mustaqil parvarish — hamshira tomonidan vrach ko'rsat- malarisiz uning kasbiy mulohazalariga asoslangan holda bajariladi;
tobe parvarish — vrachning yozma ko'rsatmalari va bevosita nazorati ostida bajariladi;
d) hamkorlikdagi parvarish — buni hamshira vrach, boshqa tibbiy xodim hamda bemorning qarindoshlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi. bosqich — hamshiralik parvarishi natijalarini baholash. Bu bosqichda hamshiralik parvarishi natijasida qo'lga kiritilgan natijalar tahlil qilinadi. Bunda quyidagilarga e’tibor beriladi: maqsadga erishish uchun yo'naltirilgan harakatlar natijasi (masalan, bemor tomonidan mavjud bo'lgan shikoyatlarning kamayishi yoki yo'qolishi);
parvarishga nisbatan bemorning javob reaksiyasi (masalan, hamshira tomonidan bemorda kuzatiladigan belgilarning aniq- lanmasligi);
d) qo'lga kiritiladigan natijalarning kutilgan natijalarga nisbati (bu nisbat qancha yuqori bo'lsa, shuncha yaxshi natijalarga erishilgan hisoblanadi). Agar maqsadga erishilsa, sana va vaqt qayd qilib qo'yiladi. Aksin- cha, buning sabablari aniqlanadi, bartaraf etish yo'llari belgilanadi va parvarish rejasiga o'zgartirish yoki qo'shimchalar kiritish zarur hisoblanadi. MAXSUS QISM I. ICHAK INFEKSIYALARI Ichak infeksiyalari guruhidagi kasalliklar klinikasida asosan oshqozon-ichak yo‘llari zararlanadi va bu umumiy intoksikatsiya bilan kechadi. Bu asosan mikroorganizmlar hayot faoliyati mah- sulotlari (endo- va ekzotoksinlar)ning ta’siri hamda ichak devorlari orqali turli xil mahsulotlarning so‘rilishi tufayli namoyon bo‘ladi. Ko‘pgina yuqumli ichak kasalliklarida qo‘zg‘atuvchi ichak devori- dan kirmaydi va odatda qon orqali a’zolarga tarqamaydi (masalan, dizenteriya). Ayrim yuqumli ichak kasalliklarida nafaqat oshqozon-ichak yo‘l- lari zararlanadi, balki qo‘zg‘atuvchining qonga tushishi (baktere- miya) natijasida turli a’zo va to‘qimalarda xarakterli funksional va anatomik o‘zgarishlar kelib chiqadi (tif-paratif kasalliklari). Barcha ichak infeksiyalarining epidemiologik jihatdan umumiy xususiyati — patogen mikroblarning og‘iz orqali yuqish mexa- nizmidir. Odatda, ular tarkibida patogen mikroblar bo‘lgan suv va oziq-ovqat mahsulotlari sog‘lom organizm tomonidan qabul qilin- ganda yoki ifloslangan qo‘llar orqali mikrobning og‘izga tushishi natijasida rivojlanadi. Bunday kasalliklarning tarqalishida pashshalar ham muhim rol o‘ynaydi. Yuqumli ichak kasalliklari qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga asosan najas bilan ajralib chiqadi, ayrim hollarda esa, masalan, vaboda shunga qo‘shimcha qusuq massalari bilan ham ajraladi. Tif- paratif kasalliklarida bu kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari nafaqat najas, balki siydik bilan ham ajralib chiqadi. Ovqat toksikoinfeksiyalari Ovqat toksikoinfeksiyalari yuqumli kasalliklarning katta guruhi bo‘lib, turli mikroblar hamda ularning toksinlari bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida vujudga keladi va umumiy intoksikatsiya, harorat ko'tarilishi va oshqozon-ichak yo'llariga tegishli belgilar bilan xarakterlanadi. Etiologiyasi. Ovqat toksikoinfeksiyalarining qo'zg'atuvchilari grammusbat kokklar (stafilokokklar, streptokokklar, entero- kokklar), aerob spora hosil qilmaydigan bakteriyalar (ichak tayoq- chasining ayrim turlari, protey), spora hosil qiluvchi aeroblar, gemofil vibronlar va boshqalar hisoblanadi. Stafilokokklar va klostridiyalar asosiy etiologik omillardan hisoblanadi. Stafilokokklar sharsimon shaklda, diametri 0,8—1 mkm bo'lib harakatlanmaydi, spora hosil qilmaydi, grammusbat. Ular entero- toksin ishlab chiqadi. Hozirgi vaqtda enterotoksinlarning 5 turi ma’lum: A, B, C, D va E. Oziq-ovqat mahsulotlarida toksi- koinfeksiyalar qo'zg'atuvchilari mikrob turiga bog'liq ravishda turli xil muddatlarda saqlanishi mumkin. Stafilokokklar tashqi muhitda yaxshi saqlanadi, tuzlarning yuqori konsentratsiyali eritmalariga bardoshli, 80°C da o'ladi. Cl. perfringens — yirik tayoqchasimon bakteriyalar. Uzunligi 3—9 mkm, harakatsiz bo'lib, ularning quyidagi turlari farqlanadi: A, B, C, D, E va F. Ular spora va kapsula hosil qiladi. Anaerob tarkibi murakkab bo'lgan toksin (alfa, beta, gamma toksinlar) ishlab chiqaradi, u qator fermentlarga ega. Mikrobning vegetativ shakllari kislorodga, quyosh nuriga va yuqori haroratga sezgir. Sporalari tashqi muhitga chidamli. Epidemiologiyasi. Odam va hayvonlar kasallik manbai bo'lib hisoblanadi. Yiringli infeksiyalar (piodermiya, panaritsiy, furun- kulyoz, angina va b.) bilan og'rigan kishilar va mastitlar bilan kasallangan hayvonlar (sigir, echkilar) stafilokokk manbai hisob- lanadi. Ular ovqat tayyorlayotganda yoki sut bilan oziq-ovqat mahsulotlariga tushib u yerda mikroblar rivojlanishiga sabab bo'ladi. Ularning ayrimlari suv havzalarida va tuproqda yashaydi. Ko'pincha stafilokokkdan zaharlanish sut, sut mahsulotlari, go'shtli, baliqli, sabzavotli ovqatlar hamda kremli mahsulotlar (tortlar, pirojniy) va baliqli konservalar iste’mol qilish bilan bog'liq bo'ladi. Mikrob toksiniga ega bo'lgan mahsulotlar tashqi ko'rinishi, ta’mi va hidiga ko'ra odatda sifatli mahsulotlardan farqlanmaydi. Toksikoinfeksiyalarning boshqa qo'zg'atuvchilari — klostridiyalar va proteylar odam va hayvonlar najasida uchraydi, tashqi muhitda keng tarqalgan, ko'p miqdorda tuproqda, ochiq suv havzalarida, sabzavotlarda va boshqalarda aniqlanadi. Bu ovqat mahsulotlariga tushish uchun real imkon yaratadi. Patogenezi va patologik anatomiyasi.Ovqat toksikoinfeksiya- larida organizm intoksikatsiyasi va kasallik qo‘zg‘atuvchilarining bevosita oshqozon-ichak yo‘llari shilliq qavatiga ta’siri patologik jarayon rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Stafilokokk infeksiyasi patogenezida mikroblarning katta miqdori asosiy rol o‘ynaydi. Organizmga birdaniga katta miqdordagi stafilokokk va ularning toksinlari — enterotoksinlar tushadi. Toksin hazm shirasi ta’sirida buzilmaydi (yemirilmaydi) va shilliq qavatlar orqali oshqozon-ichak yo‘llariga kiradi. Mahalliy o‘choqdan qonga, undan markaziy nerv sistemasiga toksinlar, fermentlar va stafilokokklar faoliyati mahsulotlarining kompleksi tushadi, natijada intoksikatsiya rivojlanadi. Intoksikatsiya natijasida yurak-qon tomirlar va nerv sistemasining buzilishi, hamda gastroenterit va enterokolit ovqat toksikoinfeksiyasi klinikasini ko‘rsatadi. Cl. perfringens ishlab chiqargan toksinlar ta’sirida zaharlanganda kasallik patogenezida alfa-toksinlar juda katta ahamiyatga ega. Ichakda toksinlar shilliq qavatni zararlaydi va so‘rish funksiyasini buzib, qonga tushadi. Qon orqali turli xil a’zolarga kiradi. Tomirlar devoriga ta’sir qilishi natijasida gemorragiyalar kuzatiladi, ayrim vaqtlarda nafaqat toksinlar, balki qo‘zg‘atuvchilarning o‘zi ham tushadi. Bunday vaqtda og‘ir anaerob sepsis rivojlanadi. Kasallik o‘lim bilan tugaganda patologoanatomik yorib ko‘ril- ganda, yallig‘lanish o‘zgarishlari (shish va giperemiya) asosan ingichka ichakda kuzatiladi. Odatda epiteliy, ayrim hollarda shilliq qavatning chuqur qatlamlari nekrozga uchraydi, qon aylanishi buziladi (mayda qon quyilishlar). Morfologik o‘zgarishlar yo‘g‘on ichakda ham uchrashi mumkin. Yarali enteritlar va enterokolitlar ichak teshilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Klinikasi. Stafilokokkli zaharlanishlarda yashirin davr odatda 2—4 soat, ayrim hollarda esa 30 minutgacha qisqarishi va juda kam hollarda 6 soatgacha uzayishi mumkin. Klostridiylar bilan bog‘liq zahar- lanishda yashirin davr 6—24 soatni tashkil qiladi. Bunday zahar- lanishlarning doimiy belgilaridan biri — bu epigastal sohadagi tortishib og‘rishlardir. Bunga tez-tez qusish qo‘shiladi. Tana harorati odatda subfebril yoki normal bo‘lib, ba’zan 38—38,5°C gacha qisqa muddatli ko‘tarilishi mumkin. Ich ketmasligi mumkin yoki kuchli bo'lmagan ich ketishi 50% bemorlarda uchrashi ham mumkin. Najas ko'pincha o'tkir hidli bo'lib, shilimshiq aralash bo'ladi. Xarakterli belgilari zo'rayib boruvchi holsizlanish, teri oqarishi, oyoq- qo'llarning sovib ketishi, arterial bosim pasayishi, tomir urishining tezlashishi, kollaptoid holatning yuzaga kelishidir. Ammo kasallik og'ir boshlanganda ham ko'pincha bemor tezda sog'aya boshlaydi. Klostridiya toksinlari qo'zg'atadigan zaharlanish nisbatan og'ir o'tadi. Kasallik qorinda, ayniqsa kindik atrofidagi og'riqdan boshla- nadi. Umumiy holsizlik kuchayib borib, ich sutkasiga 20 martagacha ketadi, ko'p miqdorda va suvday bo'ladi, ayrim hollarda guruch qaynatmasini eslatadi. Qayt qilish va ich ketishi kuchli suvsizlanishga sabab bo'lishi mumkin (tomir tortishishi, panja terisining buri- shishi, terida burmalarning yozilmasligi, qonning quyuqlashishi). Dastlabki soatlardayoq nerv sistemasining zararlanish belgilari paydo bo'ladi (bosh og'rig'i, holsizlik, bosh aylanishi, og'ir hollarda karaxtlik va hushini yo'qotish). E turdagi toksinlar bilan zaharlangan kasallik nekrotik enterit (qorinda kuchli og'riq, ko'ngil aynishi, qusish, shilliq va qon aralash najas) va sepsis asorati bilan tugashi mumkin. Ayrim hollarda jigar va taloq kattalashadi. Kasallik juda og'ir o'tib, o'lim bilan tugashi mumkin (30% gacha). Tashxisi. Stafilokokkdan zaharlanishni aniqlash ko'p hollarda qiyinchilik tug'dirmaydi. Anamnez (gumonli mahsulotlarni iste’mol qilish, kasallikning bir guruh kishilarda uchrashi), qisqa yashirin davr, qorinning simillab og'rishi, normal (yoki subfebril) harorat, ich ketishining kuchli emasligi, tez orada sog'aya boshlash ahamiyatga ega bo'lib, klostridiyalar toksinlari bilan zaharlanganda esa intoksikatsiya belgilari va oshqozon-ichak yo'llarining zararlanishi kuchliroq bo'ladi va kasallik og'ir o'tadi. Tashxisning umumklinik usullari.Ovqat toksikoinfeksiyalarida periferik qonning o'zgarishlari doimiy emas: leykositlar manzarasi har xil bo'lishi mumkin (leykositoz, leykopeniya yoki normositoz), ECHT biroz oshadi. Og'ir hollarda siydik tekshirilganda toksik albuminuriya aniqlanadi. Bakteriologik tekshirishhal qiluvchi ahamiyatga ega. Toksiko- infeksiyalarda qusuq, oshqozon yuvilgan suv, najas va gumonli oziq-ovqat mahsulotlari bakteriologik tahlil uchun tekshirish materiallari bo'lib xizmat qiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari tiqini zich yopiladigan steril bankalarga olinadi. Steril idish bo‘lmaganda bankani 15 minut qaynatgandan keyin ishlatish mumkin. Yig‘ilgan material laboratoriyaga darhol yetkazilishi shart. Buning iloji bo‘lmasa, uni 6°C da bir sutka saqlash mumkin.
Gumon qilingan mahsulotlarda va yuqorida ko‘rsatilgan material- larda patogen mikroorganizmlar yoki ular toksinlarining topilishi tashxisni tasdiqlaydi. Lekin ovqat toksikoinfeksiyalariga laboratoriya usulida tashxis qo‘yish murakkab ish. Stafilokokklarning bemor ajratmalari va oziq-ovqat mahsulotlarida topilishi hamma vaqt ham kasallikning stafilokokkli etiologiyasini tasdiqlay olmaydi, chunki stafilokokklar kam miqdorda bo‘lsa-da, sog‘lom odamlar najasida ham topilishi mumkin. Ovqat toksikoinfeksiyalarida stafilokokk- larning etiologik rolini tan olish uchun ular tekshirilayotgan materialda katta miqdorda aniqlanishi zarur (ko‘p koloniyalar shaklida). Enterokokklar, protey, klostridiyalar ham ichak normal mikro- florasining obligat vakillari hisoblanadi. Ularni kasallik qo‘zg‘atuv- chilari sifatida tan olish uchun bu mikroflora tekshirish materiallarida ko‘p miqdorda aniqlanishi zarur (1 g da 104—107 mikrobdan ko‘p). Ajratilgan mikrofloraning etiologik rolini tasdiqlash uchun tashxis qo‘yishning serologik usullari (agglutinatsiya reaksiyasi) qo‘llanadi. Tekshirish uchun qon kasallikning 1—3 va 7—10-kunlari olinadi. Titrlar oshishini belgilagan holda reaksiya 4—6 kundan keyin takroran o‘tkaziladi. Davolash. Ovqat toksikoinfeksiyasiga dastlabki klinik-epide- miologik tashxis qo‘yilgandan keyin organizmdan toksinlarni yo‘qotish uchun zudlik bilan oshqozonni toza suv chiqqunga qadar ko‘p marta yuviladi. Oshqozonni yuvishda iliq suv yoki natriy gidrokarbonatning 2—4% li va kaliy permanganatning kuchsiz (1:2000) eritmasi ishlatiladi. Oshqozon oddiy usulda yoki oshqozon zondi yordamida yuviladi. Oddiy usulda yuvganda 5—6 stakan iliq suv yoki natriy gidrokarbonat eritmasi ichishga beriladi, shundan keyin bemorda reflektor qusish yuzaga keladi. Zarurat bo‘lganda tozalovchi huqna qilinadi. So‘ngra bemorga adsorbent (polifenan, kalsiy kar- bonati) beriladi. Shundan keyin organizmga yetarli miqdorda suyuqlik kiritiladi. Kasallikning yengil turlarida suyuqliklar ichish uchun shirin choy, trisol, kvartasol, glukoza qo‘shilgan Ringer eritmalari holida tayinlanadi. Bunda sabzi aralashmasi juda foydali bo'lib, kaliy, kalsiy tuzlariga va vitaminlarga boy. Ichilgan suyuqlik miqdori qusuq, ich ketishi va siydik bilan yo'qotilgan suyuqlik miqdoriga mos kelishi kerak. Agar qayt qilish va ich ketishi to'xtamasa va suvsizlanish zo'rayib boraversa yoki yurak-qon tomirlar sistemasi faoliyati buzilsa (tomir urishining tezlashishi, arterial bosimning keskin tusha boshlashi) aytilgan vositalardan tashqari, intoksikatsiyani yo'qotish, suv-tuz muvozanatini tiklash va gemodinamikani yaxshilash uchun venaga tomchilab tuzli eritmalar (Ringer eritmasi, trisol, asesol, laktasol, kvartasol va b.) 2000—4000 ml gacha va undan ham ortiq miqdorda, ya’ni suvsizlanish belgilari yo'qolguncha yuboriladi. Kasallik og'ir kechganda tezda dezintoksikatsiya o'tkazish va tomir ichidagi suyuqlik hajmini tiklash uchun qon o'rnini bosuvchi sintetik kolloid eritmalar: neokompensan, polivinilpirrolidon, poliglyukin, reopoliglyukin va boshqalarni qo'llash zarur. Kollapsda kortikosteroidlar (prednizolon 60—120 mg, gidrokortizon 125 — 250 mg), yurak glikozidlari (strofantin 0,05% li —1 ml yoki korglikon 0,06% li —1 ml) yuborish va tuzli eritmalarni quyishda davom etish tayinlanadi. Bir vaqtda kaliy preparatlari buyuriladi. Infeksiya tarqalib borganda patologik jarayonni tezda yo'qotish va atrofdagilarni hisobga olgan holda infeksiya manbaini tezda tugatish maqsadida antibiotiklar — levomitsetin 0,5 g dan sutkasiga 4—6 mahal, ampitsillin 2—4 g dan sutkasiga 6 mahal yoki gentamitsin venaga hamda sulfanilamidlar va boshqalar tayinlanadi. Bemor ayniqsa antibiotiklar bilan davolanganda vitaminlarga kuchli ehtiyoj sezadi. 5% li glukoza eritmasi bilan askorbinat kislota, B guruh vitaminlaridan birinchi navbatda B1 va B2 vitaminlar qo'llanadi. Ovqat toksikoinfeksiyalarida ichakning so'rish funk- siyasining buzilishi va ferment yetishmovchiligi rivojlanishini hisobga olib ferment preparatlaridan: panzinorm, festal va boshqalar tayin- lanadi. Oziq-ovqat obyektlari ishchilari etiotrop davolash tugaganidan hamda klinik sog'ayishdan kamida 3 kundan keyin, najas va harorat normaga kelganda shifoxonadan chiqarilishlari mumkin. Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar.Oziq-ovqat sanoatlarini zamonaviy texnologiya asosida avtomatlashtirish, tez buziladigan mahsulotlarni konservatsiya qilish va saqlashning yangi usullarini qo'llash katta ahamiyatga ega. So'yiladigan mollarni veterinar va sanitar nazoratidan o'tkazish, go'sht, baliq va boshqa mahsulotlarni saqlashda sanitar-gigiyenik talablarga rioya qilish va to'g'ri pazandalik ishlovini berish ham ahamiyatga egadir. Oshxona stollari, go'sht chopiladigan taxtalar va boshqa jihozlar toza holda saqlanishi zarur. Oziq-ovqat sanoati, oshxona, bolalar muassasalari ishchilari oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish va tarqatishda sanitar-gigiyenik talablarga qat’iy rioya qilishlari shart. Har kuni qo'llar tozaligi, terida yiringli sohalar yo'qligi tekshirib borilishi zarur, chunki qo'ldagi yiringli o'choqlar bilan ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari stafilokokkli va streptokokkli toksiko- infeksiyalarga sabab bo'lishi mumkin. Bombaj (shish) holatida bo'lgan konservalar hamda sifatiga gumon qilingan go'shtli va baliq mahsulotlarini iste’mol qilish qat’iy man etiladi.