Psixologiyaning maxsus tarmog’i hisoblanmish yosh davrlari psixologiyasining eng asosiy muammolaridan biri shuki, inson psixik taraqqiyotida qanday omillar – genetik, tug’ma yoki orttirilgan, ijtimoiy omillar roli yetakchi ekanligi masalasidir. Bir tomondan, bolaning o’z ota-onalaridan meros sifatida o’zlashtirgan sifatlari, masalan, anatomo-fiziologik xususiyatlar, miya faoliyatining o’ziga xosligi, tana tuzilishi (qo’l, oyoq, yuz tuzilishi va boshq.), albatta, psixologik jahatdan odam bolasining muhitga moslashuvi, unda o’zini erkin tutishi va faol harakatlar qilishi, ro’y berayotgan jarayonlarni ongida ma’lum ma’noda aynan, to’g’ri aks ettirishiga sabab bo’ladi. Chunki oddiygina anatomik anomaliya holati (qo’lning kaltaligi, bo’yning juda kichikligi kabi) psixikaga va shaxsning jamiyatda o’zini tutishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Lekin ikkinchi tomondan, tashqi muhit ta’sirini ham kamsitib bo’lmaydi. Masalan, agar bola maxsus o’quv maskanlarida o’qimasa, unga tarbiyaviy ta’sirlar ko’rsatilmasa, uning rivojlanishi qanday bo’lishini tasavvur qilish qiyin emas.
Shaxs taraqqiyotini davrlarga bo’lish
Shu vaqtgacha psixologiya ilmida shaxs taraqqiyotini davrlarga bo’lib o’rganishga juda katta e’tibor qaratilgan. Bir qancha davriy sxemalar ham taklif etilgan. Lekin shu sohada astoydil ijod qilgan har qanday olim o’zining “davrlarini” taklif etavergan. Bu tushunarli, zero, insonning hayotiy yo’li va uning asosiy lahzalari tarixiy taraqqiyot mobaynida o’zgaradi, bir avloddan ikkinchi avlod taraqqiyotiga o’tishning o’zi ham qator o’zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Davrlarga bo’lishga qaratilgan klassifikasiyalarning o’zi ham ikki turli bo’ladi: juz’iy (alohida davrlarni yana qo’shimcha davrlarga bo’lish – “davrlar ichidagi davrlar”) va umumiy (inson umrining barcha bosqichlarini o’z ichiga olgan). Masalan, juz’iy klassifikasiyaga J.Piajening intellektning rivojlanishini bosqichlarga bo’lishini kiritish mumkin. U bu taraqqiyotni 3 bosqichda tasavvur qilgan.