Denov davlat universiteti tarix kafedrasi


Mavzu: XVI-XVII asr birinchi yarmida Ispaniya



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə48/77
tarix10.06.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#116809
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   77
Denov davlat universiteti tarix kafedrasi

Mavzu: XVI-XVII asr birinchi yarmida Ispaniya
Reja:
1.Karl I davrida Ispaniyaning siyosiy ahvoli.
2. Kommuneros qо‘zg‘oloni va uning natijasi.
3. Ispan absolyutizmining о‘ziga xos xususiyatlari.
4. Filipp II davrida IspaniY.
5. XVI asrning ikkinchi yarmi va XVII asrning boshlarida Ispaniyaning iqtisodiy taraqqiyoti.
Tayanch iboralar:
‘’i-shpanum’’; ‘’quyonlar qirg’og’i’’; avtonom; Gabsburglar;Kortes; grandlar; kommuna; landskext; autodafe; avtonomiya; xustitsiya; inkvizitsiya; korrixidor; kabaleros; flamandlar;’’flamand kamarilyasi’’;korrixodorlar; mayorat; mesta; mushketyorlar; merinos; ‘’Yengilmas armada’’; eskadra; gulden; dukat.
Yevropaning janubi-g‘arbida, Pireniy yarim orolining katta qismida joylashgan Ispaniyaning nomi finikiyaliklarning “i-shpanum” iborasidan kelib chiqqan bо‘lib, “quyonlar qirg‘og‘i” degan ma’noni bildiradi. Chunki, О‘rta dengiz sharqida yashagan finikiyaliklar Ispaniya yonidan suzib о‘tayotganlarida juda kо‘p sonli quyonlarni kо‘rishgan va bu yerga shu nomni berishgan. Ispaniya ma’muriy tuzilishiga kо‘ra 19 ta avtonom (yunon.-о‘zim,-qonun. mamlakat tarkibidagi biror hududning Konstitusiya bilan kafolatlangan о‘z-о‘zini boshqarish huquqi) viloyatlardan tashkil topgan. Viloyatlar esa, о‘z navbatida, 50 dan ortiq provinsiyalarga bо‘lingan.
XVI asr boshlarida Ferdi­nand va Izabella birlashtirish siyosatini olib borganliklari natijasida Ispaniya Yevropadagi eng yirik davlatlardan biri bо‘lib qoldi. Ispaniya Pireneya yarim orolining katta bir qismini (Portugaliyadan tashqari) emas, balki Italiyaning anchagina qismini (Sitsiliya va Sardiniya orollarini, Neapol qirolligini) ham о‘ziga qо‘shib oldi. Ferdinand bilan Izabellaning nevarasi, ularning qizi Xuananing о‘g‘li Karl (Ispancha Karlos) Gabsburg Ferdinand о‘lgandan keyin 1516 yilda ana shu yerlarning hammasini meros qilib oldi va ularga «Burgun­diya merosi» deb atalmish yerlarni, ya’ni Niderlandiyani, Lyuk­semburg gersogligini va Fransh-Konte oblastlarini qо‘shib oldi.
1516 yili Ferdinand vafotidan sо‘ng Ispaniya taxtiga Karl I (1516-1555 yillarda boshqargan) keldi. U ona tomondan buyuk qirollar Ferdinand va Izabellaning, ota tomondan esa imperator Maksimilian I Gabsburgning nabirasi edi. (Gabsburglar- Muqaddas Rim imperiyasi deb ataluvchi imperiyada 1806 yilgacha hukmronlik qilgan german millatining sulolasi. Bu sulolaga imperator Rudolf (1273-1291 yillarda boshqargan, asos solgan edi).
Karl I otasi va bobosidan gabsburglarning Germaniya, Niderlandiya va Janubiy Amerikadagi yer-mulklarini meros qilib olgandi. U 1519 yili german millatining Muqaddas Rim imperiyasi taxtiga Karl V nomi bilan о‘tiradi. Ispaniya haqida «bu-quyoshi hech qachon botmaydigan imperiya» deyishardi. О‘z boshida bir necha tojlarni yiqqan Karl V (uni Ispaniyada Karl I deb atashardi) Ispaniya, Niderlandiya, nemis yerlari, Neapol va Sitsiliyaga hukmronlik qilardi. Karl V haqida uni “vatani yо‘q qirol” deyishardi. О‘smirligida Karl har tomonlama ma’lumot olib, ispan, nemis, fransuz, italyan tillarini yaxshi bilardi. Karl V xristianlarning katolik mamlakatini tuzishni orzu qilardi.
Biroq juda katta hududni ispan taxti hokimiyati ostida birlashtirish bu hududlarning iqtisodiy va siyosiy birlashishga olib kelmadi. Faqat sulolaviy kelishuvlar orqali bog‘langan Aragon va Kastiliya qirolliklari siyosiy tarqoq edi. Ular о‘zlarining toifaviy vakillik organi- korteslarni (kortes.ispancha-qirol saroyi,-о‘rta asrlarda Pireniy yarim oroli davlatlarida toifaviy vakillik organlari, dastlab 1137 yili Kastiliyada vujudga kelgan), mustaqil qonun chiqaruvchi va sud tizimini saqlab qoldilar.
Keyinchalik Karl, fransuz qiroli Fransisk bilan olib borilgan urush davomida Milanni hamda Shimoliy Italiyaning boshqa bir qancha yerlarini ham qо‘shib oldi. 1535 yilda u Tunisni bosib oldi. 20- va 30- yillarda ispanlar Amerikada Meksi­ka, Peru, Chili, Kolumbiyani istilo qildilar. XVI asrning ikkinchi yarmida Ispaniya Filippin orollarini qо‘lga kiritdi. Ispaniya Yer sharining ikkala tomoniga joylashgan jahon davlatiga aylandi. Ispan qirolining yerlarida «Quyosh sira botmasdi». Gabsburglarning vujudga kelgan kо‘p millatli juda katta imperiyasida Ispaniya muhim о‘rin tutardi. Bu imperiya hatto о‘z miqyosi jihatidan Buyuk Karl imperiyasining yerlaridan ham ancha kengayib ketgan edi. Karl V Ispaniyani о‘z yerlari orasida eng yaxshisi deb hisoblardi. Ispaniya grandlari imperatorning tо‘xtovsiz olib borgan urushlaridan kо‘plab foyda kо‘rdilar.
Ammo gabsburglarning agressiv «jahon» siyosati Ispaniyaning milliy manfaatlarini nazarda tutmas edi. Ispan xalqiga german feodallari bilan tuzilgan ittifoqdan foyda olish о‘rniga Karl V ning buyuk davlatchilik siyosati uchun qilingan xarajatlarini qoplashga tо‘g‘ri kelgan edi.
Karl V Ispaniyada qirollik qila boshlagan dastlabki paytida kommuneros qо‘zg‘oloni nomi bilan mashhur bо‘lgan katta qо‘zg‘olon bо‘lib о‘tdi. Mamlakat Ferdi­nand bilan Izabella davrida birlashgan bо‘lsa-da, XVI asr boshida ham Ispaniyaning sud ishlari va ma’muriy ishlarida juda ham xilma-xillik saqlanib qolavergan edi. Mamlakatda feodallar hali ham bemalol yashamoqda edilar: ularning huquqlari va dvoryanlik imtiyozlari, ayniqsa dvoryanlarning yuqori tabaqasi bо‘lgan grandlar (isp.о‘rta asrlarda Ispaniyada oliy ruhoniy va zodagonlar bо‘lib, ular XVI asrdan to 1931 yilgacha mavjud bо‘lgan) ning imtiyozlari tо‘la saqlanmoqda edi, erkin kommuna (lot.umumiy-о‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada feodaldan о‘zini-о‘zi boshqarish huquqini qо‘lga kiritgan jamoa. X-XIII asrlarda shaharliklarning senyorlarga qarshi kurashi natijasida shakllangan) shaharlar (ayniqsa Kastiliyada) juda kо‘p edi.
Korteslar ilgarigidek katta ahamiyatga ega edilar. Birlashgan Ispaniyada korteslar tо‘rtta bо‘lib, ular Kastiliyada, Aragonda, Valensiyada, Katoloniyada tashkil topgan edi. Korteslar soliqlarni tasdiqlash huquqiga ega edilar. Qirol har qaysi (tо‘rtta) kortes oldida qasamyod qilishi lozim edi.
1519 yilda Kastiliya kor­teslari Karl V ga: «Siz ulug‘ janob, qirol faqat millatning obrо‘li xizmatkori ekanini bilishingiz lozim», degan edilar. Karl V ning kо‘pchiligi flamandlardan iborat saroy ahlining xо‘jayinlik qilishi (Karl Germaniyaga ketgan vaqtda Ispa­niyani uning noibi kardinal Adrian, arxiyepiskop Utrextskiy idora qilardi) Ispaniyadagi dvoryanlarning ham, shaharliklarning ham qattiq noroziligini tug‘dirardi Bu norozilik Kastiliya korteslarining 1520 yil bahorida Karlga yuborgan quyidagi uchta talabidan iborat edi: 1) Kastiliyadan chiqmaslik- 2) oltinni mamlakatdan chetga chiqarmaslik; 3) oliy davlat lavozimlaridan chet elliklarni olib tashlash. Karl bu talablarni rad etdi va 1520 yil mayida davlatni idora qilishni yana kardinal Adrianga topshirib, Ispaniyadan chiqib ketdi. Ammo «flamand kamarilyasi» hatto ispan aristokratlari orasida ham о‘z obrо‘sini tamomila yо‘qotib qoygan edi. Kastiliya shaharlari «ajnabiy hukumat» ga ainiqsa chuqur nafrat bilan qarardi.
1520 yil iyun oyida Segoviya savdo shahrida qо‘zg‘olon kо‘tarildi. Qо‘zg‘olonni Kastiliyaning boshqa shaharlari qо‘llab-quvvatladi. 1520 yil 29 iyulda Kastiliyaning о‘n bir shahri «Muqaddas xunta» nomi bilan harbiy-inqilobiy ittifoq tuzdi. Xuntaning markazi Avila shahri edi. Shaharlarga dvoryanlarning bir qismi, hatto ruhoniylarning ham ayrim qismi qо‘shildi. Qо‘zg‘olonga Toledo shahri bilan bog‘liq bо‘lgan dvoryan Xuan de Badilya, shoir (bu ham shaharlik dvoryan) Pedro Leso hamda yepiskop Xuan de Akunya rahbarlik qildi.
Ammo qо‘zg‘olonning asosiy kuchi Kastiliyaning kommuna shaxarlari edi, qо‘zg‘olonning nomi ham shundan kelib chiqqan bо‘­lib kommuneros qо‘zg‘oloni, ya’ni о‘z erkinligi uchun kurashgan kommunalar qо‘zg‘oloni demakdir. Avvaliga hukumat kо‘zg‘olonni tezda bostirishni mо‘ljallab, uning kо‘lamiga yetarli baho bermagan edi. Kо‘p о‘tmay u о‘z xatosini tushundi. ;
Andrian Segoviya shahrini zо‘rlik bilan bosib olmoqchi bо‘l­gan edi ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Qо‘zg‘olonchilar xukumat qо‘shinlarining hujumini qaytardilar. Bir oz vaqtdan keyin qirol qо‘shinlari Medina del Kampo shahrini bo­sib oldilar va taladilar. Bu shahar о‘sha paitda Kastiliyaning asosiy savdo markazi edi. Ammo bu hol harakatni tо‘xtatolmadi aksincha harakat 1520 yilning yoz oxiriga borib ayniqsa kengayib ketdi, deyarli butun Kastiliyani qamrab oldi. Valyadoliyadagi qirollik kengashi о‘z ishini tо‘xtatdi.
Kastiliya bir qancha vaqtgacha qirollik hukumatining ta’siridan chiqdi. Biroq о‘z ijtimoiy tarkibi jihatidan harakat juda xilma-xil edi. Qirol hukumati aristokratlarga suyanib, shahar militsiyasi va kichik dehqon lashkarlaridan iborat quzg‘olonchilarning otryadlarini tor-mor qildi. 1521 yil 23 aprelda Vilyalar yonida hal qiluvchi qat’iy jang bо‘ldi. Qо‘zg‘olonchilar batamom tor-mor qilindi. Qо‘zg‘olonning asir olingan yо‘lboshchilari qatl etildi. Ammo ayrim shaharlar uzoq vaqtgacha qarshilik kо‘rsatib turdilar. Toledo shahri bо‘lsa 1521 yil 25 oktabrgacha о‘zini mudofaa qilib turdi, bu shaharning mudofaasida. Padilyaning xotini- Mariya Pacheko aktiv qatnashgan edi.
Qommuneros mag‘lubiyatining bosh sabablaridan biri Kastiliya shahrining Ispaniya qirolligining boshqa qismlaridagi shaharlar tomonidan qо‘llab-quvvatlanmaganligidir. Sevilya shahri boshchiligidagi Andaluziya shaharlari Kastiliya harakatidan rasman chetlashib, о‘zining betaraf ekanligiga qirolni ishontirdi (1521 yil fevral).
Karl 1522 yilning yozida 4 ming nemis landsknexti (XV-XVII asrlarda nemis yollanma piyoda qо‘shini) bilan birgalikda Ispaniyaga kelib, harakatning qoldiqlarini bostirdi va uning tirik qolgan eng aktiv qatnashchilaridan 290 kishini о‘lim jazosiga hukm qildi. Shunday qilib, «Eng asosiy «fitnachilar» ning boshlari kunda ustida kesildi. Ispaniyaning qadimgi erkinliklariga esa xotima berildi».
Kommunerosning bostirilishi mamlakatning siyosiy hayoti uchun og‘ir oqibatlarga sabab bо‘ldi. Ispaniyaning qirollik hokimiyati, bir vaqtlar uning mamlakatni markazlashtirish uchun olib borgan ishlarida shaharlarning yordami orqasida muvaffaqiyatlarga erishgan bо‘lsa, endilikda о‘z qudratining ildiziga о‘zi bolta urdi.
Karl V ishni shaharlar bilan munosabatni uzib, dvoryanlarning yuqori feodal tabaqalari bilan ittifoq tuzishdan boshladi. Haqiqatda ham Karl V о‘zini saylagan knyazlarni sotib olish uchun 850 ming gulden sarflagan bо‘lsa, shuning 3/2 qismini Fuggerlar oilasidan qarz olgan edi. Bu ish ispan absolyutizmini darhol reaksion tus olib ketishiga sabab bо‘ldi.
Kommuneros qо‘zg‘oloni korteslarning ahvoliga ham juda yomon ta’sir qildi. Karl imperatorni yо‘q qilib tashlamadi, lekin ular Karl zamonida juda og‘ir holga tushirildi. Karl dvoryanlar bilan shaharliklar о‘rtasidagi qarama-qarshiliklardan foydalanib, goh shahar vakillarining tarkibini kamaytirar, goh biron yangi soliq joriy qilish tо‘g‘risida gap borganda shahar vakillarini dvoryanlardan alohida yig‘ardi. Karl hukmronlik qilgan davrning oxiriga kelib, Kastiliya korteslari hech qanday ahamiyatga ega bо‘lmay qoldi. Ularning majlislari faqat rasmiy jihatdangina tо‘planar edi. Boshqa korteslar undan ham og‘ir holga solib qо‘yilgan edi.
Biroq, Karl oppozitsiyani tor-mor qilib, о‘z hokimiyatini kuchaytirgan bо‘lsa-da, Ispaniyadagi mamlakat idorasining eski usulini ham, uning о‘rta asr feodal tuzumini ham, uning eskidan urf bо‘lib qolgan tarqoqligi va ayrim provinsiyalarning bir-biridan ajralib yashashini ham о‘zgartirmadi. U urushlar bilan band bо‘lib, mamlakatning ichki tuzilishi bilan shug‘ullanishga hatto vaqt ham qolmadi. U Ispa­niyaga juda kamdan-kam kelar, mamlakatni idora qilish ishlarini tamomila Kastiliya qirollik kengashiga topshirib qо‘ygan edi, bu kengash qisman amaldorlardan — flamandlar va burgunlardan, qisman esa Kastiliya oliy zodagonlarning vakillaridan iborat edi. Haqiqatda esa Ispaniya Karl V davrida ham, hatto keyinchalik ham hali markazlashmagan, tarqoq mam­lakat, «bema’ni idora qilinayotgan respublikalar yig‘indisi, tepasida nomigagina oliy hokim turgan» mamlakat bо‘lib qolavergan edi.
1556 yilda Karl V dan keyin uning о‘g‘li Filipp II (1556-1598) Ispaniya taxtiga о‘tirdi. Filipp II о‘z otasiga о‘xshab «Joyidan qimirlamaydigan qirol» emas edi. U ham juda kо‘p urushlar olib borgan bо‘lsada, ammo bu urushlarda odatda uning generallari qо‘mondonlik qilardi. Qirolning о‘zi bо‘lsa, о‘z mamlakatini hech qachon deyarli tashlab chiqmasdi.
U reformatsiyaga qarshi kurashdi. Uning imperiyasiga Ispaniya, Portugaliya, Italiyaning bir qismi, Janubiy Amerika va Afrikadagi mustamlakalar kirardi. U buyuk katolik qirol sifatida dunyoda о‘z hukmronligini о‘rnatish orzusida edi. Filipp II ning buyrug‘i bilan Madrid yaqinida Eskorial majmuasi qurildi, unga saroy, ibodatxona va monastr kirardi. Bu yerga qirol qarorgohini kо‘chirtiradi, bu yerda kutubxona tashkil qiladi, shu yerdan turib mamlakatni boshqaradi.
Filipp II davrida mamlakatda yuz martadan ortiq autodafe (isp.e’tiqod akti-Ispaniya va Portugaliyada inkvizitsiya hukmining e’lon qilinishi va hukmni ijro etish). Ispan tarixchisi Xuan Antonio Lyorentaning ma’lumotiga kо‘ra, 1481-1808 yillarda Ispaniyada 31.913 kishi tiriklayin yoqilgan, 29.145 kishi devor ortida qoldirilib suvab tashlangan, mol-mulklari musodara qilingan. “Men dindan qaytgan fuqarolarim bо‘lganidan kо‘ra, umuman fuqarom bо‘lmasligini ma’qul kо‘raman”, degan edi u.
Germaniyaga Karl V ning ukasi Ferdinand I Imperator bо‘lib olganligidan, Filipp II qо‘l ostidagi yerlar endi avvalgidek juda ham xilma-xil emasdi. Filipp mamlakatni markazlashtirish yо‘lida ba’zi tadbirlarni kо‘rdi. Chunonchi, u 1605 yilda Ispaniyaning yangi doimiy poytaxtini barpo qildi, poytaxt uchun Madrid shahrini tanladi. Filipp II Aragonni avtonomiya (yunon.autos-о‘zim,nomos-qonun- mamlakat tarkibidagi biror hududning Konstitusiya bilan kafolatlangan о‘z-о‘zini boshqarish huquqi) dan mahrum etdi. Saragosani va Kastiliya garnizonlariga ega bо‘lgan Ara­gon qal’alarini egallab oldi hamda Aragon dvoryanlarining sud sohasidagi eski imtiyozlarini bitirdi, ya’ni ularning sud ishlari о‘zlarining maxsus oliy sudyasi bо‘lgan xustisiyada(oliy sudya) kо‘rilmaydigan bо‘ldi. 1580 yilda Filipp II Portugaliyani ham о‘z yerlariga qо‘shib olishga muvaffaq bо‘ldi. Endilikda butun Pireney yarim oroli yagona davlatga birlashtirilgan edi. Ink­vizitsiya (katolik cherkovining qidiruv, sud-tergovva jazo funksiyalarini bajaruvchi katolik cherkovi tashkiloti bо‘lib, 1229 yili Tuluza shahrida tuzilgan. 1233 yili Rim papasi Grigoriy IX ning maxsus bullasi bilan inkvizitsiyaning qarori barcha katoliklar uchun majburiy bо‘lgan) Filipp II qо‘lida eng dahshatli qurol edi, bu inkvizitsiya Filipp II davrida Ispaniyadagi oliy siyosiy sudga aylandi, bu suddan qirolning hech bir dushmani qochib qutula olmas edi. Filipp II davlatmi idora qilish ishlari bilan shaxsan о‘zi juda kо‘p shug‘ullanar edi. U juda keng kо‘lamda byurokra­tii yozishmalar olib borardi, markazdagi oliy amaldorlarni va joylardagi korrixodorlar (korrixidorlar. isp.tuzatmoq-Ispaniya hamda uning mustamlakalaridagi ma’muriy va sud lavozimi) shaxsan о‘zi tanlab qо‘yardi. Filipp II davrida davlat soliqlarining miqdori juda kо‘payib ketdi: Moliya mahkamasi butun mamla­katni son-sanoksiz soliq tо‘plovchilar bilan о‘rgimchak uyasiday chulg‘ab oldi.
Karl davridagiday, Filipp II davrida ham ispan absolyutizmi xalqchil emas edi. Filipp II mamlakatni bur­juaziya negizida rivojlantirish bilan qiziqmadi va ispan savdosi hamda sanoatini taraqqiy ettirish uchun hech qanday amaliy tadbirlar kо‘rmadi. Ispaniyadagi yirik dunyoviy va cherkov yer egaligi XVI asrda ham о‘zining goyat katta imtiyozlari kasta xarakterini saqlab qolgan edi. Mayorat (mayorat. lot.yirik, katta-kо‘chmas mulk yer, uy-joyni meros qoldirish tizimi) haqida, daxlsiz yerlar haqida, cherkov yerlariga imtiyozlar berish va hokazolar haqidagi qonunlar Ispaniyadagi yer egaligini qat’iy tasdiqlar, uni abadiy daxlsiz qilib qо‘yar, demak, shu bilan burjuaziya orasidagi progrescivroq elementlarning, mayda dvoryanlar va dehqonlarning yerga ega bо‘lish imkoniyatini bо‘g‘ib qо‘yardi.
Filipp II olib borgan urushlar ochiqdan-ochiq dinastik, tor dvoryanlik tusidagi urushlar edi. Bu urushlar ispan qirolining yerlarini kо‘paytirish va qirolni Yevropaning xalqaro siyosatida gegemon qilish maqsadi bilan olib borilar edi. Shu bilan bir paytda bu urushlardan ispan dvoryanlarini boyitish maqsadi ham kо‘zda tutilardi, chunki bu dvoryanlarning zebi-ziynat va aysh-ishrat ichida kechirayotgan dabdabali hayotlari uchun ispan dehqonlaridan olinadigan renta haqlarigina kifoya qilmas edi, ba’zi urushlarda (masalan, Angliya bilan bо‘lgan urushda) ispan savdosi va mustamlakalarning manfaatlari ham kо‘zda tutilgan edi. Xuddi ana shu urushlarda Filipp II ning hukumati sharmandalarcha yutqizdi va shunday qilib, bu urushlar ham ispan burjuaziyasiga hech narsa keltirmadi.
Ispaniya XVI asr boshdarida agrar mamlakat bо‘lib, sanoati bilan savdosi kuchsiz edi. Angliya bilan Fransiyaga qaraganda anchagina orqada qolgan edi. Niderlandiya va Italiyaga esa taqqoslab ham bо‘lmasdi. Buyuk geografik kashfiyotlar natijasida Ispaniya Amerikada juda kо‘p mustamlakalarga ega bо‘ldi. Dastlabki paytlarda mustamlakalar ispan xо‘jaligining rivojlanishiga yaxshi ta’sir qilib turdy. Amerika Ispaniyadan chiqariladigan juda kо‘p tovarlar uchun bozor edi. Amerikadan Ispaniyaga ju­da kо‘plab oltin va kumush yog‘ila boshladi. Bu hol esa mamlakatni jonlantirib yubordi.
Kastiliya va Andaluziya shaharlarida movut, ipak va metallurgiya sanoati yashnab ketdi. 200—300 ishchiga ega bо‘lgan manufakturalar paydo bо‘la boshladi. XVI asrning о‘rtalarida Toledo shahrida uylarida sanoat ishlab chiqarishi bilan band bо‘lgan 50 ming hunarmand va ishchi bor edi. Sevilyada bu vaqtda tо‘qimachilik ustaxonalarining soni 3600 ta bо‘lsa, 1700 yilga kelib ularning soni 60 taga yetdi. Ustaxonalarda ishlovchilarning soni 130 ming kishiga yetdi. Burgos, Valyadolid va Kastiliyaning boshqa shaharlarida katta-katta yarmarkalar bо‘lib turardi. Sevilya Amerika bilan olib boriladigan hamma oborotlarni о‘z qо‘liga tо‘plagan bir vaqtda, Barselona О‘rta dengizda Shimoliy Afrika va Levant bilan olib boriladigan savdo ishlarida juda katta rol о‘ynayverdi.
Biroq, Ispaniyaning sanoati va savdosidagi bu yuksalish uzoq davom etmadi. XVI asr о‘rtalarida ham Ispaniya sanoati Niderlandiya, Angliya, Fransiya sanoatidan orqada edi. Shu bilan birga uning bundan keyingi riv,ojlapishi uchun sharoit ham juda yomonlashgan edi.
Bu yerda dastavval narxlar inqilobi ispan xо‘jaligini halokatli oqibatlarga olib borganini aytib о‘tish kerak. Amerikadan oltin va kumushning oqib kelishi Ispaniyada narx-navoning Yevropadagi boshqa mamlakatlardan ilgari va kо‘proq darajada oshib ketishiga sabab bо‘ldi. Iqtisodchi-tarixchilarning hisobiga kо‘ra, Ispaniyada XVI asrning о‘rtasidayoq narxlar о‘rta hisobda ikki baravar oshgan edi, XVI asrning oxiriga borib yana ikki baravar oshib ketdi.
Demak, bir asr davomida narx-navo tо‘rt baravar oshdi, vaholanki Angliyada XVI asr davomida narxlar о‘rta hisobda atigi 2—2,5 baravar oshgan edi. Bu esa ispan sanoatida ishlab chiqarishni-xom ashyo va ish kuchini darrov qimmatlashtirib yubordi. Bunday sharoitda ispan korxona egalari uchun sanoat buyumlarini о‘z mamlakatida ishlab chiqargandan kо‘ra arzonroq va sifatliroq mahsulotni chet eldan sotib olish foydaliroq bо‘lib qoldi. Ammo shu bilan Ispaniya ancha taraqqiy etgan mamlakatlarga iqtisodiy jihatdan tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri qaram bо‘­lib qoldi, Ispan sanoati bundan keyin yanada taraqqiy etish о‘rniga, XVI asrning ikkinchi yarmiga borib, juda tez orqaga qarab ketdi.
Ispan sanoatining tushkunlikka yuz о‘girishida ispan qishloq xо‘jaligining inqirozga uchrashi katta rol о‘ynadi. Pomeshchiklar, cherkov va davlat foydasiga yig‘iladigan feodal soliqlari bilan iskanjaga olingan ispan dehqonlari g‘oyat og‘ir kun kechirmoqda edi. Qishloqlar qashshoqlashib qoldi. Qishloq xо‘jaligi ispan shaharlarini yetarli miqdorda g‘alla bilan ta’minlayolmay qoldi. XVI asrning 80 va 90-yillaridayoq Ispaniyaga juda kо‘p g‘allani chet mamlakatlardan sotib olishga tо‘g‘ri keldi. Qо‘ychilik dehqonchilikka juda katta ziyon yetkazardi, chunki Ispaniyadagi qо‘ychilik о‘ziga xos sharoitda bо‘lib, bu yerda qо‘ylar daydib yurardi.
Katta yer egalariga qarashli merinos qо‘y podalari yoz paytlari shimolda — Kastiliya va Leon yassi tog‘laridagi yaylovda boqilardi, qishga yaqin esa janubga— Andaluziya va Estremadura yaylovlariga olib kelinardi. Qо‘ylarni bu tarzda ikki marta shimoldan janubga va janubdan shimolga haydash, pirovardida ispan dehqonchiligiga juda katta putur yetkazardi. Qо‘ylar dalalarni poymol qilar va quritib yuborardi. Ammo qо‘ychilikdan manfaatdor bо‘lgan amaldorlar — grandlar bor edi va hukumat ularni har qanday qilib qо‘llab-quvvatlardi. Qо‘ychilik bilan shug‘ullanuvchi dvoryanlar qudratli ittifoq bо‘lib birlashdilar, bu ittifoq Mesta (1273-1836 yillarda Ispaniyada qirol bergan imtiyozlardan foydalanuvchi yirik qо‘ychivonlar) deb atalardi va u hukumatdan bir qancha turli imtiyozlar olardi. Dehqonlarga hatto «chorvalarni haydab kelishga xalaqit bermaslik uchun» о‘z yerlariga g‘ov tutish ham man etilgan edi.
Filipp II olib borgan ba’zi urushlargina muvaffaqiyatli tugadi. 60—70 yillarda Turkiyaga qarshi olib borilgan urushni va 1580 yilda Portugaliyaning bosib olinishini shunday urushlar jumlasiga kiritish mumkin. 1571 yilda Lepanto yonida (Moreya yaqinida) bо‘lgan jangda turklar dengizda ayniqsa katta mag‘lubiyatga uchratildi. Jang­da Filipp II ning ukasi Don- Xuan Avstriyskiy ispan-venetsian birlashgan eskadrasiga qо‘mondonlik qilib, turklarning 264 kemadan iborat kattakon flotiliyasini tor-mor qildi, bu flotiliyada 80 ming kishilik qо‘shin bor edi. Bu mag‘lubiyat turklarning boshidan kechirgan birinchi katta mag‘lubiyati edi va bu Turkiya imperiyasining ancha jiddiy ichki tushkunlikka uchray boshlaganidan darak berardi.
1580 yilda Portugaliya ustidan qozonilgan g‘alaba xam Por­tugaliyaning bundan oldin 1578 yilda portugal feodallarining Marokashda mag‘lubiyatga uchragani tufayli bо‘lgan edi va bu vaqtda qirol Sebastyan butun qо‘shini bilan birga halok bо‘l­gan edi.
Ammo Filipp II ning о‘zi ham shunday mag‘lubiyatlarga uchradiki, bu mag‘lubiyatlar Ispaniyaning buyuk davlat sifatidagi ahamiyatini butunlay yо‘qotib qо‘ydi. Bu yerda XVI asrning ikkinchi yarmidagi Niderlandiya inqilobini birinchi о‘ringa qо‘yish kerak, bu inqilob keyinchalik golland-ispanlarning savdo va mustamlakalar uchun bо‘lgan qator urushlariga aylanib, Hindiston va Indoneziyada ispan-portugal mustamlakalarining Gollandiya qо‘liga о‘tishi, sо‘ngra esa Portugaliyaning о‘zi ham Ispaniyadan ajralib ketishi bilan tugallandi.
Filipp II ning Angliyaga qarshi olib borgan muvaffaqiyatsiz urushida Ispaniya yana katta mag‘lubiyatga uchradi. Ingliz dengiz bosqinchilari Dreyk, Reli va boshqalar vest-Indiya qirg‘oqlariga hamda Yangi Yerdan kumush ortib ispaniyaga qaytib borayotgan flotiliyaga hujum qilardilar. Filipp II bunga javoban 1588 yil iyulida Angliyaga qarshi yurish boshladi, bu yurish «Yengilmas armada» nomi bilan mashhurdir. Katta ispan floti rasmiy ravishda ana shunday nom bilan atalgan bо‘lib, floti tarkibida 134 ta kema bо‘lib, kemalarda 20 ming matros, tо‘pchi, eshkakchi, mushketyorlar (mushketyorlar-XVI asr-XVII asr boshlarida piltali о‘q otar qurol bilan qurollangan piyoda qо‘shin turi) va askarlar bor edi. Ushbu kemalarda 2500 ta dala artilleriyasi va qamal tо‘plari ham bor edi. Angliya floti 200 dan ortiq jangovor va yuk kemalaridan iborat edi.
Harbiy dengiz ishidan yaxshi xabardor bо‘lmagan grand Medina Sidoniya bosh qilib qо‘yilgan bu yurish nihoyatda yomon uyushtirilgan edi. Eskirib qolgan va besо‘naqay ispan kemalari inglizlarning ancha mayda bо‘lsa-da, puxtaroq yasalgan va ancha yaxshi tо‘plar bilan ta’minlangan kemalariga bas kela olmadi. «Armada»-(Ispaniya va Portugaliyada yirik harbiy dengiz kuchlarini anglatuvchi atama, ya’ni katta flot degani) ning (bu vaqtda Ispaniya qо‘l ostida bо‘lgan) Ni­derlandiya janubidagi ispan harbiy kuchlari bilan qо‘shilish plani bajarilmadi. Ingliz admirallari katta jang qilishni istamadilar va «Armada»ga kichik-kichik eskadralar bilan hu­jum qilish taktikasini ishlatib, ispan flotining ayrim kemalarini yoki ayrim turkumlarini alohida-alohida yо‘q qilib bordilar. Avgust boshida La-Manshda bо‘lib о‘tgan bо‘ron ispanlarga katta ziyon yetkazdi. Flotiliyaning qolgan qismi ob-havo yomon kelgani tufayli, Ispaniyaga ilgarigi yо‘ldan qaytib borolmay, Britaniya orollarini aylanib о‘tishga majbur bо‘ldi va mamlakatiga sog‘ qolgan ozgina kemalari bilan juda harab holda qaytib keldi.
«Armada» ning mag‘lubiyatga uchraganligi natijasida Ispa­niya Atlantika okeanidagi,savdo yо‘llarini nazorat qilib turishdan mahrum bо‘ldi. 1596 yilda inglizlarning о‘zlari Ispa­niya qirg‘oqlariga hujum qilib, Ispaniyaning Kadis portini talab ketdilar. Shu paytdan boshlab Ispaniya dengizdagi gegemonligini butunlay yо‘qotib qо‘ydi.
Filipp II ning 90- yillar boshida Fransiyaga qarshi boshlagan intervensiyasi ham muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. Filipp II fransuz katoliklarining protestant-gugenotlarga qarshi olib borgan urushlariga aralashdi. Ispan qо‘shinlari Parijga bostirib kirdi va u yerda Parijni qamal qilib turgan gugenotlar yо‘lboshchisi qirol Genrix IV Burbonga qarshi kurashda katoliklarga yordam berdi. Ispaniyaning yordami katoliklarni saqlab qola olmadi. Parij taslim bо‘lishga maj­bur bо‘ldi. Parij olinganida taslim bо‘lgan qо‘shinlar orasida Filipp II ning ham otryadlari bor edi. Keyinchalik XVII asrning birinchi yarmida Ispaniya bilan Fransiya о‘rtasida urushlar tо‘xtovsiz davom etib turdi. Bu urushlar Pireneya monarxiyasi uchun muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi.
Muvaffaqiyatsizlik bilan olib borilgan katta urushlar Filipp II ning moliyaviy ahvolini tamomila qaqshatib qо‘ydi. U о‘zini ikki marta—1575 va 1596 yillarda bankrot bо‘lgan deb e’lon qilib, davlat qarzlarini tо‘lashdan bosh tortdi. Gabsburglarga qarz berib turgan Fuggerlarning bir о‘zi 3 million-gulden pulidan mahrum bо‘ldi. Savdo, sanoat, dehqonchilikdan olinadigan soliqlar muttasil oshib borib, aholini g‘oyat qiynab qо‘ydi.
1594 yilda korteslardagi shaharlarning deputatlari: «1000 dukat (kumush va oltin tanga, dastlab 1140 yil Venetsiyada zarb etilgan) kapitaldan 300 dukat soliq olinadigan bо‘lgandan keyin savdo bilan shug‘ullanib bо‘larmidi?» deb noligan edilar.
Filipp II 1598 yilda о‘ldi, undan о‘z vorisiga davlatniig umuman 100 million gulden qarzi meros qoldi. XVI asrning oxirida Ispaniyaning butun xalq xо‘jaligini chulg‘ab olgan iqtisodiy halokat moliya yashlarining vayron bо‘lishiga asosiy sabab bо‘ldi.
Ispaniyaning xalqaro ahvoli har о‘n yillik sari tobora yomonlashaverdi. 1609 yildayoq Filipp III Gollandiya bilan yarashishga majbur bо‘lib qoldi va aslida bu bilan ilgari Ispa­niyaga qarashli yerlardan yangi davlat tashkil topganligini tan oldi. 1648 yilda esa Gollandiyaning mustaqilligini Ispaniya rasmiy ravishda e’tirof qildi. О‘ttiz yillik urushda Ispa­niyaning Fransiyaga qarshi Germaniya tomonida turib urushuvi ham g‘oyat muvaffaqiyatsiz bо‘lib chiqdi.
1659 yildagi Pireneya sulhiga muvofiq Ispaniya Russilyon, Artua va bir necha Flan­driya shaharlarini qо‘ldan berib qо‘ydi va shaharlar Fransiyaga о‘tib ketdi. 50- yillardagi ingliz-ispan urushi natijasida Is­paniya Vest-Indiyadagi yerlaridan eng yirik Yamayka orolini qо‘ldan berib qо‘ydi, bu orol Angliya qо‘liga о‘tib ketdi. Ispa­niya Pireneya yarim orolining о‘zida yakson bо‘lib ketish xavfi ostida qoldi. 1640 yilda Portugaliya Ispaniyaning og‘ir ahvolga tushib kolganidan foydalanib, undan ajralib chiqdi. Usha yilning о‘zida Katoloniyada katta qо‘zg‘olon bо‘lib, bu viloyatning ham Ispaniyadan ajralib ketishiga sal qoldi.
1647 yilda yuqorida aytib о‘tganimizdek, Sitsiliya bilan Neapolda Ispaniyaga qarshi jiddiy harakatlar yuz berdi. Is­paniya XVII asrning о‘rtalarida nomigagina buyuk davlat bо‘lib qolgan edi.



Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin