2.2.Tush va o'lim bilan bog'liq lavhalarda tasvirlarida tamsilning qo'llanilishi
Hazrat Alisher Navoiy ruhiy holatlarning ko'pgina turlari singari tush tasvirlarini keltirishda ham tamsil san'atiga murojaat qilgan o'rinlarni kuzatishimiz mumkin. Dostonning yigirma uchinchi bobida Majnunning Nafval bilan hamkorlikda Laylining qabilasiga qilgan hujumidan keyin Majnunning uxlab tush ko'rishi va tushida suyukli mahbubasi Layli bilan uchrashib uning ahvolidan xabar topgani haqida so'z yuritiladi. Unda tasvirlanishicha, Laylining otasi Navfal urush boshlasa, qizini o'ldirmoqchi ekanligini ma'lum qiladi. Bundan ta'sirlangan Laylining ko'zyoshlari sel bo'lib oqadi. Ayni holatni yaqqolroq namoyon etish uchun ulug' shoir tashbehlardan so`ng ularning ma'nosini kuchaytiruvchi tamsillarni qo`llaydi:
Ko'z mardumidek ko'ngulga yoqqan,
Ya'niki hamesha ashki oqqan.
Hajr o'tida sham'i olamafro'z, Ya'niki ishi gudoz ila so'z.
Ko'z yoshini subhdek yoshurg'on,
Ya'ni guli mehrdin dam urg'on.
Sabrini oqizg'on ashk sayli,
Ya'ni mah-u mehr rashki Layli. [32. 124]
Yuqorida keltirilgan ilk baytda Laylining ishq otashida qiynalib ko'zidan yosh oqishi tashbeh vositasida mubolag'aviy ifodalanyapti. Ko'z qorachig'idek ko'ngilga yoqqan sohibjamolning doim ko'zidan yosh oqib turishi tasvirlanadi. Bu shunday holat ediki, ma'shuqa ham oshiq yoniga talpinadi, ammo uyat hissi uni bu yo'ldan to'xtatib turadi. Shu sababdan ham ma'shuqaing ko'zida doim yosh tomchilari paydo bo'ladi.
Hajr o'tida sham'i olamafro'z, Ya'niki ishi gudoz ila so'z.
Ikkinchi keltirgan tamsilimizda hajr o'tida yonayotgan ma'shuqaning ruhiy holati tasvirlanadi. Unda hajr o'tining ishi olamni yoqish, shuning uchun ham Laylining og'zidan faqat hijron haqida so'z chiqishi tamsil qilib o'tiladi. Bu hajr azobi shu darajada og'ir ediki, oshiq qalbini tilkapora qilib unga o't qo'yardi. Bu o'tning olovi ham shu darajada yorug' bo'lib, uning shu'lasi olamni yoritardi. Ushbu holatdan aziyat chekkan Laylining aytadigan so'zi faqat iztirobdan iboratdir.
Ko'z yoshini subhdek yoshurg'on,
Ya'ni guli mehrdin dam urg'on.
Ma'shuqaning ko'ngil tubidagi dard qanchalik kuchli bo'lmasin u o'z dardini pinhon tutishga majbur. Yuqoridagi misrada keltirilgan tamsilda ham shu holat nazarda tutiladi. Shu o'rinda ijodkor hayotiy misolni ham misrada qo'llab ketganini kuzatishimiz mumkin. Laylining ko'z yoshini yashirib unsiz ya'ni hech kimga bildirmay yig'lashini hazraat Alisher Navoiy, qorong'u tun qo'ynidagi yulduzlarni erta tongda g'oyib bo'lishiga qiyoslaydi va uni tamsilga tortadi. Ya'ni uning yuragidagi ishq o'ti quyoshni nurlaridan iliqlik olganini tasvirlanadi.
Sabrini oqizg'on ashk sayli,
Ya'ni mahu mehr rashki Layli. [32, 124]
Ma'shuqa Layli ham shunchalik ishq dardidan, hajr azobidan qiynalar ediki, uning ko'zidan oqqan yoshlar sabrini ham birgalikda oqizib ketgan edi. Osmon gumbazini yoritgan oyu quyosh ham Laylini qizg'onar edi.
Hazrat Alisher Navoiy "Layli va Majnun" dostonida boshqa o'rinlarda ham ruhiy holatning tush tasviriga alohida ahamyat qaratganligiga guvoh bo'lish mumkin. "Layli va Majnun" dostonidagi tush tasvirlarining asosi ma'lum bir bo'lishi mumkin bo'lgan voqea hodisaga ishora qiladi. Shu bilan birga bu tush tasvirlarida biror bir hodisaning amalga oshgani haqida ham so'z yuritilganligini kuzatish mumkin.
Dostondagi tush tasvirlari asosan Majnun obrazi orqali namoyon bo'ladi. Ijodkor tush orqali Majnunga yaqinlari hol ahvolidan xabar beradi.
Chun ko'zlari bo'ldi rohatomez,
Ko'rguzdi xayoli suratangez.
Kim, ikki kabutari yagona,
Bir uyda chiqordilar jovidona.
Chun chiqti javonag'a paru bol.
Charx ayladi oni muztarib hol.
Oshufta bo'lub dimog'u royi,
Bo'lmish edi muddate havoyin.
Ato-anodin tamom uzuldi,
Sahroyi xiyal aro qo'shuldi.
Ul ikkisi keltururga oni,
Parvoz ila tuttilar havoni.
Toptilaru rom bo'lmadi hech,
Jo'yoyi maqom bo'lmadi hech.
Yondilar alar ikovla novmid
Kim, bo'ldi ayon baloyi jovid:
Yuqoridin indi ikki burgut,
Qildilar iki hamomani qut. [32, 194]
Yuqoridagi misralarda Majnunning cho'l sahrosiga chiqib ketgandan keyin ko'zi ilinib tush ko'rgani tasvirlanadi. Ijodkor tush tasvirini qo'llashda tamsil san'atidan ham keng o'rinda qo'llaganini kuzatish mumkin. Majnunning tushida ikki kabutar bir uyda turib, bola ochishi tamsil qilib keltiriladi. Ammo bu bolaga jinu pari tegib uni ajib holatga solib qo'yadi. Shundan so'ng u ota onasini tashlab, cho'l sari ravona bo'ladi. Ota ona kabutarlar farzandini qidirib havoga ko'tarilishadi, farzandlarini topib uni tuzatishga harakat qilishadi, ammo bu befoyda ketadi. Noumid bo'lib ikki qush parvoz etib turganda samoda ikki burgut paydo bo'lib ularni halok etadi.
Ijodkor shu o'rinda tamsil san'atidan juda ham mohirona foydalanganligini kuzatishimiz mumkin. Hazrat Alisher Navoiy yuqoridagi tush tasvirini o'zini boshdan oyoq tamsilga tortganini kuzatishimiz mumkin. Majnunga ota onasi holidan shu tamsil orqali bayon etiladi.
Dostonning XXXV bobida ulug' shoir tush va o'lim lavhalariga o'rin ajratadi. Dostonning yetakchi qahramonlari Layli va Majnunning umrlarining nihoyalanishi bilan bog'liq ishoralar tamsil san'atiga tayanib, bobning dastlabki baytlaridanoq o'quvchiga ma'lum qilib boriladi. Buning uchun salohiyatli ijodkor kuz bilan bog'liq tamsillarni tanlaydi. Dostondagi asosiy voqeylik bahor manzaralari tasviri bilan boshlanganiga e'tiborni qaratsak, o'lim bilan bog'liq lavhalarda kuzdan tamsillarning tanlanishi ham ramziy mohiyat kasb etadi. Bunday tamsillar tarkibida istioralarning ham qo'llanishi ramziylikni ta'minlashda muhim ahamyat kasb etadi:
Chun yetti xazon yelining ohi,
Bo'ston chiroyini qildi kohi.
Yaproq yuzi bo'ldi barcha sorig',
Oyin magar o'ldi sorig' og'rig'.
Har bargki xastovor yotti,
Yer bistarida oyog' uzatdi [32, 205]
Keltirilgan iqtibosda o'lim lavhalari bilan bog'liq uchta tamsilning qatorlashtirib kelganligi kuzatiladi. Ilk tamsilda go'yoki xazon yelining ohi yetib, bo'ston chiroyini kul qilgani badiiy tasvirlanadi. Ayni manzara yetakchi qahramonlar o'limidan darak berib turadi. Xuddi shunday vazifani keyingi tamsillar ham o'taydi. Ikkinchi tamsilda agar sariq og'riq (kasalligi) vujudga kelsa, barcha yaproqlarning yuzi sariq bo'ladi. So'nggi tabiatdan olingan misol esa, quyidagicha badiiy tasvirlangan: barglarning har biri xasta holda yotib yer ko'rpasida oyoq uzatdi. Bu tamsillarda qo'llangan "xazon yelining ohi", "barglarning xastavor yotishi" kabi qator istioralar tamsildagi o'lim lavhalariga ishora qilishda astqotgan.
Yel o'yla yetishti mahrajondin
Kim, barg ko'tardi mehr jondin.
Titratmaga qo'ydi yuz shajar ham,
Uy kunjiga chekti yuk samar ham. [32, 205]
Yuqoridagi baytlarda bargning kuz shamoli ta'sirida xazonga aylanib yerga to'kilishi misolida Laylining o'limi oldidagi qaltirash holati bayon qilingan. Bu holat go'yo shamol tasirida barglarning tebranish holati bilan Laylining kasal bo'lgan va isitmaga uchrab qaltiroq tekkandagi holati o'zaro qiyoslanyapti.
Yo'q, yo'qki, oqar suv tig'i sofi,
Oltundin o'lub oning g'ilofi.
Alvon bila tok bargi ra'no,
Ra'no kaf aro nigoru hinno. [32, 206 ]
Keltirilgan yuqoridagi iqtibosda oqar suv tig'ining dastasi va qini oltindanligi tasvirlanib, tok bargining xazonda alvon ranga kirishi va uni qizlarning qo'liga qoyadigan hinosiga o'xshatilib tamsilga tortib kelinyapti. Shu orqali ulug' shoir sohibjamol Laylining holatidan xabar berib uning yuz ko'rinishi ham alvon rangiga o'tib qolgani haqida ham ishora qilib o'tadi.
Bulbul topmay o'zin asosiz,
Bo'lg'ay pari bo'ynig'a qaro kiyz
Chun yetti bu nav ro'zgori,
Uchradi xazong'a navbahori.[32, 206]
Yuqoridagi keltirilgan baytlarda keltirilgan tamsil ham avval keltirganimiz singari, dostonning o'lim bilan bog'liq lavhalariga o'zgacha bir estetik ko'rinish berganligini kuzatishimiz mumkin. Iqtibosda bulbulning holati tasvirlanayotgan bo'lsada, bu holat zamirida ulug' ijodkor Laylining jon berish holatini misol qilib kelayotganligini sezish mumkin.
Xossaki gulum xazong'a tushti,
Day yeli bu gulistong'a tushti.
Bedod sipehr qildi noyob,
Bog'imda gulu gulum aro ob.
Sarvimg'a ajib surat o'ldi
Kim, tarki chaman zarurat o'ldi. [32, 208]
Dostonning o'lim bilan lavhalarida xazon talqini alohida ahamyatga egadir. Ulug' shoir xazon timsoli orqali o'limni tasvirlaganligini kuzatish mumkin. Gulning xazon bolib qolishiga sabab bog' ichida ofat keltiruvchi shamolning harakatidir. Falakning jabri tufayli bog' ichidagi gullar barbod bo'ldi. Ulug' shoir sarv daraxtiga ham bu ofat ta'sir etib, u ajib bir ko'rinishga kelib qolgani endi uning bu bog'ni tark etish vaqti kelganini tamsil keltiryapti. Bu misol orqali hazrat Alisher Navoiy sohibjamol Laylining chehrasida yuz bergan kasallik holatini ham o'quvchi ko'z o'ngida gavdalantiradi.
Tengri sanga sabr yor qilsun,
Xayling uza poydor qilsun.
Gul borsa chamang'a bo'lmasun dard,
Kun botsa falakka yetmasun gard. [32, 209]
Yuqorida keltirilgan iqtibos Laylining o'lim oldidan onasiga vasiyat so'zlaridan olingan bo'lib, unda onasiga aytgan vasiyatlari haqida so'z yuritiladi. Ruhi tanidan chiqishini sezgan Layli onasiga Ollohdan sabr tilaydi. Keyingi baytda esa, yuqoridagi so'zlariga tamsil keltirilib, quyoshning botishi falak osmoniga zarar yetqazmasligi olinyapti
Ko'ksini yaqodek etti pora
Kim, ko'nglidin urdi o't sharora.
Andoqki yaqoni subh etib chok,
Chekkay shararini mehri aflok. [32, 211]
Farzandidan ayrilagan onaning iztiroblari haqida so'zyuritilib uning og'ir ahvoli haqida yuqoridagi baytlarda so'z yuritilyapti. Laylining onasini yoqqasini pora-pora qilib oh chekishiga quyoshning falak peshtoqini yirtib samoga chiqishi tamsilga qo'yilyapti.
Kim, yetti qulog'iga xurushe,
Aytur edi bu xabar surushe:
Kim, tushti xazong'a toza bog'ing,
Tong yeliga uchradi charog'ing. [32, 214]
Yuqoridagi baytlarda Majnunga Jabroyil alayhisalom tomonidan ma'shuqasi Laylining o'limidan xabar berishi haqida so'z yuritilyapti. Ulug' shoir Jabroil obrai orqali Majnunga ilohiy bir hodisa haqida bayon etadi. Majnunning toza bog'i xazonga aylanganini ijodkor kelitira turib, uning chirog'i tong shamoliga uchrab o'chganini tamsil qilib keltirib o'tadi.
Netgay qo'shulub iki badan ham,
Go'r o'lsa alarg'a bir kafan ham.
Vasl o'ldi chu ruhlarg'a hosil,
Tufroqqa tufroq o'lsa vosil. [32, 216]
Laylining vasiyati asosida Majnunni ham u bilan birga bir qabrga ko'mganlari tasvirida ham ulug' shoir tamsil san'atiga murojaat qilganini kuzatish mumkin. Bu ikki buyuk ishq sohiblariga bir qabr muyassar bo'lish bilan bir qatorda ularni kafanlari ham bir edi. Ijodkor ularning ruhlari visolga yetkanini ayta turub tuproqni tuproqqa aralashib ketganini tamsil qilib ketiradi.
Bir na'sh ila ul iki dilorom,
Andoq edikim du dona bodom. [32, 216]
Bir kafanga solingan bu ikki oshiqni ijodkor bodom ichida yotgan ikki egiz donasiga qiyoslaydi. Bu oshiq va ma'shuqalar ham bodom ichidagi mevasi singari juft holdaligini tamsil qilib keltiriladi.
"Layli va Majnun" dostonida uchta tush lavhasi mavjud bo'lib, ular ancha ixcham adabiy parchalar bo'lganligi bois ularda tamsillarning qo'llanishi nisbatan kam uchraydi. Ulug' shoir tashbeh va istioralar asosida mubolag'aviy tasvirlarlar hosil qilib, ularda ana shu ma'no kuchaytirishlari yanada oshirish uchun tamsildan foydalanadi. Majnun tushidagi ikki kabutar bilan bog'liq tamsil ana shunday poetik vazifani bajaradi.
O'lim lavhalari bilan bog'liq tamsillar dostonga o'zgacha joziba baxsh etgan. Kuz lavhalari bilan aloqador bunday tamsillarda qo'llangan "xazon yelining ohi", "barg yuzining sarg'ayishi" kabi istioralar qatorlashtirib qo'llangan tamsillarga ramziy ma'no yuklagan. Laylining xastalanib qolishining badiiy ifodasida ishtirok etgan "g'ilofi oltindan bo'lgan pichoqning suvda oqishi", shuningdek, alvon va ra'no bilan bog'liq tamsillar badiiylikni yuksaltirishda muhim ahamyat kasb etgan.
Dostları ilə paylaş: |