Ismoiliya. Ismoiliya firqasi – islomdagi shia oqimining asosiy shahobchalaridan biri bo’lib, islom tarixida juda muhim o’rin tutadi. Ushbu firqa vakillari turli mamlakatlarda botiniya, sab’iya, qarmatiya, ta’limiya, mulhidiya va h.k. nomlar bilan atalganlar.
Ismoiliyaning paydo bo’lishi VIII asrda shialar orasidagi o’zaro bo’linishdan boshlandi. Shialarning keyinchalik «imomiylar» deb atalgan bir guruhi Ja’far as-Sodiqning kichik o’g’li Muso al-Kozimni yettinchi imom deb tan oldilar. Chunki Imom Ja’far katta o’g’li Ismoilni vorislikdan mahrum etib, imomlikni kichik o’g’liga vasiyat qilgan edi.
Ammo, shunga qaramay, boshqa bir guruh Ja’far as-Sodiqning katta o’g’li Ismoilni imomlikning merosxo’ri sifatida tan oldilar. Ismoil otasi tirikligida vafot etganligi sababli keyinchalik uning o’g’li Muhammad ibn Ismoilni yettinchi imom sifatida qabul qildilar. Imomiya shialaridan farqli ravishda imomatning davomchisi Ismoildir deb da’vo qiluvchi ushbu firqa o’zlarini «ismoiliylar» deb atadilar.
Manbalarda muborakiylar va xattobiylar Ismoiliyaning g’oyaviy asoschilari sifatida ko’rsatiladi. Biroq keyingi Ismoiliya mualliflari xattobiylarni tanqid qilib, ularning mazkur yo’nalishga hech qanday aloqasi yo’q deb ta’kidlaydilar.
Muhammad ibn Ismoilning o’limidan so’ng ular orasida bo’linish yuzaga keldi. Ulardan bir guruhlari yettinchi imom deb Muhammadni tan oldilar. Shuning uchun ular sab’iya (yettinchilar) deb ataldilar.
Dostları ilə paylaş: |