Gnoseologik relyativizm – borliq hodisalari va voqealarini bilish o‘zgaruvchanligi, o‘tkinchiligini mutlaqlashtiruvchi agnostitsizmning yo‘nalishlaridan biridir. Relyativizm tarafdorlari dunyoda hamma narsa o‘tkinchi, haqiqiy dunyoviy darajada ham, hattoki ilmiy darajada ham bizning olam hodisalari haqida olgan faqat shu paytdagi bilimlarimizni ifodalaydi, kecha haqiqat deb hisoblangan narsa bugun ishtiboh, xato sifatida tan olinadi: xuddi dori kabi, haqiqatning ham saqlanish muddati bor. Nisbiy mushohadalar bundan ham omonatroq. Bu ijtimoiy hayotda, axloq normalari va estetik didlarda ayniqsa yaqqol seziladi.
Relyativizm namoyandalari odatda haqiqiy deb hisoblangan qoidalar keyinchalik soxta deb inkor etilgan va aksincha, soxta deb hisoblangan qoidalar fan rivojlanishi jarayonida haqiqiy deb e’tirof etilgan hollar fan tarixida ko‘p ekanligiga ishora qiladilar. Ilmiy bilishning harakat yo‘li – amalda to‘g‘ri chiziq emas, balki kesimlarida yanglishish hollari yuz berishi mumkin bo‘lgan egri chiziqdan iborat. Biroq bu bizning barcha bilimlarimiz safsata ekanligini isbotlamaydi.
Relyativist«bilimda nisbiylik unsuri mavjud» degan to‘g‘ri qoidani «bilim doimo nisbiydir», binobarin, bilim kerak emas, degan yanglish qoidaga almashtiradi. «Bu eng yomon fikr: agar men hamma narsani bila olmasam, men hech ish qilmayman»5.
Kundalik amaliyotdan olinadigan bilimlar tabiat haqida, shuningdek odamlarning o‘zlari, ularning yashash sharoiti, ijtimoiy aloqalari va hokazolar to‘g‘risida elementlar bilimlar beruvchi kundalik-amaliy bilimlar bilishning tarixan eng birinchi shakli hisoblanadi. Bilishning bu shakli kundalik hayot, odamlar amaliyoti tajribasidan kelib chiqqan.
O‘yin vositasidagi bilim. Bilimning tarixan dastlabki shakllaridan biri – o‘yin vositasidagi bilim nafaqat bolalar, balki kattalar faoliyatining ham muhim unsuri hisoblanadi.
Mifologik bilim. Mifologik bilim, ayniqsa, insoniyat tarixining dastlabki bosqichida muhim rol o‘ynagan. Mifologik bilimning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u borliqning fantastik in’ikosi hisoblanadi.