Dunyoviy davlat va ulamolar. O’rta Osiyoda uzoq vaqt davomida (VIII-XIII asrlar) davlat tuzumi Bag’doddagi holatni takrorlar edi. Yaxshi ma’lumki, Payg’ambar vafotidan (632 y.) so’ng davlat hayotida dunyoviylik printsipi ustun bo’lib keldi. Ammo islom dinini birinchi navbatda hukmron doiralar tarafidan yagona (mono-din) haq din deb e’tirof etish jamiyat hayotida ulamolar mavqeining yuqori bo’lishiga tabiiy tarzda olib keldi. Chunki din qoidalarini ishlab chiqish davlat tasarrufida emas, balki yetarli diniy tayyorgarlikka ega bo’lgan shaharliklar – ulamolar qo’lida edi. Ular, albatta, bu qoidalarni ta’birlash davomida o’z tabaqasi manfaatlarini esdan chiqarmas edilar. Yoki og’ir va ziddiyatli hollarda shahar ahli qo’llab-quvvatlashiga tayanib, hokimu sultonlarni «diniy shiorlar» ostida tartibga ham chaqirib qo’yishi mumkin edi. Shuning uchun doimo islom dunyosidagi turli mintaqalarda hurmronlik qilgan davlatlar muayyan diniy siyosat olib borishga majbur bo’ldi. Masalan, Somoniylar kelishuvchan (konformist) ulamolardan o’z siyosatlarini o’tkazishda foydalanib, norozilarini esa ta’qib qildilar. Qoraxoniylar (999-1212) rasmiy diniy mansablarga mahalliy ulamolar o’rniga chekka hududlardan taklif qilingan olimlarni tayinlay boshladilar. Shuningdek, ular yangi o’z kadrlarini tarbiyalash maqsadida madrasalar ta’sis etdilar. Saljuqiylar, Qora-xitoylar, Xorazmshohlar yurishlari oqibatida markaziy hokimiyat qudratiga putur yetdi. Bu esa mamlakat siyosatiga shaharliklarning, ularning yetakchilari – ulamolarning aralashuvini kuchaytirdi. Bunday holat ilmu fanda hozirgacha yaxshi o’rganilmagan hodisa – Buxoro shahri boshqaruviga ulamolar sulolasi – Sadrlar (1102-1238) kelishi fenomenini yuzaga keltirdi.
Mo’g’ullar istilosi (1218-1221) natijasida O’rta Osiyoda o’rnatilgan siyosiy tuzum oldingilaridan tubdan farq qiladi. Unga Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida shakllangan davlatchilik printsiplari o’rniga Markaziy Osiyo ko’chmanchilik an’analari asos qilib olindi. Barpo etilgan yangi tuzumda dinga, xususan ulamolarga bo’lgan munosabat butunlay boshqacha edi. O’rta Osiyo siyosiy hayotida shaharlik aholi ahamiyati pasayib, yangi aholi tabaqasi – chig’atoylar roli oshib bordi. Natijada Buxoro va Samarqand hanafiy ulamolari ijtimoiy salmog’i tobora pasayib bordi. Bu esa mazkur maktab ilmiy salohiyatida avval turg’unlikka, so’ngra esa parokandalikka olib keldi. Yangi sharoitda ulamolarning boshqa bir toifasining ahamiyati osha bordi. Ular avvaliga xarizmatik (karomatli) shayxlar, ovloq yerlik (chekka hududlik) shayxlar nomlari bilan ma’lum bo’ldilar.
Dostları ilə paylaş: |