Sud va politsiya hokimiyatining tashkil etilishi. Temur davlatida sud ishlari qozilar tomonidan amalga oshirilgan. Sudlar ochiq ko'rinishdagi toifaviy xarakterga ega bo'lgan. Aholi uchun, qo'shinlar uchun, ruhoniylar-dindorlar uchun va xizmatchilar uchun alohida sudlar (qozilar) mavjud bo'lgan.
Umuman sud hokimiyati 3 xil ko'rinishga ega bo'lgan: 1) ma'muriy sudlar; 2)shariat qozisi, ya'ni shariat normalariga asoslanib ish yurituvchi sudya; 3) ahdos qozisi - odat huquqi asosida ish ko'ruvchi sudya.
Diniy martabadagi kishilarni shayx-ul-islom sud qilgan.
Barcha sudlarda qozilarga fuqarolik va jinoyat ishlari bo'yicha xulosalarni mufti (qonunshunos yurist) bergan. Sud jarayoni juda sodda va oddiy bo'lgan. U tortishuv xarakteriga ega bo'lib, tomonlarning o'zlari ayblovchi va oqlovchi ma'lumotlarni, hujjatlarni to'plaganlar, guvohlarni keltirganlar. «Temur tuzuklari»ga asosan, qozilar, har kimni qilmishiga yarasha javobgarlikka tortishi, «asosli qarorlar va hukmlar» chiqarishi lozim edi. Tomonlar qozilarning hukmlari va qarorlaridan norozi bo'lsalar faqat amirga shikoyat qilishlari mumkin edi. Amirning hukmi vojib bo'lgan.
Temur davlatida muxtasiblar (arabcha nazorat qiluvchilar) alohida mavqega ega edilar. Ular diniy marosimlar, urf-odatlar va shariat qonunlarining bajarilishi ustidan nazorat qilib turardilar.
Butun imperiya bo'yicha odil sudlov holatiga qozikalon (oliy sudya) javob bergan. U raiyat qozilari faoliyati ustidan nazorat qilib turgan. Temur davlatida davlatni boshqarish tartibiga qarshi qaratilgan hamda mansablarni suiiste'mol qilishga qarshi qaratilgan jinoyatlar bo'yicha sud ishlarini yurituvchi maxsus organ - adolat devoni mavjud bo'lgan.
Javobgarlikka tortishda va jazo berishda shaxsning ijtimoiy holatiga alohida e'tibor berilgan. Masalan: bosib olingan o'lkalarni idora etuvchi taxt vorisi markaziy hokimiyatga bo'ysunmasa, unga tan jazosi qo'llanishi mumkin emas edi. Bunday holda uni tergov tugaguncha qamoqda (zindonda) saqlash va amirga ma'lum qilish kerak edi. Uni ustidan sudni amirning o'zi amalga oshirgan.