Ijtimoiy pedagogika – ijtimoiy munosabatlar jarayonida pedagogik g‘oyalarning tutgan o‘rni va roli, shaxsni kasbiy va ijtimoiy faoliyatga yo‘naltirish muammolarini o‘rganadi.
Ijtimoiy reabilitatsiya (yunoncha rehabilitas – layoqati, qobiliyatini tiklash) – anomal bolaning psixofiziologik imkoniyatlariga tayangan holda uning ijtimoiy munosabatlar jarayonida ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratish, ijtimoiy faoliyat va mehnatga jalb etish.
Izohlash (tarbiya metodi sifatida) – tarbiyalanuvchiga hissiy-og‘zaki ta’sir etish usuli.
Ilmiy dunyoqarash – uzluksiz, izchil ravishda mavjud fanlar asoslarini puxta o‘zlashtirib borish, ijtimoiy munosabatlar jarayonida faol ishtirok etish natijasida barqarorlashgan dunyoqarash shakli.
Individ (lotincha “individium” bo‘linmas, yagona, alohida degan ma’nolarni anglatadi) – xatti-harakatlarini shartli refleks yordamidagina tashkil eta oluvchi biologik mavjudot.
Individuallik – shaxsning o‘ziga xos xususiyatlari.
Institut – bilimlarning bitta sohasi doirasida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha oliy va qoidaga ko‘ra oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi, yuridik maqomga ega ta’lim muassasasi.
Iqtisodiy tarbiya – o‘quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish, ularda iqtisodiy faoliyat (oila byudjetini shakllantirish, xo‘jalikni yuritish, mavjud moddiy boyliklarni asrash, ko‘paytirish, savdo-sotiq munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish va hokazolar)ni tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishdan iborat pedagogik jarayon.
Iqtisodiy ta’lim – o‘quvchilarga xo‘jalik yuritish tizimi (oila byudjetini shakllantirish, xo‘jalikni yuritish, mavjud moddiy boyliklarni asrash, ko‘paytirish, savdo-sotiq munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish va hokazolar) to‘g‘risidagi nazariy bilimlarni berishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon.
Yosh xususiyatlari – muayyan bir yosh davriga xos bo‘lgan anatomik, fiziologik (jismoniy) va psixologik xususiyatlar.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash – mutaxassislarning kasb bilimlari va ko‘nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirish maqsadida tashkil etiluvchi ta’lim bosqichi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi – “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalariga muvofiq, milliy tajribaning tahlili hamda ta’lim tizimidagi jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo‘ljalni to‘g‘ri ola bilish mahoratiga ega bo‘lgan, istiqlol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirish mazmunini belgilab beruvchi yuridik hujjat.