Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi



Yüklə 0,91 Mb.
səhifə4/8
tarix03.11.2022
ölçüsü0,91 Mb.
#118933
1   2   3   4   5   6   7   8
Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi

4. Diniy dunyoqarash


Diniy dunyoqarash mifologiya (afsona) negizida shakllangan va rivojlangan, voqelikning kelib chiqishi, rivojlanishi, istiqbolini xayoliy obrazlar, tasavvurlar va tushunchalarda aks ettiruvchi dunyoqarashdir.
Diniy dunyoqarashning o’ziga xos xususiyati shundaki, u tabiiy va ijtimoiy hodisalar mohiyatini xudoning qudrati bilan tushuntiradi. U hamma narsada va har qaerda ilohiy kuchlarning ta’siri, mo’’jizaviy kuchi bor deb uqtiradi.
Diniy dunyoqarashning mohiyati dindorlar uchun muqaddas bo’lib hisoblangan adabiyotlarda o’z aksini topgan.
Diniy dunyoqarashning shakllanishi tadrijiy va jiddiy jarayon bo’lib, u o’z ichiga fetishizm, sehrgarlik, totemizm, animizm kabilarni qamrab oladi. Jamiyat taraqqiyotida politeizm (ko’pxudolik) va monoteizm (yakkaxudolik) dinlari paydo bo’ladi: buddizm (er.avv.VI—V asrlarda Hindistonda); xristianlik (er. I asrida Rim imperiyasida), islom (er. VII asrida G’arbiy Arabistonda) kelib chiqadi.
Diniy dunyoqarashning asosini diniy e’tiqod tashkil qiladi. Diniy e’tiqod bu ilohiy mavjudotlarga sig’inishdir. Diniy e’tiqod dinga ishonuvchi kishilar ruhiyatining tarkibiy qismi sifatida intellektual, hissiy va iroda tomonlarini o’z ichiga qamrab olgan murakkab hodisalar. Diniy e’tiqodning ma’naviy ko’rinishi bu - dinga ishonuvchi kishilar ongida mavjud bo’lgan diniy tasavvurlar, obrazlardan tashkil topadi va ular dinga ishonuvchi kishilar tomonidan hayotiy zarur narsa sifatida qabul qilinadi.
Diniy e’tiqodda hissiyot tushunchalari katta rol o’ynaydi. Kishining turli hissiyotlari (emotsiyasi) qo’rqish, muhabbat, zavqlanish, ehtiros, quvonch, umid va hokazolar diniy tasavvurlar bilan qo’shilib ketib, tegishli yo’nalish, ma’no, mazmun kasb etishi mumkin, ana shunday hollarda ular “xudoga muhabbat”,
“gunohkorlik, itoatkorlik”, “bandalik tuyg’usi”, “xudo bilan muloqotda bo’lish quvonchi”, “narigi dunyodagi ajrga umid” va hokazolar kechinmalariga aylanadi. Hissiyot tushunchasini ilohiyotchilar inson ongining oliy darajadagi ko’rinishi, oliy axloqiy qadriyat, bilishning ishonchli shakli deb uqtiradi.
Diniy dunyoqarashning asosiy yo’nalishlarini ifodalovchi diniy aqidalar dindorlar uchun majburiy hisoblangan, muhokama yuritmasdan ishonish lozim bo’lgan diniy e’tiqod talablarida o’z aksini topgan. Islom dinining aqidalariga muvofiq, sunniylikda shakllangan va diniy an’analarda e’tirof etiladigan aqidalar yoki imon talablari ettita: Ollohning yagonaligiga, farishtalarga, muqaddas kitoblarga, payg’ambarlarga, oxiratga, taqdirning ilohiyligiga va inson o’lgandan keyin qayta tirilishiga ishonish. Shia yo’nalishidagi musulmonlar 5 ta aqidaga: yakka xudo, payg’ambarlik, taqdir, oxirat va imomatga ishonadilar.
Har bir dinning, shu jumladan xristian dinining ham o’ziga xos aqidalari mavjuddir. Aqida qaysi dinda, qanday ko’rinishda bo’lmasin, olam hodisalarini mutlaq ilohiy kuch irodasi va ixtiyori bilan bog’lab ko’rsatadi.
Diniy dunyoqarashning yana bir tarkibiy qismini diniy sig’inish tashkil etadi. Sig’inish bu odamlarning kundalik hayotda ular ustidan hukmronlik qiluvchi diniy obrazlar shaklidagi ilohiy kuchlarga toat-ibodat qilishidir. Sig’inish kishilar tomonidan yakka jamoa bo’lib bajariladigan ramziy xatti-harakatlarda namoyon bo’ladi. Qurbonlik qilish, xudoyi qilish, Qur’on o’qitish, diniy bayramlarni nishonlash kabilar islom dinida keng tarqalgan marosimlardir. Sig’inish tufayli kishilarning diniy ehtiyojlari qondiriladi.
Diniy e’tiqod diniy ongning umumiy belgisi, mezoni bo’lib, u diniy g’oyalar, tasavvurlar, tushunchalar, afsonalarni haqiqiy deb hisoblash hamda ilohiy kuchning mavjudligiga ishonishni o’z ichiga oladi.
Diniy dunyoqarashning shakllanishi va rivojlanishida diniy dasturlarning ishlab chiqilishi, shuningdek turlicha diniy bayramlar, marosimlarning o’tkazilishi katta ahamiyat kasb etadi. Din o’zining tantanali bayramlari, har turli marosimlari bilan kishilar ko’nglida kayfiyat, xursandchilik, xushfe’llik, rahmshafqat, sabr-toqat, qanoatlilik, hamkorlik, vijdon, burch, poklik, odamiylik va shu kabi insoniy fazilatlarni shakllantiradi, ma’naviy kamol toptiradi.
Diniy dunyoqarashning tarkibiy qismida “Muqaddas joylar”ni ziyorat qilish katta o’rin tutadi. Masalan, islom dinida Makka, Madinaga borib u yerdagi “Muqaddas joylar”ni ziyorat qilib, turli diniy urf-odat va marosimlarni bajarish hamda qurbonlik qilish, barcha musulmonlarga farzdir. Shuningdek, islom dinida payg’ambarlar va ularning sahobalari, diniy ulamolar, so’fiylik, shayxlar kabi muqaddas zotlarni, ularning mozorlari, qadamjolarini ziyorat qilish ham keng tarqalgan. O’rta Osiyo hududida bunday joylar ko’p. Samarqanddagi Shohizinda, Go’ri Amir, Ismoil Buxoriy, Buxorodagi Qiz bibi, Xoja Bahouddin, Toshkent viloyatidagi Zangi ota, Turkistondagi Ahmad Yassaviy, Sayramdagi (Shimkent viloyati) Ibrohim ota, Qorasoch bibi maqbaralari shular jumlasidandir.
Bunday muqaddas joylar, qadamjolar, maqbaralar xristian, buddizm va boshqa dinlarda ham mavjud. Ular hanuzgacha kishilar ongiga o’z ta’sirini ko’rsatib, diniy dunyoqarashning, diniy e’tiqodning taraqqiy etishiga sabab bo’lib kelmoqda.
Diniy dunyoqarashning yana bir afzallik tomoni shundaki, unda har bir inson tomonidan amal qilinishi lozim bo’lgan axloqiy me’yor va ko’rsatmalar ishlab chiqilgan. Ularning aksariyati hanuzgacha o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q, chunki islom va shariat talablari mavjud shaxsiy hayotdagi va umuminsoniy eng zarur va go’zal fazilatlarni o’zida aks ettirgan.
Diniy dunyoqarashning xalq ongiga singib, uning qalbida chuqur ildiz otib ketishining boisi shundan iboratki, ular oddiy kishilarning ruhiyatiga moslashtirilib, ularning hissiyoti, tafakkuriga katta ta’sir etadigan va ko’p vaqtgacha esda saqlanib qoladigan yorqin obrazlar, afsona va rivoyatlar shaklida izhor qilinishidadir. Islom ta’limotidagi har bir afsona va rivoyatlarda katta hikmat, falsafiy fikr, ma’no mavjuddir.
Shuning uchun ham ular barhayot bo’lib, avloddan-avlodga o’tib ketavergan va bizning davrimizgacha yetib kelgan. Bunday katta ma’naviy boylikka biz albatta zo’r ehtiyotkorlik bilan qarashimiz kerak.
Din kishilarning ongiga o’z ta’sirini o’tkazish bilan bir qatorda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham doimo katta rol o’ynab kelgan. Hozirgi davrda, ham u katta siyosiy kuchni tashkil qiladi.
Dinlarning orasida keng tarqalgan islom dinidir. Hozirgi kunda 30 dan ziyod Osiyo va Afrika mamlakatlarida islom davlat dini sifatida rasmiy ravishda qabul qilingan bo’lsa, yana qariyb 30 mamlakatning siyosiy hayotida u muhim rol o’ynamoqda. Ularning ichida Turkiya, Misr, Afg’oniston, Eron, Iroq, Suriya, Saudiya Arabistoni, Jazoir va boshqa mamlakatlarni alohida tilga olish joiz. Xristianlik va boshqa dinlar ham turli mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim rol o’ynamoqda.
Bugungi kunda dinning fanga, uning yutuqlariga bo’lgan munosabati haqida ham yangicha fikr hosil bo’lmoqda. O’tmishda biz din bilan fan bir-biriga zid bo’lgan, bir-birini tubdan istisno qiluvchi ijtimoiy ongning shakli, insoniyat madaniyatining tarixi din bilan fan o’rtasidagi kurashdan iborat deb kelgan edik. Ammo hayot shuni qo’rsatadiki, fanning din bilan o’zaro munosabati hamma vaqtda bir xil va bir tekis bo’lgan emas.
“Uyg’onish davri”da yashagan G’arbiy Yevropa olimlari, jumladan Jordano
Bruno, Galileo Galiley, Kopernik, XVIII asr frantsuz olimlari Pol Golbax, Klod Gelvetsiy, Deni Didro va boshqalar xristian diniga ochiq oydin qarshi chiqib, uning ta’limotini inkor etgan bo’lsalar, O’rta Osiyo mutafakkirlari fan bilan islom ta’limotini bir-biriga qarama-qarshi qo’ymasdan ikkalasidan ham bahramand bo’lib kelganlar. Forobiy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sinolar dunyoni yaratgan Ollohni e’tirof qilsa, Mirzo Ulug’bek o’zining “To’rt ulus tarixi” asarida dunyoni Tangri Taolo bino qilgan, odamni ham u yaratgan degan fikrni olg’a surgan 2.
Hozirgi vaqtda ham G’arbiy Yevropa mamlakatlarida diniy e’tiqod bilan fanni muvofiqlashtirib rivojlantirishga da’vat etib kelayotgan olimlar bor. Masalan, katolik cherkovining rasmiy falsafasi deb e’tirof etilgan neotomizm ta’limotining namoyondalari Mariten, Jelson (Frantsiya), Vetter (Avstraliya), de Remekr (Belgiya) va boshqalar diniy e’tiqod va fan haqiqatga erishishning ikki manbai, shuning uchun ular bir-birini istisno etmaydi, aksincha to’ldiradi degan g’oyani ilgari surib kelmoqdalar. Ularning fikricha, diniy e’tiqod va bilim o’rtasida to’la uyg’unlik mavjud.
Neotomistlar bilim bo’lmagan joydagina e’tiqod kerak deb tan oladi, ularni ko’rko’rona irratsional e’tiqod qoniqtirmaydi.
Din va diniy dunyoqarash xususida so’z borganda shuni aytish kerakki, o’tmishda biz dinga bir tomonlama yondashib, uning inson manfaati sohasida, kishilarning axloqiy munosabatlarini takomillashtirishdagi ijodiy rolini to’g’ri tushunmay keldik. Dinga qarshi kurashish niqobi ostida xalqimiz asrlar mobaynida amal qilib kelgan marosim va urf-odatlar ta’qiklandi, qanchadan-qancha masjid va madrasalar asossiz ravishda buzib tashlandi. Necha minglab jildlarni tashkil etadigan nodir kitoblar shaxsga sig’inish va qatag’on avj olgan yillarda kuydirib tashlandi.
Hozirgi paytda o’tmishda ro’y bergan haddan oshishlar tuzatilmoqda, ijtimoiy adolat tiklanmoqda. O’zbekiston fuqarolarining vijdon erkinligini kafolatlash va amalda ro’yobga chiqarish maqsadida mamlakatimizda diniy maskanlar ochilib, ularda diniy bilimlarni o’zlashtirish imkoniyati yaratildi. Yopib qo’yilgan masjidlar ochildi, ko’plab yangi masjidlar qurilmoqda, diniy adabiyotlarni nashr etish ijobiy hal etildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda o’n oltita diniy konfessiya erkin faoliyat ko’rsatmoqda. Diniy arboblar odamlarni tinchlikni saqlashga, urushning oldini olishga insoniyat va uning tili, qadimiy tarixi va madaniyatini, madaniy merosi va ijobiy urf-odat va an’analarini avaylab-asrashga va qadrlashga, ekologik va demografik muammolarni ijobiy hal etishga da’vat etmoqdalar.
Yoshlarda sharqona axloq-odob madaniyatini tarbiyalashda islom dini alohida o’rin tutadi. «Biz, - deydi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Sh.M., - butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi»3.
Asrlar davomida din odamlarni eng ulug’ maqsadlar yo’lida birlashtirishga, hamjihat bo’lishga undagan. U har doim kishilarni o’z-o’zini idora etishga, yaxshi xislatlarini ko’paytirib, yomonlaridan xalos bo’lishga chorlagan, har bir alohida insonga, oila, jamoa, mintaqa, umumxalqqa rahnamo bo’lgan, uni og’ir-og’ir sinovlarga bardosh berishga, yorug’ kunlarga intilib yashashga da’vat qilgan, ishontirgan.
“Demak, din xalq ma’naviyatining, ma’rifatining yuksalishiga katta hissa qo’shib kelgan ekan, bugungi davlatchiligimiz haqida so’z yuritganda, rejalar tuzganda dinni, eng avvalo, ham milliy, ham umuminsoniy qadriyat sifatida e’tiborda tushunishimiz lozim”4.
Islom madaniyati jahon madaniyatining ajralmas bir tarkibiy qismidir. Uni o’rganishga va oqilona, tanqidiy, ilmiy, ijodiy foydalanishga arziydigan juda ko’p ijobiy tomonlari bor.
O’zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasida belgilanganidek, respublikamizda “hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’yilmaydi”5.
Din iymon, e’tiqod erkinligini unutmagan holda, diniy qadriyatlarni hurmat qilgan holda, fuqarolarni, ayniqsa yosh avlodni zamonaviy, dunyoviy fanlar asosida tarbiyalash mutlaqo zamon talabi ekanligini unutmaslik kerak. O‘zbekiston
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, - “Inson ma’naviy olami, xalqlar madaniyatini belgilaydigan manbalarni asrab-avaylash va boyitish bugungi kunda har qachongidan ham muhidir.
Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o’zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom – haqiqatni anglash demakdir, u odamzotni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo’lishni o’rgatadi”6.

Yüklə 0,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin