Guliston davlat universiteti b. A. Xasanov, A. A. Xashimov, A. B
Buxgalteriya balanslarining turkumlanishi. Har bir xo’jalik yurituvchi sub’ekt bozor sharoitida yuzaga kelgan muayyan vaziyatda aniq maqsadni amalga oshirishi uchun tegishli balans modelini tanlashi va tuzishi talab etiladi.
Shu bois, har xil vaziyatlar uchun buxgalteriya balansining turkumlanishini ko’rib chiqamiz. Balansning turlari ko’p bo’lib, ular asosan quyidagi belgilari bo’yicha turkumlanadi:
• tuzish manbasi;
• mulkchilik shakli;
• axborotlar hajmi;
• tuzish vaqti;
• huquqiy maqomi;
• taqdim etilish vaqti;
• qayta tashkil etish tartibi;
• tuzilish shakli;
• soflik darajasi;
• faoliyat turi;
• tarmoqlar bo’yicha;
• tuzish usuli bo’yicha.
Tuzish manbalariga ko’ra balanslar inventar, daftar va bosh balanslarga bo’linadi.
Inventar balans faqat mablag’larning inventar ro’yxatidan iborat bo’lib, qisqartirilgan va soddalashtirilgan shaklda tuziladi. Yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari bilan tasdiqlangan dastlabki balans bunga misol bo’la oladi. Shuningdek, inventar balans korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli o’zgarganida ham tuzilishi mumkin.
Daftar balansi faqat Bosh daftar hisobvaraqlarining qoldiqlari asosida joriy buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo’yicha (inventarizatsiya ma’lumotlarisiz) tuziladi.
Bosh balans Bosh daftardagi joriy buxgalteriya hisobi yozuvlari va inventarizatsiya ma’lumotlari bilan tasdiqlanganidan so’ng tuziladi.
Mulkchilik shakli bo’yicha balanslar xo’jalik yurituvchi sub’ektlar mablag’larning vujudga kelish manbalari bo’yicha farq qiladi. Masalan, davlat (unitar) korxonalarining balansi; shirkat xo’jaliklarining balansi; xususiy korxonalar balansi; aralash mulkchilik korxonalari (aktsiyadorlik jamiyatlari, xo’jalik shirkatlari va b.) balansi; jamoat tashkilotlari balansi va h.k.
Axborotlar hajmi bo’yicha balanslar yakka, yig’ma va umumlashtirilgan (konsolidatsiyalangan) balanslarga bo’linadi. Yakka balans faqat bitta xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliya-xo’jalik faoliyati natijalarini aks ettiradi.
Yig’ma balans bir nechta yakka balanslarning moddalarini mos ravishda mexanik jamlash yo’li bilan tuziladi. Yig’ma balanslarning o’ziga xos turlaridan biri konsolidatsiyalangan balans hisoblanadi.
Umumlashtirilgan (konsolidatsiyalangan) balans yuridik mustaqil, lekin iqtisodiy va moliyaviy jihatdan o’zaro bog’liq korxonalarning balanslarini birlashtirish natijasida hosil bo’ladi. Umumlashtirilgan balans «Buxgalteriya hisobi to’g’risida»gi qonunining 23-moddasi va № 8 «Jamlangan moliyaviy hisobotlar va sho’’ba xo’jalik jamiyatlariga sarmoyalarni hisobga olish» nomli BHMSga muvofiq tuziladi.
Tuzish vaqti bo’yicha balanslar dastlabki, joriy, sanatsiyalanuvchi, tugatish, bo’linish va birlashtirish balanslariga bo’linadi.
Dastlabki (tashkiliy) balans faqat bir marta tuzilib, korxonada buxgalteriya hisobini yuritish shundan boshlanadi. U korxona o’z faoliyatini boshlayotgan vaqtda ta’sischilar tomonidan ustav kapitaliga qo’shiladigan ulushlar hajmini bildiradi va korxona ustavi ro’yxatga olinganidan keyin yoki aktivlar (ulushlar) ustav kapitaliga qo’shilganidan keyin tuziladi.
Joriy balanslar xo’jalik yurituvchi sub’ektning butun faoliyat davri davomida belgilangan muddatlarda tuziladi. Ular boshlang’ich (kirish), oraliq va yakunlovchi balanslarga bo’linadi. Boshlang’ich balans yil boshida, yakunlovchi balans esa yil oxirida tuziladi.
Oraliq balanslar yil davomida tuziladi. Oraliq balanslar yakunlovchi balanslardan, birinchidan yakunlovchi balansga undagi moddalarni ochib beruvchi bir qancha hisobot shakllari ilova qilinishi bilan farq qiladi. Ikkinchidan, oraliq balanslar, qoidaga ko’ra, faqat joriy hisob ma’lumotlari asosida tuziladi. Yakunlovchi balansni tuzishdan oldin esa to’liq inventarizatsiya tuzilib, uning natijalari ham balansga ta’sir ko’rsatadi va yakunlovchi balans aniq tuzilishiga erishiladi.
Sanatsiyalovchi balanslar xo’jalik yurituvchi sub’ekt bankrot bo’lishiga yaqinlashgan vaqtda tuziladi. Bunday sharoitlarda xo’jalik yurituvchi sub’ekt o’zini bankrot deb e’lon qilishi yoki kreditorlar bilan qarzlar bo’yicha to’lovlarni uzaytirishga shartnoma tuzishi zarur bo’ladi. Ammo kreditorlar ko’rgan zararlari qanchalik katta ekanligi va kelgusida ularni qoplashga umid borligini bilishlari zarur. Sanatsiyalovchi balans auditor yordamida, xo’jalik yurituvchi sub’ektdagi haqiqiy holatni baholash maqsadida, hisobot davri tugamasdan oldin tuziladi.