Neolit davridagi diniy tasavvurlar. Neolit revolyutsiyasi odamlarning turmush tarzini, tubdan o’zgartirdi. Odam asta-sekin o’simliklarni o’stirish, ozuqa zahiralarini hosil etishni o’rgandi, bu esa odamni o’troq hayot kechirishga majbur etdi. Yovvoyi hayvonlarni qo’lga o’rgatdi hamda ular berayotgan mahsulot: go’sht, sut va teridan foydalanishni o’rgandi. Ovqat pishirishni o’rganish, idishlar yasash kabi yangi muhim materiallarni o’zgartirdi. U ovqat va ichimliklar saqlash uchun mo’ljallangan idishlar, uy qurish uchun foydalaniladigan loyni tayyorlashga o’rgandi. Neolit davri yuqori paleolitdan shunisi bilan farqlanadiki, unda odamzod tosh buyumlarni silliqlash va sayqal berishni o’rgandi va shu farq mazkur davrga nom berdi (neolit – yangi tosh davri, yangi tosh ishlash, yangi usullar davri).
Neolit davrida dehqonlarga yangicha ishlab chiqarish usullarini topdilar, zich va guruh-guruh bo’lib yashay boshladilar. Dushmandan hamda yovvoyi hayvonlardan himoyalangan qishloqlar kengayib, atroflarida kichik qishloqchalar o’rnashar edi. Aholining keskin ko’payishi yangi yerlarni o’zlashtirishga ehtiyoj tug’dirsa, hayot tarzini o’zgarishi diniy tasavvurlarning rivojlanishiga yangi imkoniyatlar yaratdi.
Dehqonchilikning muntazam tirikchilik tashvishlari: hosilni, yig’im-terimni kutish, aniq vaqtni belgilash, yil fasllarining tsikllarini bilish kabilarning hammasi dehqonning osmonu yerga, quyoshu oyga, yomg’iru shamolga yangi qiziqishi paydo bo’lishiga sabab bo’ldi, yangi ruhlar qudratiga ishonch sezilarli va ko’zga tashlanadigan bo’lib qoldi. O’z navbatida, iltijo va qurbonlik ruhlarga atala boshlandi. Ammo, tabiiy imkoniyatlar to’g’risidagi tasavvurlar keskin o’zgardi. Natijada qadimgi ruhlar – animistik sig’inish ob’ekti asta-sekin o’ta qudratli xudolarga aylandilar. Ular uchun mehrob hamda cherkovlar tashkil etilib, bunday joyda, odatda, dehqonlar jamoasidan maxsus ajratilgan alohida xizmatkorlar – kelajakdagi kohinlar – kechayu-kunduz xizmat qilar edilar. Qadimgi totemistik tasavvurlar ham o’zgardi, dehqonlar hayoti ov natijasiga bog’liq bo’lmagani bois, hayvonlar qadrlana boshladi, ammo totemistik tasavvurlar avlodlar xotirasida saqlanib qolaverdi. Bu esa zoomorfik tashqi qiyofani biron-bir sig’iniladigan ilohiyatda aks etishiga olib keldi. Aksar ilohiyatlarning ko’rinishi hayvon, qush, baliqlarning yo boshi, yo tanasi shaklida bo’lar edi. Bu mifologik qahramonlarning yuqorida aytib o’tilgan ilohiyatiga qarindoshligi saqlanib qolgan.
Fetishizmning sokin xarakteri o’zgardi, ilohiyatlarning qudratli butlari, mehroblar yoki cherkovlar yoniga o’rnatilgan yirik haykallar shakliga aylandi.
Ba’zan butlar o’rniga ramziy haykalchalar, turli shakldagi toshlardan foydalanildi. Fetishizmning rivojlanishida bu haykal va qurilmalar ibodatxonalarning ramzi bo’lib xizmat qildi.
Afsun ham o’zgardi. Afsungarlarning dushmanlarga ziyon yetkazish va omadli ov bilan ta’minlash, ruhlar yordamida o’z maqsadiga yetishishning ibtidoiy usullari o’rniga yangi, puxta o’ylangan ilohlar bilan aloqa marosimlari, boshqa diniy marosimlar, ibodat va qurbonlik qilish tartiblari yuzaga keldi. Tabiiyki, bular asosida qadimgi afsunlar yotar edi. Ammo bir qancha yangiliklar: fol va bashorat yuzaga keldi, bular afsunga yaqin bo’lgan hamda unga asoslangan afsun usullari bo’lsa-da, maqsad boshqa edi: bunda istakni amalga oshirish emas, balki uni bilish ko’zda tutiladi. Folbinlikning ilk shakllari neolit davridan ilgari ham amalda bo’lgan. Ammo tizim sifatida neolit davrida yakunlandi. Neolit davridagi dehqonlar qudratli tangridan qo’rqqan holda uning yaxshi niyat munosabatlariga juda qiziqar edilar. Buning uchun tabiat kuchlari ilohiyatlariga yoki ilohiylashtirilgan ajdodlarga ibodat qilishar edi. Ular xayolan qurbonliklar va ibodatlar ilohiyatlar ko’ngliga yo’l topadi, bizga yordam keladi deb ishonar edilar, ammo buni bilsa bo’ladimi? Mana shu yerda fol ochish kelar edi. Har bir jamoa uchun xos bo’lgan ibtidoiy shakldagi afsun marosimlaridan farqli o’laroq, folbinlik yuqori saviyadagi madaniyatni talab etardi. Marosimlarni olib boruvchi folbin kiyimi shartli belgilar tizimiga rioya qilishi shart edi. Bu shartli belgilar sig’inilayotgan ilohiyatining qoniqganligini hamda ularning iltijolariga aniq javob berishga tayyorligini anglatardi. Belgilar tizimi har xil: elementar qur’a tashlashdan to murakkab chiziq, yorug’ nuqta va chiziqlarni qo’shilishigacha bo’lar edi.
Dostları ilə paylaş: |