Oʻzbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga samarali hissa qoʻshgan kitoblari:
“Ilonshoh va uning amaldori ari haqida ertak” (1963)
“Soatjonning soati” (1964)
“Toshbaqalar hujumi” (1965)
“Daydi bola”
“Oʻgʻlim bilan suhbat” (1970)
Shoir asarlarining mavzu doirasi keng va rang-barang. Turli yoshdagi kitobxonlar Qudrat Hikmat asarlarini sevib oʻqiydilar, ulardan estetik zavq oladilar. Shoir oʻz asarlarida bolalarni qiziqtirgan, ularning bilgisi, eshitgisi kelgan narsa va voqealarni ixcham, oʻynoqi vazn va qofiyalari pishiq ishlangan misralarda ifodalaydi.
Qudrat Hikmat ijodining yana bir muhim tomoni shundaki, u bolalar tilini yaxshi oʻzlashtirgan, oʻrgangan. Shuning uchun ham uning sheʼrlari goʻzal va yoqimli, sodda va ravon.
Qudrat Hikmat “Bogʻcha” sheʼrida bolalarni ulkan Vatanning quchogʻiga yetaklab kiradi. Vatan degan shu aziz soʻzni, uning tom maʼnosini bolalarning soya-salqin, ozoda, orombaxsh bogʻchasiga koʻchiradi. Shu yer, kichkintoylarning yurgan-turgan joyi ulugʻ Vatan ekanligini uqtiradi:
Oʻrtoqjon Turgʻun,
Men bilan yurgin.
Bizning bogʻchani
Bir borib koʻrgin.
Turli oʻyinchoq,
Argʻimchoq bizda.
Kemamiz suzar
Dengizchamizda.
Miltigʻimning
Oʻqlari olmos,
Chegaramizga
Dushman yoʻlolmas.
Shoir “Baxtli bolalar” sheʼrida bolalarni ozod, erkin, baxtiyorligi va ularning ona-Vatanga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbatlarini gʻoyatda koʻtarinki ruh bilan kuylaydi: