Dunyoning postnoklassik ilmiy manzarasi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida tabiatshunoslikdagi o‘zgarishlar va nisbiylik nazariyasi yaratilishi dunyoning manzarasi to‘g‘risidagi qarash hamda tasavvurlarni tubdan qayta ko‘rishga sabab bo‘ldi.
Dunyoni noklassik manzarasining grafik tasviri sinusoidaning taraqqiyotni aks ettiruvchi bosh chiqqan cheksiz yaqinlashib borishi tarzida ifodalanadi. Bunda ushbu sistemaning rivoji nazarda tutiladi, ammo uning har bir daqiqadasi ma’lum holati muayyan vaqt doirasida aniq namoyon bo‘lishi shart, deb qaralmaydi. Narsa va voqealar jarayoniga bunday yondashilganida, sababiyat tamoyilining yanada murakkab manzarasi hosil bo‘ladi.
Dunyoning postnoklassik manzarasida tizim va tuzilmalarning taxlili ochiq tizimlarini o‘rganishni taqozo qiladi, ushbu tizimlar faoliyati turli omillar, o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘ladi. Bu boradagi eng asosiy tamoyil tizimning bir yo‘nadishdan boshqasiga, bir holatdan boshqa holatga tez, sakrab o‘ta olishi hamda «tizim xotirasining yo‘qolishidir».
XX asrning oxiriga kelib, tabiiy va ijtimoiy fanlardagi yutuklar natijasi o‘laroq, dunyoning ilmiy manzarasiga, u bilan bog‘liq ob’ekt va sub’ekt, ma’naviylik va moddiylik, tadqiqotchi va tadqiqot ob’ekti, tabiat va jamiyat, inson va tabiat, turli tabaqa va guruxlar o‘rtasidagi munosabatlarga yangicha yondashuv shakllandi. Ana shunday yondashuv mohiyatini tushuntirishga qaratilgan ta’limot va ilmiy bilish metodi sifatida vujudga kelgan sinergetika o‘z-o‘zidan tashkil bulish, olamni yangicha izoxlashga qaratilgan, tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning mohiyatini bilishga qaratilgan ilmiy yo‘nalish va tafakkur uslubidir.
Falsafa qomusiy lug‘atida ta’kidlanishicha, sinergetika ilmiy yo‘nalish sifatida fizik, kimyoviy, biologik hodisalarning hamda iqtisodiy, texnik, ijtimoiy jarayonlarning o‘z-o‘zini tashkil etish, boshqarish, tartiblilikdan tartibsizlik(xaos)ga o‘tish, chiziqlilik va chiziqsizlik kabi holatlarning mohiyat va qonuniyatlarini izoxlaydi.
Dunyoning ilmiy manzarasini sinergetik tushunishning asoschilaridan biri G. Xaken fikricha, bizni qurshab turgan va biz kuzatib turgan borlikda inson, insoniyat jamiyatidan boshqa murakkab tizim yo‘q. Shuning uchun inson va jamiyatni o‘rganishda ilmiy tafakkur hozircha sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritdi, deb ayta olmaymiz. Zero, jonsiz tabiat bilan jonli tabiat, materiya va ong (g‘oya, ruh, ma’naviyat), tabiat bilan jamiyat o‘rtasiga ko‘rinmas to‘siq qo‘yilgan differensiallashgan klassik ilmiy bilimda buning uchun zaruriy sharoitning o‘zi yuq edi. Aksincha, fan o‘z taraqqiyoti davomida sekin-asta jamiyat, tabiat va inson hayotiga tahdid soluvchi kuchga aylana bordi. Negaki, moddiy taraqqiyotni ya’ni, amaliy foydani ko‘zlaydigan, qolaversa, uzoq muddatli ma’naviy yuksalishlar jarayonini ikkilamchi ahamiyatga ega, deb qaraydigan differensiallashgan ilmiy bilim boshqacha natija ham berolmas edi. Lekin, eng yomoni, bu fan hamda unga asoslangan dunyoqarash inson va jamiyat ruhiy quvvatlarining kuchsizlanib borishiga sabab bo‘ldi. Chunki, klassik fan ruhiyatsiz jamiyat, moddiy rivojlanish g‘oyasini oldinga surdi.
Shuning uchun ham, XX asr o‘rtalaridan boshlab G‘arb falsafasida vujudga kelgan irratsionalistik tamoyillar, (hayot falsafasi, ruhiy tahlil, intuitsionalizm, ekzistensializm) shuningdek, fanning o‘z ichida shakllangan noklassik tamoyillardagi jamiyat va inson mohiyati masalalariga yangicha qarashlar bu holga muayyan darajada qarshilik kursata boshladi. Kuchayib borayotgan bunday jarayonlarning mohiyati va ularning kelib chiqishi sabablarini chuqur o‘rganish uchun fanda izlanishlar olib borilmoqda.
Jamiyatni, insonni, uning hayoti va taqdiri masalalarini tahlil etish jarayonida sinergetika har kanday tizim rivojining asosiy sharti sifatila bu tizimning ochiq bo‘lishi, ya’ni atrof-muhit bilan modda yoki informatsiya almashinishi kerakligi haqidagi g‘oyani ilgari suradi.
Ushbu g‘oya ayni zamonda taniqli fransuz faylasufi Anri Bergsonning ochiq jamiyat haqidagi goyalari bilan uyg‘undir. Bergsonning «yopiq» jamiyat «statik» (turgun) axloq va dunyoqarashga, «ochiq» jamiyatni esa «dinamik» (o‘zgaruvchan) axloq va dunyoqarashga asoslanishi haqidagi ta’rifida ushbu uygunlik yanada yaqqol ko‘rinadi. Bergsonning fikricha, birinchi tipdagi «yopiq» jamiyat faqatgina kishilik jamiyatiyat evolyusion tur sifatida saklanishiga xizmat qilsa, «ochiq» jamiyat esa insoniyatning keyingi evolyusiyasiga yo‘naltiradi. Birinchi turdagi jamiyat boshi berk ko‘chaga kirsa, ikkinchisi hayot jarayonlarining uzluksizligiga olib keladi.
Sinergetika o‘ziga taraqqiyotning evolyusion tamoyilini asos qilib oldi. Evolyusiyaga borliqning umumiy qonuni sifatida, inson bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlarning ifodasi deb qaraydi, taraqkiyot jarayonida beqaror holat bilan barqaror holat o‘rtasidagi aloqadorlikka alohida e’tibor beradi.
G. Xakennnng izdoshlaridan biri — 1917 yilda tug‘ilgan, fizika, kimyo va statistik mexanika sohasida mashhur Bryussel maktabining tashkilotchisi I. Prigojindir. U Belgiya qirolligi Fanlar va adabiyot akademiyasining a’zosi, Bryussel erkin instituti professori, Texas universiteti qoshidagi termodinamika va statistik fizika instituti direktori, Nobel mukofoti laureati (1977)dir.
I. Prigojin maxsus tadqiqot ishlari olib borish bilan birga fanning falsafiy muammolari va tarixini chukur o‘rgangan. Xozirgi zamon tabiatshunosligida vaqt (zamon) muammosi bilan shug‘ullangan. 300 yildan buyon hukm surib kelgan vaqt (zamon) makon koordinatiga sifat jihatidan aloqasi bo‘lmagan geometrik parametr, deb kelingan edi. Vaqtga bunday qarash, I. Prigojin fikricha, o‘tmish, xozir va kelajak o‘rtasida mohiyat e’tiboran farq yo‘q, deb qarash doirasida tushunchasi Nyutoncha dunyoning manzarasiga oiddir.
Vaqtning qaytishi tushunchasi mumtoz tabiatshunoslik darajasining natijasi bo‘lib, vaqtning orqaga qaytmasligining tarkibiy qismidir. Biroq vaqtning orqaga qaytishi xususiy hol bo‘lsada, u universallashtirilgan. Prigojin bu hol nisbiylik nazariyasi, kvant mexanikasi vujudga kelishi bilan ham deyarli o‘zgarmay qoldi, deb yozadi. Prigojin vaqtning orqaga qaytmasligini fizik vaqt misolida dunyoning yangi manzarasi asosida isbotlab berdi. XX asr fani vaqtning orqaga qaytmasligini qaytadan kashf etdi. Prigojin hayotda bo‘layotgan o‘zgarishlarni, XX asrning kashf etilgan fundamental yutuqlarini, ular to‘g‘risida qarashlarni o‘zgartirish, qayta ko‘rib chiqish, yangicha fikrlash usuli asosida tahlil qilishni ko‘rsatib berdi.
XXI asr bo‘sag‘asida paydo bo‘lgan yangi fanlar inson bilan tabiat, inson bilan inson orasida ziddiyatlar asosida emas, balki ular o‘rtasida muloqot, hamkorlikka qaratilganligini ko‘rsatdi. Vaqt o‘zining ichki xususiyatiga ko‘ra, plyuralistik, ko‘p imkoniyatli, demokratik xarakterda bo‘lib, vaqt jihatdan uning tashkil topishini ham, mavjudligini ham yagona model bilan ifodalab bo‘lmaydi. Shu bilan fan yangi sifatlarga ega bo‘lib, inson yashab qolishini ta’minlash vositasiga aylanmokda.
I. Prigojin sinergetikaga murakkab tizimning tashkil topishi, butun tabiatshunoslikdagi global evolyusiyaning sintezi asosida paydo bo‘lgan ta’limot sifatida, borliqning universal jarayonini ifodalovchi, o‘z-o‘zini tashkil etish tizimi sifatida qaradi.
I. Prigojin «Beqarorlik falsafasi” kitobida bu haqda batafsil to‘xtaldi. Uning fikricha, shu vaqtga qadar beqarorlik tushunchasi salbiy ma’noda ishlatib kelingan va uning asl mohiyatiga yetarli e’tibor berilmagan. U beqarorlikni borliqning muhim jihati sifatida talqin etadi. Masalan, mayatnik harakatiga e’tibor bersak, uning bir me’yorda tebranishini kuzatish mumkin, agar mayatnikni to‘xtatsak, dastlabki barqaror holatiga qaytadi, agar to‘ntarib qo‘ysak, u yo o‘ng tomonga, yo chap tomonga og‘ib turadi, bu xolat beqarorlikdir. Sinergetikada beqarorlik va tartibsizlik kategoriyalarining o‘zaro munosabati ham o‘rganiladi. Har qanday eski tizim yangi tizim bilan almashar ekan avvalo beqarorlik, tartibsizlik yuz beradi. Bunday holatning ro‘y berishida oddiy tasodif ham muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Sinergetika yangi dunyokarash kurtagi sifatida «chiziqsiz» tafakkur tarzidir. «Chiziqli” va «chiziqsiz” tushunchalari ilk bor matematikada ishlatilgan bo‘lsa, XX asrning 30-yillaridan boshlab fizika fanida ham qo‘llanila boshlandi. Agar dialektika ta’limot sifatida ko‘proq chiziqlilik; tafakkuriga asoslangan bo‘lsa, sinergetika chiziqsizlik tamoyilini yoqlaydi. Ushbu tamoyil taraqqiyot oldindan belgilab qo‘yilgan yo‘ldan ketmay, har bir narsaning ichki xususiyati va tashqi aloqadorligi negizida doimo yangi va betakror yo‘ldan borishini ko‘rsatadi.
Xullas, bugungi kunda dunyoning manzarasini ilmiy tushuntirishda xilma-xil qarashlar, yondashuvlar mavjud. Ular masalani turli tomondan yoritishga yordam beradi, bir-birini to‘ldiradi, xilma-xil fikrlarni umumlashtirishga imkon yaratadi. Bu esa dunyoning ilmiy manzarasini falsafiy izohlash chegaralari kengayib, masalaning mazmun-mohiyatini anglash darajasi o‘sib borayotganidan dalolat beradi.