Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi


Dunyoqarash tushunchasi va uning xususiyatlari



Yüklə 0,91 Mb.
səhifə2/8
tarix03.11.2022
ölçüsü0,91 Mb.
#118933
1   2   3   4   5   6   7   8
Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi

2. Dunyoqarash tushunchasi va uning xususiyatlari
Falsafa insonning tafakkur madaniyatini, dunyoqarashini shakllantiruvchi fan.
Dunyoqarash esa, kishilarning olam va uning o’zgarishi, rivojlanishi haqidagi ilmiy, falsafiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy, estetik, diniy va hokazo qarashlari va tasavvurlari majmuasidan iborat. Demak, dunyoqarash - olam haqidagi yaxlit umumiylashtirilgan bilimlar to’plamidir. Kishilar tevarak atrofdagi narsa va hodisalar to’g’risida qancha ma’lumotlarga, bilimga ega bo’lsa, ularning dunyoqarashi ham shu darajada mukammal va puxta bo’ladi.
Dunyoqarashning yana bir muhim tomoni shundan iboratki, u insonni qurshab turgan voqelikni anglash, tushunish bilan bir qatorda uni baholashi hamdir.
Ilmiy bilimlar dunyoqarash tarkibiga qo’shilib baholangach, insonning tevarak-atrofdagi ijtimoiy va tabiiy reallikda bevosita amaliy yo’l tutish maqsadiga xizmat qiladi. Bundan kurinib turibdiki, dunyoqarash insonning dunyodagi o’z o’rni va rolini belgilab beradigan, ongli ravishda to’plangan, izohlangan va baholangan bilimlar majmuidir.
Dunyoqarash tarkibiga kishilarning olamni bilish va baholashga oid bo’lgan ishonch va e’tiqodlari, maqsadlari, ideallari, orzu-umidlari, ular faoliyatiga ma’lum yo’nalish beruvchi barcha qadriyatlar ham kiradi.
Dunyoqarashning sub’ektini ayrim kishilar, ijtimoiy guruhlar, sinflar, siyosiy partiyalar, jamiyatni harakatlantiruvchi turli ommaviy kuchlar, davlatlar tashkil etadi. Ular o’z manfaatlaridan kelib chiqib, voqelikdagi jarayonlarga turlicha yondashadi, baholaydi va ta’sir ko’rsatadi.
Shunday qilib, dunyoqarash kishilarda olam haqida yaxlit umumlashtirilgan bilimlar, g’oyalar turkumini hosil qiladigan, ularni o’z orzu-umidlari, ideallari maqsadidan kelib chiqib baholaydigan va shunga qarab hayotdagi o’z o’rnini, amaliy faoliyat yo’nalishlarini, maqsadlarini aniqlab olishga imkoniyat beradigan ko’p qirrali va sermazmun tushunchadir.
Dunyoqarash tushunchasi, «dunyoni his qilish», «dunyoni tushunish» iboralari bilan uzviy bog’liqdir. Bu bejiz emas, albatta. Olamdagi narsa va hodisalar bizning hissiy organlarimiz orqali kishilarda turli-tuman hissiyotlarni, kayfiyatlarni yuzaga keltiradi. Ular bizning tafakkurimiz yordamida mujassamlashtiriladi va nihoyatda ma’lum fikrlar, tasavvurlar, tushunchalar, qarashlar hosil bo’ladi.
Demak, dunyoqarash o’z ichiga dunyoni his qilish, dunyoni tushunish jarayonlarida hosil bo’ladigan idrok, kayfiyatlarni ham qamrab oladigan tushunchadir.
Dunyoqarashning ikkita darajasi mavjuddir. Uning birinchisini, kishilarning kundalik hayoti amaliy tajribasi hamda kasbiy faoliyati asosida to’plangan bilimlar, tasavvurlar, qarashlar tashkil qilsa, ikkinchisini esa ilm-fan tufayli to’plangan nazariy bilimlar, g’oyalar yig’indisi tashkil etadi. Ularning ikkalasi bir-biri bilan uzviy bog’langan bo’lib, bir-birini to’ldiradi.
Barcha ijtimoiy hodisalar kabi dunyoqarash ham, ijtimoiy shart-sharoitlar, ijtimoiy munosabatlar majmui bilan bevosita bog’liqdir. Turli ijtimoiy tuzumlarga har xil dunyoqarash shakllari mos keladi. Ijtimoiy mulkka asoslangan ibtidoiy jamoa tuzumining oddiy ishlab chiqarish usuli rivojlanmagan mistik, kollektiv dunyoqarashini tug’dirdi, u orqali ibtidoiy odamning o’rab olgan muhitidagi hodisalarni in’ikos etishi va fikrlab olishi amalga oshadi. Frantsuz olimi L.Levi-Bryul, ibtidoiy odamlar tafakkuri o’z asosiga ko’ra mistikdir “ilohiydir”, degan edi.
Xususiy mulkning kelib chiqishi va jamiyatdagi manfaatlari turlicha bo’lgan kishilarning katta guruhlarga bo’linishi atrofdagi mavjud narsa va hodisalarni aks ettirish va fikrlab olish ibtidoiy jamiyatdagidek mistik, kollektiv tasavvurlar orqali emas, balki muayyan mafkura shaklida gavdalangan tasavvurlar, dunyoqarashlar orqali amalga oshishiga olib keladi.
Olam mohiyati va uning asosida yotgan qonuniyatlarni bilish zaruriyati turli falsafiy dunyoqarashining vujudga kelishiga olib keladi. Ular insonga olamni va uning rivojlanish qonuniyatlarini nazariy va amaliy jihatdan o’zlashtirib olishga xizmat qiladilar.
Eski tuzumning yemirilib, mustaqil davlatning vujudga kelishi — o’z navbatida, yangi tasavvurlar, yangi dunyoqarashning shakllanishiga olib keladi. Kurinib turibdiki, u yoki bu dunyoqarashning vujudga kelishi va hukmronlik qilishi ijtimoiy shart-sharoitlar bilan uzviy bog’langan.
Dunyoqarash qotib qolgan, hech qachon o’zgarmaydigan o’lik g’oyalar yig’indisi emas. Jamiyatning o’zgarishi bilan bir qatorda u ham doimo rivojlanib, mazmunan o’zgarib turadi. Buni biz o’z jamiyatimiz hayotidan yaqqol ko’rib turibmiz. Mustaqillik tufayli endilikda umuminsoniy va milliy qadriyatlarimizga asoslangan, hozirgi davr talabiga javob beradigan yangi mafkura yaratilmoqda va uning asosida kishilarda yangicha tafakkur, dunyoqarash shakllanib rivojlanmokda. Dunyoqarashning doimo o’zgarib rivojlanib turishi esa uning tarixiy turlarining almashuvda yaqqol namoyon bo’ladi.

Yüklə 0,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin