Farzandlikka olish shartlari va tartibi
Reja:
Farzandlikka olish tushunchasi;
Farzandlikka olishda ustunlik huquqga ega bo`lish asoslari;
Farzandlikka olishni bekor qilish asoslari;
Farzandlikka olish tushunchasi
Voyaga yetmagan bolalarning huquq va manfaatlarini ta`minlash uchun ularni farzandlikka olishga yo`l qo`yiladi. Bolalarning manfaatlarini himoya qilish farzandlikka olishning asosiy shartidir. «Bola manfaatlari» deyilganda birinchi navbatda, uning jismoniy, ruhiy va ma`naviy rivojlanishi uchun to`laqonli sharoit yaratish tushuniladi. Farzandlikka olish mutlaq ixtiyoriydir.
Quyidagi shaxslar farzandlikka olish huquqidan mahrumdir:
ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan;
qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro`yxatda turuvchilar;
farzandlikka olinganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar;
qasddan sodir qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar.
Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o`n besh yoshdan kam bo`lmasligi shart, o`gay ota va o`gay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasnodir.
Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.
Farzandlikka olishda ustunlik huquqga ega bo`lish asoslari
Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega bo`ladilar:
turar joyidan qat`iy nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;
aka-uka, opa-singillarni ular o`rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
o`gay ota va o`gay ona;
O`zbekiston Respublikasi fuqarolari;
Kasallik, baxtsiz hodisa oqibatlarida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
Agar bola o`n yoshga to`lgunga qadar ham farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanib kelayotgan bo`lsa va ularni o`z ota-onasi deb e`tirof etsa, farzandlikka olish, garchi bola o`n yoshga to`lgan bo`lsada, uning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin. Farzandlikka olishda er va xotinning roziligi inobatga olinadi. Agar bola vasiylik yoki homiylikda bo`lsa uni farzandlikka olish uchun vasiy va homiysidan rozilik olish lozim. Muomala layoqatidan cheklanmagan ota-onaning farzandini farzandlikka olishda ularning rozili talab qilinadi.
Farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasi tomonidan beriladigan rozilik ikki xilda bo`lishi mumkin:
A) bolani ma`lum shaxs tomonidan farzandlikka olinishiga rozilik;
B) farzandlikka oluvchilarni tanlash ixtiyorini vasiylik va homiylik organlariga havola qilib berilgan rozilik.
Qonun ota-onaning o`z bolasini farzandlikka olinishiga roziligi yozma shaklda bayon qilinishini talab qiladi, rozilik oddiy yozma shakldami yoki notarial tartibda tasdiqlangan bo`lishi kerakmi-aniq ko`rsatilmagan.
Ota-onaning roziligisiz quyidagi hollarda farzandlikka olish mumkin:
ota-onaning kimligi noma`lum bo`lsa;
ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo`lsa;
ota-ona muomala layoqatsiz, bedarak yo`qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e`lon qilingan bo`lsa;
ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo`lsa.
Tuman, shahar hokimiyatining farzandlikka olishni rad etganligi ustidan farzandlikka olish haqida ariza bergan shaxs sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
Farzandlikka olinganligi to`g`risida tegishli hokim qaror chiqargandan so`ng, qaror nusxasi vasiylik va homiylik organi fuqarolik holati dalolatnomalariga o`zgartirish kiritirish to`g`risida iltimoslar bo`lsa, tegishli FHDYO organiga darhol yuborilishi lozim. Farzandlikka oluvchilar bolaning tug`ilishi qayd etilgan daftarga albatta uning ota-onasi deb yoziladi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 avgustdagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va tarbiyasiga olish (patronat) to`g`risida» gi nizomga ko`ra farzandlikka olingan bolaning tug`ilishi qayd etish daftariga zarur o`zgartirishlar kiritilgan kun farzandlikka olinishning vujudga kelgan vaqti hisoblanadi.
Bolaning otasi ismi o`zgartirilishi qonunda uzil-kesil hal qilingan bo`lsa, uning familiyasini, ismini, shuningdek, zarur hollarda, tug`ilgan sanasi ham bir yildan ortiq bo`lmagan farq bilan o`zgartirish farzandlikka oluvchining erkiga bog`liq.
1993 yil 3 sentabrda qabul qilingan «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi qonunning 19-moddasiga muvofiq boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo`lgan voyaga yetmagan bolalar farzandlikka olinganlarida ham bu huquqni saqlab qoladilar.
Farzandlikka olish quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topiladi:
farzandlikka olish qalbaki hujjatlar asosida rasmiylashtirilgan bo`lsa;
farzandlikka olish sohta bo`lsa;
voyaga yetgan shaxs farzandlikka olingan bo`lsa;
farzandlikka oluvchi qonunga nisbatan farzandlikka olish huquqiga ega bo`lmagan bo`lsa.
Dostları ilə paylaş: |