Dinning ibtidoiy shakllari



Yüklə 1,02 Mb.
səhifə124/154
tarix02.02.2022
ölçüsü1,02 Mb.
#114086
1   ...   120   121   122   123   124   125   126   127   ...   154
Saudiya Arabistoni. Bu – islom muqaddas joylarining vatani bo’lib, mustaqil islom davlatidir. Davlat dini – islom, mamlakat konstitutsiyasi – Allohning kitobi va Payg’ambar sunnasidir. Mamlakatni boshqarish shakli monarxiyadir. Uning negizida «adolat, tenglik va kengash» degan so’zlar yotadi. Davlatning iqtisodiy va ijtimoiy asosini xususiy mulk, boylik (kapital) va mehnat tashkil qiladi. Davlat xususiy mulkning daxlsizligiga kafolat beradi. Davlat ijtimoiy ta’minot tizimini qo’llab-quvvatlaydi va xayriya ishlariga katta e’tibor beradi.

Ikki muqaddas joy – Makka va Madinaning Saudiya Arabistoni yerlarida joylashishi uning musulmon olamida obro’-e’tiborining baland bo’lishida birinchi omildir. Islom nufuzining ortishida ommaviy axborot vositalarining roli katta bo’ldi. Mamlakatning katta-katta shaharlarida hojilarni qabul qilish uchun yangi avtomobil yo’llari, aeroport, mehmonxonalar qurildi.

XX asrdan boshlab ko’pgina musulmon mamlakatlarda yangi tijorat, jinoyat va fuqarolik kodekslari joriy qilingan edi. Faqat nikoh, ajralish, meros masalalari Turkiya va Tunisdan boshqa hamma davlatlarda shariat qo’lida edi. Saudiya Arabistonining qonunchilik va sud organlari qirollik davlat tizimi sharoitida ijtimoiy-siyosiy muammolarni yechishga tayyor emas edi.

Saudiya Arabistoni rahbarlarini muxolif diniy doiralar chiqishlari tashvishga solmoqda. Ba’zilar keraksiz eskilik sarqitlarini yo’q qilish, kundalik hayotda shariat normalarini yumshatishni talab qilsalar, muxolif diniy doiralar umuman qirol siyosatiga qarshilar. Mamlakatda diniy ekstremistlar soni ko’p. Ularning ijtimoiy tayanchi kengdir. O’z g’oyalarini tashviqot qilish uchun ulardagi nashr imkoniyatlari ham kattadir. 1993 yil ma’lumotlariga qaraganda, qirol devoni ilk islom normalariga qaytishni talab qiluvchi yuz minglab arizalarga to’lib ketdi.

Hozirda amalga oshirilayotgan diniy loyihalarning umumiy qiymati olti mlrd. saudiya rialini tashkil qiladi. Bu loyihalardan eng kattasi Madinadagi noshirlik majmuasi bo’lib, uning nashr qilish qudrati yiliga 28 mln. nusxa Qur’onni chop qilishga imkon beradi. 1992 yil yanvarь oyida qirol Fahd «Islom olami uyushmasi» ixtiyoriga 6,5 mln. nusxa Qur’onni berishga farmon berdi. Shundan 4,5 mln. nusxa dunyo bo’yicha, qolgan 2 mln. nusxa Saudiya Arabistoni masjidlari va madrasalariga tarqatildi.

Ushbu olib borilayotgan ishlarga qaramasdan, qirol Fahd konservatorlarning yangi chiqishlaridan tashvishlanib, ularning yo’lini oldinroq to’sishga intilmoqda. Jazoir tajribasi shuni ko’rsatdiki, agar diniy konservatorlar nazoratdan chiqib ketsalar ichki siyosiy vaziyat kutilmagan natijalarga olib kelishi mumkin. Saudiya davlatchiligi va ijtimoiy hayotining asosiy elementlaridan birini tashkil qiluvchi omil sifatida islomni qo’llab-quvvatlagan holda, qirol Fahd ochiq ravishda ijtimoiy o’zgarishlar tarafdorlariga o’z xayrxohligini bildirmoqda.

Turli mamlakat musulmonlarining Makka va Madinaga haj uchun kelishlari musulmon mamlakatlari va xalqlari o’rtasida Saudiya Arabistonini ta’sirining kengaytirishga olib kelmoqda.

60-yillarda marhum prezident Jamol Abdul Nosir arab birligi harakatida yetakchi rol o’ynagan edi. Nosirning bu siyosati Saudiyaning hukmron doiralariga yoqmadi. Shu bois, Saudiya Arabistoni va bir qator konservativ musulmon davlatlari rahbarlari arab birligi harakatiga qarama-qarshi «musulmon birdamligi» harakati shiori bilan chiqdilar.

60-yillarning o’rtalariga kelib, Saudiya Arabistoni rahbarlari islom pakti (ahdnoma) tuzish g’oyasini targ’ib qila boshladilar. 1965 yilning oxiriga kelib, ushbu ahdnomani tuzish uchun amaliy ishlar boshlandi. Lekin reja mag’lubiyatga uchradi. Saudiya Arabistoni qiroli tashabbusni faqat Iordaniya sobiq qiroli Husayn va Eron sobiq shohi Muhammad Rizo Pahlaviy qo’llab-quvvatladilar. Boshqacha qilib aytganda, uch qirollik ittifoqi barpo bo’lishi kerak edi, lekin bu ham amalga oshmadi.

Saudiya Arabistoni tomonidan bu loyihani amalga oshirishdagi qiyinchiliklardan biri shu ediki, sunniy bo’lgan Saudiya Arabistoni bilan shialikdagi Eron o’rtasidagi ittifoq diniy emas, balki siyosiy bo’lishi kerak edi. 1967 yildagi Isroilning arab mamlakatlariga qarshi urushi «Islom pakti»ni tuzish rejasiga zarba berdi.

1967 yil avgust oyida arab davlatlari boshliqlarining Xartumda bo’lib o’tgan konferentsiyasida Saudiya Arabistoni rahbarlari boshqa arab davlatlari qatori nafaqat Isroil agressiyasini qoraladilar, balki ular Kuvayt va Liviya bilan bir qatorda Misr va Iordaniyaga moliyaviy yordam berish majburiyatini oldilar. O’sha davrda Suriya qirollik davlatlar bilan aloqa qilmas edi va shuning uchun ularning moliyaviy yordamidan voz kechdi.

O’sha paytda Saudiya Arabistoni qiroli Faysal Isroilga qarshi «jihod»ga chaqirdi. Bu chaqiriq nafaqat arablarga, balki barcha musulmonlarga qaratilgan edi. U: «Quddus shahri arablarniki, u yerdagi muqaddas joylar arablarga tegishli», - degan chaqiriqlar bilan chiqdi. 1969 yil avgustda Quddusdagi al-Aqso masjidiga o’t qo’yilishi shaharni qaytarib olish yo’lidagi kurashni kuchaytirdi.

Jamol Abdul Nosir vafotidan so’ng, Faysal arab dunyosida yo’lboshchi bo’lish uchun faol kurash olib bordi. U endi «musulmon birdamligi» g’oyasini «arab birligi» g’oyasiga qarshi qo’yishdan voz kechib, Anvar as-Sodotga o’z ta’sirini o’tkazish yo’llarini qidirdi. Faysal moliyaviy yordam yo’li bilan Misr prezidentiga yaqinlashish choralarini izladi. Isroilga qarshi kurashda neftdan siyosiy qurol sifatida foydalanishni va’da berdi. Misrga moliyaviy yordam berish va 1973 yildagi oktyabrь urushida neftdan siyosiy qurol sifatida foydalanish Misr va Saudiya Arabistoni o’rtasida yaqinlashuvga olib keldi.

Bu urushdan so’ng Isroilni qo’llab-quvvatlagan davlatlarga qarshi ishlatilgan neft embargosi Saudiya Arabistoni nufuzini nafaqat musulmon olamining konservativ doiralari o’rtasida, balki arab jamoatchiligining mo’’tadil doiralari o’rtasida ham oshirdi. Natijada, Saudiya Arabistoni Suriya va Falastin ozodlik harakati bilan aloqa o’rnatib, ularga moliyaviy yordam ko’rsata boshladi.

As-Sodotning 1977 yil 19 noyabrdagi Isroil tomonidan bosib olingan Quddus shahriga tashrifi Saudiya Arabistoni rahbarlari tomonidan ma’qullanmadi. Chunki Saudiyaning Yaqin Sharq siyosatida quddus shahri muhim o’rin tutadi. Agarda AQSH homiyligidagi Misr-Isroil muzokaralari boshqa bir betaraf shaharda o’tkazilganda edi, balki Saudiya rahbarlari bunga e’tiroz bildirmagan bo’lar edilar, degan taxminlar ham bor.

Saudiya Arabistoni 1979 yil 26 martda Kemp-Devidda qo’l qo’yilgan Misr-Isroil separat bitimini qat’iyan rad etdi. Saudiya Arabistoni as-Sodot tuzumiga qarshi ishlatilgan iqtisodiy va siyosiy jazo choralarida faol qatnashdi.

1979 yil oxiri-1980 yil boshida Eron inqilobi natijasida musulmon doiralarning faoliyati yanada aktivlashdi. Ko’pgina Osiyo va Afrika mamlakatlarida muxolif kuchlarning faolligi oshdi. Bu narsa Saudiya Arabistonini ham chetlab o’tmadi. G’arbiy Yevropa va arab matbuot organlarining xabar berishlaricha, Saudiya Arabistonining sharqiy rayonlarida, xususan, shialar istiqomat qiladigan mintaqalarda ommaviy chiqishlar yuz berdi.

Saudiya rahbarlari Eron inqilobiga nisbatan ikki xil munosabatda bo’ldilar. Ko’rfazning narigi tarafida shoh tuzumining ag’darilishi Saudiya hukmron doiralarini tashvishga soldi. Ma’lum bo’ldiki, har qanday taxtni saqlab qolishda AQSH kafolat bo’la olmas ekan. Lekin islom bayrog’i ostida yuz bergan Eron inqilobi Saudiya rahbarlarida yaxshi ta’sir qoldirdi. Chunki islomni jonlantirish, uni Afrika va Osiyo mamlakatlariga yoyish va u yerda islomning rolini oshirish Saudiya rahbarlari tashqi siyosatining muhim bir qismi edi.

Saudiya-Iroq munosabatlari murakkab va ziddiyatlidir. Saudiya ham, Iroq ham Fors ko’rfazida gegemonlik qilishga urinmoqdalar. Iroq ham Saudiya kabi neftga boy davlat, u Saudiyaning moliyaviy yordamiga muhtoj emas. 1992 yildagi Iroqning Kuvaytga qarshi urushi Saudiya-Iroq munosabatlarini yanada keskinlashtirib yubordi.

Saudiya Arabistoni va Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlariga to’xtaladigan bo’lsak, sobiq SSSR tarqalib ketganidan keyin Saudiya Arabistonining Markaziy Osiyodagi yosh mustaqil davlatlarga qiziqishi ortdi. 1992 yilning fevralь oyida Saudiyaning tashqi ishlar vaziri Faysal bu davlatlarga tashrif buyurdi. Qirol Fahd Markaziy Osiyo musulmonlariga bir mln. nusxada Qur’oni karimni hadya sifatida topshirdi. Hajga boruvchilar soni ham ortdi. Saudiya Arabistoni va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida iqtisodiy-moliyaviy aloqalar hali juda rivoj topgani yo’q. Faqat Qozog’istonda yagona investitsiya banki ochildi.




Yüklə 1,02 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   120   121   122   123   124   125   126   127   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin