Quturish — og‘ir kechadigan va asosan markaziy nerv sistemasi zararlanishi bilan o‘tadigan o‘tkir virusli kasallikdir. Etiologiyasi. Quturish qo‘zg‘atuvchisi rabdoviruslarga kirib, uning xarakterli belgisi virionning o‘q shaklida ko‘rinishidir. U RNK ga ega bo‘lib, uning ko‘cha (yovvoyi) va fiksatsiyalangan shakllari farq qiladi. Sut emizuvchilar uchun juda patogen bo‘lib, bunda bosh miya zararlanadi va o‘ziga xos kiritmalar — Babesh-Negri tanachalari hosil bo‘ladi. Fiksatsiyalangan virus quyonlar uchun patogen emas, Babesh-Negri tanachalarini hosil qilmaydi va so‘lak bilan ajral- maydi, ammo hayvonlarning bosh miyasini zararlash orqali ularda quturish kasalligini chaqirishi mumkin. Fiksatsiyalangan virusning vaksina uchun ishlatiladigan shtammlari ko‘cha shaklidagi virusga nisbatan to‘la qimmatli immunitet yaratadi. Antirabik vaksina maz- kur virusni ko‘p martalab passaj qilish yo‘li bilan yaratiladi. Quturish virusi tashqi muhitga chidamsiz. Qaynatilganda 2 minutda o‘ladi. Dezinfeksiyalovchi eritmalardan efir, lizol, karbol kislota, xloramin va sulema ta’sirida tez nobud bo‘ladi. U to‘qima kulturalarida tez ko‘payadi. Epidemiologiyasi. Infeksiya manbai — infeksiya yuqtirgan hay- vonlardir (itlar, tulkilar, mushuklar, bo‘rilar, otlar va b.). Tulkilar va bo‘rilar orqali quturishning tabiiy o‘choqlari doimo saqlanib turadi. Odam kasallikni asosan bahor-yoz oylarida yuqtiradi, chunki bu davrda odamlar ko‘plab daydi itlar va yovvoyi hayvonlar bilan intensiv ravishda aloqada bo‘ladilar. Infeksiya kasal hayvon tish- laganda va terida hosil bo‘lgan jarohat orqali so‘lak tushishi natijasida yuqadi. Kam hollarda bo‘lsa-da, kasallik teridagi mikrojarohatlar — shilinishlar va tirnalishlarga so‘lak tushishi sababli ham o‘tishi mumkin. Ayniqsa, tananing bosh, yuz va bo‘yin qismlaridagi jarohatlar xavflidir. Bunday hollarda virus miyaga tez yetib borib, yashirin davr qisqaradi va kasallik juda o‘tkir boshlanadi. Tananing kiyim bilan yopilgan joylari nisbatan kam xavfli hisoblanadi, chunki kiyim quturgan hayvon so‘lagini ma’lum miqdorda o‘ziga shimadi. Yuz va qo‘l kaftidagi jarohatlar ayniqsa xavflidir. Oyoqdan jarohatlanganda yashirin davr uzoqroq davom etadi. Infeksiya yuqtirgan hayvon yashirin davrning oxirlarida klinik belgilar paydo bo‘lishidan 7—8 kun oldin viruslarni ajrata boshlaydi.