ilgan qizi Mariya Tyudor (1553-1558) taxtga о‘tirdi. Gen­rix VIII saroyiga ispan katoliklari muhitida tarbiyalangan Mariya Tyudor kо‘proq g‘arb bilan shimolning xiyla qoloq okruglaridagi ingliz dvoryanlarining ba’zi bir qismidan madad olgan katoliklar partiyasiga boshchilik qildi. Bundan tashqari, qirolicha ona tomon qarindoshi, ispan qiroli Filipp II ga 1554 yilda turmushga chiqqan edi. Uning ortida qudratli katolik qirol turardi. Filipp II esa XVI asrning ikkinchi yarmida katolik cherkovi reaksiyasining eng fanatik arboblaridan biriga aylangandi.
Mariya Tyudor ispan katoliklari muhitida, ya’ni Angliyadagi yangi dinga nisbatan nafrat ruhida tarbiya topgan edi. Bu qirolicha mamlakatning shimoliy-g‘arbiy hududidagi qoloq okruglardagi ingliz dvoryanlarining ba’zi bir qismidan madad topgan katoliklar partiyasiga boshchilik qildi.
Mariyaning taxtga chiqishidan kо‘p о‘tmasdan 1555 yilning 5 oktabridan yangi parlament ish boshladi va uning birinchi ishi 1536 yildagi Mariyaning noqonuniy tug‘ilgani haqidagi chiqarilgan aktni qayta kо‘rib chiqish bо‘ldi. Parlament bu ishni о‘rganib Mariyani qonuniy tug‘ilgan deb hisobladi.
Mariyaning ikkinchi qadami «Angliyani yeretiklardan tozalash uchun» chet elliklarning Angliyadan chiqarib yuborilishi bо‘ldi. Angliyaga kelgan ajnabiylar 24 soat ichida mamlakatni tark etishlari kerak edi. Angliya yana katolik davlatiga aylandi.
Mariya Tyudor ispanlar madadiga tayanib, Angliyada katolik cherkovini tiklab protestantlarni qattiq ta’qib ostiga oldi. Bir zamonlarda о‘rta asr yeretiklarini gulxanga tashlab qanday qilib kuydirgan bо‘lsalar, Angliyada protestantlarni ham shunday tiriklayin kuydirar edilar. 300 ga yaqin erkak va ayollar «dindan adashganliklari uchun» о‘lim jazosiga hukm qilindi. Boshqalarga namuna sifatida 21 ta yepiskop (ruhoniy), 8 ta dvoryan, 84 ta hunarmand, 100 ta dehqon va ishchi, 55 ta ayol va 4 ta bolalar о‘tda kuydirildi. Mariya Tyudor davrida yirik va obrо‘li arxiyepiskoplardan Kranmer, Latimer va boshqalar о‘tda kuydirib о‘ldiriladi.
Ayniqsa, arxiyepiskop Tomas Kranmerga quyidagi og‘ir ayblar qо‘yilgandi: 1) Genrix VIII va Yekaterina о‘rtasidagi nikohni noqonuniy bekor qilganligi uchun; 2) Mariyani qirolning qonunsiz tug‘ilgan qizi deb e’lon qilganligi uchun; 3) Mariyani taxtdan mahrum etish tо‘g‘risidagi fitnaga ixtiyoriy ravishda qо‘shilganligi uchun aybdor deb jazolangan.Mariya parlamentda Angliya ustidan papa hokimiyatini qayta tiklash haqida qaror qabul qildi. Shakkoklikni tugatish uchun maxsus komissiya tuzildi. Shakkoklikka qarshi о‘rta asr qonunlari qayta tiklandi. Butun mamlakat bо‘ylab katoliklarning dushmanlari yoqilardi.
Kо‘pgina protestantlar qit’aga –Germaniya va Shveysariyaga qochib о‘tishdi va u yerdan Qonli Mariyaga qarshi qaratilgan varaqalar yubordilar.
50-yillar boshida mamlakatda bir necha marta fitnalar uyushtirildi, bundan maqsad, Mariyani taxtdan ag‘darib tashlash va ajnabiy bо‘lgan ispanlar ta’sirini yо‘qotish edi. Bu fitnalar bostirildi. Ammo Mariya Tyudor uzoq vaqt qirollik qilmadi. U 1558 yilda vafot etadi. U farzandsiz edi, uning eri Filipp II Angliya qonunlari bо‘yicha taxtga о‘tirish huquqiga ega emasdi va toj Yelizavetaga о‘tdi. Ingliz zodaganlari orasidagi protestantlar ustun chiqib, Genrix VIII ning Anna Boleyndan bо‘lgan qizi Yelizaveta I ni qirolicha etib qо‘ydilar, u 1558-1603yillarda podsholik qildi.
Yelizaveta 25 yoshda qirolicha bо‘ldi, u taxtga chiqqandan sо‘ng birinchi ishi protestantlikni davlat dini deb e’lon qildi. Angliyada protestant cherkovi barcha tomondan qirolga bо‘ysungani uchun anglikan cherkovi deb atala boshladi. Yelizaveta “cherkov va dunyoviy ishlarning oliy hukmdori” unvonini oldi.
Barcha cherkov rahbarlari, davlat amaldorlari, oliy mansabdor shaxslar yangi qonunga qasamyod qildilar. Qasamyod qilishdan bosh tortganlari yangilari bilan almashtirildi, cherkov milliylashtirildi, diniy marosimlar endi latin tilida emas, ingliz tilida olib boriladigan bо‘ldi, cherkov ustidan papa hukmronligi va indulgensiya (katolik cherkovida gunohlarni, hatto qilinmoqchi bо‘lgan gunohlarni ham tо‘liq yoki qisman kechirish haqidagi shahodatnoma), ziyoratlar, kо‘p sonli bayramlar bekor qilindi.
Yelizaveta I mо‘tadil anglikan formasidagi protestantizmni uzil-kesil tikladi. 1559 yilda parlament taxt egasining cherkov ishlariga boshchilik qilish huquqini yana tasdiqladi. Qirolichaga yepiskoplarni tayinlash huquqi beril­di. Yepiskoplar esa isloh qilingan cherkovda ham qolib, о‘z yepiskoplik yerlarini hamda lordlar palatasida majlis о‘tkazish huquqini saqlab qoldilar.
1571 yilda anglikan din ramzi ishlab chiqildi va parlament tomonidan qabul qilindi, u 39 bobdan iborat bо‘lib, unda ba’zi bir katolitsizm aqidalari bilan bir qatorda protestantizm, kalvinizm ta’siri ham sezilib turardi. Ibodat qilishda bir xillik joriy etildi. Ibodat hukumat tomonidan tasdiqlangan alohida qо‘llanmaga binoan ingliz tilida amalga oshirilishi kerak edi.

Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin