Klinikasi. Yashirin davri 7 kundan 90 kungacha (ko‘pincha 20— kun) davom etadi. Kasallikning quyidagi shakllari farq qilinadi: 1) ichak amyobiazi (o‘tkir, surunkali va latent); 2) ichakdan tashqari amyobiaz (amyobali gepatit, jigar amyobiazi, teri amyobiazi va b.); 3) boshqa kasalliklar bilan birga kechadigan amyobiaz (gelmintozlar, bakterial dizenteriya bilan).
Kasallik nisbatan o‘tkir boshlanadi. Boshlanish davri umumiy darmonsizlik, bosh og‘rig‘i, ishtaha pasayishi, qorinda og‘riq va ko‘ngil aynishi bilan kechadi. Harorat bu davrda odatda subfebril bo‘ladi. Keyinchalik amyobiazga xos bo‘lgan yo‘g‘on ichakda o‘zga- rishlarning klinik belgilari yuzaga chiqadi. Kasallik boshlanishida ich sutkasiga 4—6 marta ketib, shilliq va qon aralash bo‘ladi. Keyinchalik ich sutkasiga 10—20 martagacha ketadi, najas o‘z xarakterini yo‘qotadi, unda shishasimon shilimshiqlar ko‘payadi. Keyinchalik qon aralash ich ketadi, bu esa malinali jeleni eslatadi. Kasallikning o‘tkir davrida qorinda doimiy og‘riq kuzatiladi, u defekatsiya vaqtida kuchayadi. Bemorni azob beradigan tenezmlar bezovta qiladi. Paypaslaganda og‘riq ko‘proq ko‘richak va ichakning ko‘tariluvchi qismida aniqlanadi. Yo‘g‘on ichakda endoskopik tekshirish natijasida qirralari notekis, diametri 2 mm dan 20 mm gacha bo‘lgan, tubi yiring qoplagan va burmalar uchida ko‘proq joylashgan yaralar aniqlanadi. Yaralar atrofi giperemiya bilan o‘ralgan bo‘ladi. Ichak amyobiazining o‘tkir ko‘rinishi 4—6 kun saqlanadi. Odatda spetsifik davolashsiz ham bemor ahvoli yaxshilanadi. Bunday remissiya davri bir necha haftadan bir necha oygacha davom etadi. Remissiya davridan keyin barcha yoki ko‘p belgilar yana paydo bo‘ladi. Kasallik surunkali tus oladi. Spetsifik antiparazitar davo o‘tkazilmasa surunkali shakllari 10 yilgacha, hatto undan ham ko‘p vaqt davom etadi. U residivlangan va uzluksiz klinik shakllarda o‘tishi mumkin. Kasallikning residivlangan shakllarida qayta zo‘rayishlar remis- siyalar bilan almashib turadi, bu vaqtda bemorlarda dispepsik ko‘rinishlar (meteorizm, qorinning quldirashi, aniq joylashmagan og‘riqlar) qayd etiladi. Qayta zo‘rayish vaqtida bemor ahvoli uncha o‘zgarmaydi, tana harorati normada qoladi. Bu vaqtda qorinning o‘ng sohasida kuchliroq og‘riq seziladi (ko‘pincha xato ravishda appenditsit tashxisi qo‘yiladi), ich ketadi. Surunkali amyobiaz uzluksiz kechganda remissiya davri bo‘l- maydi. Bemorni quyidagi simptomlar bezovta qiladi — qorindagi og‘riq, ich ketishi (qabziyat bilan almashib turadi), tana haroratining biroz ko‘tarilishi. Surunkali shakllari uzoq davom etsa astenik sindrom, oriqlab ketish va gipoxrom anemiya kuzatiladi. Rektoromanoskopiyada shilliq pardalarda har xil, ya’ni yangi hosil bo‘lgan, chandiqlanayotgan va tuzalgan yaralar aniqlanadi. Yaralar odatda chuqur joylashgan bo‘ladi. Amyobiazning ichakda kuzatiladigan asoratlariga ichak perfo- ratsiyasi natijasida vujudga keladigan umumiy yoki chegaralangan peritonit, ichak teshilishi, ichak yo‘llarining torayishi, amyoboma, ichakdan qon ketishi va to‘g‘ri ichak shilliq qavatining chiqib qolishi kiradi. Amyoboma ichak devoridagi o‘smasimon infiltrat bo‘lib, ikkilamchi infeksiya qo‘shilganda yiringlashi mumkin. Ichakdan tashqari asoratlariga jigar, miya abssesslari va terining zararlanishi kiradi. Ko‘pincha jigar abssessi uchraydi. Bunda doimiy isitma kuzatiladi, et uvushib, bemor darmonsizlanadi. Jigar abssessining doimiy belgisi jigar kattalashishi va o‘ng qovurg‘a osti sohasidagi og‘riq hisoblanadi. Og‘riq o‘ng yelka yoki kurak sohasiga beriladi, og‘riq bemor chuqur nafas olganda, jigarini paypaslaganda va gavda holatini o‘zgartirganda kuchayadi. Jigar abssessida yurak tonlari bo‘g‘iq bo‘lib, arterial bosim pasayadi va puls tezlashadi. Rent- genologik tekshirganda diafragmaning o‘ng gumbazi yuqori turgan- ligi va harakatining chegaralanganligi aniqlanadi. Jigar abssesslari, hatto mayda kattaliklarda ham jigarni skanirlaganda aniqlanadi. Surunkali abssesslarda intoksikatsiya belgilari kam rivojlanadi. Jigarning amyobali abssessi atrofdagi a’zolarga yorilishi mumkin va bu diafragma osti abssessi, tarqalgan yoki chegaralangan peritonit, yiringli plevrit va perikarditlarga sabab bo‘ladi. Jigar-bronxial oqmalar paydo bo‘lganda ko‘p miqdorda jigarrang yiringli balg‘am ajraladi. Ba’zan jigar abssesslari teri qoplamlariga yorilishi mumkin, bunday vaqtlarda oqma sohasida terining amyobali zararlanishi kuzatiladi. Ba’zida o‘pka va miya abssesslari rivojlanadi. Ular mazkur a’zolarni rentgenologik tekshirganda aniqlanadi.