O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS
TA’LIM VAZIRLIGI ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT
DAVLAT O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI O‘ZBEK
FILOLOGIYASI FAKULTETI
QARSHIYEVA FERUZA ZAFAR QIZI
BITIRUV MALAKAVIY ISHI
MAVZU: “Mahbub ul-qulub” va “Guliston” asarlaridagi aforizmlarning
qiyosiy tahlili”
Ilmiy rahbar:
filologiya fanlari nomzdi, dotsent D.Yusupova
Toshkent-2018
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. Har bir davrning o‘z tarixi, o‘z qadriyatlari, butun
umr asragan e’tiqodiy qarashlari bo‘ladi. Va bu qarashlar, albatta, tabiiy ravishda
bu xalqning adabiyotida o‘z aksini topadi. Insoniyat yaratgan ma’naviy madaniyat
yaxlit bir butunlikni tashkil qiladi. Din, falsafa, adabiyot, san’at va hokazo-
bularning hammasi shu muazzam daraxtning shoxlari,
uning ildizi esa xalqning
ijodi, dunyoqarashi va fikriy kashfiyotlaridir. Qaysi bir xalqning og‘zaki yoki
yozma yodgorligini olib qaramaylik, unda bani bashar xotirasida saqlanib
kelayotgan asotir va afsonalar bilan bir qatorda hikmatlar qaymog‘i- insoniy
tafakkur tajribasining in’ikosini ko‘ramiz. Adabiyot ma’rifat bilan baqamti millatni
kelajakka yetaklaydi. Har bir “jamiyat taraqqiyotining asosi, uni muqarrar
halokatdan qutqarib qoladigan yagona kuch- ma’rifatdir”.
1
Ma’rifatli bo‘lish uchun
insondan nimalar talab etiladi?-Avvalo o‘z
tarixi va adabiyotini bilish, albatta.
Boisi olamning gultoji bo‘lgan inson faqatgina iymoni bilan emas,o‘tmishi va shu
o‘tmishni akslantirgan adabiyotini bilishi bilan ham insondir. Zero, moziyni
o‘rganish kelajakning porloqligini ta’minlash, degani. Shu o‘rinda O’zbekiston
Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat-
yengilmas kuch” asaridan olingan ushbu parchani alohida ta’kidlash lozim:
”Adabiyot, so‘z san’ati azaldan xalq qalbining ifodachisi, haqiqat va adolat jarchisi
bo‘lib kelgan”.
Nizomiddin Mir Alisher Navoiy jahon adabiyoti xazinasini o‘zining hassos
she'riyati, buyuk “Xamsa”si, fan sohalarining turli tarmoqlariga bag‘ishlangan boy
ilmiy merosi bilan boyitgan so‘z san'atkoridir. O‘z ijodiy merosida 26 mingdan
ortiq lug‘at boyligidan foydalangan bu buyuk daho mana besh asrdan oshibdiki,
asarlaridagi chuqur falsafiy mushohadakorlik, ma'no-mohiyatning keng ko‘lamligi
va nazmiy merosidagi fasohat dengizining bepoyonligi bilan jahon ahlini hayratga
solib keladi.Navoiy dahosi tufayli insoniyat tarixida dunyoning turli joylarida
1
Каримов И. Тарихий хотирасиз келажак йўқ.
– Т. : Шарқ, 1998. – Б. 7.
yashayotgan turkiy xalqlar yakqalam qilindi, millat ma'naviy
merosi umumjahon
xazinasidan mustahkam o‘rin oldi. Mustaqil O‘zbekistonda Navoiyni anglash
davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Respublikadagi eng yirik viloyatlardan biri va
uning markazi, O‘zbekiston Davlat mukofoti, O‘z RFA Til va adabiyot instituti,
opera va balet akademik teatri, O‘zbekiston Davlat kutubxonasi,
Samarqand
Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-ma'rifiy muassasalar, jamoa
xo‘jaliklari ulug' shoir nomi bilan ataladi.
Navoiy, nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo, Sharq-u G‘arb xalqlarini
o‘ziga rom etgan shoir. U kishining asarlarini hamma birdek sevib o‘qiydi.
Birinchi prezidentimiz I.A.Karimov "Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch"
asarida bu haqda shunday yozgan edilar: "O‘zbek xalqi ma'naviy dunyosining
shakllanishida g‘oyat kuchli va samarali ta'sir ko‘rsatgan ulug‘ zotlardan yana biri
- bu Alisher Navoiy bobomizdir. Biz uning mo‘tabar nomi, ijodiy merosining
boqiyligi, badiiy dahosi zamon va makon chegaralarini bilmasligi haqida doimo
faxrlanib so‘z yuritamiz. Alisher Navoiy
xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy
madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy
adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning g‘ururi, sha'nu sharafini
dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san'atkoridir. Ta'bir joiz bo‘lsa,
olamda
turkiy va forsiy tilda so‘zlovchi biron bir inson yo‘qki, u Navoiyni bilmasa,
Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e'tiqod bilan qaramasa"
2
.
Navoiyning "Xazoyin ul-maoniy", "Devoni Foniy", "Nazm ul-javohir" kabi
she'riy asarlari, "Xamsa", "Lison ut-tayr" kabi dostonlari, "Mahbub ul-qulub",
"Tarixi muluki Ajam", "Tarixi anbiyo va hukamo", "Nasoyim ul- muhabbat" kabi
asarlarida inson odobi, xulq-atvori,
yaxshilik va yomonlik, vafo va xiyonat,
rostgo‘ylik va yolg‘onchilik, saxovat va baxillik, adolat va zulm kabi ko‘plab
tushunchalar tasvirlab berilgan. Bu asarlardagi har bir mavzu yetuk, komil
insonlarni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Navoiy "Xamsa"si, "Lison ut-tayr",
"Mahbub ul-qulub", "Tarixi anbiyo va hukamo", "Tarixi muluki Ajam" asarlarida
2
Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch. Toshkent: "M'anaviyat", 2008. 47-bet.
ko‘plab hikmatlar bor. Bu hikmatlarning barchasida buyuk mutafakkirning olam
va odam,
Yaratgan va yaratilmish, o‘lim va hayot bilan bog’liq qarashlari aks
etadi. Ushbu hikmatlarning barchasini alohida-alohida o‘rganish, ularning
manbalarini aniqlash, mavzularini yoritish, yoshlar tarbiyasidagi o‘rnini ko‘rsatish
muhim ishlardan. Navoiyning hayotining so‘ngida yaratgan “Mahbub ul-
qulub”asari ana shunday hikmatlar majmuasi bo‘lib, uch qismdan iborat. Birinchi
qismda insonlar xulq-atvorida uchraydigan yaxshi-yomon xislatlar va illatlar
haqida fikr yuritiladi. Ikkinchi qismda tasavvufiy allomalar va ular hayoti bilan
bog‘liq hikoyatlar uchraydi. Uchinchi qismda pand-nasihat ruhidagi127 ta
tanbeh kiritilgan.
Ushbu bitiruv malakaviy ishida “Mahbub ul-qulub”dagi aforizmlar, yani
hikmatlarni o’rganish asosiy mavzu qilib olindi. Ushbu
hikmatlarni buyuk Sharq
mutafakkiri Sa’diy Sheroziyning ”Guliston” asaridagi aforizmlar bilan qiyosan
o‘rganish adabiyotshunoslikda maxsus tadqiq obyekti bo’lmaganligi bitiruv
malakaviy ishimiz mavzuining dolzarbligini belgilaydi.