Tashxisi. Tashxisni aniqlash epidemiologik anamnez ma’lumotlari (bemor kasbi, ishlov beriladigan material xarakteri, xom ashyo qayerdan olinganligi, kasal hayvonlar bilan aloqada bo‘lish, ifloslangan teri va mo‘ynalar bilan ishlash) hamda terining xarak- terli zararlanishi (terining ochiq joylarida joylashishi, ikkilamchi pustulalar, shish va giperemiya bilan o‘ralgan to‘q qasmoq mav- judligi, yaralarda og‘riq sezilmasligi)ga asoslangan. Laboratoriyada kuydirgi tayoqchalari kulturasining ajratib olinishi tashxisni tasdiqlaydi. Kuydirgining teri shaklida laboratoriyada tekshirish materiali bo‘lib vezikulalar, pustulalar, yaradagi ajralmalar va ko‘chib tushgan qasmoq hisoblanadi. O‘pka- ga, ichakka xos shakllari va septik shaklda qon, balg‘am, qusuq va najas tekshirish materiallari hisoblanadi. O‘ta xavfli infeksiyalar bilan ishlashning barcha qoidalariga rioya qilgan holda material olinadi va laboratoriyaga tekshirish uchun jo‘natiladi. Tekshirishlar maxsus laboratoriyalarda o‘tkaziladi. Teri va jun kabi materiallarni tekshirish uchun termopret- sipitatsiya reaksiyasi (Askoli reaksiyasi) qo‘llanadi. Hozirgi vaqtda luminessent usuldan keng ko‘lamda foydalanilmoqda. Yordamchi usul sifatida kasallikning 5-kunlaridan ijobiy kuzatiladigan va spetsifik allergen — antraksin bilan tekshiriladigan teri allergik sinamasi qo‘yiladi. Preparat teri ichiga 0,1 ml kiritiladi. Natijasi 24 va 48 soatdan keyin olinadi. Sinama giperemiya va infiltrat o‘lchami 10 mm bo‘lgan va reaksiya 48 soatdan keyin ham yo‘qolmaganda ijobiy hisoblanadi. Davolash. Kuydirgi bilan kasallangan barcha bemorlar shifo- xonada davolanishlari shart. Etiotrop davolash uchun antibiotiklar hamda kuydirgiga qarshi spetsifik immunoglobulin qo‘llanadi. Penitsillin ko‘pincha teri shaklida sutkasiga 2—4 mln birlik miqdorda, o‘pkaga xos va septik shakllarda — 16—20 mln birlikkacha tayinlanadi. Tetrasiklin 0,3 g dan kuniga 4 mahal va levomitsetin 0,5 g dan kuniga mahal tayinlanadi. Antibiotiklar bilan davolash kursi 8—10 kun davom etadi.
Kuydirgiga qarshi spetsifik immunoglobulin mushak orasiga sutkada 20—80 ml miqdorda (kasallikning klinik shakli va og‘irligiga bog‘liq ravishda) dastlabki desensibilizatsiyadan keyin yuboriladi. Avval ot oqsillariga sezgirlikni aniqlash uchun teri ichiga 0,1 ml immunoglobulindan (1:100) buyuriladi. Ijobiy bo‘lmagan sinamada 20 minutdan so‘ng teri ostiga 0,1 ml suyultirilgan (1:10) immunoglobulin yuboriladi va 1 soatdan keyin mushak orasiga barcha miqdori yuboriladi. Teri ichiga kiritilganda ijobiy reaksiya kuzatilsa, immunoglobulin yuborishdan voz kechgan ma’qul. Kasallikning og‘ir shakllarida dezintoksikatsiya o‘tkaziladi. Bu maqsadda 5% li glukoza va natriy xloridning izotonik eritmasi, gemodez, poliglukin va boshqalar tayinlanadi. Kuydirgi bilan kasallangan bemorlar alohida palatalar yoki bokslarga izolatsiya qilinadi. Alohida parvarish anjomlari, idishlar, xalatlar ajratiladi. Bemorlarni parvarish qilganda tibbiyot xodimi shaxsiy himoya choralarini ko‘rishi lozim (rezina qo‘lqoplar, bemorda kuydirgining o‘pkaga tegishli shaklida og‘iz va burunni yopadigan doka bog‘lam hamda himoya ko‘zoynaklaridan foyda- laniladi). Ishlatilgan barcha bog‘lov materiallari kuydiriladi. Bemorlar to‘liq klinik tuzalib, yaralar epitelizatsiyasi (chan- diqlanish)dan keyin shifoxonadan chiqariladi. O‘pkaga, ichakka tegishli hamda septik shakllarida klinik tuzalgandan va balg‘am, qon, nafas, siydiklarni kuydirgiga tekshirganda ikki martalik (5 kunlik interval bilan) ijobiy natijalar olinmagan tekshiruvlardan keyingina shifoxonadan chiqariladi.