Vegetativ va generativ hujayralarning vazifalari. Otalik gametofitini rivojlanish davrida vegetativ va generativ hujayralarning bajaradigan vazifalarida ancha farqlar kuzatiladi. Hozirgi kunda generativ hujayraning asosiy vazifasi aniqlangan bo‘lib, ammo spermiylarni hosil qilish, vegetativ yadroning otalik gametofitini rivojlanishidagi vazifasi chang nayi ichida o‘sishini ta’minlashdan iboratligi hanuzgacha to‘liq isbotlanmagan.
Ko‘pchilik tadqiqotchilar, guldagi chang nayini o‘sishida vegetativ yadroning ahamiyati katta ekanligini qayd etadi. Boshqa tadqiqotchilar aksincha, bu jarayonda vegetativ yadroning ahamiyati yo‘qligi va u atavik belgi ekanligini e’tirof etadi.
Vegetativ yadro bo‘linayotgan generativ yadroni yaqinida joylashganligidan spermatogenezda sekretor-trofik vazifani bajaradi. Vegetativ yadro chang nayi o‘sishi davomida funksional faol shuningdek, RNK va oqsillarning sintezida ishtirok etadi.
Vegetativ va generativ yadrolarning hosil bo‘lganidan keyingi morfologik va funksional jihatdan farqlari bo‘yicha mutaxassislar orasida turlicha nuqtai nazarlar mavjud. Bunda asosiy fikr asimmetrik bo‘linish urchug‘ini joylanishi va ma’lum darajada egilgan fragmoplastni hosil bo‘lishiga qaratilgan bo‘lib, bu jarayon natijasida generativ va vegetativ hujayralar sitoplazmasi turlicha miqdorida bo‘ladi.
Ayrim mutaxassislar vegetativ va generativ hujayralardagi tabaqalashuv sitoplazmaning miqdori va ayniqsa, uning sifatida, xususan, undagi RNK miqdoriga bog‘liq deyishsa, boshqa bir guruh mutaxassislar bu hujayralarning tabaqalashuvi generativ yadrodagi DNK miqdorining ortishi bilan bog‘liq, degan fikrlarga kelishgan. Va nihoyat, shunday nuqtai nazar ham borki, tabaqalashuvga olib keladigan omil hujayralar orasidagi moddalarning almashinuvi yoki har bir hujayraning yadrosi bilan sitoplazmasi orasidagi moddalarning almashinuvi shu holatga olib kelgan deb hisoblashadi. Generativ hujayraning vegetativ hujayraga nisbatan rivojlanishi farq qilib, vegetativ hujayra tapetum hujayralarining hisobiga oziqlansa, generativ hujayra esa vegetativ hujayraning sitoplazmasida bo‘lganligidan, uning hisobiga oziqlanadi.
Yuqorida bayon qilingan nuqtai-nazarlarda yakdillik yo‘q, shu boisdan hozirgacha ham vegetativ va generativ hujayralarning hosil bo‘lishi va ixtisoslashishi bo‘yicha muhum bir fikrga kelinmagan.