Pedagogik fanlarning boshqa fanlar bilan aloqasi. Pedagogika fani inson tarbiyasi bilan shug'ullanganligi sababli, unga hamma fanlar ko'maklashishi tabiiydir. Inson tarbiyasining qaysi sohasini olib ko'rsangiz, u qaysidir fan bilan aloqadorlikda amalga oshiriladi, o'sha fanning qonun-qoidalariga suyanadi. Pedagogikaning metodologik asosi bilan nazariyasi va tarbiyadagi qonun-qoidalari bevosita falsafa fanining ta'sirida amalga oshiriladi. Abu Nasr Forobiy «Tal-xisu navomisi Aflotun» (Aflotun qonunlarining mohiyati) asarida inson kamolotining falsafa fanining ta'sirida rivojlanishini shunday ko'rsatgan edi: «Yaxshi fazilatga ega bo'lgan shahar aholisi eng bax-tiyor odam bo'lishi, qonunlarga ixtiyoriy bo'ysunishini ta'minlash uchun qonunlarni takomillashtirish, ulardagi qoidalarni mustahkam-lash zarurdir».
Pedagogikada ta'lim va tarbiya jarayonlarining turli jihatlarini o'rganishdan kelib chiqadigan bir qancha soha va bo'limlar mavjud. Ular:
1. Didaktika- bu o'qitishning maqsadi, vazifalari, tamoyilla-ri, usullari bilan shug'ullanadigan soha. Didaktika pedagogikaning ta'lim jarayonidagi umumiy qonuniyatlarini o'rganuvchi qismidir. Didaktika yunoncha so'z bo'lib, «didasko» - o'qitish, «didaskol» -o'rgatuvchi, degan so'zlardan kelib chiqqan. Muayyan bir fanga tadbiq etilgan didaktik qonuniyatlar, o'sha o'quv predmetining umumiy jihatlarini muayyanlashtiradi va ularda o'qitishning umumiy jihatlari namoyon bo'ladi.