Ahl as-sunna va-l-jamoa e’tiqodi. Kalom ilmi o’rta asrlarda diniy-falsafiy fikrlarni, dinning nazariy asoslarini o’rganish, islom aqidalariga e’tiqod qilish haqidagi bilimlarni jamlagan. E’tiqod qilinishi lozim bo’lgan diniy talablarga nisbatan aqliy mulohaza yurgazish jarayonida kalom maxsus bilimlar tizimi majmui sifatida vujudga keldi. Kalom (Ilm al-kalom) atamasi keng ma’noda o’rta asrlar musulmon adabiyotida diniy-falsafiy mavzularda (jumladan, nasroniylik va yahudiylik dinlarida ham) erkin fikr yuritishlarga nisbatan qo’llanilgan, tor ma’noda esa Qur’on va sunna ta’limotini aql-idrokka mos talqin etish, tafakkurga suyanib ish yuritishga nisbatan ishlatilgan.
Ratsionalistik yo’nalish vakillari: mutakallimlar va faylasuflar orasidagi farq ular tahlil etadigan masalalarining boshqa-boshqaligida. Mutakallimlar ilohiyot masalalari bilan shug’ullanadigan bo’lsalar, faylasuflar esa dunyo, jamiyat va insoniyat haqidagi g’oyalar dunyosi bilan shug’ullandilar.
Kalom ilmi dastlab islomda mavjud bo’lgan turli diniy-siyosiy firqalar (xavorijlar, qadariylar, jabariylar, murji’iylar)ning o’zaro munozaralari va boshqa din (mazdakiylik, nasroniylik) vakillari bilan bahs jarayonida shakllandi. Ushbu tortishuvlarda Qur’on va sunna kabi islom manbalari asos qilib olindi. Shular asosida kalom ilmining dastlabki predmeti vujudga keldi: Allohning yagona vujudligi va uning sifatlari; qazo va qadar (inson taqdiri); o’tgan payg’ambarlar, shu jumladan, Muhammad payg’ambar elchiligi; qiyomat kuni va qayta tirilishga ishonish; musulmonlarning diniy hamda dunyoviy rahbarining (xalifa, imomlik) sifatlari kabi masalalar.
Islom tarixining dastlabki bosqichlarida jamiyatning diniy-huquqiy asoslarini turli dindagi xalqlarning milliy madaniyati tashkil qilar edi. O’zga dinlarda bo’lgani kabi islomning nazariy-huquqiy jihatlari keyingi asrlarda shakllana boshladi. Chunki ushbu din o’rta asrlarda o’z atrofiga arab bo’lmagan ajam xalqlarini ham birlashtirishga ulgurgan edi. Shu tufayli islomning diniy-huquqiy ta’limotini yaratishda bu dinni qabul qilgan turli millat va irq vakillarining manfaatlarini ham hisobga olish lozim edi. IX asr o’rtalariga kelib islomda yirik oqimlarni sunniylar, mu’tazila, murji’a, shialar va xavorijlar tashkil qildi.
Dostları ilə paylaş: |