O’tilgan mavzu bo’yicha savollar
Ilohiyot fanida aqliy (ratsionalistik) va naqliy (an’anaviychilik) fikrlash uslublari o’rtasida qanday farq bor?
Shialik, xavorij va sunniylik ilohiyotida qanday asosiy farqlar mavjud?
Moturidiya ta’limotida qanday fikrlar asosiy?
Ash’ariya talimotining Moturidiyadan farqi nimada?
Madaniyatda ilohiyot qanday o’rin tutadi?
Adabiyotlar
Ziyodov SH. Al-Moturidiy hayoti va merosi. Toshkent, 2000.
Rudolf U. Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti. T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamg’armasi, 2001.
Rudolf U. Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti (qisqartirilgan nashr). T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamg’armasi, 2002.
Gardet L., Anawati G.C. Introduction a la theologie musulmane. Essai de theologie comparee. Paris 1948.
Ibrahim T., Sagadeev A. Classical Islamic Philosophy. Moscow, 1990.
Nagel T. Geschichte der islamischen Theologie. Von Mohammed bis zur Gegenwart. Munchen, 1994.
van Ess J. Theologie und Gesellschaft im 2. Und 3. Jahrhundert Hidschra. Eine Geschichte des religiosen Denkens im fruhen Islam. I-VI. Berlin, New York, 1991-1996.
Watt W.M. Islamic Philosophy and Theology. Edinburgh, 1962.
Islam. Entsiklopedicheskiy slovarь. M., 1991. B. 32-33, 128-129, 161.
FIQH
Fiqh fani o’ziga xos fan bo’lib, u birinchi navbatda din masalalarini o’z ichiga oladi. Lug’atda «al-fiqh» so’zi «aql ila anglamoq, tushunmoq» ma’nolarini beradi. Istilohda esa u «islom huquqi»ni anglatadi. Fiqh fani – G’arbda Islamic Law, Muslim Law (ingliz tilida), le Droit musulman (frantsuz tilida), islamische Gesetz (nemis tilida) kabi nomlar bilan yuritiladi. Dunyoviy huquq normalaridan farqli o’laroq fiqh o’z ichiga ko’proq ibodat masalalarini ham qamrab oladi. Buni Tavrot kitobining ibodat masalalarini jamlab olgan Talmudga qiyoslash mumkin. Shuningdek, fiqh fuqaroviy jamiyatdagi kishilar o’rtasidagi ba’zi mulkiy, grajdanlik va boshqa masalalarni ham bahs etadi. Bu esa, o’z navbatida, fiqhni yurisprudentsiyaga yaqinlashtiradi. Aynan shu jihat davlat huquqi tarixini o’rganuvchilar bilan diniy huquqni tadqiq etuvchi islomshunoslar orasida turli talqinlarni keltirib chiqarmoqda.
Fiqh ilmining musulmonlar uchun amaliy diniy qoidalarni ishlab chiquvchi «furu’ al-fiqh» («fiqh tarmoqlari») va sakral manbalardan amaliy qoidalarni chiqarish (istinbot) uslublarini tadqiq etuvchi «usul al-fiqh» («fiqh asoslari») degan asosiy sohalari mavjud.
Fiqh ilmi ummaning olim kishilari orasida shakllana boshladi. Avval u Ilohiy Kitobni aqliy tushunish va izoh berishni anglatgan. Bu ma’noda ilk davrda fiqh (aqliy tushunish) ‘ilm (naqliy tushunish) ning aksini bildirgan. Asta-sekin islomning amaliy masalalarini bahs etuvchi fan shakllanib, unga ‘ilm al-fiqh nomi berildi. Payg’ambar vafotidan keyingi davrda Arab davlati hududlari tez sur’atlar bilan kengaya bordi. Uning tarkibiga Andalus (Ispaniya), Shimoliy Afrika, Misr, Suriya, Iroq, Eron, Xuroson, Movarounnahr, Hindiston va boshqa o’lkalar kiritildi. Fiqhning mintaqaviy maktablarida islom amaliyoti masalalari tezlik bilan ishlab chiqa boshlandi. Ularning an’analari o’zlari faoliyat olib borayotgan muhit va mahalliy madaniyat ta’siri ostida bir-biridan farq qilar edi. Bir-biridan uzoq bo’lgan yerlarda mustaqil fiqh markazlari paydo bo’ldi. Ular orasida katta arab qo’shinlari turgan Iroq (Kufa, Basra), Misr, Shom, Hijozning (Madina, Makka) ahamiyati yuqori bo’ldi. Mazkur mahalliy markazlarning urf-odatlari, ehtiyoj va shart-sharoitlari turlicha edi. Yangi ko’tarilgan masalalarga kirishilganda (ijtihod), har bir faqih turli yechim (fatvo) qabul qilardi. Bularning barisi ma’lum o’lkalarda turli mazhablarning paydo bo’lishiga zamin yaratdi.
Ilk rivojlanish davrida fiqhga doir bo’lgan masalalar miqyosi, ularni muayyan boblar va fasllarga bo’lib o’rganish an’analari shakllanib ulgurdi. Shu davrning o’zidayoq fiqh islom fanlari orasida o’z o’rnini oldi.
Muhaddislar (traditsionalizm) harakatining boshlanishi fiqh ilmining rivojlanishida yangi davrni ochib berdi. Faqat Payg’ambardan maxsus texnika (muhaddislar texnikasi) asosida naql qilingan xabargina muqaddas (diniy) ahamiyatga ega ekanligi haqidagi fikr diniy ilmlar sohasida eski qoidalarni zudlik bilan o’zgartirdi. Traditsionalizmning VIII asr mobaynida kuchayib borishi kalom va fiqh sohasida keskin burilish yasadi. Bundan avval qabul qilingan qoidalar yangi talablar asosida ko’rib chiqishni taqozo etdi. Bu ishlarni amalga oshirishda ash-Shofi’iyning «ar-Risola» asari muhim rolni o’ynadi. Unda naqliy va aqliy uslublar, muqaddas matnlar o’zaro munosabatlari o’rtasidagi ziddiyatlarni hal qiluvchi metodologiya asoslanib berildi. Bu bilan usul al-fiqh fani dunyoga keldi. «Ar-Risola» fiqh olimlari orasida shu davrgacha olib borilgan «Ahl al-hadis» va «Ahl ar-ra’y» guruhlarining ziddiyat va ixtiloflariga barham berdi. Mintaqaviy maktablardan personalashgan mazhablarga o’tish boshlandi. IX-X asrlardagi sunniy mazhablarning soni kamayib, XII-XIII asrlarda ulamolarning o’zaro kelishuvi (ijmo‘) asosida ular to’rtta deb e’lon qilindi. Shu bilan bir qatorda ijtihod darvozalari yopilganligi haqidagi noreal fikr ham tarqatildi.
Dostları ilə paylaş: |