Mifologik va diniy dunyoqarash ishonchga asoslansa, fan ilmiylik mezonlariga amal qiladi. Ular:
a) ob’ektiv (xolis)lik tamoyili;
b) ratsionallik yoki dalillash (isbotlash) tamoyili;
v) essensial yo‘nalishi yoki ob’ektning mohiyatini ochish tamoyili;
g) bilimlarni sistemalash yoki nazariy shaklga solish tamoyili; d) ilmiy haqiqatlarni tekshirish mumkinligi tamoyili.
Fanga doir bu tamoyillar to‘laligicha falsafiy bilimlarni, ayniqsa ontologiya, gnoseologiya, antropologiya va metodologiyaga ham taalluqlidir. SHu ma’noda falsafani ilmiy bilimlarning bir turi, ya’ni tabiiyotshunoslik fanlari qatoriga kiritish mumkin. Biroq, falsafa ijtimoiy fan hamdir; jamiyat, uning taraqqiyot qonunlari, ijtimoiy borliq, individual va ijtimoiy ongni ham o‘rganadi. U xuquqshunoslik, siyosatshunoslik, iqtsodiy fanlar bilan ham tutashib ketadi. Barcha ijtimoiy fanlar tarixiy aspektda muayyan mafkura bilan o‘zaro aloqada mavjud bo‘ladi. Binobarin, falsafaning biron-bir oqimi ijtimoiy hayotga munosabatda mafkura bilan bog‘lanadi. Ijtimoiy hodisalarga mafkuraviy yondashuv esa ma’lum darajada uni ilmiylikdan uzoqlashtiradi. Zero, mafkura ijtimoiy borliqni muayyan-sotsial guruhlar, sinflar, millatlar manfaatlari ko‘zgusi orqasidan qarab ifodalashdir. Mafkura mazmunini siyosiy g‘oyalar tizimi va amaliy harakatlar dasturi tashkil etadi. Mafkuraning falsafaga ta’siri ayrim falsafiy oqimlar o‘rtasida murosasizlik vaziyatini vujudga keltiradi. Bu hol bir ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardan boshqasiga o‘tilayotganda falsafaga nisbatan salbiy yondashuvlarni vujudga keltiradiki, bu falsafaning fan sifatida tan olmaslik oqibatidir. Ammo muayyan tarixiy davrda mafkura bilan bog‘lanib ketgan falsafiy oqimni falsafa fani bilan aynanlashtirib bo‘lmaydi, ya’ni ayrim (bo‘lak) oqimni butun (falsafa fani) bilan almashtirish haqiqatga xilofdir.
SHuni ham aytish kerakki, falsafa barcha fanlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, ularning dalillari, xulosalarini sintez qilib, muayyan dunyoqarashni shakllantiradi va barcha fanlar uchun metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Bugina emas, falsafa xatto mistika va din bilan ham aloqadordir. Demak, falsafa barcha yo‘nalishdagi fanlar va qarashlarni bir-biriga bog‘lovchi, ularni yo‘naltiruvchi alohida xususiyatga ega bo‘lgan fan hisoblanadi. Hamma insonshunoslik (gumanitar) fanlarning tadqiqot ob’ekti insonning ichki olami, ruxi va bu bilan bog‘liq bo‘lgan jamiyatning ma’naviy madaniyati hamda odamlarning o‘zaro munosabatlarining g‘oyaviy asosidir. Bu fanlar odamning ruxiy olamini matnlarda o‘rganadi. Odamzot fe’l-atvori imkoniyat darajasidagi o‘ziga xos matndir. Insonshunoslikda tadqiqotchi jonli odam ma’naviy olami, uning ruxi bilan to‘qnash keladi. Bunda tadqiqotchi o‘zi uchun qadriyatli dunyoqarash ta’sirida ish ko‘radi. O‘ar bir odam o‘zi bir kichik olam, uning narsa, hodisalarga o‘z qarashlari, baholashlari va shu asosda munosabat belgilashlari mavjud. Fan, avvalo falsafa bu individuallikning o‘ziga xos shakli va funksiyalarini o‘rganishi lozim bo‘ladi. Matnlarni o‘z ma’nosida anglash va qo‘llash uchun matnni tasdiq etish va begona individuallikka erishish san’ati sifatida germenevtika fani shakllangan. Germenevtika falsafa fanining tabiiy xususiyatlarini tushunishga imkon beradigan uslub (metod)lardan biridir. Matnlarni o‘z ma’nosida talqin etish va bahs-munozarali munosabatlar mohiyatini anglash san’ati sifatida germenevtika tadqiqotning falsafiy uslub (metod)lari bilan «qorishib» ketadi hamda o‘zi bilishning ratsional bosqichiga ko‘tarilib, falsafa maqomiga ega bo‘lib qoladi. Falsafa fan sifatida odam bilish faoliyatining yana bir turi bo‘lgan san’at bilan ham aloqadordir. Badiiy bilish shaxsiy tasnifga ega bo‘lgani sababli individual his-hayajonli komponent «ifoda ob’ekti»ning tarkibiy qismi bo‘lib qoladi.
San’at voqelikni obrazli idrok etish, shu tufayli u voqelikning o‘zidagi go‘zallikni bilishga qaratilgandir. San’atkorning ongli, o‘zgarmas qarashlari ob’ektni bir butunlikda anglashga qaratiladi. San’atdagi donolik falsafadagi kabi individuallik bilan tutashib ketadi. Buyuk faylasuflarning asarlari ham san’atkorniki kabi insoniyat tarixining turli davrlari uchun qo‘yilgan xaykaldek hayotni, olamni bir butun holatda anglashga imkon tug‘diradi. Olam va odam munosabatlariga bir xil qarovchi san’atkor shaxsi bo‘lmaganidek, falsafiy fikrlashda ham aynan bir xil shaxs bo‘lmaydi. Ularning har qaysisida ham muayyan masala (ob’ekt)ga umumiy qarashlar bo‘lishi mumkin, ammo u umumiylik individual shaklda namoyon bo‘ladi. SHuning uchun ham bitta faylasuf asarlariga ixlosmand odamlar ham, ularni yoqtirmaydigan odamlar ham bir davrda yonma-yon yashaydilar. Faqat falsafada umuman olganda emotsional (his-hayajonli) quvvat san’atdagidan ozroq, ammo tabiiyotshunoslik va texnikashunoslik fanlaridan ancha ko‘proqdirki, shunga binoan, falsafiy fikrlash ham o‘ziga xos san’atga o‘xshab ketadi. Poetik va falsafiy asarlar muayyan bir davrdagi faqat taniqli shaxslarnigina qoniqtira oladi, boshqalarni esa qoniqtirmaydi, o‘zgacha aytganda, har ikkisiga munosabat odamlar didi, farosatiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Taiiyotshunoslik, texnikashunoslik fanlari asoslariga munosabatdaa san’atga va falsafaga xos reallikdan uzoqlashish xaqida gap bo‘lishi mumkin emas. Binobarin, falsafiy asarlar ham san’at asarlari kabi qiyofalikdir, odam-olam munosabatlariga shaxsiy qarashlar mevasidir. Olamning «falsafiy manzarasi»ni yaratishning o‘zi faylasufda go‘zallikni xis etish, olam ichiga kirib ketishni taqoza etadi. «Olam manzarasi»ning umumiy, falsafiy mazmunining o‘zi individ va insoniyat taqdirini baholash nuqtai nazaridan insoniy, emotsional munosabatni taqoza etadi. Ko‘pincha, ayniqsa SHarq falsafasi asarlari huddi badiiy asarlardek jozibali, inson qalbini o‘ziga rom etuvchan xususiyatga ega bo‘ladi. Zero, SHarq odamida obrazli tafakkur tarzi G‘arb odamiga nisbatan ustivorroq bo‘ladi. Ammo G‘arb odamlarida mantiqiy tafakkur tarzi SHarqqa nisbatan ustivorroq rivojlangandir.
Falsafaning yana bir tomoni shuki, unda narsa, hodisalarni tajriba yo‘li bilan emas, undan tashqarida – aql-idrok va faxm-farosat bilan mantiqan bilishga moyillik kuchli bo‘ladi. Buni fanda transsentalistik qarash deyiladi. Darhaqiqat olamda tajriba doirasiga sig‘maydigan, undan tashqaridagi narsa va hodisalar ham bo‘ladi. Zero, olam mohiyat e’tibori-ila mo‘‘jizadir. Masalan, kosmosda, boshqa yulduzlarda hayot borligini hozircha tajriba yo‘li bilan bilib bo‘lmaydi, ammo insoniyat fan-texnika sohasida to‘plagan tajribasiga tayanib turib, taxminan faraz qilib, uni mantiqan asoslay oladi. Bu esa yangi kashfiyotlar uchun o‘ziga xos yo‘l ochadi. YOki muhabbat xis-tuyg‘usini tajriba yo‘li bilan isbotlash qiyin. Odam o‘z «Meni»ni, chin hayoti, huzur-xalovati, orzu-armonlarini o‘zida emas, balki seviklisi – «Unda» ko‘radi, uning uchun yashaydi, o‘z hayot ma’nosini uningsiz tasavvur eta olmaydi. CHin muhabbat xis-tuyg‘usi har bir insonga bitmas-tuganmas quvvat (energiya) beradi, uni aql bovar qilmaydigan jasoratlarga, qahramonliklarga chorlaydi. SHuning uchun I.Kant «transsendental» so‘zidan «transsendent» so‘zini farqlashni maslahat beradi, ya’ni «transsendent»ga ko‘ra, bilish qiyin, ammo ishonish predmeti bo‘ladigan narsalar, xodisalar ham borki, ularni matematik o‘lchovlar doirasiga sig‘dirib bo‘lmaydi.Odamzot olamni to‘la-to‘kis bila olmaydi, faqat uning ayrim tomonlarining ichiga kirib boradi. qaerdaki, aql ojiz bo‘lib qolgan vaqtda va joyda transratsionallik yordamga keladi. Uning yordamida biz olam va qalbimizning birinchi asoslarini anglashga qodir bo‘lamiz. Borliq bilan qadriyat birligini anglash natijasida inson ma’naviy borlig‘iga ega bo‘lish mumkinligiga ishonch hosil etamiz. Masalan, xudoni bilish, ko‘rish mumkinmi? Ammo uni qadrlash, sevish, ishonish, unga o‘zini tavakkul qilish orqali odamzot o‘z borlig‘ini topishi mumkin. YOki bo‘lmasa, ezgulik yovuzlik ruhi ustidan tantana qilishiga ishongan odam o‘z-o‘zini anglab, hayot ma’nosini tushunib etadi va o‘zidan yaxshi nom qoldirish, saxovatli bo‘lish orqali chinakam borlig‘ini topa oladi. Odamzot o‘z kichik olami – «Men»ni katta odam – «U» - transsentent bilan bog‘lash orqali o‘z-o‘zini, inson zotiga mansubligini bilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Transsentlanish esa mistika bilan tutashib ketadi. Mistikani ko‘pincha faqat din bilan bog‘lashadi, bu, to‘g‘ri emas. N.A.Berdyaev mistikaning 2 ta tipi borligiga e’tiborni qaratadi: a) ruhiy tajribaga asoslangan; b) aql-idrok, bilishga asoslangan mistika. Mistika olamda sirli narsalar borligiga ishonchdir, biz bilishga ulgurmagan barcha narsa, hodisa aslida mo‘‘jiza sifatida namoyon bo‘ladi. Xaqiqiy mistika realizm bo‘lib, u olamning bizga ma’lum bo‘lmagan birinchi asoslarini bilishga qaratilgandir. Meditatsiya inson o‘z-o‘zini, ruxini poklash yo‘li bo‘lib, mistika bilan meditatsiyaning qo‘shiluvidan ilmiy-falsafiy imon yuzaga keladi. Bu imon orqali inson o‘z ichki olamini munavvar qilishga intiladi. Falsafa donolik, donishmandliknig o‘zi bo‘lib qolmay, yana hayot xaqida turmush tajribasiga tayanib donishmandlarcha fikrlash, donishmandlarcha yashashga intilishdir. SHu ma’noda falsafiy bilimlar egasi bo‘lmagan cho‘pon yoki dchqon ham o‘z aql-idroki, hayotiy tajribasi asosida dono fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin. SHuning uchun falsafaning tili sodda, ravon va ommaga tushunarli bo‘lgandagina u e’tiborli bo‘la oladi. Muayyan fan professori o‘z ixtisosligi bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lishi, ammo hayot va uning ma’nosi xaqida donishmandlarcha fikrlay olmasligi mumkin. Zero, donishmandlik hayotiy tajribaga asoslangan chuqur aqldir. Faylasuf esa olam, unda odamning o‘rni xaqidagi bilimlarni muayyan tizimga soladi, olamni falsafiy idrok etishga imkon tug‘diradigan tushunchalar, kategoriyalar, tamoyillar, qonunlar, uslub (metod)lar haqida bilim berib, kadrlarda falsafiy fikrlash qobiliyati shakllanishiga yordamlashadi.