Denov davlat universiteti tarix kafedrasi


Mavzu: XVII asr Niderlandiya burjua inqilobi



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə49/77
tarix10.06.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#116809
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   77
Denov davlat universiteti tarix kafedrasi

Mavzu: XVII asr Niderlandiya burjua inqilobi
Reja:

  1. XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Niderlandiyaning iqtisodiy taraqqiyoti va siyosiy tuzumi.

  2. Filipp II ning mutlaq hukumatiga qarshi qarama-qarshilikning о‘sib borishi.

  3. Niderlandiya inqilobining boshlanishi.

  4. Gyozlarning chiqishi.

  5. Shimol qо‘zg‘oloni va uning natijalari.

  6. Shimoliy Gollandiyaning mustaqillik uchun urushi va Gollandiya respublikasining tashkil topishi.

  7. Niderlandiya inqilobining natijalari.



Tayanch iboralar:


Niderlandiya; manifaktura ; furgon ; burjuaziya ; kardinal ; inqilob ; dictator; partizan ; terror ; gyoz ; edikt ; Gabsburglar sulolasi ; pud; graf; petitsiya ; inkvizitsiya ; ‘’Qonxo’rlik kengashi’’; alqabala; arbalet; ‘’Varfolomey tuni’’; ispanlar vahshati ; uniya ; ‘’Ost-Indiya’’ kompaniyasi; ‘’yengilmas armada’’ ; admiral ; gulden ;shtatgalter.

Niderlandiya G‘arbiy Yevropa davlatlaridan biri. 17 ta viloyatni birlashtirgan bu davlat XVI asrda hozirgi Belgiya, Lyuksemburg, Gollandiya hududlaridan hamda Fransiyaning bir qismidan iborat bо‘lgan.


О‘rta asrlar Niderlandiyasi tо‘g‘risida gapirganimizda kemalar qatnaydigan Shelda, Maas va Reyn daryolarining quyi oqimidagi yerlarni Niderlandiya (daryo etagidagi yerlar) deb atashgan. Niderlandiyada shaharliklar asosan savdo bilan shug‘ullanishardi.
XVI asr о‘rtalarida bu kichkina mamlakat Yevropaning aholisi eng zich joylashgan hududi edi. Uning aholisi 3 mln kishi bо‘lib, ular 300 ga yaqin shahar va qishloqlarida yashar edilar.
Niderlandiyaning aholisi asrlar davomida qirg‘oq boyidagi botqoq yerlarni dengiz hisobiga kengaytirdi, ularni quritdi va dengiz toshqinidan saqlash uchun atrofini tо‘g‘onlar bilan о‘rab oldi.
Niderlandiyaning geografik о‘rni qulay edi, u daryo yо‘li orqali Fransiya va Germaniya bilan, dengiz yо‘li orqali esa Angliya va Skandinaviya mamlakatlari bilan savdo qilardi.
Flandriya viloyati XIII-XIV asrlarda movut sanoati bilan dong taratib u Florensiya movuti bilan raqobat qilar edi.
Buyuk geografik kashfiyotlardan sо‘ng Antverpen Hindiston va Amerikadagi mustamlakalar bilan bog‘lashgan jahon portiga aylandi. Bu yerda manifakturalar (qо‘l mehnatiga asoslangan korxona) tipidagi sanoatga о‘tildi. Flandriya bilan qо‘shni bо‘lgan Brabant, Bryussel katta sanoat markazlari edi. Hunarmandlar Angliyadan keltirilgan yungdan movut tо‘qishardi. Birgina Xondsxot shahri hunarmandlari XV asr oxirida 15-20 ming bо‘lak movut tо‘qigan bо‘lsalar, 1563-yili bu yerdagi manifakturalardan 97 ming bо‘lak movut chiqarilgandi.
Mamlakatning shahar va qishloqlarida manifakturalar vujudga kelib, bu manifakturalar movut, gilam, kema anjomlari ishlab chiqarardi. Katta-katta ustaxonalarda tо‘plar quyilar, kemasozlik korxonalarida tezyurar kemalar yasalardi.
Niderlandiyaning shimolida eng taraqqiy qilingan viloyatlar Zellandiya, Gollandiya va Utrext edi.Bu yerda ham movut sanoati rivojlangan edi. Bundan tashqari bu yerda yana zig‘ir tolasidan gazlama tо‘qish, surp va shoyi tо‘qish taraqqiy qilgan.
Antverpen shahri (porti) jahon savdosining asosiy markazi bо‘lib, u (hoz. Belgiya) da Niderlandiyani iqtisodiy va savdo markazi edi. Antverpen kо‘chalaridan har kuni kamida 2 mingta savdo furgonlari (savdo aravasi) о‘tgan. Bu yerda bankning ulkan binosi bо‘lib, italyan, portugal va turk savdo uyushmalari bor edi. Turli mamlakatlardan yuzlab kemalar shahar portiga kirib kelgan. XVI asrda Antverpen Yevropaning eng muhim savdo markazi edi. О‘sha paytda Namyur va Lej zavodlarida eritilgan metall, Gaaga va Amsterdamda qurilgan tezyurar va yaxshi jihozlangan kemalar, Antverpen va Leyden bosmaxonalarida chop etilgan kitoblar mehnatkash aholining qо‘li bilan yaratilgan edi.
Kо‘proq savdo viloyati bо‘lgan Gollandiya kemasozlik, paraxodchilik va baliq ovlashning markazi edi.
Niderlandiyaning janubida- Namyur, Lej, Lyuksemburg temirga boy tumanlar bо‘lib, bu yerda metallurgiya rivojlandi. Janubi- g‘arbiy viloyatlar hisoblangan Gennegau, Artua esa dehqonchilik tumanlari edi.
Umuman Niderlandiya sanoati, savdosi, qishloq xо‘jaligi rivojlangan boy mamlakat bо‘lgan. Biroq, u mustahkam bо‘lmagan. Ispaniya uni о‘z mulkiga aylantirgan edi. Niderlandiya Ispaniyaning eng qimmatli mulki edi. Niderlandiya qirol xazinasiga Ispaniyaning Amerikadagi mustamlakalaridan tushadigan daromadlarga qaraganda 4 marta ortiq daromad keltirardi.
Germaniya imperatori Karl V (1519-1555 yillarda boshqargan) u ona tomondan Ferdinand va Izabellaning nabirasi sifatida Ispaniya qiroli ham edi, u Yevropadagi eng qudratli imperatorlaridan biri edi, chunki u Ispaniya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya qiroli ham edi.
Gabsburglar xonadonidan (gabsburglar-Muqaddas Rim imperiyasi deb ataluvchi imperiyada 1273-1806 yillarda hukmronlik qilgan german millatiga mansub sulola, unga Rudolf Gabsburg asos solgan (1273-1291) chiqqan qirol Karl V davrida Niderlandiyadagi 17 ta viloyatning har birida о‘z hududlari, alohida sudlari joriy qilindi.
XVI asr о‘rtalarida Niderlandiya Ispaniyaninig hukmronligi ostida edi. Ispaniya monarxiyasi Niderlandiyada qoloq boshqaruv tizimini о‘rnatdi. Niderlandiyadan ispan xazinasi uchun dengiz orti mustamlakalariga qaraganda 4 marta kо‘p mablag‘ olardi. Soliq yig‘uvchilar kambag‘allardan sо‘nggi tiyinlarini ham tortib olardilar.
Niderlandiyada kalvinistik dinni yо‘q qilish uchun ispan qiroli Filipp II yuqori diniy lavozimlarga ispanlarni tayinlay boshladi va Niderlandiyada ispan inkvizitsiyasini kirita boshladi. Cherkov sudlari mamlakat bо‘ylab kezib yurib, о‘zini katolik deb hisoblashni xohlamaganlar hamda katolik ibodatxonasiga bormay yurganlarni qо‘lga olishni buyurishardi.
Qonli qonunlar ham, ommaviy qatl qilishlar ham Filipp II ning shafqatsiz siyosatidan niderland xalqining о‘sib borayotgan norozilikni tо‘xtata olmadi.
1539 yilda soliq yig‘uvchilarga qarshi Gent shahrida qо‘zg‘olon kо‘tarildi, imperator shaharni kо‘pgina yorliqlardan mahrum etdi va undan katta jarima tо‘lattirdi. Niderlandiyadan Karl V ning undirgan hajmi soliqlari 2 mln oltin pud (pud. slavyancha- og‘irlik о‘lchov birligi bо‘lib, 16,38 kg.ga teng bо‘lgan, ilk bor 1134-yili Vsevolod Mstislavichning Novgorodda “Ivanovo yuzligi” nomli savdogarlar jamiyatiga berilgan yorlig‘ida tilga olingan. 1920-yilgi dekret bilan bekor qilingan) yetdi, holbuki Karl V ning о‘ziga qarashli barcha yerlardan uning xazinasiga tushadigan daromad 5 mln oltin pudga baravar edi.
Niderlandiya idora ishlarini markazlashtirish masalasida Karl V barcha viloyatlar uchun 2 ta markaziy Kengash - Sud va Moliya kengashlari (Bryusselda) tashkil qilindi.
Karl V ning Niderlandiyadan undirilgan katta- katta soliqlar Niderlandiya manfaatlariga aloqasi bо‘lmagan urushlarga sarf qilinar edi.
Gabsburglar davrida soliqlar joriy qilishni Bosh shtatlar hal qilardi, va Bosh shtatlarni chaqirish ham qirol ixtiyorida edi.
Karl V ning taxt vorisi Filipp II (1556-1598) davrida Niderlandiya burjuaziyasi (burjuaziya-fransuzcha shaharliklar, aholisining savdo-sanoat, bank va boshqa tadbirkorlik faoliyati natijasida daromad topuvchi hamda ishlab chiqarishda yollanma mehnatdan foydalanuvchi qatlami) va mutlaq hukumat о‘rtasida ziddiyat kuchaydi.
Filipp II о‘z hukmronligining dastlabki yillarda Bryusselda yashadi va u bilan birga Ispaniyaning kо‘p sonli qо‘shini ham turar edi. Filipp II protestantlarga qarshi chiqarilgan farmonlari Karl V farmonlariga qaraganda shafqatsizlik bilan amalga oshirdi. Uning davrida katolik cherkovidan kо‘plab diniy ruhoniylarni olib keldi va Niderlandiyadagi cherkov yerlari ana shu ruhoniylarni boqish uchun ajratib berildi.
1559 yilda Filipp II Ispaniyaga ketib, о‘zining singlisi Margarita Parmskayani Niderlandiyaning noibi etib, gabsburglar xonadonidan bо‘lgan kardinal (katolik cherkovida Rim papasidan keyin, yepiskopdan oldin turuvchi ruhoniy) Granvellani Margarita huzurida birinchi vazir qilib qoldiradi. Ispan qо‘shinlari 1561 yilda Niderlandiyadan olib ketildi.
Ispan monarxiyasiga qarshi hukmdor Margarita huzuridagi Kengash a’zolari bо‘lgan Niderlandiyaning kо‘zga kо‘ringan imtiyozli tabaqa vakillaridan Vilgelm Oranskiy, graf (ilk о‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada joylardagi qirollik mansabdori) Egmont va admiral Goorn Filipp II hukumatiga birinchi bо‘lib qarshi chiqdilar.
1565-yilda Vilgelm Oranskiy ishtirokida "Dvoryanlar bitimi" degan nom ostida dvoryanlar ittifoqi tashkil etildi. Ittifoqqa dvoryanlardan 2 ming kishi a’zo bо‘ldi.
Birlashgan dvoryanlar ittifoqining delegatsiyasi 1566 yil 5 aprelda hukmdor Margarita Parmskayaga petitsiya (hukumatga yoki yuqori mansabdor nomiga kо‘pchilik yoki bir kishi nomidan beriladigan talabnoma) topshirishdi, bu petitsiyada bir tomondan, “Ispaniyaning hazrati oliy qiroliga" bо‘lgan sadoqat izhor qilingan bо‘lsa, ikkinchi tomondan, inkvizitsiyani bekor qilish va darhol Bosh shtatlarni chaqirish talab qilingan edi.
Margarita petitsiya egalarining istaklarini qirolga ma’lum qilishga va’da berdi. Lekin Filipp II ularni talabini bajarmadi.
1566 yil avgustida ispan hukmronligiga qarshi tarqoq chiqishlar ommaviy xalq harakatiga aylanib ketdi. Bunga ispanlar zulmi va qimmatchilikdan tashqari 1565-1566 yillardagi ocharchilik ham sabab bо‘ldi. Bir necha hafta ichida 5,5 mingdan ziyod cherkov va monastrlar tо‘liq vayron qilindi. Isyonchilar katolik ruhoniylari va ispan amaldorlarini quvib yubordilar.
Shu orada mutlaq hokimiyatga qarshi harakat tobora kengayib bordi. Dvoryanlardan ibrat olgan kalvinchi burjuaziya “Savdogarlar bitimi” nomi ostida о‘z itifoqini tuzdi. Kalvinizm g‘oyalari (g‘oyaning asosi “taqdiri azal” haqida bо‘lib, unga kо‘ra insonning taqdiri xudo tomonidan belgilab qо‘yilganligi,boy yoki kambag‘al bо‘lishi uning peshonasiga yozilgan.U о‘z maslakdoshlariga boylik orttirish uchun tinimsiz mehnat qilishga chaqirdi) tez yoyila boshladi.
Amalda esa hukumat kalvinchilarni ta’qib qilishga botinolmay qoldi. Mamlakatda inqilob (jamiyat rivojlanishida rо‘y beradigan tub sifat о‘zgarish) boshlandi. Ispan mutlaq hukumatiga va katolik cherkoviga qarshi shahar va qishloqning keng xalq ommasi qо‘shildi.
1566 yil Flandriyada xalq qо‘zg‘olon kо‘tardi. Qо‘zg‘olonchi dehqonlar, hunarmandlar monastr va cherkovlariga bostirib kirib, ular ikonalarni va haykallarni sindirib tashladilar, pop va monaxlarni haydab yubordilar.
Qо‘zg‘olonchilar qisqa vaqt ichida ispan zulmining tayanchi bо‘lgan 5,5 mingdan ortiq cherkov va monastrlarni vayron qildilar. Katolik ruhoniylar va ispan amaldorlari quvib yuborildi.
Filipp II "yeretik"larni adabini berish va qо‘zg‘olonni bostirish uchun uchun о‘zining generali gersog Alba Fernando de Toledo (1507-1582 yillarda yashagan ispan davlat arbobi va sarkardasi) ni tanladi. Alba 1567 yil 23 avgustda 10 ming kishilik yaxshi ta’lim olgan ispan piyoda va otliq armiya bilan Niderlandiya hududiga kirib keldi. Alba Niderlandiyaning yakka hokimi bо‘lib qoldi, uning diktatorlik (cheklanmagan hokimiyatga ega yakka hukmron shaxs, mutlaq hokim) rejimi о‘rnatildi.
Niderlandiyaning poytaxti Bryusselga keliboq, Alba hokimiyatni о‘z qо‘liga oldi.
Alba boshqaruv ishida terrorni (lot. qо‘rqinch, dahshat; siyosiy raqiblarni, muxoliflarni yо‘qotish yoki qо‘rqitish, aholi о‘rtasida vahima va tartibsizliklar keltirib chiqarish maqsadida zо‘ravonlik harakatlari; ta’qib qilish, buzish, garovga olish, qotillik), jallod qilichini va inkvizitsiya (Ink­vizitsiY. katolik cherkovining qidiruv, sud-tergovva jazo funksiyalarini bajaruvchi katolik cherkovi tashkiloti bо‘lib, 1229 yili Tuluza shahrida tuzilgan. 1233 yili Rim papasi Grigoriy IX ning maxsus bullasi bilan inkvizitsiyaning qarori barcha katoliklar uchun majburiy bо‘lgan) ni qо‘lladi. Barcha masalalar “Isyonlar bо‘yicha Kengash” da hal etildi. Niderland xalqi Albaning yovuzligi tufayli bu Kengashni “Qonxо‘rlik Kengashi” deb atadi. Uning hukmronligi davrida 8 mingdan ortiq odam qatl etildi. О‘limga mahkum etilganlarning 20 millionlik mol-mulki musodara qilindi.
Alba graf Egmont va admiral Goornlarni, shuningdek, 18 ta dvoryanni о‘limga hukm etdi. Alba qо‘zg‘olonda qatnashganlarni topib jazolashni Kengash ixtiyoriga topshirdi. Kengash raisi Vargas “Bu yerda begunohlar yо‘q, dahriylar jinoyat qilishgan, katoliklar bunga beparvolik bilan qarashgan, ular ham, bular ham jazolanishi kerak” degan edi. Kengashning qarori bitta bо‘lgan, u ham bо‘lsa faqat о‘lim jazosi edi.
Alba shafqatsiz jazo choralari bilangina cheklanib qolmadi, u 3 xil yangi soliq; ya’ni 1) har qanday mol-mulkdan olinadigan 1% li soliq; 2) yerning oldi-sotdi bitimidan olinadigan 5% li soliq; 3) har qanday mollar bilan bо‘ladigan savdo sotiqdan 10% li soliq tо‘lashga majbur etdi. Bu uch xil soliq alqabala (arab.kafolat, garov, shartnoma, undirish-Ispaniya va uning mustamlakalarida savdo bitimlaridan olinadigan soliq) deb atalib, buni Alba Bosh shtatlarning roziligini olmasdan 1571 yildan e’tiboran joriy qildi. Alba davrida Niderlandiyada bamisoli qabristondek jim-jimlik hukm surar edi. Biroq Albaning dahshatli jazo choralari ham ozodlik harakati tо‘lqinini tо‘xtata olmadi.
1568 yil yozida Vilgelm Oranskiy Germaniyadan turib Albaga qarshi harbiy hujum tashkil qildi. U 30 ming kishilik qо‘shin bilan Niderlandiyaga kirib keldi, ammo mag‘lubiyatga uchrab, chekinishga majbur bо‘ldi.
1572 yil bahorida niderlandlar kichik-kichik partizan (fransuzcha, dushman bosib olgan joylarda ozodlik uchun kо‘ngilli ravishda qurolli kurash olib boruvchi) otryadlarni tuzdilar. Ular о‘zlarini gyozlar (gyozlar-niderlandcha gadoylar, qashshoqlar degani, bu nomni mag‘rurlik bilan olib yurgan xalq qasoskorlarini dushmanlari ana shunday nom bilan atashgan) deb atadilar. Mamlakatning shimolida tashkil bо‘lgan xalq harakati “dengiz va о‘rmon gyozlari” bо‘linmalariga birlashib, ispanlarga qarshi xalq urushini boshladilar va umumniderlandiya inqilobi boshlandi.
Bolta, arbalet (arbalet- о‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida ishlatiladigan otish quroli, yog‘och dastgohga mahkamlangan pо‘lat kamon), qilich, panshaxa va о‘roqlar bilan qurollanib, ispanlarning kichik otryadlariga hujum qilishar edi.
Ispaniya hukumatining Angliyaga norozilik bildirishi 1572-yili niderlandiyaliklarning 40 ta kemasi Duvrdan chiqarib yuborilishiga olib keldi. Mayda dvoryan Lyume boshchiligidagi xuddi shu kemalardagi dengiz gyozlari 5-aprelda Zelandiyadagi Bril portini bosib oldilar. Ularga mahalliy aholi, shaharliklar, dehqonlar, baliqchilar, mayda dvoryanlar kelib qо‘shildilar. Bu shahar shimoliy viloyatlarda tarqalgan gyozchilik harakatining tayanchiga aylandi. Shahzoda Villem van Oraneni (1533-1584) shimoliy hududlar hukmdori deb e’lon qildilar. U eng yirik obrо‘li zamindor bо‘lib, Ispaniya hukmronligidan norozi niderland zodagonlariga boshchilik qilardi.
U yollanma askarlar tо‘plab, urush boshladi, lekin uning askarlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Brildan keyin harakat butun Zelandiyaga, Gollandiyaga va shimoldagi boshqa viloyatlarga yoyildi. Hamma joyda ispan garnizonlari qurolsizlantirildi va asir qilib olindi.
Sanoat shahri bо‘lgan Utrext qо‘zg‘olonchilar markazi edi. Qо‘zg‘olonchilar Alba tazyiqidan qо‘rqib, Vilgelm Oranskiydan yordam sо‘rashadi, Vilgelm Niderlandiya tuprog‘iga dastlab Gildern viloyatiga, sо‘ngra Brabantga keldi, ammo u о‘zining Parijdagi ittifoqchilari bо‘lgan protestantlarning katoliklar tomonidan qirg‘in qilinganini eshitib orqaga chekinadi.
Fransiya qiroli Karl IX ning singlisi Margarita Valua vafot etgan Antuan Burbonning о‘g‘li Genrix Navarskiyga turmushga chiqayotgan edi. Parijga nikoh tо‘yiga kelgan protestantlar 1572-yil 24 avgustga о‘tar kechasi xoinona qirib tashlandi. Bu tarixga “Varfolomey kechasi yoki bazmi” nomi bilan kirgan, bunda 2 ming kishi qatl etilgan edi.
Vilgelm Gollandiyaga chekinib, burjuaziya 1572-yilda Niderlandiyaning eng boy va obrо‘li katta yer egasi Oranskiyni shimoliy hududlar Gollandiya, Zelandiya, Frislandiya va Utrextning hukmdori deb e’lon qildi. Filipp II faqat Janubiy Niderlandiyani о‘z qо‘lida saqlab qoldi.
Ispanlarning Niderlandiyadagi mavqei tobora zaiflashib bordi. Pirovardida Albaning tutgan siyosatidan Madriddagilarning hafsalasi pir bо‘ldi va 1573 yil dekabrda u chaqirib olindi. Gersog Alba о‘rniga ancha tajribali, diplomatik yо‘l bilan ish kо‘ruvchi general don Luis Rekezens keldi, u kelgach, dastlab u avf e’lon qildi va protestantlarga mol-mulklari bilan mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat berdi.
Mokre vohasida 1574 yili Oranskiy qо‘shinini mag‘lubiyatga uchratgan yangi noib, shimolda qо‘zg‘olon kо‘targan viloyatlarning bir nechtasini egalladi.
Ispanlar Leyden shahrini qamal qildilar, shahar bir necha oy davomida qamal ichida qoladi, ispanlarning taslim bо‘lish haqidagi takliflariga Leyden aholisi “Yerimizni yо‘qotgandan kо‘ra suv bostirib yuborgan ma’qul”, deb javob berdilar. Shaharliklar tо‘g‘on qurdilar. Gollandiya shtatlari qamaldagilarga yordam berish uchun tо‘g‘onni ochib yuborishadi. Ispanlar chekinishga majbur bо‘ldilar. Leyden shahri qutqarib qolindi.
Rekezensning 1576 yil bahorida tо‘satdan vafot etishi ispan qо‘shinlarini boshliqsiz qolishiga sabab bо‘ldi. Ispan soldatlari ichida intizom yо‘qolib, ular aholini talab, terror qila boshladilar. Bunga javoban Niderlandiyaning siyosiy poytaxti Bryusselda qо‘zg‘olon kо‘tarildi. Oranskiy boshchiligidagi mahalliy militsiya Davlat Kengashi a’zolarini qamoqqa oldilar, chunki Davlat Kengashi a’zolari Rekezens vafotidan sо‘ng mamlakatda oliy hokimiyat edilar. Endi bu hukumat Bryusselda tо‘plangan Bosh shtatlar qо‘liga о‘tdi.
Kо‘pchiligi yollanma jangchilardan tuzilgan iapan qо‘shinini tartibda saqlash qiyin bо‘lib qoldi. Buning ustiga ispanlar о‘z qо‘shiniga ancha vaqtdan buyon maosh bermagandilar.
G‘alayon kо‘targan ispan qо‘shini Antverpen va Maastrixt shaharlarni bosib oldi. Antverpenni ayovsiz talash, yondirish barobarida 8 ming begunoh kishi о‘ldirildi. Ispan jangchilari bu yerda katta boyliklarni qо‘lga kiritdilar. Ular bu janglardan keyin xanjarlari dastalari pо‘lat qalpoqlarini oltindan qildirishgan edi. Bu talonchilikdan sо‘ng Antverpen о‘zini о‘nglay olmay, moliya, savdo va sanoatdagi hukmronlik о‘rnini Amsterdamga bо‘shatib berdi.
1576-yil 4 noyabrda ispanlar Antverpen shahriga о‘t qо‘yishgan edi.

Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin