Davolashda tiabendazol (mintezol) sutkasiga 25—50 mg/kg dan ovqatdan 30 daqiqa keyin 2 kun davomida beriladi. Shu bilan birga desensibilizatsiyalovchi va siptomatik preparatlar qo‘llanadi. Profilaktikasi bemorlarni aniqlash va davolash, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish hamda tuproqni najaslar bilan ifloslani- shining oldini olish kabilarni o‘z ichiga oladi. Nazorat savollari Odam strongiloidozni qanday yuqtirishi mumkin?
Strongiloidozda qonda qanday o‘zgarishlar kuzatiladi?
Strongiloidozni davolash uchun qanday preparatlar qo‘l- lanadi?
Strongiloidoz profilaktikasi nimalardan iborat?
Trixinelloz (trichinellosis) Qo‘zg‘atuvchisi trixinella (Trichinella spiralis) — mayda ayrim jinsli tirik tug‘adigan nematoda, uzunligi 1—3 mm. Voyaga yetgan gelmintlar etxo‘r hayvonlar va odamning ingichka ichak shilliq pardalarida rivojlanadi. Trichinella spiralis odatda cho‘chqa, it, mushuk va kemiruvchilar, qator hollarda esa otlarda parazitlik qiladi. Odamda Trichinella nativa parazitlik qiladi, u ko‘pincha yovvoyi hayvonlardan bo‘ri, tulki, ayiq, bo‘rsiq va to‘ng‘izlarda uchraydi. Trixinelloz biogelmintoz hisoblanadi. Invaziyaning tabiiy o‘choq- larida yovvoyi hayvonlar kasallikni invaziya yuqtirgan o‘lik hayvonlar (bo‘ri, tulki, bo‘rsiq, to‘ng‘iz, ayiq) go‘shtini yeyish natijasida yuqtiradilar. Sinantrop o‘choqlarda cho‘chqa, mushuk, it, kala- mush va boshqa uy hayvonlari kasallikni trixinella lichinkalari bo‘lgan o‘ldirilgan hayvonlarning tashlandiq go‘shtlari, ovqat qoldiqlarini yeyish tufayli yuqtiradi. Odamga invaziyalangan hayvon go‘shtini yetarlicha termik ishlanmagan holda iste’mol qilganda kasallik yuqishi mumkin. Go‘sht bilan yutilgan trixinella lichinkalari xo‘jayinining oshqozon va ingichka ichagida kapsuladan ozod bo‘lib, shilliq qavatga kiradi. U yerdan ingichka ichakning shilliq osti qavatiga kirib, 2 kundan so‘ng jinsiy yetilgan hisoblanadi. Trixinellalar urg‘ochisi 3—6 hafta davomida tirik lichinkalar tug‘adi. Bitta urg‘ochi trixinella 100 dan 2000 tagacha yosh trixinellalarni tug‘adi. Ular ichak devorlari orqali qon va limfaga tushib, butun organizmga tarqaladi, xo‘jayinining ko‘ndalang-targ‘il mushaklarida joylashadi. Bu yerda lichinkalar kattalashib, spiralsimon buraladi va 3—4 haftadan keyin ular atrofida 0,2—0,6 mm kattalikdagi qo‘shuvchi to‘qimali kapsula paydo bo‘ladi. Xo‘jayini organizmida lichinkalar ko‘p yillar davomida yashaydi. Bora-bora kapsulalari kalsifikatsiyalanib, ulardagi li- chinkalar nobud bo‘ladi. Odam organizmiga parazitlarning almashinuv mahsulotlari va o‘ligining sensibilizatsiyalovchi ta’siri patogenezning asosi hisob- lanadi. Patogenezda mushaklardagi spetsifik o‘zgarishlar, ya’ni gelmint- lar atrofida rivojlanadigan murakkab tuzilishga ega bo‘lgan kapsula ham alohida ahamiyatga ega. Allergik vaskulitlar, ba’zan bemor ichki a’zolarida tarqalib ketgan infiltratlar xarakterlidir. Yashirin davr 7 kundan 4—5 haftagacha (o‘rtacha 10—25 kun) davom etadi. Kasallik odatda o‘tkir boshlanib, dastlab qorinda og‘riq, ich ketishi va holsizlik, ba’zida tanada allergik toshmalar kuzatiladi. Trixinellozning kardinal belgilari qovoq va yuzning shishib ketishi, mushaklar og‘rishi, isitma va qonda eozinofiliyalar mav- judligidir. Shishning bo‘yin, gavda, qo‘l-oyoqlarga tarqalishi kasallik oqibati yomonligini bildiradi. Ko‘pincha ko‘z, chaynash, bo‘yin, bel va boshqa mushaklarda og‘riq qayd etiladi. Mushaklarda tinch turganda og‘riq kuzatilmaydi, salgina harakatlanganda yoki pay- paslaganda esa kuchayadi. Intensiv invaziyada trixinelloz juda og‘ir kechib, ichki a’zolarda asorat aniqlanadi. O‘tkir yurak yetishmovchiligi bilan kechadigan miokardit qayd etiladi. Pnevmoniya, meningoensefalit, trixinollezli gepatit, nefrit va tromboflebitlar haqida ma’lumotlar mavjud. Kasallik 1—2 haftadan 5—6 haftagacha davom etishi mumkin. Trixinelloz bir guruh kishilarda bir vaqtda uchragan va xarakterli belgilar mavjud bo‘lganda, kasallikka tashxis qo‘yish qiyin emas. Har qanday holatda ham laboratoriya tekshirishlari o‘tkazilishi shart. Trixinellozga gumon qilinganda kasallikka shubha tug‘dirgan go‘sht qoldiqlari tekshiriladi. Zarurat tug‘ilganda bemor mushaklaridan biopsiya olinadi. Serologik reaksiyalardan KBR, kolsepresipitatsiya va boshqa reaksiyalar qo‘llanadi. Reaksiya kasallik yuqtirgandan keyin hafta o‘tgach ijobiy natija beradi. Teri-allergik sinamasi ayniqsa juda katta ahamiyatga ega.