Faoliyatning turli bosqichlarida xavfsizlik shartlarini tahlil qilish. Reja: 1. Xavflarni tahlil qilish usullari, xavfsizlikning tizimli tahlili 2. Iqtisodiy va ijtimoiy xavflar tahlili 3. Mehnatni muhofaza qilishda ergonomikaning ahamiyati 4. Xavfsizlikni ta’minlashda psixologiyaning ahamiyati 1. Xavflarni tahlil qilish usullari, xavfsizlikning tizimli tahlili Texnik va ijtimoiy-iqtisodiy omillarni hisobga olgan holda, xavfni baholash va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish sanoat xavfsizligini ta’minlash va mehnat xavfsizligini ta’minlashda muhim muammo hisoblanadi. Haqiqatan ham, xavfni noto‘g‘ri yoki past baholash katta avariyalarga olib kelishi mumkin, xavfni o‘ta yuqori baholash esa juda katta mablag‘ talab qiladigan xavfsizlik choralarini qo‘llashni talab qilishi mumkin. Bu esa ishlab chiqarish iqtisodiy samaradorligini pasayishiga yoki yo‘qqa chiqishiga olib kelishi mumkin.Mamlakatimizda va xorijda xavf-xatarlarni tahlil qilish juda ko‘p usullar bilan amalga oshirilishi mumkin. Ularning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.
1-usul. Xavfni baholashning sifatiy (muhandislik) usullari ularni yanada murakkab usullar bilan o‘rganish uchun xavf manbalarini aniqlashga qaratilgan. Ushbu muhandislik usullari miqdoriy hisob-kitoblar bilan mustahkamlanmaydi.
2-usul. Xavflarni ekspress baholash usullari ob’ektlarni xavflilik darajasi bo‘yicha kategoriyalarini aniqlashda foydalaniladi (yong‘in, portlash, kimyoviy, radiatsiya va boshqalar). Bunday usullarni qo‘llashning asosiy maqsadi xavf manbalarini aniqlash zarurati bilan bog‘liq. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ob’ektlarga xavfsizlik talablari qat’iyroq qo‘llaniladi.
3-usul. Xavflarni baholashning ehtimollik usullariga miqdoriy baholash usullari (matematik statistika usullari, matematik modellashtirish, simulyasiya va boshqalar) kiradi.
Xavflarni baholashning yuqorida sanab o‘tilgan usullari prognozning aniqligi va dastlabki zarur ma’lumotlarning miqdori bilan farq qiladi. Ushbu yoki boshqa usullarni qo‘llashda xavfni baholash maqsadlaridan kelib chiqiladi.
Rivojlangan mamlakatlarda murakkab xavfsizlik muammolarini hal qilishda xavf-xatar metodologiyasi keng tarqalgan bo‘lib, unda yuzaga keladigan hodisalar va ularning oqibatlari ehtimoli aniqlanadi. Ushbu metodologiyaning jozibadorligi, xavfning miqdoriy ko‘rsatkichlaridan foydalanib, potensial xavfni o‘lchash va turli xavflarni solishtirish mumkinligi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, xavf ko‘rsatkichi sifatida odamlarning o‘limi (yoki kutilayotgan zarar qiymat) bilan bog‘liq shaxsiy yoki ijtimoiy xavf qabul qilinadi.