O‘rta asrlar Sharq adabiyoti o‘zining mahobati bilan ajralib turadi. Asosiy namoyandalari Firdavsiy, Nizomiy, Attor, Rumiy, Hofiz, Sa'diy, Umar Xayyom, Rudakiy, Jomiy, Dehlaviy kabi shoirlar bo‘lib, ularning ta'siri nafaqat Sharq xalqlari, balki dunyoning ko‘pgina ilg‘or mamlakatlari adabiyotiga qadar yetib borgan. Xususan, ulug‘ nemis shoiri Gyote Sharqning yetti ulkan shoirlari haqida juda baland fikrlarni bayon qilgan: Sharqning ulug‘ deb bilgan 7 shoiri bor, bu safga kirmaganlarning allaqanchasi ham mendan buyukroqdir, qabilidagi e'tirofini ko‘p eslashadi.. Yana jahon she'riyatida 7 yulduz bor, ularning bari Sharq shoirlaridir deydi. Pushkin Sharqdan, Qur'ondan ta'sirlanib she'rlar bitgan. Uning “Bulbul va gul” she'ri buning yorqin misolidir. She'rni ona tilimizga A. Cho‘lpon mohirona bir tarzda o‘girgan. She'rning xamirturishi yana Sharq shoiri Hofiz g‘azaliga borib taqaladi.