TO’RTLIK «Devonu lug’otit turk» orqali bizgacha yetib kelgan qadimgi she’riy asarlarning bandlanishi to’rt misralikdir. Turkiy adabiyotdagi to’rt misralik she’r va bandi to’rt misralik bo’lgan she’rlar o’rtasida o’ziga xos tafovut bor, albatta. Tugal mazmunni ifodalagan to’rt misrali she’rlar Sharq adabiyotida ruboiy deb ataladi. Devonda pand-nasihat ruhidagi quyidagi to’rtlik keltirilgan:
Albatta, bu she’rni ruboiy deb bo’lmaydi. Chunki she’rning axloqiy-ta’limiy ruhi ruboiyni eslatsa-da, qofiya, vazn xususiyati bu janr talabiga javob bermaydi. Ruboiyning qofiyalanish tizimi a-a-b-a, a-a-a-a shaklida bo’ladi. Bu to’rtlikda qofiya a-a-a-b tarzida kelgan. Aruz vazni talabiga ko’ra ruboiylar hazaj bahrining axram va axrab vaznida yozilishi kerak. Yuqoridagi she’r shakl jihatidan to’rt misra, ya’ni ruboiy shaklida bo’lsa-da, vazn jihatidan barmoq vaznida yozilgandir. Har bir misradagi o’juk (bo’g’in)lar soni 8 ta, turoqlanish tartibi 3 +2+3= 8 dir.
Demak, to’rtlik turkiy she’riyatda alohida mustaqil janr sifatida shakllangan. Shu jihatdan qaraganda, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» dostoni tarkibiga kiritilgan to’rt misralik she’rlarning ham ruboiy yoki to’rtlik deb atash muammosi mavjuddir. Chunki bu she’rlar ham ruboiy shaklida, to’rt misralik qilib yozilishidan qat’iy nazar, ularning vazni hazaj bahrida emas, balki barmoq vaznida bitilgandir. Shu sababli ham «Qutadg’u bilig»dan o’rin olgan to’rt misralik she’rlarning qadimgi turkiy adabiyotdagi to’rtlik janrining namunalari deb qarash haqiqatga yaqindir. Lekin e’tiborli tomoni shundaki, «Qutatg’u bilig»dagi to’rtliklarning qofiya tizimi ruboiynikiga mos keladi. Demak, bu shakl barmoqdagi to’rtlik hamda aruzdagi ruboiy an’anasining birlashgan natijasi ham bo’lishi mumkin.
Kishi yilqi birla adirti bilig, Bilig birla yangluq ko’turdi alig. Yuri yilqi bo’lsa bilig bil, uqush, Bilig birla so’zla, yo’ruq tut tilig.
(Odamni vuhushdan bilim farqladi, Bilim birla inson qadrin tikladi Bo’lib qolma yilqi, bilim ol, hunar, Bilim so’zla, tilni bilim saqladi).
TUYUQ Shaklan ko’p ma’noli so’zlar qadimgi turkiy til lug’at boyligining alohida qismini tashkil etadi. Мasalan, yash (ko’z yoshi, ko’kat, yangi, sof), qaraqush (qirg’iy, Мushtariy yulduzi, tuya oyog’ining tag atroflari), yig’ach (yog’och, bir farsax, daraxt), til (til, lug’at, so’z, josus), ko’g (she’r vazni, kuy, maqom, kulgili voqyea, boshvog’i olinib, qo’yib yuborilgan hayvon, echki va boshqa hayvonlarning juftlashadigan vaqti, oyna yuzidagi dog’, zang, xotinlar yuzidagi dog’), ko’k (osmon, ko’k rangi, yashil daraxtlar) va boshqa so’zlar shunday ko’p ma’nolilik xususiyatlariga ega. «Devonu lug’otit turk»da bunday so’zlarning ko’plab namunalari keltirilgan. Мa’lumki, ko’p ma’noli so’zlar Sharq adabiyotida tajnis san’ati yuzaga kelishiga asos bo’lgan. Turkiy adabiyotda esa boshqa xalqlar adabiyotidan farqli o’laroq, tuyuq janri shakllangan bo’lib, uning asosini qofiyalarning tajnisli — shakl bir xil, ammo ma’nolarning har xilligi tashkil etadi. Alisher Navoiy «Мezon ul avzon» asarida tuyuqni bejizga turkiy xalqlar she’riyatiga mansub janr deb hisoblamagan. «Devoni lug’otit turk»da garchi tuyuq she’rlarning namunasi keltirilmagan bo’lsa-da, lug’at tarkibida ko’plab omonim so’zlarning berilishi turkiy til tuyuq janri tug’ilishi va shakllanishi uchun keng imkoniyatlarga ega bo’lganidan dalolat beradi.
«Qutadg’u bilig» dostonida keltirilgan to’rtliklar tarkibida tuyuq namunalarining uchrashi ham bu janr turkiy adabiyotda avvaldan shakllanganligini ko’rsatadi.