Hanbaliya mazhabi. Mazhabning eponimi – Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbal 780 yili Bag’dod shahrida tug’ilgan. Ibn Hanbal faoliyati an’anachilar ilohiyoti bilan mu’tazila orasidagi g’oyaviy kurashning avjiga chiqqan (Qur’oni karimni maxluq, ya’ni yaratilgan degan aqidani hokimiyat tarafidan xalqqa kuch bilan singdirish bilan bog’liq mihna – «sinov») davriga to’g’ri keldi. Boshqa olimlar qatori Ibn Hanbal ham quvg’inga uchrab, 833 yilda hibsga olindi. U hadis ilmida «al-Musnad» asarini yozdi. Olimning shogirdlari Ibn Hanbal ta’limotini rivojlantirib, keyinchalik fiqhiy mazhab darajasiga olib chiqdilar. Hanbaliya mazhabi hozirgi kunda Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn kabi davlatlarda tarqalgan.
VIII asrning oxiri-IX asrning boshlarida Movarounnahrda hanafiyya mazhabi tarqala boshladi. Buxoro va Samarqand shaharlarida shu mazhab ta’limoti asosida Movarounnahr fiqh maktabi tarkib topdi. Movarounnahrlik faqihlar teran bilimlari, qimmatli asarlari bilan islom dunyosida katta shuhrat qozondilar. Faqihlarning davlat hukmron doiralari, xalq ommasiga ta’siri juda kuchli edi. Diniy hayotda uchraydigan muammoli masalalar faqihlar orqali yechilgan. Fiqh shaxs, oila va jamiyat hayoti turli shahobchalari masalalarini qamrab olganligi tufayli Movarounnahr maktabi namoyandalari bu o’lka xalqlari an’analari, urf-odatlarini umumislom mavqelaridan turib tahlil qilishdek vazifani bajarganlar. Movarounnahrlik faqihlarning bir necha avlodlari faoliyati orqali mahalliy xalqlarning tarixiy, huquqiy an’analari islom madaniyatida o’z aksini topdi.
VIII-X asrlarda Movarounnahrning ayrim shaharlarida hanafiylikka asoslangan ilmiy markazlar paydo bo’ldi. Buxoro maktabiga Abu Hafs Ahmad ibn Hafs al-Kabir al-Buxoriy (v. 832 y. ) asos solgan. Samarqand ilmiy markazining shakllanishiga Abu Muqotil as-Samarqandiy, Abu Bakr al-Juzjoniy, al-Atakiylarning ta’siri katta bo’ldi. Buxoro faqihlari bu davrda asosan fiqhning amaliy masalalari (furu’ al-fiqh) bilan, samarqandliklar esa o’z ilmiy faoliyatlarini ilohiyot (usul ad-din) mavzui bilan shug’ullanishga qaratdilar.
XI-XIII asrlarga kelib, fiqh rivoji yuksak pog’onaga ko’tarildi. Qoraxoniylar (999-1212) davri faqihlari umumislom darajasida shoh asarlar yaratib, hanafiya mazhabi klassiklari mavqeiga erishdilar. Haqiqatan ham Movarounnahr hanafiy mazhabining «qal’asi» edi, desak adashmaymiz. Sadrlar, ar-Rig’damuniy, az-Zaranjariy, al-Mahbubiy, as-Saffor, al-Pazdaviy, Samarqand sayyidlari, al-Xayzoxaziy, al-Aqiliy, al-Marg’inoniy oilalari ilm va ijtimoiy hayotda kuchli mavqega ega bo’ldilar.
XI-XII asrlarda faoliyat olib borgan Movarounnahr faqihlaridan Abu Zayd ad-Dabusiy (v. 1037 y. dan avval), al-Halvo’iy (v. 1056 y.), as-Saraxsiy (v. 1088-1089 y.), al-Pazdaviy (v. 1089 y.), as-Sadr ash-Shahid (v. 1141 y.), Abu Hafs an-Nasafiy (v. 1142 y.), Alo’ ad-din as-Samarqandiy (v. 1144-45 y.), Burhon ad-din al-Kabir al-Buxoriy (v. 1174-75 y.), al-Attobiy (vaf. 1190 y. ), al-Kosoniy (v. 1191 y.), Qozixon (v. 1196 y.) va Burhon ad-din al-Marg’inoniy (v. 1197 y.) kabi ma’lum va mashhur faqihlarning nomlarini keltirish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |