Agentlikning vazifasi 2020-yil 29-iyunda Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu borada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bilan birga, ana shu koʻrsatkichni yaxshilash ustida koʻp ishlashi kerak.
Bunda bir omilga ahamiyat berilishi, yaʼni koʻchmas mulk sotib olinayotganda pullarningkelib chiqishi qonuniyligi tekshirilishi zarur, deb hisoblaymiz. Vaholanki, bizda juda qimmat uylar egalari ularni sotib olish yoki qurish uchun mablagʻni qayerdan olgani surishtirilmaydi ham (2021-yilda deklaratsiya toʻldiriladi, ungacha mulklar imkon qadar “boshqa”ga oʻtkazilishi mumkin).
Qonunchilik tizimida ham kamchilik mavjud. Misol uchun, xonandalar yoki boshqa ayrim toifa kishilarining xohlagancha qasr uylar qurishiga, televideniyeda koʻz-koʻz qilinishiga yoʻl qoʻyilishi qonunlar yaxshi ishlamayotganidan darak beradi. Masalaning maʼnaviy tarafi ham borki, yengilgina yoʻl bilan bunday shohona yashash bir vaqtlar prokuror yoki DAN xodimi tayyorlaydigan oʻqishga kirishni istovchi yoshlar koʻpayganiga oʻxshash holatni paydo qilishi mumkin.
Demak, bu isteʼdodi boʻlmasa-da, oddiygina texnika, fonogrammaga suyanib, moʻmay pul topadiganxonandalar sonining 10 baravar oshishiga olib keladi. Bu fikrga koʻpchilik qarshi chiqishi mumkin. Ammo jamiyatda barcha sohada teng muvozanatni saqlashdek “oltin qoida” buzilmasligi tarafdorimiz. Fonogrammada aytilgan qoʻshiqning CD disklarini yozib olish, koʻpaytirish va sotish bilan shugʻullanuvchilarga ham shunday “imtiyoz”lar belgilanishi, soliq toʻlamasligi oqibatida Davlat byudjeti katta iqtisodiy zarar koʻrishiga ham toqat qilib boʻlmaydi. Bunday korrupsiogen holatlarning ildiz otishiga, bir guruh kishilarning boyib ketishiga yillar davomida sharoit yaratilgan. Deylik, savodi haminqadar xonanda yo disk koʻpaytiruvchi oʻzi oʻqitgan maktab muallimi yoki uzoq yillar davomida ilm bilan shugʻullangan olimdan ham koʻproq mablagʻ topishiga imkoniyat yaratilishi adolatsizlik va korrupsiyaning ochiq koʻrinishi emasmi?!
Aholi tabaqalari daromadlarining farqlanish miqdori keskin oʻzgargani iqtisodchilarni tashvishga solmoqda. Misol uchun, sobiq ittifoq statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, bu 1956-yilda 3,28, 1986-yilda 3,38 ga yetgan — qariyb teng boʻlsa, mustaqillik yillarida boy va kambagʻallar daromadidagi farq ancha koʻpaygan. Rasmiy maʼlumotlarda 10 foiz eng badavlat kishilar daromadi eng kambagʻal fuqarolarning daromadlaridan 10 — 15-marta oshib ketganligi maʼlum boʻlmoqda.
Koʻplab ekspertlar “yashirin iqtisodiyot” hisobga olinganda, oʻrtadagi haqiqiy tafovut 25 — 40 marotaba ekanligini qayd etmoqda. Hozirgi kunda yashash minimumidan past darajada kun kechirayotgan kambagʻal aholi 15 foizdir. Bu masalada 2019-yildan boshlab katta siljish kuzatilgan, hatto butun bir vazirlik ishlayotgan boʻlsa-da, oʻrtadagi farqning kuchayib borishi jamiyat qatlamlarida turli fikrlarni paydo qilishi mumkin.
2020-2021-yillarda barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”)ni bosqichma-bosqich joriy etish choralari koʻrilishi sohada tub oʻzgarishlarga turtki berishiga ishonamiz. Agentlikka xalqaro konvensiya talablarini bajarish maqsadida ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari yuklatilishi, mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishi idoraning maqom hamda nufuzini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Demak, milliy taraqqiyotga toʻsiq boʻlib kelayotgan korrupsiyani bartaraf etish yoʻlida dadil qadamlar tashlanmoqda. Eng asosiysi, korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz boʻlmas ekan, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz.