Homiladorlarda gepatitning og‘ir o‘tishiga qaramay homilani sun’iy to‘xtatish tavsiya etilmaydi. Chunki har qanday ginekologik, jarrohlik muolajalari, ayniqsa og‘ir holatlarda kasallikning kechi- shini yanada og‘irlashtiradi. Virusli gepatitni boshidan o‘tkazgan homilador ayollar shifoxonadan chiqarilgandan keyin ham qoldiq belgilar yo‘qolgunga qadar davolanishlari zarur. Bolalarda virusli gepatitning o‘ziga xos xususiyatlari. Kasallik ko‘pincha et uvushishi, kuchli bosh og‘rig‘i va isitma bilan o‘tkir boshlanadi. Ko‘ngil aynishi, qayt qilish va qorin sohasida og‘riq hamda ich ketishi kuzatiladi. Terida skarlatinadagi kabi toshmalar uchrashi mumkin. Sariqlik bilan kechadigan shakllarida sariqlik kam rivojlanadi va qisqa muddatli bo‘ladi. Jigar birinchi kundanoq kattalashadi, jigar qattiq konsistensiyali bo‘lib kuchli og‘riq kuzatilmaydi. Bir vaqtning o‘zida taloq ham kattalashadi. Bolalar ahvolining yaxshi bo‘lishiga qaramay, parhez va jismoniy rejim buzilishi natijasida gepatit yo jigar sirrozi rivojlanishi mumkin. Tashxisi. Kasallik tipik kechganda uni aniqlash alohida qiyinchilik tug‘dirmaydi. Kasallikning o‘tkir boshlanishi, jigarda o‘zgarishlar, siydikning to‘q sariq tusga kirishi, najasning rangsizlanishi, keyinchalik esa sariqlikning paydo bo‘lishi tashxisni tasdiqlaydi. Laboratoriya tekshirishlari tashxis qo‘yishning asosi hisoblanadi. Qonning umumiy tahlilida leykopeniya kuzatiladi, ECHT odatda normada bo‘lib, ba’zan kamayishi mumkin. Siydikda toksik xarakterga ega bo‘lgan o‘zgarishlar kuzatiladi, ya’ni unda oqsil, silindrlar va leykositlar aniqlanadi. Biokimyoviy tashxis usullari. Qonda bilirubin miqdori Yendrashik usulida aniqlanadi. Sog‘lom odamda qon zardobida bilirubin miqdori erkin (bog‘lanmagan) fraksiya hisobiga 8,5—20,5 mkmol// ni tashkil qiladi. Virusli gepatitlarda bilirubin miqdori erkin bo‘lmagan (bog‘langan) fraksiya hisobiga oshadi.