Sakkizinchidan, G‘arbda ham, Sharqda ham faylasuflar narsalar va hodisalarni o‘rganish, tahlil qilish, tushuntirishning o‘z metodlarini yaratganlar. Yangi davr tadqiqotchilari, Gegeldan boshlab, ikki asosiy falsafiy metod – dialektika va metafizika metodlarini ilgari surganlar. Qadimgi dunyo falsafasi rivojlangan sharoitda bu metodlar faylasuflar tomonidan ongli ravishda idrok etilmagan. Ular stixiyali, aniqroq aytganda, falsafiy ta'limotlar, tizimlar va qarashlarga ichdan xos bo‘lgan metodlar sifatida amal qilgan. Faylasuflar, odatda, hodisalarning umumiy o‘zaro aloqasini, ularning ziddiyatliligini, harakati va rivojlanishini, dunyoning yagonaligi va rang-barangligini, «umumiy yo‘l» yoki Logosni muayyan tabiiy qonun sifatida anglab yetadilar. Jumladan, Geraklit fikriga ko‘ra, tabiat (olov) uzluksiz o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi. U rivojlanish va o‘zgarishlar manbaini ko‘radi: «Hamma narsa kurash orqali va zaruriyat tufayli yuz beradi. Har qanday hodisa o‘zining qarama-qarshiligiga o‘tadi: sovuq narsa issiq narsaga aylanadi, issiq narsa sovuq narsaga aylanadi, ho‘l narsa quruq narsaga aylanadi, quruq narsa ho‘l narsaga aylanadi». Quyosh har lahzada yangilangani kabi, barcha hodisalar ham o‘zgaradi. «Ayni bir daryoga ikki marta tushish mumkin emas: ikkinchi marta suvga tushayotgan odamga yangi suvlar oqadi». Geraklit sifat jihatidan bir-biriga zid bo‘lgan hodisalar va jarayonlarni ko‘radi: hayot va o‘lim, uyg‘oqlik va uyqu, yoshlik va qarilik va sh.k. «Eng toza va eng iflos dengiz suvi: baliqlar uchun u to‘yimli va xaloskor, odamlar uchun esa u ichishga yaroqsiz va hayot uchun xavflidir». Ko‘rib turganimizdek, qadimgi yunon faylasufi o‘zgarishning umumiyligi va har bir xossaning qarama-qarshi holatga o‘tishi narsalarning barcha sifatlariga nisbiy tus berishini, ya'ni muayyan holatlarga bog‘liq qilib qo‘yishini qayd etadi.
«Dialektika» so‘zini ilk bor Suqrot ishlatgan. Bu so‘z bilan u samarali bahslashish, fikrlar qarama-qarshiligi orqali haqiqatning tagiga yetishga qaratilgan muloqot olib borish mahoratini ifodalagan. Dialektikaning aynan shu talqiniga sofistlar ham amal qilganlar. Ular o‘ziga xos inkor dialektikasini rivojlantirib, tinimsiz bahs-munozara muhitida haqiqatning tagiga yetishga to‘xtovsiz harakat qiluvchi, ziddiyatlarga to‘la inson tafakkurini faol harakatga keltirganlar.
Aristotel fikricha, bahslashish yoki qarama-qarshi fikrlarni talqin qilish orqali haqiqatning tagiga yetish san'ati sifatidagi dialektika Zenonning «Bahslar» deb nomlangan asarida tahlil qilingan.
Dialektika muammolarini Platon ham o‘rgangan. U dialektika deganda nisbiy «borliq» va «haqiqiy borliq»ni bilishni tushungan. U ko‘p sonli asarlarini antik dialektika namunalarini o‘zida mujassamlashtirgan dialoglar shaklida yozgan hamda, harakat va harakatsizlik, tafovut va ayniyatni tahlil qilgan. Platon har bir narsani o‘z-o‘ziga va boshqa barcha narsalarga ayniy deb hisoblagan.
Aristotel sababiy bog‘lanishlarning rang-barangligi muammosini ilgari surib, dialektikani yanada rivojlantirgan. Uning to‘rt sabab: moddiy, formal, harakatlantiruvchi va yo‘naltiruvchi sabablar «Narsalar va hodisalar vujudga kelishiga sabab bo‘luvchi omil (materiya, substrat) – moddiy sabab»; «narsaning mohiyatini belgilovchi omil – formal sabab»; «harakat asosi – harakatlantiruvchi sabab»; «biror narsani amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad – yo‘naltiruvchi sabab» haqidagi ta'limoti ma'lum. Aristotel shakl va mazmun (materiya) dialektikasini tahlil qilishning o‘z usulini taklif qildi. Narsa – bu shakl va materiyaning birligi. Narsalarning vujudga kelishi va ularning takomillashuvi shaklga bog‘liqdir. Shakl o‘z mohiyatiga ko‘ra faol, materiya esa passivdir. Shakl – narsaning tashqi ko‘rinishi, u dunyoning rang-barangligi va borlig‘ini belgilaydi.
Dialektika qadimgi Sharq falsafasiga ham xos. Qadimgi Sharq faylasuflari o‘zlikni anglash va insonning o‘z-o‘zini kamol toptirilishiga bag‘ishlangan konsepsiyalarida, avvalo buddizm, yoga, konfutsiychilik, zardo‘shtiylik falsafasida juda ko‘p noyob dialektik fikrlar ilgari surilgan. Masalan, Zardo‘sht ta'limotida “Axriman” va “Axuramazda” yaxshilik va yomonlikning abadiy kurashi va bunda yaxshilikning g‘alabasini ifodalaydi. Zardo‘shtiylik falsafasiga ko‘ra, yaxshilik va yomonlik kishilarning botinida-ichki dunyosida yashaydi. Inson Axriman yoki Axuramazda tarafida bo‘lishi mumkin, chunki Ezgulik farishtasi uni hamisha yaxshilik qilishga, lekin yovuz Axriman uni yomonlik qilishga undaydi va bu tortishuv inson hayotining oxirigacha davom etadi.
«Upanishada»da deyarli har qanday hodisa harakat va qarama-qarshilik nuqtai nazaridan qaraladi. Braxman ikki qiyofa: jismoniy va jismsiz, o‘ladigan va o‘lmas, harakatsiz va harakatchan ko‘rinishlarga ega. «Upanishada»da Atman – bu ham tana, ham individual jon. Braxman va atman bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq «Hamma narsa Braxman, Braxman esa atmandir», deyiladi. Atman o‘zgaruvchan, uning turli holatlari mavjud: uyg‘oqlik; tushli uyqu; tushsiz uyqu; turiya (atman hyech narsani his qilmaydigan, o‘z-o‘ziga teng bo‘ladigan holat).
Daosizm (qadimgi Xitoy maktablaridan biri)da dao haqidagi ta'limot Geraklitning Logos haqidagi ta'limotiga o‘xshab ketadi. Dao – bu «hayot yo‘li», tabiat qonuni. Bu dunyoning vujudga kelishi va rivojlanishining tabiiy abadiy qonuni.
To‘qqizinchidan,, qadimgi Sharq va G‘arb falsafasida dialektik metod bilan bir qatorda hodisalarni o‘rganishning metafizik metodiga ham duch kelish mumkin. Aristotel Eley maktabi vakillari Parmenid va Melis hamda ularning izdoshlarini «tabiatni to‘xtatuvchilar» deb nomlagan, chunki ular tabiat harakatini rad etgan. Ular uchun borliq «yagona va harakatsiz»dir. Eleylik Ksenofan, masalan, shunday deb yozgan: «Bir joyda abadiy turadi, umuman qimirlamaydi, u yoqdan buyoqqa o‘tish unga xos emas»3. Parmenid bu qoidaga aniqlik kiritadi: «...hamma narsa bir, abadiy, vujudga kelmagan, sharsimon va bir xil, o‘z ichida makonga ega emas, harakatsiz va chekli»4.
Eley maktabi kabi, qadimgi Xitoyda konfutsiychilik maktablari – Men-szi va Syun-szi ham dialektikaga qarshi chiqqan. Bu maktablarning vakillari qarshisida narsa qarama-qarshiliklar birligida namoyon bo‘lmaydi, inson tabiati yo tug‘ilgandan boshlab faqat yaxshilik bilan bog‘langan (Men-szi), yo inson o‘z tabiatiga ko‘ra azaldan yovuz (Syun-szi). Albatta, tabiat inson tabiatini tarbiya yo‘li bilan o‘zgartirishi mumkin, lekin bu endi unga madaniyatni olib kirishdir.
Umuman qadimgi Sharq va G‘arb falsafasining ijtimoiy muammolari orasida axloq mavzusi yetakchilik qiladi. O‘sha davrda yaratilgan hikmatli so‘z, iboralar bugungi kunda ham insonni mulohaza yuritishga majbur qiladi. Masalan, Platonning «Dialoglar» asarida taqdir, qarilik, fazilatlar, oqillik, adolat, sabr-toqatlilik, sovuqqonlik, vijdonlilik, erkinlik, kamtarlik, olijanoblik, tinchlikparvarlik, yengiltaklik, do‘stlik, mehr-muruvvatlilik, e'tiqod, teran fikrlash kabi tushunchalarga ta'rif berilgan. Aristotel e'tiqodlilik, andishalilik, oilaga muhabbat, halollik, ezgulik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, ota-onalarga mehr oqibatli bo‘lish, hushyorlik, ziyraklik, adolatlilik kabi ma'naviy axloqiy fazilatlarga ega bo‘lish har qanday jamiyat, davlat va xalqning eng katta boyligi, kuch-qudrati manbalaridan biri deb hisoblaydi. Uning fikricha, biron bir narsaga ega bo‘lishdan maqsad undan foydalanishdir. Ko‘zga ega bo‘lgan odam ko‘zini yumib yashamaydi, balki undan olamni ko‘rish uchun foydalanadi, quloq va shu kabilar haqida ham shu fikrni aytish mumkin. U inson uchun biror narsaga ega bo‘lish muhimmi yoki undan foydalanishmi, degan savolni o‘rtaga tashlab, albatta muhimi foydalanishdir, chunki foydalanish va faoliyat ko‘rsatish maqsadida u biror bir narsaga ega bo‘lishni istaydi,5 deb hisoblaydi.
Zardo‘shtning “Avesto” kitobida ham odamlarni imonli-e'tiqodli bo‘lishga, doimo pokiza yurishga, tanani ozoda tutishga, har qanday yomon niyat va so‘zlardan tiyilishga, yomon amallarda voz kechishga, nojo‘ya ishlarlardan yuz o‘girishga da'vat etadigan axloqiy qoidalar, o‘gitlar ko‘p. Kitobda “tanalaringiz haqida emas, balki qalbingiz haqida ko‘proq qayg‘uring”, “Har bir inson kuniga besh marta yuvinib, poklanib, quyoshni olqishlab sig‘inishi shart”6 degan qoida belgilangan.
Dostları ilə paylaş: |