Old to’g’ri proyeksiyadagi rentgenogrammada kurak suyagi ko’krak qafasining yuqori lateral qismida 2-7 qovurg’alar sohasida uchburchak shaklida ko’rinadi. Uning tanasi, 3ta chekkasi va burchagi, tumshuqsimon o’simtasi aniq ko’rinadi.
Bo’g’im chuqurchasidan biroz yuqori va medialroq tumshuqsimon o’simta soyasi bukilgan shaklda ko’rinadi. Yon rentgenogrammada kurak suyagining o’tkir qirrasi, acromion va pastki burchagi aniq ajratiladi.
Pars libera membri superioris: Humerus, ulna, radius, ossa manus.
Yelka suyagi boshchasining zich moddasi tashqi chegarasi aniq sharsimon soya shaklida ko’rinadi va qisman kurak suyagi bo’g’im chuqurchasiga qavatlanadi. Bo’g’im chuqurchasi boshchaning 1/3 qismi yuzasini qoplab turadi.
Yelka suyagi diafizi rentgenogrammasida zich modda qatlamlari o’rtasida joylashgan suyak iligi kanali yaxshi kuzatiladi. Suyak tanasining oldingi yuzasida xirurgik bo’yindan pastda kata do’mboqcha qirrasi aniqlanadi.
Yelka suyagining pastki uchi uchburchakli prizma shaklida bo’ladi. Unda lateral va medial do’ng usti do’mboqchalari ajratiladi Pastki epifiz bo’g’im yuzasi yelka suyagi g’altagi va yelka suyagi do’ngligining boshchasidan iborat.