Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich jahon adabiyoti



Yüklə 0,76 Mb.
səhifə41/160
tarix27.04.2022
ölçüsü0,76 Mb.
#115563
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   160
Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich jahon adabiyoti

«Poetika» asari antik dunyo adabiyotining qimmatbaho meroslaridan biri hisoblanadi. Chunki bu asar badiiy so‘z san'ati va uning qonunlari haqida sistemali suratda hikoya qiladigan va shu sohaning noyob namunasi sifatida bizga qadar yetib kelgan yakkayu-yagona yodgorlikdir.

Aristotelning tushunchasicha san'at avvalo insonning faoliyati natijasida tug‘iladigan va o‘zining maxsus qonun-qoidalari asosida ish ko‘radigan alohida «ijodiyot» sohasidir. Kitob davomida Aristotel o‘zining san'at haqidagi fikrlarini, garchi nomini aytmasa ham, asosan Platon nazariyalariga qarama-qarshi qo‘yadi, ustozining poeziyaga qarshi aytgan gaplariga e'tiroz bildiradi. Aristotel ham Platon singari poeziyaning asosiy vazifasi «Taqlidchilik» dan, ya'ni hayotni aks ettirishdan iborat ekanligini tasdiqlaydi, ammo bu masalada ustozidan ancha ilgarilab ketadi. Platon mavjud borliqni ideallar olamining xira sharpasi tarzida tushunib, taqlidchilikning imkoniyatlariga unchalik qiymat bermagan bo‘lsa, Aristotel asosiy ahamiyatni, aksincha badiiy taqlid bilan bog‘lab, faqat shu yo‘l bilan hayotni anglash mumkinligini aytadi. Bas,shunday ekan, san'at ham inson faoliyatining ijodiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, u ham o‘zining qonun va qoidalari vositasi bilan boshqa ilmlar singari yagona bir maqsadga, ya'ni borliqni o‘rganish va anglash talablariga xizmat qiladi. Biroq san'atning voqyelikka bo‘lgan munosabati faqatgina yuzaki taqlidchilik, hayotiy voqyealar ko‘zga qanday tashlansa, shunday aks ettirish bilan emas, balki badiiy asarning ichki mazmuni, voqyealarni aktiv suratda mushohada qilish bilan belgilanadi. «Shoirning vazifasi, - deb yozadi Aristotel haqiqatni bo‘lib o‘tgan narsalar haqida emas, balki chindan ham yoki zarurat yuzasidan ro‘y berishi lozim bo‘lgan narsalar to‘g‘risida gapirishdir».

Yozuvchi poeziya bilan tarixni taqqoslab fikrini isbotlashga harakat qiladi. «Tarixchi bilan shoirning farqi, ularning biri she'rda, biri prozada gapirganida emas: Gerodotning asarini ham she'rga ko‘chirish mumkin, lekin baribir, shunda ham asar tarixligicha qoladi. Shoir bilan tarixchining farqi shundaki, ulardan biri haqiqatdan bo‘lib o‘tgan voqyealar, narsalar haqida, ikkinchisi yuz berishi mumkin bo‘lgan narsalar haqida gapiradi». Shu sababli tarixga qaraganda poeziyaning ko‘proq falsafiy va jiddiy ma'nosi bor, chunki poeziya umumiy narsalar haqida, tarix esa xususiy narsalar to‘g‘risida gapiradi. Aristotelning adabiy ijodga bergan bu ta'rifida shu qadar chuqur ma'no borki, u to shu kunga qadar o‘z qimmat va mohiyatini yo‘qotmay keladi.

«Poetika» asarida Aristotelning diqqatini ko‘proq jalb etgan narsa–tragediya masalasidir. Tragediyaning eng muhim xususiyati deb uning maqsadini tushunadi. Yozuvchining aytishicha, chinakam tragediya asari tomoshabinning dilida qo‘rquv va achinish hislarini qo‘zg‘atib, shu yo‘sin inson ruhining «musaffolashishiga» ta'sir etishi lozim. Bu xususiyatni Aristotel «katarsis» deb ataydi.

Darvoqye, tomoshabin begunoh odamning boshiga tushgan og‘ir kulfatlarni ko‘rganida uning holiga achinmaydimi, xuddi shunday fojiaviy musibatlar o‘zini ham benavo qilishi mumkinligini o‘ylab, qo‘rquv, iztirob chekmaydimi? Bas shunday ekan odam bolasi badiiy asarda tasvir etilgan qahramonlarning dardu-alamlarini ko‘rganida ko‘zi ochilib, ko‘ngli ravshan tortadi va uning dilida shunday falokatlardan o‘zini saqlash istagi uyg‘onadi. Xullas, Aristotel o‘zining katarsis nazariyasida san'at va adabiyotning insonga o‘tkazadigan chuqur ma'naviy ta'sirining falsafiy tavsifini beradi.Aristotelning juda ko‘p fikrlari to shu kunga qadar o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Vatanimizning san'at va adabiyot ahllari ularni diqqat bilan o‘rganib kelmoqdalar.


Yüklə 0,76 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   160




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin