Old to’g’ri rentgenogrammada tojsimon o’siqcha soyasi tirsak suyagi tasviriga, tirsak o’sig’i soyasi esa yelka suyagining pastki uchiga qavatlanadi. Tirsak suyagining metadiafizi tashqi chekkasi bilak suyagi bilan qo’shilib ketadi.
Tirsak suyagi yuqoriga qarab kengaysa bilak suyagi pastga qarab kengayadi.
Yon tomon rentgenogrammada suyaklar tasviri bir-birini bor bo’yiga yopadi. Faqat tirsak suyagining oldingi yuzasi va bilak suyagining orqa yuzasi alohida ko’rinadi.
Bilak suyagi diafizining metafizga o’tish joyida zich moddaning yupqalashuvi va g’ovak moddaning siyraklashuvi kuzatiladi. Bu o’tish sohasi bilak suyagi qarshiligi kamaygan qismi bo’lib, bu yerda bilak suyagining sinishi kuzatiladi.
Bilak suyagi bitta asosiy va ikkita: yuqori va pastki epifizlar uchun bittadan qo’shimcha suyaklanish nuqtasidan rivojlanadi.
Asosiy suyak nuqtasi suyak diafizida homila hayotining 8-haftasida paydo bo’ladi. Pastki epifiz suyaklanish nuqtasi birinchi yilning oxirida paydo bo’lib, 8-10 yoshlarda suyak kengligini egallaydi va diafiz bilan 19-22 yoshlarda qo’shiladi