No‘g‘ay yozma adabiyoti asosan XX asrda shakllandi. Bu davrda turli mavzularda xilma-xil asarlar yaratildi. Fozil Abdujalilovning «Bo‘ronli oqim» romanida 30-yillar no‘g‘ay ovulida yuz bergan katta o‘zgarishlar tasvirlanadi. Romanning ikkinchi kitobi «Ulkan jamoa xirmoni» deb nomlanib, bunda ham urush va urushdan keyingi davr no‘g‘ay ovullaridagi kishilarning hayoti aks ettirilgan. Suyun Kataevning «Bekpo‘lat» romanida ayrim tarixiy voqyealar katta mahorat bilan berilgan. Bunda bir qancha afsona va rivoyatlar roman syujetiga singdirib yuborilgan. Yozuvchining «O‘tish joyi», «Bolalar uchun hikoyalar», «Ko‘hna hovli», «Oqshakvarak ovulida», «Xonadon» kabi hikoyalar to‘plami kitobxonlarga manzur bo‘ldi. X.Abdujalilov «Asantoy» nomli qissasida 20-30-yillardagi tarixiy voqyealarni aks ettirgan. Hozir no‘g‘ay adabiyotida bir qancha yosh talantlar ijod qilmoqda.