Falsafa fanining tadqiqot ob’ekti bilan uning predmeti o‘rtasida yaqinlik bor. Biroq, predmet o‘sha ob’ektni o‘rganish uslub va usullarini ham o‘z ichiga oladi. YUqoridagi ta’rifda bu holat inobatga olingan. So‘ngra, unda bizga hozirgacha ma’lum bo‘lgan ta’riflardagi umumiy mazmun saqlangan holda boshqa falsafiy oqimlar, yo‘nalishlar va maktablar uchun xarakterli bo‘lgan jihatlar ham hisobga olingan. Ularning insoniyat ma’naviy takomilidagi o‘ynaydigan va o‘ynayotgan rollariga xolisona baho berishni ham o‘z doirasiga kiritadi. Bu ta’rif olamni bilishda falsafa fanining boshqa fanlardan farq qiladigan o‘z o‘rni, yo‘li, usuli, vositalari, mezoni, maromi, qadriyatlari, ideallari borligini ham nazarda tutadi. Olamning bir zarrasi va ayni chog‘da o‘zi bir sirli olam bo‘lgan odamning o‘zi yashayotgan tarixiy, geografik va ijtimoiy muhitda muayyan o‘rni va o‘ynaydigan roli borligi (yaratuvchi yoki buzuvchi kuch ekanligi) e’tirof etilib, buni bilish zarurati ayon bo‘ladi. Odamzot olamni bilishda pastdan yuqoriga, soddadan murakkablikka, chekli qarashdan keng qamrovli qarashga tomon borish jarayonida g‘or odamlariga xos olg‘irlik, bosqinchilik tafakkur tarzi va cheklangan (sohaviy) tafakkur tarzidan keng qamrovli (falsafiy) tafakkur tarziga tomon ketayotgani, bunda falsafaning alohida, betakror o‘rni borligiga e’tibor qaratiladi. Va bu hol inson tafakkur tarzini o‘zgartirib borishining ahamiyati haqida teran fikrlar bildirishni nazarda tutadi. Ta’rifning umumiy mazmunida muayyan dunyoqarash va tafakkur tarzining odam ma’naviy-ahloqiy qiyofasi timsolida gavdalanishini namoyon etadigan imon-e’tiqodga munosabat ham bor. CHunki falsafa fani bu masalani chetlab o‘tmasligi kerak, zero har bir dunyoqarashdagi mazmun, yo‘nalish odam ongi va qalbidan joy olib, imon-e’tiqodiga aylangandagina, ular qadr topa oladi va u harakatlantiruvchi kuchga aylanadi.
Olam nima, undagi harakatlar negizida qanday quvvat yoki qudrat (energiya) yotadi, u qachon va qanday paydo bo‘lgan, odam ongi borliqni bilishga qodirmi, uni o‘z xoxishicha o‘zgartira oladimi yoki yo‘qmi kabi savollarga javob qidirish jarayonida dastavval mifologik, so‘ngra diniy dunyoqarashlar o‘z-o‘zidan shakllanib, odamlarning ijtimoiy muxitda bir-biri bilan xamkor-xamnafas bo‘lib yashashlari uchun ma’naviy-ruxiy shart-sharoit yaratildi. Bu dunyoqarashlar tufayli odam-olam munosabatlari insonparvarlik asosida rivojlanishi yo‘lida katta tarixiy tajribalar to‘plandiki, ularga tayanib turib ITI va Globallashuv jarayonida odamlar, elatlar, xalqlar, millatlar o‘zaro hamkor, hamnafas, do‘stona aloqalarda yashashlari uchun yangicha, tarafkashlikdan holi tafakkur tarzini shakllantirish, «odam-olam» munosabatlarini to‘la-to‘kis ilmiy o‘zanga burib yubora oladigan dunyoqarashga kuchli ijtimoiy extiyoj paydo bo‘lmoqda. CHunki ITI hamda odamzod ma’naviy olami qashshoqligi tufayli yuzaga kelayotgan muammolarni faqat ilmiy-falsafiy dunyoqarash orqali xal qilish mumkin, xolos. SHuning uchun falsafa mustaqil fan ekanligi, uning o‘z predmeti borligini tan olish dunyo miqyosida ham, mamlakatimiz ichida ham favqulotda muxim bo‘lib turibdi. Odamzotning aql-idroki, uning mevasi bo‘lgan fan-texnika va texnologiya muvaffaqiyatlari butkul oqilona ishlarga, faqat bunyodkorlikka, ezgulikning qaror topishiga burib yuborish mumkinmi-yo‘qmi, degan savolga faqat falsafa fani asosli javoblar topishi mumkin. SHu fanga ishonch va ixlos (e’tiqod) tufayli hozirgi zamon ilg‘or fan yutuqlari xulosalari va dalillariga asoslangan falsafiy dunyoqarashni qaror toptirish mumkin. Bu fanni rivojlantirish, uning kategorial bazasini mustaxkamlash orqali har bir jamiyatda ma’naviy qadriyatlarni barqaror qilish odam uchun oliy qadriyat ekanini xar bir individ ongiga etkazish va eng muximi, milliy, diniy, irqiy yoki boshqa tafovutlar tufayli xar qanday shakl-shamoyilda dushman obrazi yaratish siyosati va mafkurasining g‘ayriinsoniy moxiyatini fosh qilib tashlash mumkin. Dunyoda yigilib qolgan va tobora ko‘payib borayotgan muammolarni hamma elatlar, xalqlar, millatlar birgalikda, hamkor va hamnafas bo‘lgan sharoitda xal etish mumkin. Buning uchun odamzod ruxini poklashda barcha dinlarning namoyondalari va ilm-ma’rifat axllari birgalikda izlanishlari, bu yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro ittifoq tuzishlari maqsadga muvofiqdir. SHunda falsafa fanining milliy va umumbashariy axamiyati beqiyos oshib ketadi.
Falsafa fanining funksiyalarida uning fanlar tizimi va ijtimoiy hayotdagi o‘rni ravshanlashadi. Funksiya (vazifa) deganda harakat uslubi, falsafiy bilimlar tizimi doirasida faolligining namoyon bo‘lishi, bajarishi lozim bo‘lgan vazifalarning umumiy tip (tur)lari nazarda tutiladi.