Malaka - ongli xatti - harakatning avtomatlashtirilgan tarkibiy qismi. Yoki Malaka - bu faoliyat jarayonida uning biror bir elementini (ongning eng kam nazorati ostida) bajarish qobiliyatidir.
Ko’nikma va malakalar maqsadga yo’naltirilgan faoliyat jarayonida shakillanadi. Ularni mutahkamlash uchun uzoq vaqt bilim olish bilan bog’liq bo’lgan maxsus mashqlar talab qilinadi.
Ta’lim mazmunidagi asosiy narsa - zarur bilim va ko’nikmalarni mustaqil egallash, egallangan bilimlar haqida avval hosil qilingan ko’nikma va malakalar asosida vujudga keladigan amaliy va nazariy masalalarni hal etish qobiliyatini shakllantirishdan iboratdir.
Ta’lim jarayonida, bilimlar, ko’nikma va malakalar bir - biri bilan o’zaro uzviy bog’lansada, avvalgidek bilimlar yetakchi rol o’ynayveradi. Chunki o’quvchilar bilimlar asosidagina ko’nikma va malakalarning ma’lum doirasini egallaydilar.Bolalarga matematikaning to’rt amalini mashq qildirishdan oldin ularga sanoqni o’rgatish lozim. Lekin ko’nikma va malakalar ham o’z navbatida bilimlar egallash jarayoniga katta ta’sir ko’rsatadi.
Ma’lumot - olingan, hosil qilingan bilimlar, tarkib topgan ko’nikma, malakalar hamda tarkib topgan dunyoqarashlar majmuasi. Didaktikaning dolzarb muammolari:
1. Davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, yangi pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish va rivojlantirish.
2. Lotin alifbosi asosida o’zbek tiliga o’tish.
3. Mukammal o’quv darsliklari yaratish.
4. Ta’limning texnika vositalari. O’quv - moddiy baza, kompyuter bilan ta’minlash, ta’limda internet tizimini joriy etish.
5. Malakali ilmiy va pedagogik xodimlar tayyorlash.
6. Ta’lim jarayonida ommaviy axborot vositalarining mavqyeni oshirish, televideniya va radioning ta’lim dasturlari intellektuallashuvini ta’minlash.
Haqiqatdan ham ta’lim, o’qish va mustaqil bilim olish inson shaxsini tarbiyalash va rivojlantirishga qaratilgan bir - biri bilan uzviy bog’liq jarayondir. Inson shaxsini shakllantirish uchun unga ta’lim ya’ni ilm, bilim, saboq berish darkor. Ilmsiz bu jarayonni ro’yobga chiqarish mumkin emas. Inson shakllanishi, rivojlanishi uchun esa o’qishi, o’rganishi, mustaqil harakat qilishi shart. Buning uchun o’qituvchi insonning rivojlanishini ta’minlash uchun unga ta’lim berish, o’qitish, mustaqil harakatni amalga oshirish zarur. Bu vazifa pedagog tomonidan o’quvchining rivojlanish davrining ma’lum yillarida amalga oshirilib uning o’qishga bo’lgan ishtiyoqini hosil qilishi, kerakli ko’nikma, malakalar bilan qurollantirishi va nihoyat uning mustaqil bilim olishini tashkil etishi talab etiladi. Bu mas’uliyatli vazifa o’qituvchi tomonidan mohirona olib boriladi. Shuning uchun ta’lim, o’qish va mustaqil bilim olish o’quvchi shaxsini tarbiyalash va rivojlantirishga, kamol toptirishga qaratilgan ijtimoiy jarayondir. Bu ishlarni tashkil qilmasdan hayotni, jamiyatni rivojlantirish mumkin emas. Shuning uchun ta’lim, o’qish va mustaqil bilim olish o’quvchi shaxsini rivojlantirishning obyektiv zaruriy sharti hisoblanadi. Buni har bir o’qituvchi bilishi va amalda qo’llashi shartdir.
Pedagogik mashq Maktab tajribasida uchraydigan ba’zi jihatlarga baho bering.
Aksariyat o’qituvchilar pedagogik faoliyatda didaktikaning umumiy asoslarini nazariy-ilmiy jihatdan puxta o’zlashtiradi va o’z navbatida fanni o’qitishning usullarini maktab amaliyotida o’z o’rnida tadbiq etadi. Natijada o’quvchilar ta’lim tarbiyasida samarali natijalarni qo’lga kiritadi. Ba’zi o’qituvchilar esa didaktikaning umumiy asoslarini ilmiy o’zlashtirishiga qaramasdan shu fanni o’qitish usullarini yaxshi tadbiq qila olishmaydi. O’quvchilarning o’zlashtirishi talab darajasida bo’lmaydi.