Sub’ekt – bu bilish faolligining manbai. Sub’ekt deganda odatda individ tushuniladi. Biroq bu uncha to‘g‘ri emas. Sub’ekt – bu, albatta, avvalo barcha bilish qobiliyatlariga ega bo‘lgan individ. Sub’ekt – bu mikroguruh, ijtimoiy guruh, sinf, jamiyat hamdir. Ayni vaqtda, kichik guruh ham «sub’ekt» bo‘lishi mumkin. Fikrlash jarayoni amalga oshadigan bosh miya po‘stlog‘ida tafakkur mazkur muayyan insonning harakatlari, uning kechinmalari, his-tuyg‘ulariga qaratilishi mumkin: bu holda ong o‘zining alohida jihati – o‘zlikni anglash sifatida amal qiladi, tafakkur (individ doirasida) nimaga qaratilgan bo‘lsa, shu ob’ekt bo‘ladi.
Bilishning haqiqiy sub’ekti hech qachon faqat gnoseologik xususiyatga ega bo‘lmaydi: u o‘z mayllari, qiziqishlari, fe’l-atvori, mijozi, aql yoki aqlsizlik, qobiliyat yoki qobiliyatsizlik darajasiga ega bo‘lgan, irodali yoki irodasi bo‘sh tirik shaxs. Biroq ko‘pincha bilish sub’ekti deganda intellektual faollikning qandaydir shaxssiz mantiqiy bo‘lagi tushuniladi.
Bilishning asosiy turlari va shakllari.Ratsionallik va irratsionallik dialektikasi Hissiy darajadagi bilimning shakllari. Sezgi a’zolari orqali olingan bilim – hissiy bilimlardir. Narsalarning xossalarini sezgi a’zolari sezish va idrok etish natijasida olingan bilim hissiy bilimdir. Masalan, inson uchayotgan samolyotni ko‘radi va buning nimaligini biladi.
Sezgi. Bilish faoliyatida sezgi – narsalar ayrim xossalarining sezgi a’zolari orqali his qilingan oddiy obrazi, in’ikosi, nusxasi yoki o‘ziga xos surati dastlabki sezgi obrazi hisoblanadi. Masalan, aplesinda biz to‘q sariq rang, o‘ziga xos hid, ta’mni sezamiz. Chunki, sezgilar insondan tashqaridagi muhitda yuz berayotgan va uning sezgi a’zolariga ta’sir ko‘rsatayotgan jarayonlarda yuzaga keladi. Ovoz va yorug‘lik to‘lqinlari, mexanik bosim, kimyoviy ta’sir va hokazolar tashqi ta’sirlantiruvchilar hisoblanadi.
Insonning hayvondan farqi shundaki, u aql va sezgilar yordamida bilimlarni o‘zlashtirishga qodir. «Aql kuchi» borliq narsalarining fikriy in’ikosini o‘zida gavdalantiradi. Dunyoviy hodisalarning mohiyati va sabablarini bilgan aql osmon jismlari va ularning shakllarini bilishga harakat qiladi. Shu oxirgi bosqichda insonga ta’sir ko‘rsatuvchi koinot aql bilan birikadi va boqiylik xususiyatini kasb etadi.
Sezishning ko‘rish, eshitish, tebranish, paypaslash, ob-havo, og‘riq, muvozanat va tezlashishni his etish, hid, ta’m bilish kabi umumiy organik turlari farqlanadi. Sezgilarning har bir shakli o‘zining ayrim ko‘rinishi orqali materiya harakatining mazkur shakli va turi, masalan, elektromagnit, ovozli tebranishlar, kimyoviy ta’sirlar va hokazolarning umumiy xossalarini aks ettiradi.
Sezgi – ob’ektiv dunyoning sub’ektiv obrazi, degan tamoyil sifatlarni birlamchi va ikkilamchiga mexanik tarzda ajratishga qarshi yo‘nalgan. Bu nuqtai nazardan birlamchi sifatlar (shakl, hajm va h.k.) narsalarning ob’ektiv mavjud xususiyatlari in’ikosi hisoblanadi, ikkilamchi sifatlar (rang, ovoz va h.k.) sof sub’ektiv xususiyat kasb etadi. Ayni bir sezgiga narsalarning har xil xossalari mos kelishi mumkin: oq rang sezgisi ko‘rish doirasidagi to‘lqinlar barcha uzunliklarining elektromagnit xossalari qorishmasini ham, qo‘shimcha ranglar har qanday juftligi (qizil va ko‘k-yashil, sariq va safsar) qorishmasini ham aks ettiradi. Bundan oq rang to‘lqin yoki narsa yuzasining ob’ektiv xossasi sifatida qaralishi mumkin emas, degan yanglish xulosa chiqariladi. Qora rang to‘lqin xossasi emas: uning sharti – ko‘rish doirasida nurlanishning yo‘qligi. To‘lqin yo‘q narsa haqida axborot bera olmaydi. Bundan quyidagi soxta xulosa kelib chiqadi: rang, hid – bu narsalarning xossalari emas, balki bizning sezgilarimizdir (E.Max); «rang» so‘zi bilan ruhiy kechinmalarning muayyan toifasi belgilanadi (V.Ostvald). Dunyo esa ovozsiz, bo‘yoqlar va hidlardan xoli. Unda issiq ham, sovuq ham mavjud emas. Bularning hammasi – faqat bizning sezgilarimiz.
Bu erda masalaning ikki tomonini: sezgilar manbasi nimaligi va ularning psixofiziologik mexanizmi qandayligini farqlash lozim.
Obrazning sifat jihatidan aniqligi predmetning sifat jihatidan aniqligini aks ettiradi. Jismning tebranishi yoki ayni shu elektromagnit nurlarni tarqatishi jism tuzilishi, uning harorati va boshqa xossalariga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, har bir metall olovni o‘z rangiga bo‘yaydi; har bir modda u yonayotgan gazga aylanganida o‘z rangini kasb etadi. Qor ko‘zimizga oq bo‘lib ko‘ringani uchun oq emas, balki u amalda oq bo‘lgani uchun ham biz uni shunday ko‘ramiz. Mexanitsistlar va sub’ektivistlarning narsa unga qarayotganimizdagina rangga va uni hidlayotganimizdagina hidga ega bo‘ladi, degan fikriga qo‘shilib bo‘lmaydi. Ko‘z o‘zining rang sezadigan apparati bilan o‘zi idrok etuvchi rang mavjud bo‘lgani tufayli yuzaga kelgan va mavjud.