Tanosil shistosomozi. Parazitlar migratsiyasi vaqtida bemorda isitma, et uvushishi, bo‘g‘imlar og‘rishi, toshma toshishi, umumiy intoksikatsiya kuzatiladi. 2—6 oydan keyin tanosil a’zolarida xarakterli o‘zgarishlar kuzatiladi: gematuriya (siydikda qon paydo bo‘ladi), qorinning pastki qismida og‘riq paydo bo‘ladi va siyish jarayoni og‘riq bilan kechadi. Siydik yo‘llari torayganda buyrak sanchig‘ini eslatuvchi og‘riq xurujlari kuzatiladi. 30% bemorlarda kasallik kuchsiz subyektiv sezgilar bilan kechadi va faqatgina laboratoriya tekshirishlari natijasida kasallik tasdiqlanishi mumkin. Ichak shistosomozioshqozon-ichak faoliyati buzilishi rivojlangan holda yoki gepatoliyenal shakllarda kechadi. Jigar zararlanishi bora- bora sirroz rivojlanishiga olib keladi. Gipersplenizm ko‘rinishlari — anemiya va limfopeniya kuzatiladi. Tuxumlar tushishi (kirishi) natijasida darvoza venasi trombozi, o‘pka zararlanishi, diffuz hamda o‘choqli ensefalit va meningoensefalit qayd etiladi. Yapon shistosomoziturli klinik simptomlar mavjudligi bilan xarakterlanadi. Ular orasida ichak va jigarning zararlanish belgilari kuchliroq seziladi. Parazitlar migratsiyasi vaqtida allergik reaksiyalar kuzatilishi mumkin, keyinchalik shistosomalar yetilishi vaqtiga kelib kasallik simptomlari aniq namoyon bo‘ladi. Yapon shistosomozi yashin tezligida o‘tishi mumkin. Bunda mahalliy belgilar bo‘lmagan holda og‘ir simptomlar hamda o‘tkir kolit, enterokolit va nafas yo‘llari katari aniqlanadi. Rektoromanoskopiyada tugunchalar va mayda yaralar ko‘rinadi. Shistosomozning uncha bilinmaydigan va belgilarsiz shakllari ham ma’lum.