G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar



Yüklə 70,27 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə1/2
tarix30.03.2023
ölçüsü70,27 Kb.
#124576
  1   2
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar



G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar 
G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar 
Reja:
1. So'z boshi 
2. Antik davr adabiy tanqidiy tafakkuri
3. O'rta asrlarda adabiy-estetik tafakkur 
So'z boshi 
Qo'lingizdagi kitob talabalarni yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri tarixi bilan tanishtirish yo'lidagi 
bir urinishdir. Ushbu masalani o'rganish uchun o'zbek tilidagi manbalarning juda kamligini 
e'tiborga olib, unga ikki qismdan iborat qilib tartib berish maqsadga muvofiq ko'rindi. Kitobning 
birinchi qismida yevropa madaniyati tarixidagi to'rtta bosqich - antik davr, o'rta asrlar, Uyg'onish 
davri va XVII asrdagi adabiy tanqidiy tafakkur rivoji haqida ma'lumot beruvchi muxtasar 
ocherklar havola etiladi. Kitobning ikkinchi qismi majmua tarzida tuzilgan bo'lib, unga kiritilgan 
materiallarning aksariyati tuzuvchilar tomonidan tarjima qilingan va ilk bor o'zbek tilida chop 
etilayotir. Shu bilan birga, hozirda matnlarni topish imkoniyati ancha cheklanganini hisobga olib, 
majmuaga Oybek, M.Mahmudov, J.Kamol tomonidan qilingan tarjimalardan ham parchalar 
kiritildi.
Aytish joizki, kichik ocherk doirasida katta bir davrni to'la yoritish mumkin bo'lmaganidek, 
majmuaga ham ko'plab mualliflarni kiritish imkoni bo'lmadi: bir tomoni - hajm, ikkinchi tomoni, 
mavzuga oid ko'plab manbalarni hozircha topib bo'lmadi. Shu bois qo'llanmaning hozirgi holati 
bilan qanoatlanib, uni keyincha to'ldirib borish niyatida qolib turamiz. Umid qilamizki, 
o'quvchilar ilk tajribamizdagi nuqsonlarni ma'zur tutib, o'qish jarayonida tug'ilgan e'tirozlari, 
xolis taklif va mulohazalarini biz bilan o'rtoqlashadilar, bu esa keyingi nashrlarning 
mukammallashib borishiga xizmat qiladi. 
Antik davr adabiy tanqidiy tafakkuri 
Adabiyotning o'zini anglash ehtiyoji uning o'ziga egiz tug'ilgan, desak, aslo mubolag'a 
bo'lmaydi. Negaki, badiiy ijod tabiati, adabiyotning mohiyati va vazifalari haqidagi o'y-
mulohazalar bizgacha yetib kelgan eng ko'hna yozma manbalarda ham uchraydi. Shuni ham 
qayd etish lozimki, ko'hna yozma manbalar orasida ilmiy muomalada kengroq ommalashgani va 
chuqurroq o'rganilgani qadimgi yunon-rim yozma yodgorliklaridir. Shu bois ham qadimiyat 
haqida so'z ketganda ko'proq shu manbalarga tayaniladi. Holbuki, qadim Shumer yoki Misr, 
Xitoy yoki Hind madaniyati ahamiyati jihatidan aslo kam emas, biroq yuqoridagi sabablarga 
ko'ra ularni istifoda etish hozircha qiyinroq. Masalaning yana bir jihatini ham e'tiborda tutmoq 
zarur: aslida, agar folklorning yozma adabiyotdan qadimiyligini e'tiborga olsak, adabiyot 
haqidagi qarashlarning ildizlari xalq og'zaki ijodidan suv ichishi tayin. Biroq bu haqiqatni e'tirof 


etgan holda, xalq og'zaki ijodi namunalarining yozuvda muhrlanishi keyingi davrlarda amalga 
oshgani, bunga qadar ularning qadimiy matni saqlanmaganini hisobga olib, yana yozma 
manbalarga qaytishga majbur bo'lamiz.
Antik yunon madaniyatining arxaik davrlariga mansub Gomer, Gesiod, Pindar singari 
ijodkorlarning asarlaridayoq adabiyot haqidagi qarashlarga duch kelinadi. Aniqrog'i, bu asarlar 
mualliflarning adabiyotni qanday tushunganlari haqida tasavvur bera oladi. Tabiiyki, bu 
qarashlar mualliflarining dunyoqarashlariga mos edi. Qadimgi yunonlarning tasavvurlariga ko'ra, 
olamning tuzilishi anchayin sodda: Olimpda - xudolar, yerda odamlar yashaydi, olam shu 
ikkisining birligidan tashkil topadi. Ularning e'tiqodicha, Olimp xudolari yerdagi hayotni yo'lga 
solib turishadi, yana ham aniqrog'i, ular Olimpdagi tartibotlarni yerdagi tartibotlarga monand 
tasavvur etishgan. Masalan, ularning e'tiqodiga ko'ra, yerdagi har bir kasbning o'z ilohi bor. 
Jumladan, san'at ilohi - Apollon, Olimpda undan boshqa yana ko'plab ilohalar - Muzalar borki, 
ular odamni ijodga ilhomlantiradi. Shu bois ham, masalan, Gomerning "Iliada"sida o'sha 
muzalarga qayta-qayta murojaat qilinadi. Bir o'rinda Gomer "Olimp xudolari har yerda hozir va 
ko'k gumbazi ostidagi har nedan voqif" ekanini e'tirof etarkan, "biz (ya'ni, odamlar - mual.) 
hyech narsani bilmaymiz" deydi. Gomer Muzalardan o'tinib "danayaliklarning sardorlari kimlar" 
bo'lgani, "Troya ostonasiga kelgan jangchilarning barini eslatib" qo'yishlarini so'raydi. Ko'rib 
turganimizdek, Gomer san'atda hamma narsani ilohlar hal qiladi, ilohlar suyib saylagan 
kishilargina san'atkor bo'la oladi, san'atkor ilohlar "diliga solgan" narsalarnigina kuylay oladi, 
deb hisoblaydi. 
Adabiyotning vazifalari, uning insonga ta'siri masalalariga ham juda qadim zamonlardayoq 
diqqat qilingan. Bu haqda Gesiodning (mil.av.VII-VI asrlar) "Teogoniya" asarida fikr bildiriladi. 
Uning aytishicha, "Muzalar suygan kishi tolelidir", shunday kishining "lablaridan uchgan sas 
bag'oyat totlidir". Agar kishi dilini "nogahoniy qayg'u qoplasa, ko'nglini g'am-anduh 
kemirayotgan bo'lsa, Muzalar xizmatchisining qo'shig'ini tinglash kifoya: butun qayg'u 
hasratlarini unutadi".
Agar arxaik davrda adabiyotni, badiiy ijodni ilohiy deb tushunish ustuvorlik qilgan bo'lsa, yunon 
madaniyatining klassik davriga (mil.av. V-IV asrlar) kelib yozuvchi mehnatiga bir kasb sifatida 
qarash ustuvorlik qila boshladi. Yunonlarda mohir ustaning biron kasb sohasidagi faoliyati 
"texne" deb yuritilgan bo'lib, bu so'z "mahorat", "hunar", "san'at" kabi ma'nolarni anglatadi. Bu 
davrga kelib so'z san'ati ham "texne" sirasiga kiritildi. Bu xil qarashning paydo bo'lishi 
ritorikaning maxsus fan sifatida tezkor rivojlanishi bilan bog'liq edi. O'z navbatida, ritorikaning 
taraqqiy etishi antik Gretsiyada notiqlik san'atining ulkan ahamiyat kasb eta boshlagani bilan 
izohlanadi. 
Darhaqiqat, bu davrga kelib antik Gretsiyada davlat-boshqaruv ishlarida notiqlik san'ati o'ta 
muhim ahamiyatga ega bo'lib ulgurgan edi. Davlat ahamiyatiga molik muhim masalalarning qay 
yo'sin hal qilinishi, jamiyat hayotiga bevosita aloqador biron bir tadbirning joriy etilishi yoki rad 
qilinishi, sudlov ishlarining qanday ajrimga kelishi - bularning bari muhokama jarayonida 
masala mohiyatining qanday yetkazib berilishiga ko'p jihatdan bog'liq edi. Albatta, bunday 
sharoitda nutq qurilishi, uni mantiqli, izchil, ta'sirli qilish yo'llarini o'rganuvchi maxsus fanning 
rivojlanishi tabiiy. Muhimi, bu fan adabiyotning asosi - nutqni o'rganishga qaratilgan, bas, 
notiqlik san'ati bo'yicha bildirilgan fikrlar adabiyotga bevosita aloqador edi.
O'z faoliyatlarida ritorika masalalariga katta e'tibor qaratgan yunon sofistlarining bu boradagi 
xizmatlari salmoqli. Jumladan, ulardan biri - ritorika fani asoschilaridan sanaluvchi Protagor 
(mil.av.480-410 yy.) nutqning tinglovchiga huzur bag'ishlashi yoki tasavvurida o'tmishni 
jonlantirishining o'zi kam, u tinglovchi tasavvurlarini notiq istaganidek o'zgartirishi, 
shakllantirishi lozimligini ta'kidlaydi. E'tibor berilsa, bu o'rinda adabiyotga xos g'oyaviy 


yo'naltirilganlik, kommunikatsiyaga (jumladan, badiiy kommunikatsiyaga) xos apellyativ 
maqsad haqida so'z borayotgani anglash qiyin emas. Yoki boshqa bir sofist - Gorgiy (mil.av.483-
375 yy.) poeziyada "so'z qalbni o'zgalar kulfatiyu shodligini o'zinikidek his etishga majbur 
qilishi"ga diqqat qiladi. Ko'rib turganimizdek, Gorgiy badiiy tilning emotsionalligi, badiiy 
retsepsiya jarayonidagi hamdardlik ("soperejivanie"), qahramonlar ruhiga kirish ("vjivanie") 
singari adabiyotshunoslik, umuman, estetikaning muhim masalalariga e'tibor qilgan. Qadimgi 
Gretsiyadagi ilk notiqlik maktabiga asos solgan Isokrat (mil.av.436-338 yy.) o'z faoliyatida 
ko'proq yozma nutq xususiyatlarini o'rgandi. Shundan bo'lsa kerak, u til normalarini ishlab 
chiqish, lug'at tarkibini tasniflash kabi masalalarga ayricha e'tibor beradi. Isokrat taklif etgan 
tasnifga ko'ra, so'zlar uch guruhga bo'linadi: "yangi", "xorijiy" va "ko'chma ma'noli". Isokrat va 
uning shogirdlari nutq oldiga bir qator talablarni qo'yadilar. Masalan: nutq ravon bo'lishi lozim, 
buning uchun esa unlilarning yondosh kelishiga yo'l qo'ymaslik kerak; fikrning yarmisinigina 
ifodalash kerak, biroq shundayki, qolgan yarimi tinglovchiga shundoq ham tushunarli bo'lsin; 
proza butkul proza bo'lmasin, bu holda u quruq bo'lib qoladi, biroq uning to'la vaznli bo'lishi 
ham nomaqbul - ko'zga yaqqol tashlanib qoladi va boshq. 
Sofistlarning faoliyati tamomila amaliy yo'naltirilgan, ya'ni muhokamalarda tinglovchilar fikrini 
shakllantira oladigan notiqlar tayyorlash, shunga muvofiq nutq irod qilish yo'llarini o'rganish va 
o'rgatishdan iborat edi. Shu bois ham ular nutqning ifodali bo'lishi bilan birga dalilli bo'lishiga 
ham jiddiy e'tibor berganlar. Jumladan, ular voqyelikni tasvirlash, fikrni dalillashda "haqiqatga 
o'xshashlik", "ehtimollik" ("eykos") prinsipiga amal qilganlar. Bu prinsipga ko'ra muayyan 
voqyea, shaxs yoki uning xatti-harakati haqida tinglovchilarda notiqqa kerak bahoni hosil qilish 
birlamchi, haqiqat esa ikkilamchi bo'lib qoladi. Natijada sofistlar faoliyatida "notiqlik notiqlik 
uchun" qabilidagi holat yuzaga keladiki, bu antik davrdayoq qattiq tanqidga uchragan. Shunga 
qaramasdan, sofistlarning adabiy tanqidiy tafakkur rivojidagi xizmati katta. Adabiyotni kasb deb 
tushunib, texnik tomonlariga ko'proq e'tibor qilganlari uchun ham sofistlar uni inson faoliyati 
mahsuli deb bildilarki, bu esa, A.F.Losev aytmoqchi, "naturfilosofiyaning kosmologizmidan 
sub'ektiv antropologizmga o'tishning ilk bosqichi" edi.
Qadimgi Gretsiyadagi estetik qarashlarning muayyan tizimga solinishi ko'p jihatdan buyuk 
faylasuflar - Platon va Aristotel nomlari bilan bog'liqdir. 
Platon san'at narsaning mohiyatiga yetish, haqiqatni bilish imkonidan mahrum, chunki u 
narsaning o'ziga emas, u haqdagi tasavvur - narsaning soyasiga taqlid qiladi, deb hisoblaydi. 
Bundan tashqari, faylasuf fikricha eng yomoni ham shu, taqlidiy poeziya hayotdagi yuksak 
narsalar bilan bir qatorda tuban narsalarni ham aks ettirishi mumkinki, keyingi hol tufayli "hatto 
haqiqiy insonlarning ma'naviyatiga ham putur yetkazadi". Xo'sh, qanday qilib? Platon o'qish 
(tinglash, tomosha qilish) davomida kishi qahramonlarga hamdard bo'lishi, ularga "poetik taqlid 
qilishi"ni, xuddi shu jarayonda uning dilida ham ayni damda qahramonlarda kechayotgan ehtiros 
va mayllar uyg'onishini aytadi. Holbuki, boshqa sharoitda bu ehtiros va mayllar aql tomonidan 
so'ndirib kelinadi, taqlidiy poeziya esa ularni uyg'otadi, "sug'oradi". Shulardan kelib chiqib 
Platon shogirdi Glavkonga "Gomerni ulug'lab, bu shoir Elladani tarbiyalagan" deguvchilarga yon 
berishni tayinlaydi, ayni paytda, "bizning davlatimizga poeziya faqat xudolarga madhiya va ezgu 
kishilarga maqtov bo'lgani uchungina kiritiladi" deb uqtiradi.
Ko'ramizki, Platon ta'limotida, xususan, uning tasavvuridagi ideal davlatda san'at va adabiyotga 
ikkinchi darajali rol ajratiladi, unga bir vosita sifatidagina qaraladi. Bu, albatta, bejiz emas. 
Avvalo shuki, Platonning ijodiy faoliyati qadimgi Gretsiya davlatchiligi - "polis demokratiyasi" 
inqirozga yuz tutgan davrga to'g'ri keladi. Shunday ekan, faylasufning ideal davlat haqida 
maxsus asar yaratishga qo'l urishi shaxsiylangan ijtimoiy zarurat natijasi deb qaralishi mumkin. 
Tabiiyki, davlatchilikdagi inqiroz jamiyat a'zolarining ma'naviy-axloqiy qiyofasida ham jiddiy 
o'zgarishlar yasaydi, yana ham aniqrog'i, bu ikkisida inqiroz bir-biriga uzviy bog'liq holda, biri 


ikkinchisini taqozo etgan va keltirib chiqargan holda kechgan. Bunday sharoitda, birinchidan, 
Platonning ideal davlatdagi tarbiya masalasiga ayricha e'tibor qilishi, ikkinchidan, ilgarigi 
qadriyatlarga tanqidiy munosabatda bo'lishi (masalan, Gomer ijodi va uning ahamiyati 
masalasida) ham tabiiy va zaruriydir. 
Platonning adabiy-estetik qarashlari uning boshqa muammolarga bag'ishlangan asarlarida o'z 
ifodasini topgan. Tabiiyki, bu holda san'at va adabiyot masalalari asosiy muammo nuqtai 
nazaridan qo'yiladi, yoritiladi va baholanadi. Masalan, poeziyaning mohiyati, taqlid qilish yoki 
ifoda usullari masalalariga to'xtalishdan ko'zlangan maqsad - uning davlat tizimidagi o'rni, 
ahamiyati haqidagi yuqoridagicha qarashlarini asoslash. Zero, shogirdlar bilan suhbat yo'sinida 
qurilgan asarda "tom ustiga tom bosib" borish, har jihatdan asoslab tushuntirishga intilish ham 
tabiiy. Shu yo'ldan borgan faylasuf adabiyotshunoslik uchun muhim ko'plab masalalarni 
muhokama qiladi, qimmatli fikrlarni bayon qiladi. Uning adabiy turlar masalasidagi qarashlari, 
hyech shubhasiz, shunday fikrlar sirasiga kiradi.
Birinchi bo'lib adabiyotni turlarga ajratgan Platon tasniflash asosi sifatida taqlid qilish usulini 
oladi. Unga ko'ra, "shoir va roviylar nima haqda gapirmasin, bu yo o'tmish, yo hozir va yo 
kelajak haqidagi hikoya" bo'ladi. Hikoya qilish esa "yo oddiy rivoya, yo taqlid qilish vositasida 
va yo ikkisining birligi asosida amalga oshishi mumkin. Shu o'rinda Platon "taqlid qilish" 
deganda nimani nazarda tutishini aniqlashtirib olish foydadan holi emas. Platon shoir yoki roviy 
o'zganing tilidan aytgan nutqni - personajlar nutqini taqlid qilish deb biladi. Chunki bu holda 
shoir yoki roviy "o'z nutqini o'sha personaj nutqiga imkon qadar o'xshatishga harakat qiladi, ya'ni 
taqlid qiladi. Shulardan kelib chiqqan holda Platon aytadiki, "poeziya va mifnavislikning bir turi 
to'laligicha taqliddan tarkib topadi - bu, sen aytgandek, tragediya va komediya; boshqa turi 
to'laligicha shoirning aytganlaridan iborat - buni ko'proq difiramblarda topasan; epik poeziya va 
boshqa ko'plab xillarda bu ikkala usul" qorishiq holda keladi. Ko'rib turganimizdek, bu o'rinda 
uchta adabiy tur - drama, poeziya va eposga xos xususiyatlar farqlanadi. 
Platonning qarashlari, garchi u san'at va adabiyotga oid maxsus asar yaratmagan esa-da, adabiy-
estetik tafakkur rivojiga sezilarli hissa bo'lib qo'shildi. Platon adabiyotga ma'naviy-axloqiy 
me'yorlar nuqtai nazaridan yondashdi, shu mavqyedan o'zigacha yaratilgan boy adabiy manbani 
tanqidiy o'rgandi, adabiyotning mohiyati va vazifalari, badiiy shakl va mazmun, badiiy asarni 
qabul qilish jarayoni, uning inson ongi va ruhiga ta'siri kabi qator muhim muammolar yuzasidan 
qimmatli fikrlarni bayon qildi. Uning falsafiy, adabiy-estetik qarashlari keyingi davrlar 
adabiyotshunosligida muhim manba bo'lib xizmat qildi: ayrimlar uning fikrlarini rivojlantirib, 
boshqalari muxolif mavqyeda turib adabiy tanqidiy tafakkurni boyitdi.
Platonning shogirdi Aristotelning (mil.av.384-322 yy.) adabiyot, san'at haqidagi qarashlari 
adabiy tanqidiy tafakkur taraqqiyotida katta ahamiyatga egadir. Uning "Poetika" asari antik 
davrlardan bizgacha yetib kelgan so'z san'ati haqidagi ilk maxsus tadqiqot sanaladi. Shuni ham 
aytish kerakki, faylasufning adabiy-estetik qarashlari birgina "Poetika"da emas, boshqa 
masalalarga bag'ishlangan asarlarida ham o'z aksini topgan. Jumladan, "Etika" asarida Aristotel 
san'atning mohiyati masalasiga to'xtaladi. Faylasuf san'atning ijodiy tabiati, uning har vaqt 
"yaratish" tushunchasi bilan bog'liqligini ta'kidlaydi. San'atni "muzalar uyg'otgan ilhom natijasi" 
deb bilgan ustozi Platondan farqli o'laroq, Aristotel uni "ong tomonidan boshqariladigan ijodiy 
qobiliyat" mahsuli deb ta'riflaydi. Shu tariqa uning estetik ta'limotida inson markazga qo'yiladi, 
unga ko'ra, san'atning ibtidosi uning yaratuvchisi - san'atkorning o'zidadir. Faylasufning fikriga 
ko'ra, san'atda ijodiy qobiliyatning muhim elementi - badiiy fantaziya, badiiy to'qima muhim 
o'rin tutadi, shunga ko'ra, "ongli ravishda adashadigan" (ya'ni, fantaziya, to'qimaga yo'l qo'ygan) 
san'atkor qadrliroq sanaladi. Aristotel ta'limotida "san'atkor", "san'at", "san'at asari" 
tushunchalari bir-biriga uzviy bog'liq holda talqin qilinadi. Masalan, u san'atda mukammallikka 
erishmoqni mahorat derkan, san'at asarining mukammaligi mahorat bilan bog'liqligini 


ta'kidlaydi. Platon singari, Aristotel ham adabiyot va san'atning tarbiyaviy ahamiyati kattaligini 
e'tirof etadi, shu bois ham o'zining davlat haqidagi ta'limoti jamlangan "Siyosat" asarida bu 
masalaga maxsus to'xtaladi. 
Aristotelning "Poetika"si so'z san'atiga bag'ishlangan maxsus tadqiqot ekanligi, unda 
faylasufning adabiy-estetik qarashlari muayyan tizim holida ancha to'liq ifodasini topganligi 
bilan qimmatlidir. Afsuski, asar matni to'la emas: poeziyaning tabiati haqidagi umumiy 
mulohazalar bildirilgan va, asosan, tragediya janri tadqiq qilingan dastlabki qismigina bizgacha 
yetib kelgan; epos, lirika va komediyaga bag'ishlangan keyingi qismlari saqlangan emas.
Aristotel ham, Platon singari, san'atning mohiyatini belgilovchi xususiyat sifatida 
taqlid(mimesis)ni ko'rsatadi. Biroq, ustozidan farqli o'laroq, Aristotel taqlidga juda katta 
ahamiyatga molik narsa sifatida qaraydi. Agar Platon taqlidiy san'atlar, jumladan, so'z san'ati 
haqiqatni bilish imkoniyatidan mahrum deb hisoblasa, Aristotel taqlidni bilishning usullaridan 
biri sifatida tushunadi: "Ko'rinadiki, poeziyani ikkita omil vujudga keltirgan, bu ikki omil ham 
tabiiy. Axir insonlarda taqlid qilish - bolalikdan tug'ma xususiyat, ular boshqa mavjudotlardan 
shunisi bilan farqlanadi, zero, inson taqlid qilishga boshqalardan ko'ra ko'proq qobil va shu yo'l 
bilan u dastlabki bilimlarni hosil qiladi". Aristotel fikrini davom ettirib, juda qadim zamonlarda 
ham taqlid qilish iqtidoriga (shuningdek, ritm va uyg'unlik tuyg'usiga) ega kishilar bo'lganini, 
ular buni asta-sekin rivojlantirib, "improvizatsiyadan haqiqiy poeziyani" vujudga keltirganlarini 
aytadi. Bundan ko'rinadiki, o'z vaqtida Aristotel so'z san'ati xalq og'zaki ijodidan, folklorning 
sinkretik shakllaridan ajralib chiqqaniga ishora qilgan ekan. 
Aristotel san'atlarni "nima bilan", "nimaga" va "qanday" taqlid qilishiga ko'ra farqlaydi. Aytish 
kerakki, hozirgi estetikada ham ayni shu xil tasnif tamoyili asos sifatida saqlanib qolgan. Agar 
birinchi jihat - "nima bilan" taqlid qilish asosida musiqa, raqs, haykaltaroshlik, adabiyot kabi 
san'at turlari farqlansa, ikkinchi jihat - "nimaga" taqlid qilish asosida etik va estetik belgilari 
ajratiladi. Uchinchi jihat - "qanday" taqlid qilish asosida Aristotel adabiy turlarni bir-biridan 
farqlaydi. Unga ko'ra, taqlid "... voqyeani, Gomerga o'xshab, o'zidan tashqaridagi narsadek 
hikoya qilish orqali; yoki shundayki, taqlid qiluvchi qiyofasini o'zgartirmagan, o'z-o'zicha qolgan 
holda; yoki barcha tasvirlanayotgan shaxslarni harakat qilayotgan, faoliyatdagi kishilar sifatida 
taqdim etgan holda" amalga oshishi mumkin. To'g'ri, bir qarashda Platon va Aristotelning 
turlarga ajratish prinsiplari bir xildek ko'rinishi mumkin. Biroq, e'tibor qilinsa, Platon ko'proq 
nutq shakliga tayansa, Aristotel taqlidchi va taqlid qilinayotgan ob'ekt munosabatiga tayangani 
ko'rinadi. Keyinroq Aristotel qarashlari Gegel ta'limotida rivojlantirilgani, hozirda ham 
adabiyotni turlarga ajratishda yuqoridagi ikki prinsip, asosan, saqlangani e'tiborga olinsa, bu ikki 
faylasufning adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotida nechog'li katta o'rin tutishi yorqinroq 
anglashiladi.
Aristotel moddiyun falsafasiga juda yaqin kelgan mutafakkir sifatida ta'riflanadi. Shu sababli 
ham uning qarashlari, bunga yuqorida ham qisman to'xtaldik, Platon qarashlaridan qator muhim 
nuqtalarda jiddiy farqlanadi. Jumladan, umumiy ("ideya") va xususiy ("narsa") munosabati 
masalasida bu narsa yaqqol ko'zga tashlanadi. Platon "ideya"ni narsadan butkul tashqarida deb 
bilsa, Aristotel "ideya"ni narsadan ajratmaydi. Shunga muvofiq, u umumiy ("ideya") 
xususiy("narsa")da namoyon bo'ladi deb hisoblaydi. Xuddi shu qarash adabiyotga ham tadbiq 
etiladi: "Haqiqatda, tarixchi va shoirning farqi birining vaznli, ikkinchisining vaznsiz nutq bilan 
gapirishida emas (axir Gerodot asarini vaznli nutqqa o'tkazish mumkin, shunga qaramay, vaznli 
yoki vaznsiz bo'lsin, u tarixligicha qoladi), farqi shundaki, biri haqiqatda yuz bergan hodisalar 
haqida, ikkinchisi yuz berishi mumkin bo'lgan hodisalar haqida hikoya qiladi. Shuning uchun 
ham poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq, jiddiyroq: poeziya umumiyni, tarix esa xususiyni 
ifodalaydi". 


"Poetika"ning ilmiy qimmatini belgilagan narsa shuki, undagi nazariy umumlashmalar, ishlab 
chiqilgan talablar qadimgi yunon adabiyotining boy materiali tahliliga tayanadi. Ikkinchi muhim 
jihat esa unda izchil, tizimli fikr yuritilgani, qo'yilgan har bir masala bo'yicha yaxlit ilmiy 
konsepsiyaning ifodalanishi bilan belgilanadi. Masalan, tragediya janriga to'xtalarkan, Aristotel 
avvalo uning janr spetsifikasini belgilab oladi, so'ng uni tashkil qilayotgan tarkibiy qismlar - 
voqyea (mif), fabula, xarakter, til va uslub kabi masalalarni navbati bilan bir-bir ko'rib o'tadi, 
muhimi, har birini butun tarkibidagi o'rni nuqtai nazaridan o'rganarkan, boshqa unsurlar bilan 
o'zaro munosabatini nazardan qochirmaydi. Bu xususiyatlar "Poetika"ning adabiyotshunoslikka 
oid qadimiygina emas, chin ma'noda mumtoz asarligidan dalolatdir.
Aristotelning yana bir asari - "Ritorika" notiqlik san'atiga bag'ishlangan bo'lib, bizga qadar 
nisbatan to'liqroq holda yetib kelgan. Asarda notiqlik san'ati bilan bog'liq holda qo'yilgan 
masalalar adabiyotshunoslikka bevosita aloqadordir. Masalan, notiqlik san'atida dalillash yo'llari 
haqida bildirilgan fikrlar yoki inson fe'l-atvori, his- tuyg'ularining u egallagan mavqye, yosh 
xususiyatlari, konkret hayotiy holat kabi omillarga bog'liqligining misollar bilan ochib berilgani - 
bular badiiy ijodda ham, badiiy asarni o'qishda ham, tahlil qilishda ham birdek ahamiyatlidir. 
Asarda badiiy til, uslub masalalariga ancha keng o'rin berilgan bo'lib, muallif bu yo'nalishda 
ritorika fani erishgan yutuqlarni umumlashtirishga intiladi, ilk bor til normalarini ishlab chiqadi. 
Shunday qilib, qadimgi yunon adabiyotining katta bir davrida to'plangan ijodiy tajriba, adabiy-
estetik qarashlarni umumlashtirib, tizim holidagi ta'limot shakliga solish vazifasi Aristotel 
chekiga tushdi va faylasuf bu vazifani sharaf bilan uddaladi. Aristotel adabiy-estetik tafakkur 
taraqqiyotida o'ziga xos bir marra bo'lib qoldiki, ba'zi mutaxassislarning "Aristotelgacha bo'lgan 
davr" va "Aristoteldan keyingi davr" tarzida mulohaza yuritishlari ham bejiz emas. Darvoqye, 
aslida ham shunday. Zero, Aristotelning ijodiy faoliyati yunon madaniyati klassik davrining 
oxiriga to'g'ri keladi, undan keyin qariyb sakkiz yuz yil davom etgan ellinizm davri boshlanadi.
Makedoniyalik fotihlarning yurishlari Qadimiy Gretsiyadagi polis demokratiyasiga asoslangan 
davlatchilikka barham berdi. Dunyoni egallashga chog'langan Aleksandr Makedonskiy davlati 
uning o'limidan so'ng ko'p o'tmay parchalanib, kichik monarxik davlatlarga bo'linib ketdi. 
Aleksandr Makedonskiy qo'shini bilan Sharqqa yurish qilgan yunonlarning bir qismi yangi 
joylarda qolib ketdi, yangi shaharlar barpo bo'ldi - yunon madaniyati Sharqqa yoyildi. O'z 
navbatida, yurishlardan qaytgan jangchilar Gretsiyaga Sharq madaniyatini olib kirdilar. Bu 
jarayonlar ijtimoiy hayotning barcha sohalari - davlatchilik, turmush tarzi, ma'naviy-axloqiy 
normalar, diniy tasavvurlar, san'at va adabiyotga - bariga o'z ta'sirini o'tkazdi. Ta'kidlash joizki, 
madaniyatlar sintezida yunon madaniyatining ulushi ancha salmoqli, aniqrog'i, belgilovchi 
maqomida edi. Ikkinchi tomondan, bu madaniyatning qadriyatlari endi turli hudud va elatlarga 
mansub kishilar tomonidan yaratildi. Shularga ko'ra, antik adabiyotning bu davri "ellinizm" 
(mil.av. IV asr so'nggi choragi -mil. IV asr) davri deb yuritiladi. 
Ellinizm davrining ilk bosqichlarida (mil.av. III - I asrlar) ham Afina falsafa ilmining markazi 
maqomini saqlab qoldi. Platon va Aristotel asos solgan maktablarda ularning ta'limotlari 
shogirdlari tomonidan rivojlantirildi. Biroq yangicha ijtimoiy-tarixiy sharoit falsafiy 
dunyoqarashga ham ta'sir qildi: yangi falsafiy ta'limotlar vujudga keldi. Ular orasida 
epikurchilik, kiniklik va stoiklik ta'limotlari, ayniqsa, keng ommalashdi. Bir-biridan nechog'liq 
farqlanmasi, bu ta'limotlar uchun umumiy jihat sifatida reallikdan, ijtimoiy hayotdan qochish, 
individualizmga moyillikni ko'rsatish mumkin.
Mazkur sharoitda sof filologik tadqiqotlarga qiziqishning kuchayishi, filologiyaning falsafadan 
ajralib chiqishga intilishi kuzatiladi. Ellinizm davrida yirik madaniy va ilmiy markazlardan 
biriga aylangan Aleksandriyada (mil.av. III - mil. IV asr) bu yo'nalishdagi tadqiqotlar, ayniqsa, 
samarali yo'lga qo'yilgan edi. Misrni idora qilgan Ptolemeylar sulolasining sa'y-harakati bilan 


Aleksandriya kutubxonasi antik dunyoning eng boy kutubxonasiga aylangan edi. Aleksandriya 
maktabiga mansub olimlarning badiiy asar matni, til xususiyatlarini o'rganish, o'tmish adabiyoti 
namunalarini tarixiy, ilmiy jihatdan tadqiq qilish, ularni izohlar bilan nashrga tayyorlash 
ishlariga katta e'tibor bilan qaraganlarida bu faktning katta ahamiyati bor. Zero, bu maktabning 
Zenodot Efesli, Aristofan Vizantiyali, Aristarx Samofrakiyali singari atoqli namoyandalari o'z 
vaqtida shu kutubxonani boshqarib turganlar. Ya'ni, aytmoqchimizki, ko'rsatilgan yo'nalishdagi 
tadqiqotlar ma'lum darajada ularning kasb vazifalari doirasiga kirardi ham. 
Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, Zenodot Efesli (mil.av. 257-180 yy.) tomonidan Gomer 
poemalarining ilk ilmiy nashri (albatta, qo'lyozma sifatidagi) tayyorlangan bo'lib, bu nashrda ilk 
bor "Iliada" va "Odisseya" poemalari har biri 24 tadan qo'shiqni o'z ichiga olgan ikki poema 
sifatida berilgan. Bundan tashqari, Zenodot bu poemalarning til xususiyatlariga bag'ishlangan 
maxsus tadqiqotlar yaratgan. Keyinroq Aristofan Vizantiyali (mil.av. 257-180 yy.) tomonidan 
Gomer, Gesiod va boshqa antik shoirlar asarlarining ilmiy nashrlari amalga oshirilgan. Ularni 
nashrga tayyorlarkan, Aristofan matndagi mantiqiy ziddiyatlar, uslubiy g'alizliklar, noo'rin takror 
va noaniq o'rinlarni izlab topish, ularni bartaraf etishga harakat qiladi. Aristofan o'zi nashrga 
tayyorlagan tragediyalarga so'z boshilar yozib, ular haqida muhim adabiy-tarixiy ma'lumotlar 
berganki, bu ma'lumotlar antik adabiyot tarixini o'rganishda muhim ahamiyatga molikdir. 
Shunga ko'ra, Aristofan haqli ravishda so'z boshi janri asoschisi sifatida tan olinadi.
Yana ta'kidlash kerakki, Aleksandriya maktabi vakillari badiiy til masalasiga katta e'tibor bilan 
qaraganlar. Bu maktab vakillarini "Aleksandriya grammatiklari" deb atalishi ham bejiz emas, 
albatta. Ularning qay birini olib qaramang, asarlari orasida badiiy til, uslub masalalariga 
bag'ishlanganlari albatta topiladi. Jumladan, Aristofan ilk bor tinish belgilari ham urg'u 
belgilarini yozuvga joriy etgan bo'lsa, shogirdi Aristarx Samofrakiyali (mil.av. 215-145 yy) 
so'zlarni ilk bor turkumlarga ajratgan. Bularning davomchisi Dionisiy Frakiyali (mil avv. II asr) 
esa dunyodagi ilk "Grammatika" tuzuvchisi sanaladi. 
Gomer poemalari tadqiqi bilan shuhrat topgan olimlardan yana biri Aristarx Samofrakiyalidir. 
Aristarx Gomer asarlarini tarixiy jihatdan tekshiradi, muallifda falakiyot va tibbiyot sohalari 
bo'yicha bilimlarning yetishmasligi bilan bog'liq yuzaga kelgan nuqsonlarni ko'rsatadi. Aristarx 
o'z tadqiqotlarida adabiyotshunoslik ilmining keyingi rivoji uchun muhim fikrlarni oldinga surdi. 
Avvalo, u shoirning tasvirlanayotgan material, jumladan, mifologik materialdan ham o'zining 
ijodiy niyatidan kelib chiqqan holda erkin foydalanish huquqini yoqlab chiqdi. Agar yuqorida 
to'xtalganimiz Platonning bu masaladagi ma'naviy-axloqiy normalar va davlat manfaatlari nuqtai 
nazaridan belgilagan cheklovlari yodga olinsa, Aristarxning bu fikri o'z davri uchun nechog'li 
ahamiyatli ekanligini anglash qiyin emas. Aristarx birinchi bo'lib qahramonning muallif ijodiy 
niyati va badiiy mantig'idan mustaqil holda harakat qila olishi mumkinligini asoslab berdi. 
Shuningdek, u qahramon xarakter xususiyatlari asar qurilishiga ta'sir qilishi mumkin degan fikrni 
ham oldinga surdi. Ko'rib turganimizdek, Aristarxning adabiy-estetik qarashlarida badiiy asarda 
qahramon (xarakter) salmoqliroq o'rin egallaydiki, bu badiiy ijod amaliyoti va adabiy-nazariy 
tafakkur rivojidagi asosiy tamoyillardan biri edi.
Ellinizm davri olimlari mifologiya masalalari bilan ham jiddiy shug'ullanganlarki, antik 
adabiyotda miflarning o'rni nechog'li katta ekanligi e'tiborga olinsa, bu yo'nalishdagi 
tadqiqotlarning qanchalik dolzarb bo'lgani ayon bo'ladi. Shunisi muhimki, ular bunga qadar 
adabiyotda istifoda etilgan miflar bilangina cheklanmay, o'sha davrda xalq orasida yurgan 
miflarni yozib olish, ularni muayyan tizim holiga keltirish ishlarini amalga oshirganlar. Shu 
davrda yaratilib, bizgacha yetib kelgan "Apollodor kutubxonasi" nomli to'plamda ko'plab yunon 
miflarining mazmuni bayon qilingan. Shoir Parfeniy (mil.av. I asr) tomonidan tuzilgan "Ishq 
iztiroblari haqida" nomli to'plamga sevgi-muhabbat mavzuidagi miflar jamlangan bo'lib, u 
keyincha ko'plab rim shoirlari ijodiga ta'sir etganligi e'tirof etilgan. Xuddi shu shoir tomonidan 


tuzilgan, lekin bizgacha yetib kelmagan "Metamorfozalar" to'plamiga qahramonning mo'jizaviy 
evrilishi bilan nihoyalanuvchi miflar to'plangan. Ma'lumki, xuddi shu davrda shoir Ovidiy 
ijodida ham ushbu mavzu ishlangan edi. Keyinroq Antonin Liberal (mil. II asr) tomonidan shu 
tipdagi miflar "Metamorfozalar" nomi bilan jamlangani, Eratosfenning "Katasterismlar" 
to'plamidan qahramonning yulduzga aylanib qolishi bilan nihoyalanuvchi miflar joy olgani bu 
xildagi miflarga qiziqish katta bo'lganidan dalolatdir. Boshqa bir muhim tomoni shuki, bunday 
to'plamlar o'z davri shoirlari uchun obrazli fikrlash manbasi sifatida xizmat qilgan bo'lsa, keyingi 
davrlarda ular yaratgan obrazlarni tushunish uchun kalit vazifasini o'tagan. 
Miloddan avvalgi II asrdan boshlab yunon davlatlarini bir-bir o'ziga tobe etgan Rim miloddan 
avvalgi 30 yilda so'nggi yunon podshohligi - Misrni fath etdi. Rimliklar fath etilgan yunon 
davlatlaridan nafaqat behisob moddiy boyliklarni, balki ulkan madaniy-ma'naviy boyliklarni ham 
o'zlashtirdilar. Qadimgi Rimning mashhur shoiri Goratsiy e'tirof etganidek, "Asir qilingan 
Gretsiya o'zining qo'pol fotihlarini asir etgan" edi. Aslini olganda, yunon madaniyatining Rimga 
jiddiy ta'sir qilishi miloddan avvalgi II asrdayoq boshlangan edi. Avvalo, bu davrga kelib yunon 
davlatlarining Rim bilan ixtiyoriy-majburiy tarzdagi aloqalari kuchaydi. Yunon madaniyatining 
taniqli namoyandalari turli munosabatlar bilan Rimda bo'lishib, rimliklarni yunon madaniyati 
bilan tanishtirganlar. Ikkinchi tomondan, tanazzulga yuz tutgan yunon davlatlaridan bo'lmish 
ko'plab iqtidorli yoshlar, olimlar, shoirlar, notiqlar, me'moru quruvchilar yuksalish pallasiga 
kirgan Rimga oqib kela boshlaydi. Zero, o'zlari tug'ilgan yurtlar endi ularga iqtidorlarini to'la 
namoyon etish imkonini bera olmas edi. Aksincha, taraqqiy etayotgan Rim shu imkoniyatni 
taqdim eta olar edi. Bundan tashqari, yunon tili Rimning ilg'or aslzodalari tiliga aylanib qolgani 
bu yerda yunon tilida ijod qilish va muvaffaqiyat qozonishning o'ziga xos garovi ham edi. 
Xullas, ikki asr davomida kechgan jarayonlar natijasida Rim antik dunyoning nafaqat siyosiy, 
balki tom ma'nodagi madaniy va ilmiy markaziga aylandi.
Rim imperiyasi davriga kelib badiiy ijodga qiziqishning susayishi, poeziya taraqqiyotida 
turg'unlik holati kuzatiladi. Bunga zid o'laroq, prozada, xususan, tarixnavislik va ritorlik 
prozasida yuksalish ko'zga tashlanadi. Agar Rimdagi ritorlik maktablari maorif tarqatuvchi 
muhim va asosiy o'choqlarga aylangani e'tiborga olinsa, davr adabiyotining asosiy 
xususiyatlarini ritorika belgilashi tabiiy ekanligi ayon bo'ladi. Shunga muvofiq, adabiy tanqidiy 
qarashlarning rivoji ham ritorika sohasining bilimdonlari nomi bilan bog'liqdir. 
Dionisiy Galikarnasli mil.av. 30 yilda Rimga kelib, zodagon xonadonlarda saboq berish bilan 
mashg'ul bo'lgan yunon olimlaridan biridir. Undan ritorika masalalariga bag'ishlangan bir qator 
asarlar saqlanib qolgan. Jumladan, "Qadimgi notiqlar haqida" nomli asarida antik Gretsiyaning 
mashhur notiqlari - Lisiy, Isokrat, Isey, Demosfen, Dinarx, Fukididlar haqida, ularning ijodi 
haqida muhim ma'lumotlar berilgan. Muallif o'tmishdagi notiqlik san'atini namuna deb biladi, 
uning o'rniga "namoyishkorona sharmandalik, na falsafa va na boshqa gumanitar fanlardan 
xabari bo'lmagan notiqlik" kelganini afsus bilan qayd etadi. Darhaqiqat, ellinizm davri notiqlik 
amaliyotida sun'iy ko'tarinkilik, ortiqcha jimjimadorlik avj oldi, nutqning mantiqiy izchilligi, 
puxta dalillanganligi, ravonligiga emas, tashqi effektga e'tibor kuchaydi. Nutq qurilishining bu 
uslubini "azianizm" deb yuritilib, unga "attikizm" - qadimgi yunon notiqlik uslubi qarshi 
qo'yiladi. Dionisiy o'z asarlarida "attikizm" tarafdori va targ'ibotchisi, "azianizm"ning murosasiz 
tanqidchisi sifatida ko'rinadi.
Dionisiyning "Ritorika"si amaliy yo'naltirilgan bo'lib, chamasi, undan pedagogik faoliyatida 
qo'llanma sifatida foydalanish ko'zda tutilgan. Unda tantanali nutqlarni yozish bo'yicha yo'riqlar 
berilgan, ilova qismida esa nutq figuralaridan foydalanish yo'llari va me'yorlari, yo'l qo'yilishi 
mumkin bo'lgan tipik xatolar va ulardan saqlanish yo'llari ko'rsatilgan. "So'zlarning birikuvi 
haqida" nomli asarida so'z va fikr munosabati, so'z turkumlari, nutq ritmi va musiqiyligi kabi 
masalalar xususida mulohaza yuritiladi. Bu ikki asarning amaliy ahamiyatini kuchaytiradigan 


jihat shuki, muallif o'z fikrlarini konkret misollar yordamida izohlaydi, boshqa olimlardan 
olingan iqtiboslar bilan quvvatlaydi. 
Dionisiyning kimligi aniqlanmagan Pompey ismli shaxsga yo'llagan xatida ham e'tiborga molik 
fikrlar bildirilgan. Xatda ta'kidlanishicha, qanday yozish qo'yilgan maqsadga bog'liq. Agar 
o'rganilayotgan predmetni maqtash maqsad qilinsa, unda o'sha predmetning fazilatlari 
bo'rttiriladi. Agar predmetlar sirasida birini - eng yaxshisini ajratish maqsad qilinsa, u holda 
"juda aniq tadqiq etish kerakki, predmetning yaxshi tomonlari ham, yomon tomonlari ham 
nazardan qochmasin, zero, shu yo'l bilangina haqiqat aniqlanishi mumkin, haqiqat esa eng 
qimmatlisidir". Shu prinsipdan kelib chiqib Platon va Demosfen mahoratiga to'xtalarkan, 
keyingisini oldingi o'ringa qo'yadi va buni asoslashga intiladi. Uning fikricha, Platon fikrini 
sodda, aniq jumlalarda bayon qilganida, bir qarashda jo'n ko'ringan ifodalarda joziba kuchi bor - 
shu narsa uni boshqalardan yuqoriga ko'taradi; aksincha, chiroyli gapirish niyatida nutq 
figuralaridan me'yordan ortiq foydalanib, ko'pso'zlilikka yo'l qo'yganida "o'zidan pastroq turadi", 
ya'ni o'z imkoniyatlarini namoyon etolmaydi. E'tiborli jihati shuki, Platon antik dunyoda juda 
katta obro'ga ega, buni Dionisiy ham qayta-qayta ta'kidlaydi, biroq uning maqsadi, o'zining 
aytishicha, Platonni kamsitish emas, balki "u ham ba'zan kamchiliklarga yo'l qo'ygani"ni 
ko'rsatish, xolos. Zero, "bunday buyuk yozuvchi o'zini bu kabi e'tirozlardan ehtiyot qilishi 
lozim". Ko'rib turganimizdek, Dionisiy ilmda xolislik tarafdori, xolis ilmiy fikr esa yozuvchining 
shaxsi yoki mavqyeiga qarab emas, asarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda chiqariladi. 
Xuddi shu prinsip asosida Dionisiy Gerodot va Fukididning tarixiy asarlariga to'xtaladi. Ushbu 
mualliflarning tarixiy asarlarni chinakam badiiy asar deb atarkan, Dionisiy ularning oldiga 
qo'yiladigan asosiy talablarni bayon qiladi. Unga ko'ra bular quyidagilar: 1) arziydigan va 
o'quvchiga yoqadigan mavzuni tanlash; 2) voqyeani qaerdan boshlab qaerda tugatishni belgilash; 
3) nimani asarga kiritib, nimani kiritmaslikni obdon o'ylash; 4) materialni ustalik bilan 
joylashtirish; 5) tasvirlanayotgan voqyealarga munosabat. Dionisiy ikkala yozuvchini shu 
talablardan kelib chiqqan holda qiyoslaydi. Masalan, beshinchi talab bo'yicha u Fukididni 
ayblaydi. Uningcha, Fukidid yurtidan haydalgani uchun alamzada, shu sababli vatandoshlarining 
muvaffaqiyatsizliklarini batafsil tasvirlaydi, yutuqlarini esa yo umuman tilga olmaydi, yo ular 
haqida istamaygina to'xtaladi. Qiyoslanayotgan tarixlarni badiiy asar hisoblagan Dionisiy ikkala 
asar ham go'zal deb biladi, biroq farqi shuki, Gerodotdagi go'zallik o'quvchiga quvonch 
bag'ishlasa, Fukididdagi go'zallik uni dahshatga soladi.
Antik Rim madaniyatining yirik namoyandasi Mark Tulliy Sitseron (mil.av.106-43 yy.) notiqlik 
san'ati rivojiga ham nazariyotchi, ham amaliyotchi sifatida ulkan hissa qo'shgan. Uning "Notiq 
haqida", "Brut yoki mashhur notiqlar haqida", "Notiq" nomli risolalari, nomlanishidanoq ko'rinib 
turganidek, ritorika masalalariga bag'ishlangan. Ta'kidlash kerakki, Sitseron nazariy 
izlanishlarini lotin tilidagi notiqlik asosida olib borgan. U o'zining ilmiy izlanishlarida lotin tili 
ifoda vositalarini muayyan tizimga solib tavsiflagan bo'lsa, nutqlari orqali uning imkoniyatlarini 
amalda namoyish etdi. Shu bois ham uning izlanishlari nafaqat notiqlik, balki nasr va 
tarixnavislik (bu ham, yuqorida ko'rganimizdek, adabiyot hisoblangan) uchun ham katta 
ahamiyatga ega edi. To'g'ri, Sitseron ham adabiyot - poeziyaga bag'ishlangan maxsus tadqiqot 
olib borgan emas. Lekin, birinchidan, antik davr uchun notiqlik adabiyotning bir ko'rinishi edi, 
ikkinchidan, Sitseronning nutqlari, maktublari va risolalarida o'rni bilan poeziya haqida 
mulohazalar bayon qilingan. Jumladan, rimlik shoir Arxiy himoyasiga so'zlagan nutqida Sitseron 
adabiyotning jamiyat uchun, Rim grajdani uchun foydaliligini ta'kidlaydi, shoir timsolida ezgulik 
urug'ini sochuvchi, hayotdan saboq beruvchini ko'radi. Sitseron Gomer poemalarining badiiy 
barkamolligiga undan oldin yashab o'tgan shoirlarning asarlari zamin hozirlaganini; poeziya, 
notiqlik, rassomlik, haykaltaroshlik kabi san'atlar bir-biriga bog'liq va o'zaro ta'sir qilgan holda 
takomillashuvini aytadiki, bu uning fikrlashida tarixiylik prinsipi nishona berganini ko'rsatadi. 


Sitseronning poeziya haqidagi fikr-mulohazalari maktublarida ham aks etgan. Masalan, Attikka 
yozgan maktubida u mazmunning shakldan ustun turishini ta'kidlab, she'rning ohangdorligi, 
musiqiyligini mazmundan ustun qo'yuvchilarni tanqid qiladi. Ayni paytda, u badiiy asarni 
baholash, qimmatini belgilashda til xususiyatlarini birinchi o'ringa qo'yadi. Bu, tabiiyki, uning 
notiqligi bilan bog'liqdir. Zero, notiq uchun nutqiy go'zallik birinchi o'rinda turishi tabiiy, biroq 
Sitseron uchun nutq go'zalligining o'zi maqsad emas, balki tinglovchiga narsa-hodisaning 
mohiyatini ochib berish, uni hayratlantirgan va ishontirgan holda muayyan fikrni singdirish 
vositasi. Ko'rinadiki, birinchidan, notiqlik amaliyotidan kelib chiqib qo'yilgan talabda shakl va 
mazmunning uyg'un birligi kuzatiladi, ikkinchidan, uning adabiyotga nisbatan qo'llanishi to'g'ri 
va foydali. Stoiklik falsafasi mavqyeida turgan Sitseron poeziyaga, avvalo, ezgulik nuqtai 
nazaridan yondashadi. Shunga ko'ra, u tragediya va eposni ma'qullagani holda, komediya va 
lirikaga pastroq nazar bilan qaraydi. Ayniqsa, intim lirikani qabul qilolmaydi, unda axloqsizlik, 
behayolikni ko'radi. Agar ellinizm davrida erotik lirika keng tarqalgani e'tiborga olinsa, 
Sitseronning o'z dunyoqarashidan kelib chiqib lirikaga bu xil munosabatda bo'lishi muayyan 
asosga ega ekanligini tushunish mumkin bo'ladi.
Qo'liga qalam olganki ijodkor bor beixtiyor adabiyotning mohiyati, badiiy ijod tabiati, ijodkor 
mas'uliyati singari qator masalalarni mushohada qiladi, anglaganlarini u yoki bu darajada ifoda 
etadi. Aytish kerakki, ijodkor uchun bu ham tabiiy bir ehtiyoj. Shu ehtiyojni qondirishga 
intilishning natijasi o'laroq, badiiy ijod bilan muntazam shug'ullangan deyarli barcha ijodkorlar 
merosida adabiy tanqidiy xarakterdagi fikr-mulohazalar uchraydi. Albatta, antik Rim shoirlari 
ham istisno emas. Jumladan, Tit Lukretsiy Kar (mil.av. 99-55 yy.) "Narsalarning tabiati haqida" 
nomli poemasida she'riyat, she'r va shoirlik haqida qiziqarli fikrlar bildiradi. O'zining 
moddiyuncha qarashlariga mos tarzda, u shoirni "moddiy haqiqatlar koshifi" deb biladi. Unga 
ko'ra, chinakam shoir - ilhomdan ruhlangan, yangi narsa yaratishga qaratilgan mehnat kishisidir. 
Lukretsiy ham badiiy asarda mazmunning yetakchiligini e'tirof etadi, aniqlik va yorqinlik, 
ifodaning lo'nda va purma'noliligi, materialga zargarona mohirlik bilan ishlov berilishini 
poeziyaning eng muhim fazilatlari sifatida tushunadi. Lukretsiy poeziyadagi badiiy to'qima 
bo'lishi mumkinligini e'tirof etgani holda, tabiatda monandi bo'lmagan to'qimani inkor qiladi: 
tabiatda asosi bo'lmagan to'qimaga poeziyada ham o'rin yo'q deb hisoblaydi. 
Goratsiy hayotdan oddiygina nusxa ko'chirish tarafdori emas, aksincha, ijodda badiiy to'qimaga 
ham keng o'rin beradi. Unga ko'ra, yozuvchi "yo rivoyatlarga ergashish va yo haqiqatga monand 
to'qima" orqali asar yaratishi mumkin. Agar yozuvchi ijodiy fantaziyasi bilan ilgari ma'lum 
bo'lmagan (ya'ni, original) obraz yaratsa, uni boshdan oxirigacha o'zligiga mos holda, ya'ni, 
xarakter butunligini saqlagan holda harakatlantirishi kerak bo'ladi. Goratsiyning pizonlarga 
uqtirishicha, original obraz yaratish - umumiyni xususiyga aylantirish "Iliada"dan yangi 
voqyeani izlab topishdan qiyinroq. Yaxshi ma'lumki, "Iliada"dagi syujet motivlari antik 
adabiyotdagi ko'plab dramatik asarlarga material bo'lib xizmat qilgan. Goratsiy bu yo'lni ham 
inkor qilmaydi, faqat bu holda izma-iz boruvchi jo'n taqlidchi bo'lib qolmay, ijodiy yondashish 
talab etiladi.
Goratsiy shakl va mazmun muvofiqligi masalasiga qayta-qayta urg'u beradi. Jumladan, shoirning 
antik she'r o'lchovlaridan qay biri xudolar sha'niga oda aytishga, qay biri hayrat yoki shirin 
orzular ifodasiga, qay biri esa shiddatli jang-jadallar tasviriga mos ekanligini farqlay bilishi talab 
qilinadi. Goratsiyning uqtirishicha, hamma narsa o'z o'rnida bo'lishi kerak: komediyaga fojiaviy 
ohang mos bo'lmaganidek, ulug'vor narsalarni jo'ngina, komediyaga xos ohang va she'r bilan 
kuylash ham ma'qul emas. 
Goratsiy tilning emotsionalligi masalasiga alohida e'tibor bilan qaraydiki, uning to'g'ri 
ta'kidlashicha, bu narsa badiiy asarning ta'sirdorligini ta'minlovchi omildir. She'r (bu yerda 
Goratsiy "she'r" so'zini keng ma'noda, umuman badiiy nutq ma'nosida ishlatgan ) har jihatdan 


mukammal, go'zal bo'lgani yaxshi, lekin buning o'zi kamlik qiladi - u ruhga ta'sir qilishi, uni 
shoir istagan tomon boshlashi lozim. Asar o'quvchini hayajonga solishi uchun, avvalo, shoirning 
o'zi hayajonlanmog'i, ya'ni, u qahramon taqdiridagi burilishlarga befarq bo'lmasligi, she'rga shu 
burilishlarga mos hissiy bo'yoq berishi kerak. Aks holda, agar "qahramon taqdiri bilan shoir tili 
nomuvofiq bo'lsa, Rimning otlig'u piyoda xalqidan ayovsiz kulguga qoladi".
Goratsiy ham badiiy ijodning ilohiy tabiatini e'tirof etadi, shuning uchun ham: "Sen hyech narsa 
qilolmaysan Minervadan beixtiyor",- deydi kichik Pizonga qarata. Ayni chog'da, u ijodkorning 
ro'yobga chiqishida talant, bilim va mehnatning rolini alohida ta'kidlaydi. Shu sababli ham u 
pizonlarni tinimsiz mehnat qilish, o'qib o'rganishga, jumladan, "kecha-kunduz qo'ldan aslo 
qo'ymayin, Greklarning ijodlarin o'rganish"ga da'vat qiladi. Goratsiy ijodga mas'uliyat bilan 
yondashish zarurligini uqtiradi, yozilgan narsani e'lon qilishga shoshmaslikni tavsiya qiladi, 
chunki "nashr etguncha tuzatishlik qulaydir. Butun xalqqa e'lon bo'lgan so'zni esa hyech qaytarib 
bo'lmaydi". Goratsiy tanqidga munosabat masalasiga to'xtalib, "tulki teri yopingan maqtovlardan 
qo'rqish" kerakligini, xolis baholarni tan olish va ko'rsatilgan kamchiliklarni tuzatish foydali 
bo'lishini uqtiradi. U xolis tanqidni tubandagicha tushunadi: 
Xom she'rlarni qabul etmas vijdonli, ongli sudya,
Dag'alini chiqit qilar, qorishiq bayt ostiga 
Qora tortar, takabburlik pardozlarin kesib tashlar;
Mug'loq she'rni ravshanlashga majbur etar; yo'l qo'ymas 
Tutal gapga...
Yuqoridagilardan ko'rinadiki, "Poeziya ilmi"da adabiy-nazariy tushunchalar ta'limiy maqsadga 
bo'ysundirilib, yorqin misollar bilan izohlangan holda sodda yo'sinda bayon qilingan. Shu bois 
ham u keyingi davrlarda ham, xususan, klassitsizm davrlariga qadar o'zining amaliy qimmatini 
yo'qotmadi. Biz uchun esa u antik Rimdagi adabiy tanqidiy qarashlar haqida ancha to'liq, yaxlit 
va tizimli tasavvur berishi bilan qimmatlidir. 
***
Shunday qilib, antik madaniyatning arxaik davrida kurtak holida bo'lgan adabiy-nazariy va 
adabiy tanqidiy tafakkur yunon-rim adabiyoti hamda notiqlik san'atining boy materiali zaminida 
barg yozdi, rivojga kirdi. Falsafiy qarashlar negizida adabiyotning mohiyati, uning voqyelik 
bilan munosabati, ijtimoiy hayotdagi o'rni va vazifalari kabi muhim masalalar o'rganildi. 
Adabiyotning taraqqiy darajasidan kelib chiqqan holda turlarga ajratish amalga oshirildi, har bir 
turning o'ziga xosligini belgilovchi xususiyatlar aniqlandi. Badiiy asarning tarkibiy tuzilishiga 
e'tibor qaratildi: badiiy shakl va badiiy mazmun tushunchalari farqlandi, ularning o'zaro 
munosabatlari tekshirildi; xarakter, fabula, tugun kabi unsurlar tavsiflandi, badiiy asardagi o'rni 
yoritildi, ularga qo'yiladigan talablar ishlab chiqildi. Notiqlik san'atining amaliy maqsadlariga 
bog'liq holda badiiy nutq masalalari chuqur tadqiq etildi: ifoda vositalari ta'riflandi, tavsif va 
tasnif qilindi, ularni qo'llash yo'llari va me'yorlari belgilandi; nutqning uslubiy qurilishiga, 
shuningdek, ritorlik nutqining kompozitsion qurilishiga qo'yiladigan talablar ishlab chiqildi. 
Kutubxonachilik ishining taraqqiysi bilan bog'liq holda filologik tadqiqotlar amalga oshirildi: 
qadimgi matnlarni tiklash, ularning ilmiy nashrlarini tayyorlash yo'lga qo'yildi; sharh, so'zboshi 
va izohlar shaklidagi adabiy tanqidiy qarashlar maydonga keldi. Shulardan kelib chiqib aytish 
mumkinki, hozirgi zamon adabiyotshunosligining tamal toshlari antik davrda, xususan, yunon 


madaniyati taraqqiyotining klassik bosqichi hamda Rim madaniyatining respublika davridayoq 
qo'yilgandir. 

Yüklə 70,27 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin