Guliston davlat universiteti b. A. Xasanov, A. A. Xashimov, A. B. Muxametov, A. A. Abduvohidov buxgalteriya hisobi


Maqsadli tushumlar, subsidiya va grantlar hisobini yuritish



Yüklə 2,01 Mb.
səhifə259/524
tarix11.11.2023
ölçüsü2,01 Mb.
#131837
1   ...   255   256   257   258   259   260   261   262   ...   524
Guliston davlat universiteti b. A. Xasanov, A. A. Xashimov, A. B

10.6. Maqsadli tushumlar, subsidiya va grantlar hisobini yuritish

Korxonaning xo’jalik vositalarini shakllantirish manbalaridan biri tashkilotga boshqa korxonalardan, jismoniy shaxslardan keladigan maqsadli moliyalashtirish vositalari, shuningdek, davlat yordami ko’rinishida bo’lishi mumkin.


Tadbirkor tashkilotiga taqdim etilgan maqsadli moliyalashtirish pul mablag’lari va boshqa aktivlarni olish natijasida tashkilotning iqtisodiy manfaatlarining oshishi deb e’tirof etiladi.
Maqsadli moliyalashtirish belgilangan maqsadga muvofiq sarflanishi lozim. Boshqa maqsadlar uchun foydalanish maqsadli moliyalashtirishni qaytarishni talab qilinishi, shuningdek, O’zRning amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan javobgarlik choralarini ko’rishi mumkin.
Odatda, maqsadli moliyalashtirishning asosiy qismini davlat tomonidan tegishli darajadagi byudjetlardan davlat yordami tarzida ajratiladigan mablag’lar tashkil etadi.
Davlat subsidiyalari - xo’jalik yurituvchi sub’ektning operatsiya faoliyatiga taalluqli muayyan sharoitlarda xo’jalik yurituvchi sub’ektga resurslarni berish tarzida hukumat tomonidan beriladigan yordam.
Davlat yordami - muayyan mezonlar bilan qanoatlantiruvchi bitta yoki bir qator xo’jalik yurituvchi sub’ektlar iqtisodiy yordam berish uchun davlat ko’radigan tadbir.
10-son BHMS “Davlat subsidiyalarining hisobi va davlat yordami bo’icha ko’rsatiladigan ma’lumotlar”ga muvofiq davlat yordamining quyidagi shakllari belgilangan:
1) aktivlarga kiritiladigan subsidiyalar - bu uzoq muddatli aktivlarni muayyan qurilish loyihalari uchun sotib olish yoki qurish maqsadida xo’jalik sub’ektlari ajratadigan davlat subsidiyalaridir, ishga tushirish yoki xarid qilish muddatlari, ushbu aktivlarning muayyan joylashishi.
2) daromadga kiritiladigan subsidiyalar - bu aktivlarga kiritiladiganlaridan tashqari, davlatning har qanday boshqa subsidiyalari.
3) qaytarmaslik asosidagi ssudalar - bu kreditor qaytarishni talab qilmagan holda, muayyan shartlarga rioya qilib beradigan ssudalardir.
Korxonaning davlat yordamini olishi ikkita sababga ko’ra moliyaviy hisobotni tayyorlashdagi jiddiy holdir:
a) agar resurslar o’tkazib bo’lingan bo’lsa, ularni buxgalterlik hisob-kitobida to’g’ri aks ettirish kerak;
b) hisobot davri davomida xo’jalik sub’ekti uchun bunday yordamni olishning ahamiyatini ko’rsatgan ma’qul.
Bu esa xo’jalik sub’ektlarining moliyaviy hisobotlarini avvalgi davrlardagi hisobotlar va boshqa sub’ektlarning hisobotlari bilan taqqoslashga ko’maklashadi.
Korxona belgilangan talablarga mos ekanligiga va subsidiya olinishiga etarlicha ishonch bo’lmagunicha davlat yordami tan olinmaydi. Subsidiya olish o’z-o’zidan subsidiyalar berish bilan bog’liq shartlar bajarib bo’lingan yoki bajariladi, degan ma’noni anglatmaydi.
Subsidiyalarni olish shakli uni hisobotlarda aks ettirish usuliga ta’sir qilmaydi. Masalan, subsidiya, u naqd shaklda olindimi yoki davlatga nisbatan majburiyatlarni kamaytirish shaklida olindimi, bundan qat’i nazar, hisobga olinadi.
Qaytarmaslik asosida muayyan shartlar bilan berilayotgan davlat ssudasiga xo’jalik sub’ekti ana shu shartlarni bajarishiga etarlicha kafolat mavjud bo’lgan taqdirda davlat subsidiyasi deb qaraladi.
Davlat subsidiyalari ular bilan bog’liq chiqimlarga kiritish uchun zarur bo’lgan davrlar mobaynida ular qoplaydigan joriy operatsiyalar bo’yicha muntazam asosda daromad deb hisoblanishi kerak.
Daromad (foyda) solig’i va boshqa soliqlar daromaddan kelib chiqib hisoblanishini nazarda tutib, moliyaviy-byudjet siyosatining davomi bo’lmish davlat subsidiyalarini moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobotda ko’rib chiqish zarur.
Davlat subsidiyalarining maqsadli mablag’lar sifatida tan olinishi hisoblash usuliga ko’ra amalga oshiriladi.
Davlat subsidiyalari moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobotlarda ular bilan bog’liq chiqimlar (xarajatlar) bilan nisbatini belgilash uchun zarur bo’lgan hisobot davrlari mobaynida daromadlar deb e’tirof etiladi.
Amortizatsiya qilinadigan aktivlar bilan bog’liq subsidiyalar odatda ana shu aktivlar bo’yicha amortizatsiya hisoblanadigan hisobot davrlari mobaynida va nisbatlarda daromad deb hisoblanadi.
Muayyan shartlar va majburiyatlar bilan berilgan amortizatsiya qilinmaydigan aktivlar bilan bog’liq subsidiyalar mazkur majburiyatlarni bajarish bilan bog’liq xarajatlar amalga oshiriladigan davrlar mobaynida daromad deb e’tirof etiladi.
Qilingan xarajatlar yoki ko’rilgan zararlar uchun kompensatsiya sifatida olinishi lozim bo’lgan yoki xo’jalik sub’ektiga, kelgusida u bilan hech qanday xarajatlarga bormagan holda, darhol moliyaviy yordam ko’rsatish maqsadida ajratiladigan davlat subsidiyasi u olinishi kerak bo’lgan davrda daromad sifatida, shuningdek favqulodda modda sifatida e’tirof etiladi.
Davlat subsidiyasi xo’jalik sub’ekti tomonidan avvalgi davrda qilingan xarajatlar yoki ko’rilgan zararlar uchun kompensatsiya sifatida olinishi mumkin. Bunday subsidiya u olinishi kerak bo’lgan davrda daromad sifatida, keyinchalik uning ta’sirini belgilash uchun ochish bilan favqulodda modda sifatida e’tirof etiladi.
Davlat subsidiyasi xo’jalik sub’ekti tomonidan foydalaniladigan nolikvid aktiv shaklini olishi mumkin. Mazkur holatlarda odatda nolikvid aktivning amaldagi qiymati belgilanadi, aktiv ham, subsidiya ham ana shu amaldagi qiymat bo’yicha hisobga olinadi.
Aktivlarga kiritiladigan davlat subsidiyalari, shu jumladan nolikvid subsidiyalar maqsadli tushumlar deb aks ettiriladi va ular aktivning foydali xizmat muddati davomida daromad sifatida muntazam asosda e’tirof etiladi.
Boshqa usullarga ko’ra davlat subsidiyasi tushgan aktivning balans qiymatini kamaytiradi va hisoblanadigan yoyilishni qisqartirish yo’li bilan amortizatsiya qilinadigan aktivning foydali xizmat qilishi muddati davomida moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobotlarda aks ettiriladi.
Moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobotlarda daromadga kiritiladigan subsidiyalar quyidagi tarzda aks ettiriladi:
a) "Boshqa daromadlar" moddasiga ko’ra;
b) ular bilan bog’liq xarajatlarni aks ettirishda chegirib tashlanadi.
Daromadga kiritiladigan subsidiyalarni hisob-kitob qilish uchun ikkala usul ham maqbul hisoblanadi. Subsidiyalarni ochish moliyaviy hisobotlarni to’g’ri tushunish uchun zarurdir. Subsidiyalarning alohida ochish zarur bo’lgan daromadlar va xarajatlarning har qanday moddasiga ta’sirini ochish o’rinli hisoblanadi.
Xo’jalik sub’ekti muayyan shartlarni bajarmagan taqdirda davlat subsidiyalarini qaytarib berishi kerak. Bunday holatda subsidiyalarning qaytarilishi bilan avvalgi hisobot davriga tuzatish kiritilmaydi, balki buxgalterlik smetalaridagi hisob-kitob ma’lumotlari qayta ko’rib chiqiladi. Daromadga kiritiladigan subsidiyalarni qaytarish quyidagicha amalga oshiriladi:
- balans passivida aks ettirilgan subsidiyalar qoldiqlari hisobiga;
- agar qaytarilayotgan subsidiya qoldiqdan oshib ketsa, u holda oshgan summa xarajat sifatida e’tirof etiladi;
- aktivlarga kiritiladigan subsidiyalar maqsadli tushumlar hisobvarag’idagi qoldiqni qaytarilayotgan summa miqdorida kamaytirish yo’li bilan yoki aktivning balans qiymatini qaytarilayotgan summa miqdorida hisoblanishi mumkin bo’lgan amortizatsiyaning "Taqsimlanmagan foyda (qoplanmagan zarar)ni hisobga oluvchi hisobvaraqlar"ga kiritish orqali aks ettiriladi.
Olingan davlat yordami bo’yicha quyidagi masalalar moliyaviy hisobotda ochilishi kerak:
- davlat subsidiyalariga nisbatan qo’llaniladigan hisob-kitob siyosati, shu jumladan moliyaviy hisobotlarda qabul qilinadigan axborotlarni berish uslubi;
- moliyaviy hisobotlarda e’tirof etilgan davlat subsidiyalarining mohiyati va miqdori hamda xo’jalik sub’ekti bevosita foyda olgan davlat yordamining boshqa shakllarini ko’rsatish;
- shartlarni bajarmaslik va e’tirof etilgan davlat yordami bilan bog’liq ko’zda tutilmagan majburiyatlar.
Maqsadli moliyalashtirish vositalari hisobi uchun 8800 "Maqsadli tushumlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar" passiv hisobvarag’i taqdim etiladi.
Hisobvaraqning saldosi hisobot sanasida tadbirkorlik sub’ektiga ajratilgan moliyalashtirish summasi ko’rsatiladi.
Kredit aylanmasi hisobot davrida olingan maqsadli moliyalashtirish summasini ko’rsatadi.
Debet aylanmasi tegishli maqsadlar uchun ishlatiladigan ajratilgan moliyalashtirish summasini ko’rsatadi.
8800 “Maqsadli tushumlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”ning analitik hisobi maqsadli fondlar maqsadiga ko’ra va ularning kirim manbalari bo’yicha yuritiladi.
Maqsadli moliyalashtirish mablag’larining holati va harakati, shuningdek a’zolik badallari va maqsadli yo’nalish bo’yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun mo’ljallangan boshqa qaytarilmaydigan mablag’larning kelib tushishi va sarflanishi to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
8810 “Grantlar”;
8820 “Subsidiyalar”;
8830 “A’zolik badallari”;
8840 “Maqsadli foydalaniladigan soliq imtiyozlari”;
8890 “Boshqa maqsadli tushumlar”.
Yuqoridagi maqsadli tushumlarni korxonaning xususiy kapitali sifatida aks ettirish shartlari quyidagilar hisoblanadi:
a) mablag’larning maqsadli yo’nalish bo’yicha ishlatilishi;
b) mablag’larni jalb qilish bilan bog’liq xarajatlarning yo’qligi;
v) belgilangan shartlar bajarilganda qaytarib berilmasligi.
Grant deganda ijtimoiy xususiyatga ega maqsadlar, iqtisodiyotni rivojlantirish, ilmiy-texnik va innovatsion dasturlarni bajarish uchun hukumat, nodavlat, xorijiy hamda xalqaro tashkilotlar va jamg’armalar tomonidan ko’rsatiladigan tekin, gumanitar yoki moddiy-texnik mablag’lar tushuniladi. Grant mablag’lari qat’iy ravishda belgilangan maqsadlarga ishlatiladi.
Ajratilgan grant to’g’risida xabarnoma olinganda ushbu grant summasi 8810 “Grantlar” hisobvarag’ining kreditida 4890 “Boshqa debitorlar qarzlari” hisobvarag’i bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
Grant summasidan moliyalashtiriladigan va byudjetda ko’zda tutilgan pul mablag’lari yoki mulkning qabul qilinishi pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar (5110 - 5530), kapital qo’yilma (0800), o’rnatiladigan uskunalar (0700), TMZ va boshqa aktivlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debetida 4890 “Boshqa debitorlar qarzlari” hisobvarag’i bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
Chet el valyutasida olingan grant summasi xo’jalik muomalalari amalga oshirilgan kundagi O’zR Markaziy bankining kursi bo’yicha milliy valyutaga o’tkaziladi.
8820 “Subsidiyalar” hisobvarag’i ajratilgan subsidiyalar, ya’ni, iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan shartlar uchun korxonalarga davlat tomonidan pul yoki natura ko’rinishida ko’rsatilgan yordam summasi va harakati to’g’risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo’ljallangan. Davlat (hukumat) tomonidan berilgan yordam turli ko’rinishda (qo’shimcha berish, subventsiya va boshqalar) bo’lishi va har xil shartlarga muvofiq berilishi mumkin.
8830 “A’zolik badallari” hisobvarag’ida jamiyat a’zolarining ta’sis hujjatlarida belgilangan a’zolik badallari aks ettiriladi.
A’zolik badallarining kelib tushishi 8830 “A’zolik badallari” hisobvarag’ining kredit tomonida pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
8840 “Maqsadli foydalaniladigan soliq imtiyozlari” hisobvarag’ida maqsadli vazifalarni bajarish uchun soliq to’lashdan ozod qilingan summalar aks ettiriladi.
Soliq to’lashdan ozod qilingan summalar byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debet tomonida 8840 “Maqsadli foydalaniladigan soliq imtiyozlari” hisobvarag’i bilan bog’langan holda hisobga olinadi.
8840 “Maqsadli foydalaniladigan soliq imtiyozlari” hisobvarag’ida hisobga olinadigan, soliqlar va bojxona imtiyozlarini berish natijasida bo’shagan mablag’lardan foydalanish “Yuridik shaxslarga soliqlar, bojxona va majburiy to’lovlarni byudjetga to’lash bo’yicha berilgan imtiyozlarni rasmiylashtirish va buxgalterlik hisobida aks ettirish tartibi to’g’risida nizom”ga muvofiq amalga oshiriladi.
8890 “Boshqa maqsadli tushumlar” hisobvarag’ining kreditida boshqa maqsadlarga mo’ljallangan tushumlar pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
Maqsadli tushumlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (8800) bo’yicha analitik hisob maqsadli mablag’larning yo’nalishi va moliyalashtirish manbalari bo’yicha alohida yuritiladi.
Quyida maqsadli tushumlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning harakati to’g’risida boshqa hisobvaraqlar bilan bog’lanishini ko’rib chiqamiz:
1) Ajratilgan grant va subsidiyalar haqida xabarnoma olindi:
D 4890 “Boshqa debitorlar qarzlari”
K 8810 “Grantlar” yoki
K 8820 “Subsidiyalar”.
2) Grant va subsidiyalar bo’yicha mablag’lar olindi:
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i” yoki
D 5210 “Mamlakat ichidagi valyuta hisobvaraqlari” yoki
D 5220 “Chet eldagi valyuta hisobvaraqlari” yoki
D 5510 “Akkreditivlar” yoki
D 5520 “Chek daftarchalari” yoki
D 5530 “Boshqa maxsus hisobvaraqlar”
K 4890 “Boshqa debitorlar qarzlari”.
3) Tegishli tuzulmalarning qaroriga muvofiq berilgan grant va subsidiya summasi korxona ustav kapitali hajmini ko’paytirishga yo’naltirildi:
D 8810 “Grantlar” yoki
D 8820 “Subsidiyalar”
K8310 “Oddiy aktsiyalar” yoki
K8320 “Imtiyozli aktsiyalar” yoki
K8330 “Pay va ulushlar” yoki
K8420 “Ustav kapitalini shakllantirishdagi kurs farqi”.
4) Tegishli tuzulmalarning qaroriga muvofiq ilgari berilgan grant va subsidiya summasi korxona rezerv kapitali hajmining ko’payishiga yo’naltirildi:
D 8810 “Grantlar” yoki
D 8820 “Subsidiyalar”
K 8520 “Rezerv kapitali (fondi)”.
5) A’zolik badallari va boshqa maqsadli tushumlar kelib tushdi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari” yoki
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i” yoki
D 5210 “Mamlakat ichidagi valyuta hisobvaraqlari” yoki
D 5220 “Chet eldagi valyuta hisobvaraqlari” yoki
D 5510 “Akkreditivlar” yoki
D 5520 “Chek daftarchalari” yoki
D 5530 “Boshqa maxsus hisobvaraqlar”
K 8830 “A’zolik badallari”.
6) Soliqqa tortishdan ozod qilish natijasida vujudga kelgan bo’sh pul mablag’lari hisobga olindi:
D 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”
K 8840 “Maqsadli foydalaniladigan soliq imtiyozlari”.
7) Soliqqa tortishdan ozod qilish bo’yicha imtiyozli davrning tugashi natijasida vujudga kelgan bo’sh pul mablag’lari hisobdan chiqarildi:
D 8840 “Maqsadli ishlatish bilan soliq imtiyozlari”
K 8530 “Tekinga olingan mulk”.
8) Boshqa maqsadli tushumlar kelib tushdi:
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki
D 5020 “Chet el valyutasidagi pul mablag’lari” yoki
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i” yoki
D 5210 “Mamlakat ichidagi valyuta hisobvaraqlari” yoki
D 5220 “Chet eldagi valyuta hisobvaraqlari” yoki
D 5510 “Akkreditivlar” yoki
D 5520 “Chek daftarchalari” yoki
D 5530 “Boshqa maxsus hisobvaraqlar”
K 8890 “Boshqa maqsadli tushumlar”.



Yüklə 2,01 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   255   256   257   258   259   260   261   262   ...   524




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin