Patogenezi va patologik anatomiyasi. Sistalar oshqozon-ichak yo‘llariga tushgandan so‘ng ingichka ichakning pastki yoki yo‘g‘on ichakning boshlang‘ich qismida sista qobig‘i eriydi va sista bo‘shliq shakliga aylanadi, u yo‘g‘on ichakning yuqori qismida yashab ko‘payadi. Ayrim hollarda kasallik emas sog‘lom tashuvchanlik rivojlansa, boshqa hollarda dizenteriya amyobasining bo‘shliq shakli ichak shilliq osti qavatiga kiradi va patogen to‘qima shakliga aylanadi. To‘qimalarga kirib, ularni eritishi (lizis) amyobalarda alohida moddalar — sitolizinlar va proteolitik fermentlar borligiga bog‘liq. Dizenteriya amyobasi ichak devori to‘qimasida ko‘payib, shilliq osti qavatlarida katta bo‘lmagan abssesslar vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Ular keyinchalik ichak bo‘shlig‘iga yorilib, va shilliq qavatda yaralar hosil bo‘ladi. Asosan ko‘richak va yo‘g‘on ichakning ko‘tariluvchi qismi zararlanadi. Kasallikning dastlabki bosqichi shilliq qavat devorlari gipe- remiyasi bilan birga uchraydi, ularda mayda eroziyalar va tugunlar shaklida ko‘tarilib turadigan mikroabssesslar rivojlanadi. Yaralar diametri 2—3 sm kattalikda bo‘lib, ularning atrofi qizargan va bo‘rtib chiqqan qirralarga ega bo‘ladi. Uning tubi yiring bilan qoplanib, kasallik og‘ir kechganda atroflari notekis bo‘lgan katta yaralar hosil bo‘ladi. Ichak devorlaridagi chuqur yaralar qon tomirlari devori butunligining buzilishi natijasida ichakdan qon ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yaralarning mushak va seroz qavatlargacha chuqurlashishi ichak devori perforatsiyasi (teshilishi) va yiringli peritonit rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Yaralarning bitishi va chandiqlanishi yo‘g‘on ichak stenoziga olib keladi (ichak yo‘llari chala yoki to‘liq yopilishi mumkin). Amyobalar qon orqali butun organizm bo‘ylab tarqalib, ichakdan tashqari o‘zgarishlarga ham sabab bo‘ladi, ya’ni jigar, o‘pka, bosh miya va boshqa a’zolarda abssesslar paydo bo‘ladi.